O?zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish bo?yicha Butunjahon konferensiyasidagi nutqi

15.11.2022 10:54

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish bo‘yicha Butunjahon konferensiyasidagi nutqi

Hurmatli konferensiya qatnashchilari!

Xonimlar va janoblar!

Siz, azizlarni Toshkent shahrida Kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasining ochilishi bilan chin qalbimdan tabriklayman.

Xalqaro anjumanda ishtirok etayotgan yuqori martabali mehmonlarimizga, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, xorijiy davlatlar vazirlari va masʼul vakillariga o‘zimning samimiy hurmatim va ezgu tilaklarimni bildiraman.

O‘zbekiston zaminiga xush kelibsiz, qadrli mehmonlar!

                                                         

Hurmatli do‘stlar!

Xalqaro konferensiyaning ochilish marosimida YUNESKO Bosh direktori Odri Azule xonimning shaxsan ishtirok etayotgani bizga alohida mamnuniyat bag‘ishlaydi.

So‘nggi yillarda YUNESKO bilan taʼlim, fan, madaniy meros, axborot va kommunikatsiya sohalarida hamkorligimiz jadal rivojlanib bormoqda.

Jumladan, mazkur tashkilot ko‘magida yurtimizdagi butunjahon madaniy meros obyektlarini asrab-avaylash, qadimiy Buyuk Ipak yo‘lida mavjud bo‘lgan madaniy aloqalarni qayta tiklash, taʼlim tizimi sifatini oshirish va barkamol avlodni tarbiyalash, O‘zbekistonda yoshlarning mehnat ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha qator muhim dastur va loyihalar samarali amalga oshirib kelinmoqda.

Fursatdan foydalanib, Azule xonimga va barcha chet ellik hamkorlarimizga bu muhim va sharafli ishga qo‘shayotgan hissalari uchun tashakkur izhor etaman.

 

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Hozirgi vaqtda dunyo miqyosida kichik yoshdagi bolalarni sifatli maktabgacha taʼlim bilan taʼminlash borasida qator muammolar mavjudligini inkor etib bo‘lmaydi.

Ko‘plab mamlakatlarda qariyb 200 million bola maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagani natijasida ularning boshlang‘ich bilim olish imkoniyatlari cheklanmoqda.

O‘z navbatida, keyingi bir necha yil davomida koronavirus pandemiyasi taʼlim sohasiga ham katta salbiy taʼsir ko‘rsatgani sir emas.

Mana shunday sinovlar davrida barcha davlatlarning yaqin hamkorlikni yana-da chuqurlashtirishi, xalqlarimiz o‘zaro birlashib, muammolarni birgalikda hal etishi naqadar muhimligini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Shu maʼnoda, bugungi anjumanimiz ham Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishi hisoblangan bolalar taʼlimi masalasida barchamiz bir bo‘lib, yangi yondashuvlar va yechimlar ishlab chiqishimizga xizmat qiladi, deb ishonaman.

 

Aziz do‘stlar!

Biz “inson qadri, uning huquq va manfaatlari – oliy qadriyat”, degan tamoyildan kelib chiqqan holda, mamlakatimiz aholisi uchun munosib turmush sharoitini yaratishni Yangi O‘zbekiston siyosatining ustuvor yo‘nalishi etib belgilaganmiz.

Bu borada, avvalambor, yoshlar va bolalarga eʼtibor va amaliy g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularni jismoniy va maʼnaviy barkamol etib tarbiyalashga alohida ahamiyat qaratmoqdamiz.

Bolalarni kichik yoshdan boshlab rivojlantirish, ularning o‘qishi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish orqali kelajakda yoshlarning o‘zligini to‘la namoyon etishiga mustahkam zamin yaratayapmiz.

Zero, bu kabi ezgu maqsadimiz yo‘lida sarflangan investitsiyalar ertaga bir necha barobar ortig‘i bilan qaytishiga shubha yo‘q.

Shu bilan birga, bola shaxsiyatining asosi aynan maktabgacha taʼlim yoshida shakllanishi, bu davrda uning intellektual va jismoniy kamoloti uchun poydevor yaratilishi hammamizga yaxshi maʼlum.

Hozirgi paytda yurtimizda 3 millionga yaqin maktabgacha yoshdagi bolalar bor.

Hech shubhasiz, ular bizning eng bebaho boyligimiz, erkin va farovon hayotimiz, yorug‘ kelajagimiz bunyodkorlaridir.

Shuni ham aytish joizki, yurtimizda yaqin o‘tmishda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 27 foizga tushib qolgan edi.

Deyarli barcha maktabgacha taʼlim tashkilotlarda zamonaviy texnologiyalar va qo‘llanmalar yo‘q, binolari taʼmirtalab edi.

Bu esa bolalarimizni to‘laqonli sifatli taʼlim va tarbiya olishini cheklagan.

Holbuki, farzandlarimiz tarbiyasida eng asosiy bo‘g‘in hisoblangan maktabgacha taʼlim tizimining ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi.

Biz islohotlarning birinchi kunlaridanoq mavjud taʼlim sohasini, xususan, maktabgacha taʼlimni tubdan modernizatsiya qilishga qaror qildik.

Shu maqsadda, yurtimiz tarixida ilk bor alohida Maktabgacha taʼlim vazirligini tashkil etdik.

Bog‘chalarni zamon talablariga mos ravishda yangi bosqichga ko‘tarish, ilg‘or tarbiya uslublari va metodikalarini keng qo‘llash, o‘quv-moddiy bazasini kuchaytirishga katta eʼtibor qaratmoqdamiz.

Sohani keng rivojlantirish uchun xususiy sektor kirib kelishiga ham qulay shart-sharoitlar yaratib berdik.

Bog‘chalarda har bir tarbiyalanuvchi bola uchun Davlat byudjeti hisobidan subsidiyalar berila boshlandi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda bog‘chalar soni 6 barobarga ko‘paydi. Olis va chekka hududlarda minglab oilaviy bog‘chalar tashkil qilindi.

Tarbiyachi va pedagoglar soni ham 3 barobarga o‘sib, 160 mingga yetdi. Shuningdek, pedagog kadrlarning malakasini tizimli oshirib borish ishlari ham yo‘lga qo‘yildi.

Ushbu choralar natijasida bog‘chalarda taʼlim va tarbiya oladigan bolalar sonini 600 mingdan 2 millionga yetkazilib, qamrov ko‘lami 70 foizga chiqdi.

 

Hurmatli anjuman qatnashchilari!

“Taʼlim va tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan hikmatli ibora sizlarga yaxshi tanish.

Shu sababli biz O‘zbekistonda olib borayotgan demokratik islohotlarimiz jarayonida taʼlim tizimini zamonaviy talablar darajasiga ko‘tarishga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz.

Jumladan, hozirgi vaqtda mamlakatimizda 10 mingdan ortiq o‘rta taʼlim maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.

So‘nggi yillarda oliy o‘quv muassasalari soni qariyb 2,5 barobar ko‘payib, 186 taga yetdi. Ularning 31 tasi dunyodagi yetakchi universitet va institutlarning filiallaridir.

Oliygohlarga qabul kvotasi 3,5 barobarga ortganini, oliy taʼlim qamrovi esa 9 foizdan 38 foizgacha oshganini qayd etish lozim.

Sizlarga yaxshi maʼlumki, Buyuk ipak yo‘lining chorrahasida joylashgan mamlakatimiz qadimdan jahon sivilizatsiyasi va madaniyati rivojiga munosib hissa qo‘shib keladi.

Diyorimizdan yetishib chiqqan atoqli allomalar, algebra fani va algoritm tushunchasiga asos solgan Al-Xorazmiy, mineralogiya fanining tamal toshini qo‘ygan Al-Beruniy, dunyoda Avitsenna nomi bilan tanilgan mashhur tibbiyot olimi Ibn Sino, bir ming o‘n sakkizta yulduzning koordinatlarini va harakatini aniq belgilab bergan buyuk astronom Mirzo Ulug‘bek, Nil daryosining sathini o‘lchovchi noyob uskuna yaratgan alloma Ahmad Farg‘oniy kabi ulug‘ ajdodlarimiz o‘zlarining bebaho asarlari, ilmiy va ijodiy kashfiyotlari bilan o‘rta asrlardagi birinchi va ikkinchi sharq renessansi rivojiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Bu haqda so‘z borar ekan, o‘tmishda Buxoroda 300 dan ortiq, Samarqandda esa 120 ga yaqin o‘z davrining universitetlari bo‘lgan madrasalar faoliyat ko‘rsatganini alohida taʼkidlash o‘rinlidir.

Azal-azaldan bizning yurtimizda taʼlim bilan birga tarbiya masalasiga beqiyos ahamiyat berib kelinadi.

Buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiy har tomonlama uyg‘un rivojlangan, yuksak bilim va maʼnaviyat sohibi bo‘lgan komil inson g‘oyasini ilgari surgani sizlarga yaxshi maʼlum.

XX asr boshida faoliyat ko‘rsatgan ulug‘ maʼrifatparvar, atoqli adib va pedagog Abdulla Avloniyning: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”, degan so‘zlari biz uchun bugungi kunda ham muhim dastur bo‘lib xizmat qilmoqda.

Biz yurtimizda uchinchi renessansni barpo etish masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qo‘yib, uni milliy g‘oya darajasiga ko‘tarmoqdamiz.

Biz maktabgacha taʼlim va maktab taʼlimi, oliy taʼlim tizimi hamda ilmiy-madaniy muassasalarni bo‘lg‘usi Renessansning to‘rt uzviy halqasi, deb bilamiz.

Bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, professor-o‘qituvchilar va ilmiy-ijodiy ziyolilarimizni esa yangi Uyg‘onish davrining to‘rt tayanch ustuni, deb hisoblaymiz.

Bu borada biz o‘zimizning milliy tajribamiz va jahondagi ilg‘or yutuqlarini uyg‘unlashtirgan holda faoliyat olib boramiz.

Barchamizga ayonki, taʼlim va tarbiya bor joyda albatta ilm, albatta madaniyat va taraqqiyot bo‘ladi.

Taʼlim va tarbiya rivojlangan jamiyatda radikalizm va ekstremizm kayfiyatlari hech qachon ildiz otolmaydi.

Biz kelgusida ham bu yo‘lda boshlagan ishlarimizni izchil davom ettirib, 2025 yilda bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralarni amalga oshiramiz.

Bundan tashqari, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlarida belgilangan ko‘rsatkichlarga erishish doirasida 2025 yilga qadar 6 yoshli bolalarning 100 foizini maktabga tayyorgarlik dasturi bilan qamrab olishni maqsad qilib olganmiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Anjumanimizda jahonning 150 mamlakatidan vakillar tashrif buyurgani bugungi kunda maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish global darajada dolzarb ahamiyatga ega ekanidan yaqqol dalolat beradi.

Ishonchim komil, mazkur konferensiya butun dunyoda 2030 yilga qadar maktabgacha taʼlim sohasiga oid siyosatni belgilab olish va shu orqali yosh bolalarga sifatli taʼlim berish yo‘lida xalqaro hamkorlikni yana-da kengaytirishda yangi imkoniyatlar yaratadi.

Shulardan kelib chiqib, biz quyidagi muhim takliflarni ilgari surishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Birinchidan, shiddatli dunyoda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan davrimizda eng zaif qatlam bo‘lgan maktabgacha yoshdagi bolalar ham jiddiy aziyat chekmoqda.

Shu sababli, kichik yoshdagi bolalar uchun sifatli taʼlim berish muammolarini global darajada samarali hal qilish, bu masalalarga birgalikda tezkor yechimlar va tizimli yondashuvlarni ishlab chiqish juda dolzarbdir.

Buni inobatga olib, mazkur xalqaro konferensiyani muntazam ravishda o‘tkazib borishni taklif etamiz.

Ikkinchidan, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlariga uyg‘un bo‘lgan taʼlim bo‘yicha barcha saʼy-harakatlarimizni tizimli muvofiqlashtirish maqsadida Toshkentda YUNESKOning mintaqaviy markazini tashkil etish tashabbusimizni maʼqullaysizlar, deb ishonaman.

Shuningdek, Kichik yoshdagi bolalar taʼlimi bo‘yicha jahon tashkiloti bilan qo‘shma loyiha va tadqiqotlarni olib borish, tarbiyaning yangicha uslublarini va metodik qo‘llanmalarni tayyorlash uchun keng qamrovli dasturni ishlab chiqishni taklif etaman.

Shu bilan birga, mazkur yo‘nalishda jahonda to‘plangan ilg‘or tajribalar, zamonaviy interaktiv o‘qitish uslublari, amaliy bilim va ko‘nikmalar bilan o‘zaro almashish maqsadida tarbiyachilar xalqaro hamjamiyatini tashkil etish tashabbusini ilgari suramiz.

Uchinchidan, 2024 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan kelajak sammitining umumiy kun tartibidagi asosiy mavzulardan biri sifatida, kichik yoshdagi bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish masalasini kiritish hamda unga alohida sessiyani bag‘ishlash muhimdir.

Bugungi konferensiya yakunlari bo‘yicha Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining bolalar tarbiyasi masalalari umumbashariy taraqqiyotga erishishning muhim omili ekani to‘g‘risida maxsus rezolyutsiyasini qabul qilish ayni muddao bo‘lar edi.

Ushbu hujjatda ota-onalarni bolalarning sifatli taʼlim va tarbiya olishi, maʼnaviy va jismoniy barkamolligini taʼminlashdagi rolini, ularning qobiliyat va salohiyatlarini to‘liq namoyon etish borasidagi masʼuliyatini yana-da oshirish kabi masalalar o‘z ifodasini topishi lozim.

 

Muhtaram xonimlar va janoblar!

Bugungi konferensiya qizg‘in munozara va o‘zaro fikr almashuvlar ruhida o‘tishiga, unda yangi g‘oya va tashabbuslar, aniq taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqilishiga ishonaman.

Anjuman yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasi kelgusida ushbu yo‘nalishda biz birgalikda amalga oshiradigan saʼy-harakatlarimiz uchun asos bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Fursatdan foydalanib, barchangizga mustahkam salomatlik va omadlar, anjuman ishiga esa ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net