O'zbekiston Prezidenti Rossiya yetakchisini telefon orqali Prezident saylovidagi ishonchli g'alabasi bilan tabrikladi

18.03.2024 02:59

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun bo'lib o'tgan telefon orqali muloqotda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni ushbu mamlakat prezidentligiga saylovda qozongan ishonchli g'alabasi bilan dildan qutlab, kelgusi faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma'lumotiga ko'ra, O'zbekiston Prezidenti saylovchilarning faol ishtiroki va ovoz berish natijalari rossiyaliklar amaldagi Prezidentga yuksak ishonch bildirayotgani, amalga oshirilayotgan siyosat va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni keng qo'llab-quvvatlayotganini yana bir bor tasdiqlaganini alohida ta'kidladi.

O'zbekiston bilan Rossiya o'rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yuksak darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Bugun o'zaro tovar ayirboshlash hajmi barqaror sur'atda oshib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda, yetakchi korxonalar, ishbilarmon doiralar va hududlar o'rtasida kooperatsiya aloqalari kuchaymoqda. Faol madaniy-gumanitar almashinuvlar davom etmoqda.

Joriy yilning aprel oyida Toshkentda kooperatsiyaning yangi shakllari va istiqbolli loyihalarini ilgari surish uchun samarali maydonga aylangan navbatdagi "INNOPROM" xalqaro sanoat ko'rgazmasi bo'lib o'tadi.

Telefon orqali muloqot chog'ida bo'lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ham ko'rib chiqildi.

Bundan avvalroq O'zbekiston Prezidenti matbuot kotibi, davlatimiz rahbari Rossiya yetakchisiga yo'llagan maktubida saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalari aholi Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga ishonch bildirayotgani va ularni qat'iy qo'llab-quvvatlayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo'lganini ta'kidlaganini ma'lum qilgan edi.

O'zbekiston Prezidenti matbuot xizmati arxividan olingan surat

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net