O'zbekiston Prezidenti Shenchjen shahridan Jizzax viloyatida elektromobillar ishlab chiqarishga start berdi

25.01.2024 07:00

"Dunyo" AA/. Davlat tashrifining ishbilarmonlik dasturi doirasida O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shenchjen shahrida Xitoyning yetakchi "BYD" kompaniyasi bosh qarorgohi va texnologiyalar markaziga tashrif buyurdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, ushbu kompaniya zamonaviy innovatsion avtomobillar va yangi avlod akkumulyator batareyalarini ishlab chiqarish sohasida global peshqadamdir.

Tashrif chog'ida kompaniya yutuqlariga bag'ishlangan ko'rgazma, avtomobillar va boshqa turdagi texnikalarning ishlab chiqarilayotgan va istiqbolli modellari, kompaniyaning yangi texnologiyalari va ilg'or ishlanmalari namoyishi bo'lib o'tdi.

Davlatimiz rahbari kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig'ish bo'yicha loyihani ishga tushirishga bag'ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

Prezidentimiz yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ko'rsatib o'tdi.

Shuningdek, kompaniyaning mamlakatimizda "BYD" elektr avtobuslarini yig'ishni yo'lga qo'yish, ehtiyot qismlarini mahalliylashtirish va muhandislik-servis markazlarini tashkil etish borasidagi rejalari qo'llab-quvvatlandi.

Tashrif chog'ida kompaniya O'zbekistonga 10 minginchi avtomobilini yetkazib berganining ramzi sifatida davlatimiz rahbariga YANGWANG U8 avtomobili hadya qilindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net