O?zbekiston Prezidenti IHT sammiti kun tartibini puxta tayyorlash muhimligini ta’kidladi

24.01.2023 10:21

 /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Xusrav Noziriyni qabul qildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, bosh kotib davlatimiz rahbarini O‘zbekistonning Tashkilotga muvaffaqiyatli raisligi bilan tabrikladi. Savdo, iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda ilgari surilgan muhim tashabbuslar va o‘tkazilgan tadbirlar IHT doirasidagi amaliy hamkorlikka kuchli surʼat bag‘ishlagani taʼkidlandi.

Uchrashuvda mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlikni yana-da mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonning Tashkilotga aʼzo mamlakatlar bilan tovar ayirboshlashi 70 foizga o‘sgani, qo‘shma korxona va loyihalar soni esa 5 barobarga ko‘paygani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Tashkilotning navbatdagi sammitini joriy yil noyabr oyida Toshkent shahrida o‘tkazishga har tomonlama tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Bo‘lajak tadbir kun tartibini puxta tayyorlash muhimligi alohida taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida bosh kotib Xusrav Noziriy Tashkilot kotibiyati IHT doirasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasida yaqindan birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net