O?zbekiston Prezidenti 21-22 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan Fransiyada bo?ladi

18.11.2022 10:51

“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan joriy yilning 21-22 noyabr kunlari rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tashrif dasturida Parij shahrida oliy darajadagi ikki tomonlama muzokaralar, Fransiya Parlamentining quyi palatasi – Milliy yig‘inida uchrashuv hamda ushbu mamlakatning yetakchi kompaniya va banklari rahbarlari ishtirokida ishbilarmonlik tadbirlarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Kun tartibidan konstruktiv siyosiy muloqotni yana-da rivojlantirish, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish, eng avvalo, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, faol gumanitar va taʼlim almashinuvlarini davom ettirish masalalari o‘rin olgan.

Sammit yakunida o‘ndan ortiq muhim ikki tomonlama hujjatlar, shuningdek, investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari to‘plamining qabul qilinishi rejalashtirilgan.

Taʼkidlash joizki, tashrif kunlari Fransiya poytaxtidagi jahonga mashhur Luvr muzeyi va nufuzli Arab dunyosi institutida mamlakatimizning boy madaniy va tarixiy merosiga bag‘ishlangan noyob ko‘rgazmalar ochiladi.

Bundan tashqari, shu kunlarda Parijda Fransiyaning “MEDEF” tadbirkorlar harakati ko‘magi bilan tashkil etilgan biznes forum bo‘lib o‘tmoqda.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net