O’ZBEKISTON – QOZOG’ISTON: XAVFSIZLIK SOHASIDAGI HAMKORLIK KENGAYMOQDA

07.04.2019 10:38

Toshkent shahrida 5 aprel kuni O’zbekiston Respublikasi va Qozog’iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlari ikki tomonlama maslahatlashuvining beshinchi raundi bo’lib o’tdi.

Muzokaralar O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi Viktor Mahmudov va Qozog’iston Respublikasi Prezidenti yordamchisi – Qozog’iston Respublikasi Xavfsizlik kengashi kotibi Kalmuxanbet Kasimov raisligida o’tdi. 

Uchrashuvda tomonlar O’zbekiston Respublikasi va Qozog’iston Respublikasi Xavfsizlik kengashlari devonlari o’rtasidagi navbatdagi maslahatlashuvlarning o’tkazilishini yuqori baholab, Markaziy Osiyo mamlakatlarida mintaqaviy xavfsizlik, barqarorlik va mustahkam taraqqiyotni ta'minlashda ushbu tadbirlarning muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. 

O’zbekiston – Qozog’iston o’rtasida xavfsizlik bo’yicha o’zaro hamkorlik ko’p qirrali xususiyatga ega bo’lib, abadiy do’stlik, yaxshi qo’shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslanadi.

Qayd etilganidek, 2017-2019 yillarda hamkorlikda xavfsizlikka umumiy tahdidlar va xavflarga qarshi kurash sohasida yuqori natijalarga erishildi. 

Tadbirda ikki mamlakat chegara hududlari huquqni muhofaza qiluvchi organlarining xavfsizlik va davlat organlari faoliyatini idoralararo darajada muvofiqlashtirish sohalaridagi hamkorligini yanada kengaytirish va chuqurlashtirish muhim ahamiyatga ega ekani yana bir bor ta'kidlandi. 

Uchrashuvda Аfg’onistondagi vaziyat, Markaziy Osiyoda rivojlanish istiqbollari, chegara o’tkazish punktlari faoliyatining uzluksizligini ta'minlash, diniy ekstremizmning oldini olish bo’yicha tajriba almashish hamda bojxona qonunchiligidagi qoidabuzarliklarga qarshi kurashish masalalari bo’yicha vakolatli organlar o’rtasidagi hamkorlik yo’nalishlari ko’rib chiqildi. 

Markaziy Osiyoda yaxshi qo’shnichilikni yanada mustahkamlash, barqaror va mustahkam rivojlanishni ta'minlash masalalari muhokama qilindi. 

Xavfsizlik sohasida hamkorlik bo’yicha 2019-2020 yillarga mo’ljallangan “Yo’l xaritasi”da belgilangan vazifalarni izchil amalga oshirish, erishilgan kelishuvlar ijrosini o’z vaqtida to’liq ta'minlashning muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi. 

Tadbirda O’zbekiston – Qozog’iston o’rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlikni yanada rivojlantirishga doir qator tashabbus va takliflar ishlab chiqildi. Yuqori sur'atlarda davom etayotgan munosabatlarni mustahkamlash va yangi bosqichda davom ettirishning muhimligi alohida ta'kidlandi. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net