O?zbekiston nomoddiy merosining yana ikkita elementi YUNESKO Reprezentativ ro?yxatiga kiritildi

02.12.2022 21:59

RABOT, 2 dekabr. /“Dunyo” AA/. Bu haqdagi qaror Marokashda bo‘lib o‘tgan Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mita yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

28 noyabr kuni Marokashda Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha Hukumatlararo qo‘mitaning 17-sessiyasi o‘z ishini boshladi. Uning doirasida  o‘zbek tomoni ishtirokida taqdim etilgan ikki element YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish  Reprezentativ ro‘yxatga kiritildi.

 «Ipakchilik va to‘quv uchun anʼanaviy ipak ishlab chiqarish» va «Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash anʼanalari»  nomli  ko‘pmillatli elementlar Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi Reprezentativ ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda  “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston tomonidan Ozarbayjon, Afg‘oniston, Eron, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan birgalikda «Ipakchilik va to‘quv uchun anʼanaviy ipak ishlab chiqarish» nomli birinchi fayl taqdim etildi. Ikkinchi nominatsiya «Xo‘ja Nasriddin haqidagi latifalarni takrorlash anʼanalari» deb nomlangan bo‘lib, O‘zbekiston tomoni Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va Turkiya bilan hamkorlikda tayyorlagan.

Qo‘mitaning baholash komissiyasi nomzodlik hujjatlarini tayyorlashda ishtirok etayotgan davlatlarning birgalikdagi faoliyatini yuqori baholadi va ularning Vakillik ro‘yxatiga kiritish uchun barcha mezonlarga muvofiqligini qayd etdi.

Tadbir davomidagi nominatsiyalar taqdimotida madaniyatlarni boyitish, mahalliy iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro hurmat va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi unsurlarning tarixiy o‘rni va ahamiyatini atroflicha ochib beruvchi videofilmlar namoyish etildi. Ishtirokchilar ipak yetishtirishning anʼanaviy texnologiyalari, keyingi yillarda O‘zbekistonda ipakchilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan salmoqli ishlarga alohida eʼtibor qaratdilar. Aholi orasida mashhur va sevimli folklor qahramoni sanalgan Xo‘ja Nasriddinning Buxoro shahrida qad rostlagan noyob haykali katta qiziqish uyg‘otdi.

Shunday qilib, Reprezentativ ro‘yxatga kiritilgan O‘zbekiston elementlarining umumiy soni 11 taga yetdi. Ilgari bu ro‘yxatga “Baxshi”, “Lazgi”, “Palov”, “Askiya”, “Miniatyura”, “Navro‘z”, “Shoshmaqom” va boshqalar kiritilgan edi. Atlas va adras tayyorlashning anʼanaviy texnologiyalarini saqlash bo‘yicha Marg‘ilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi Nomoddiy madaniy meros obyektlarini avaylab asrash bo‘yicha yetakchilar reyestridan joy olgan.

Endi yangi elementlar xalqaro miqyosda butun insoniyat merosining ajralmas qismi sifatida tavsiflanadi hamda bu nomoddiy madaniy merosning ushbu turlarini eʼtirof etish va keng targ‘ib qilishni sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. O‘z navbatida, YUNESKO ushbu elementlarni turli loyihalarni amalga oshirish orqali targ‘ib qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net