O'zbekiston Prezidenti farmatsevtika sohasini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha topshiriqlar berdi

31.01.2024 01:30

/"Dunyo" AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmatsevtika sohasini tartibga solish, aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash masalalari bo'yicha yig'ilish o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati ma’lumotiga ko'ra, dunyoda farmatsevtika sanoati kengayib bormoqda, dori-darmonlarning yangicha turlari va tarkiblari paydo bo'lmoqda. Bu ularning sifatini doimiy nazorat qilish, nojo'ya ta’sirlarini aniqlash va tahlil etish zaruratini tug'dirdi.

Shu bois 23-yanvar kuni "Farmatsevtika sohasini tartibga solish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida" Prezident farmoni qabul qilindi.

Unga ko'ra, dorilar va tibbiy buyumlarni tayyorlovchi hamda sotuvchi tashkilotlar bu mahsulotlarning sifati va xavfsizligi uchun ham mas’ul etib belgilandi. Shundan kelib chiqib, ularga nisbatan davlat nazoratini amalga oshirishning alohida qoidalari o'rnatiladi.

Dori vositalari iste’moli bilan bog'liq xavflarni tezkor aniqlash va chora ko'rishga qaratilgan tizim tashkil etiladi. Buning uchun "Zarur farmakologik nazorat amaliyoti – GVP" standarti joriy etilib, Sog'liqni saqlash vazirligida dorilarning nojo'ya ta’siri to'g'risida elektron baza shakllantiriladi. Bu haqdagi ma’lumotlarni tibbiyot xodimlari va aholiga tezkor yetkazish yo'lga qo'yiladi.

Dorilar va tibbiy buyumlarni saqlovchi bojxona va erkin omborlar bosqichma-bosqich "Zarur saqlash amaliyoti – GSP" qoidalari talablariga muvofiqlashtiriladi. Farmatsevtika tarmog'ini rivojlantirish agentligi huzuridagi Zarur amaliyotlar markazi davlat korxonasi sifatida qayta tashkil etiladi.

Teleradiokanallar orqali dorilar va biologik faol qo'shimchalarni reklama qilish Sog'liqni saqlash vazirligida tashkil etiladigan maxsus kengashning xulosasi asosida mumkin bo'ladi.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqning aholi salomatligi va iqtisodiyotdagi ahamiyatini ta’kidlab, farmon ijrosini samarali tashkil etish bo'yicha qo'shimcha ko'rsatmalar berdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net