O?zbekiston Prezidenti Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan taʼminlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borishni topshirdi

24.10.2022 14:45

“Dunyo” AA/.  Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun kuz-qish mavsumida iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha muassasalarining barqaror ishlashini taʼminlash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib.

Maʼlumki, joriy yil 23 sentyabrda bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori qabul qilingan. Har bir viloyat, tuman va yo‘nalishlar kesimida alohida reja-jadvallar va chora-tadbirlar ishlab chiqilib, manbalari belgilangan.

Yig‘ilishda energetika vaziri va viloyat hokimlari shu borada bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobot berdi.

Qayd etilganidek, aholini, avvalo, elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash choralari ko‘rilmoqda. Buning uchun IV chorakda 21 milliard kilovatt soat, kelgusi yil boshida qariyb 22 milliard kilovatt soat elektr ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Shuningdek, kuz-qish mavsumida aholiga 10 milliard kub metr tabiiy gaz yetkazib berilishi belgilangan.

Davlatimiz rahbari bu jarayonda isrofga yo‘l qo‘ymaslik uchun gaz quduqlaridan isteʼmolchigacha bo‘lgan tizimni to‘liq raqamlashtirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

Tabiiy gaz tarmog‘idan uzoqdagi qishloq va ovullar, ijtimoiy obyektlarga suyultirilgan gaz va ko‘mir yetkazib beriladi. Prezidentimiz qaysi hududga yana qo‘shimcha zaxira kerak bo‘lsa, taʼminlab berilishini taʼkidladi.

– Barcha tarmoq va hudud rahbarlari bu masalada masʼuliyatini ikki karra oshirib, aholini rozi qilishi, hech bir murojaatni eʼtiborsiz qoldirmasdan, tezkor hal etishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Energetika vazirligiga aholining energiya manbalari bilan taʼminlanganlik holatini real vaqt tartibida muntazam nazorat qilib borish topshirildi. Yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etishda “koll-markaz”lar va hududiy ishchi guruhlar faoliyati muhim ekani qayd etildi.

Energiya manbalarini iqtisod qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Dunyoda energetika sohasida ro‘y berayotgan muammolar mintaqamizga ham taʼsir ko‘rsatayotgani, bunday vaziyatda tejamkorlik dolzarb ekani qayd etildi. Shu bois barcha muassasalarda energiya tejovchi texnologiyalar o‘rnatish, odamlarning bu borada daxldorligini oshirish muhimligi taʼkidlandi. 

Yig‘ilishda korxonalarni moliyaviy sog‘lomlashtirish, tijorat banklarining barqarorligini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi. Kreditlar evaziga ishga tushirilgan loyihalarni to‘liq quvvatga olib chiqib, ularning muddati o‘tgan qarzdorligini kamaytirishga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net