O?zbekiston Prezidenti Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo?yicha uzoq muddatga mo?ljallangan rejalar ishlab chiqishni taklif qildi

15.09.2023 13:09

/“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan bugun Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati  maʼlumotiga ko‘ra, Tojikiston tomoni raisligida o‘tgan tadbirda Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov, shuningdek, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisining birinchi o‘rinbosari Adilbek Qasimaliyev va BMT Bosh kotibining maxsus vakili – Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomati bo‘yicha mintaqaviy markaz rahbari Kaxa Imnadze ham qatnashdi.

Kun tartibiga muvofiq, Tojikistonning 2020-2023 yillarda jamg‘armaga raisligi yakunlari sarhisob qilindi, Orol dengizi havzasida ekologiya, suv xo‘jaligi va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilashning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi hamda jamg‘arma doirasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Prezidenti o‘z nutqida Birlashgan Millatlar Tashkilotining bosh qarorgohida Tojikiston Respublikasi hamraisligida Global suv konferensiyasi muvaffaqiyatli o‘tganini alohida qayd etdi. Ushbu tarixiy tadbir yakunlariga ko‘ra, Markaziy Osiyoning suv sohasidagi hayotiy muhim masalalari va muammolariga butun xalqaro hamjamiyat eʼtiborini jalb etishga erishildi.

Davlatimiz rahbari tuzilma tashkil etilganidan buyon o‘tgan 30 yilda Orol dengizi havzasida ekologik xavf-xatarlarga qarshi kurashish masalalarni hal etish, qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro muvofiqlashgan yondashuvlarni ishlab chiqishda jamg‘armaning o‘rni va ahamiyatini tahlil qildi.

– Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi – bu, avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlarining global miqyosdagi eng o‘tkir muammolardan birini yechish bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik borasidagi noyob tajribasidir, - dedi Prezidentimiz.

Global iqlim o‘zgarishlari oqibatida vujudga kelayotgan yangi xavf va tahdidlar sharoitida bunday mintaqaviy hamkorlikning o‘rni va ahamiyati yana-da ortib borayotgani taʼkidlandi. Markaziy Osiyoda suv taqchilligi muammosi o‘tkir va muqarrar tus oldi hamda bundan buyon u tobora chuqurlashib boraveradi.

O‘zbekiston yetakchisi ko‘p tomonlama sheriklik samaradorligini huquqiy va institutsional jihatdan taʼminlash bo‘yicha muhim vazifalar turganini qayd etib, suv-ekologiya sohasidagi hamkorlikka oid qator amaliy takliflarni ilgari surdi.

Jamg‘armaning huquqiy asoslarini yana-da takomillashtirish va institutsional mexanizmlarini modernizatsiya qilish doirasida asosiy hujjat va bitimlarni xatlovdan o‘tkazish va qayta ko‘rib chiqish, amaldagi tuzilmani tahlil qilish va jamg‘arma tarkibidagi tashkilotlar ishini muvofiqlashtirish va samarasini oshirish borasida takliflar tayyorlash, uning faoliyati va hamkorlik masalalarini aniq tartibga soluvchi «Qoida va tartib-taomillar»ni ishlab chiqish taklif qilindi.

– Jamg‘armani rivojlantirish va isloh etish jarayonlarini tarmoqlararo tamoyil asosida, yaʼni zamonaviy ekologik tahdidlarni hisobga olgan holda, «suv – energetika – oziq-ovqat» tartibidagi kompleks yondashuvlar negizida amalga oshirish muhimdir, - alohida taʼkidladi davlatimiz rahbari.

Asosan milliy rejalar yo‘nalishida amalga oshirilayotgan Orol dengizi havzasi mamlakatlariga yordam ko‘rsatish bo‘yicha to‘rtinchi dasturning ijrosi tashvishga soladigan holatda ekanini bildirib, O‘zbekiston Prezidenti jamg‘arma boshqaruviga amaldagi dasturni tanqidiy qayta ko‘rib chiqish topshirig‘ini berish hamda har bir mintaqaviy loyihaning hajmini va moliyalashtirish manbalarini belgilagan holda, «yo‘l xaritalari»ni, ularning ijrosi bo‘yicha kelishilgan jadvalni tayyorlashni taklif etdi.

Ustuvor mintaqaviy loyihalarni ilgari surish uchun investitsiya, texnologiya va texnik ko‘makni jalb etish masalalari bo‘yicha tizimli hamkorlikni ham kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Shu munosabat bilan mamlakatlarimizning har biri aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, mintaqaviy loyihalarga chetdan ko‘makni jalb etish bo‘yicha o‘ziga majburiyat olishi hamda raislik qiluvchi tomonning muvofiqlashtirishi asosida investitsiyalarni va texnik ko‘makni jalb qilish va taqsimlash mexanizmlarini ishlab chiqish taklifi bildirildi.

Bundan tashqari, xorijiy sheriklar, yetakchi xalqaro institutlar va donor tashkilotlarni jalb etgan holda, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishni tezlashtirish maqsadida maxsus mintaqaviy konferensiya o‘tkazish taklif etildi.

O‘zbekiston rahbari mintaqamizda suv-energetika resurslarini integratsiyalashgan holda boshqarish siyosatini muvofiqlashtirish maqsadida xalqaro konsultantlar ishtirokida Amudaryo va Sirdaryo havzalarini rivojlantirish bo‘yicha uzoq muddatga mo‘ljallangan rejalar ishlab chiqish maqsadga muvofiq ekanini taʼkidladi.

– Suv va boshqa tabiiy resurslardan tejab-tergab foydalanish madaniyatini shakllantirish, maxsus dasturni qabul qilgan holda, yoshlar tashabbuslari va startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalarida yoshlar bilan 

ishlashni mintaqaviy darajada tashkil etishga alohida eʼtibor qaratish lozim. Ushbu masalalarni ko‘rib chiqishda Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz faol jalb etilishiga aminmiz, - dedi davlatimiz rahbari.

Ekotizimlar tanazzuli yana-da kuchayishining oldini olishda, eng avvalo, Orol dengizi hududidagi hamkorlik masalalariga alohida to‘xtalib, Prezidentimiz hozirgi vaqtda O‘zbekistonda Orolbo‘yidagi ekologik va ijtimoiy vaziyatni yaxshilash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganini qayd etdi.

– So‘nggi bir necha yil davomida Orol dengizining qurigan tubida 1,7 million gektar o‘rmonzorlar yaratildi. Yaqin ikki yilda yana 400 ming gektar yashil hududlar barpo etish rejalashtirilmoqda. Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish, shuningdek, Orolbo‘yida bioxilma-xillikni saqlash uchun 3,5 million gektardan ortiq maydonda tabiat parklari, qo‘riqxonalar va davlat himoya hududlari yaratildi, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda suvdan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha katta miqyosdagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oxirgi 7 yil mobaynida mamlakatimizda sug‘oriladigan yerlarning to‘rtdan bir qismini tashkil etadigan 1 million gektardan ortiq maydonda suvni tejaydigan texnologiyalar joriy etildi.

Hamkorlarga suvni tejash sohasini jamg‘arma faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab, bu borada hamkorlikni kuchaytirish taklif etildi. Shu masalalarning barchasini kompleks ko‘rib chiqish maqsadida suv resurslari, energetika, ekologiya va iqtisodiyot vazirlarining doimiy uchrashuvlari bo‘yicha Mintaqaviy platformani taʼsis etish tashabbusi ilgari surildi.

O‘zbekiston Prezidenti “Qo‘shtepa” kanal qurilishi bo‘yicha ham o‘z fikrini bildirdi. Taʼkidlanganidek, mintaqamizda suvdan foydalanish jarayonida yangi ishtirokchi paydo bo‘ldi. Shu munosabat bilan kanal qurilishi va uning Amudaryo suvidan foydalanish tartibiga taʼsiri bilan bog‘liq barcha jihatlarni mamlakatlarimizdagi tadqiqot institutlarini jalb etgan holda o‘rganish bo‘yicha Qo‘shma ishchi guruhini shakllantirish, shuningdek, Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etish masalasini ko‘rib chiqish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari so‘zining yakunida bugungi sammitda ilgari surilayotgan tashabbuslar va qabul qilinayotgan hujjatlarning amalga oshirilishi jamg‘arma doirasida xalqlarimiz farovonligi va butun Markaziy Osiyo mintaqasining gullab-yashnashi yo‘lida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va samaradorligini oshirishga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Yig‘ilishda Tojikiston, Qozog‘iston, Turkmaniston rahbarlari va Qirg‘iziston Hukumati aʼzosi ham so‘zga chiqdi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining murojaati o‘qib eshittirildi.

Tadbir yakunida jamg‘arma taʼsischi davlatlari quyidagi hujjatlarni imzoladilar:

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlarining Dushanbe bayonoti;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining Tojikiston Respublikasining OQXJdagi raisligi yakunlari to‘g‘risida qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev 2024-2026 yillarga OQXJ prezidenti etib saylangani to‘g‘risidagi qarori;

- Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining OQXJ tashkiliy tuzilmasi va shartnoma-huquqiy bazasini takomillashtirish bo‘yicha faoliyat to‘g‘risidagi qarori.

2024-2026 yillarda OQXJga raislik Qozog‘iston Respublikasiga o‘tdi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net