O?zbekiston – mutafakkirlar mamlakati

16.08.2022 23:58

Saudiya Arabistonida “O‘zbekiston – mutafakkirlar mamlakati. Imom Buxoriy Vataniga sayohat” nomli kitob nashrdan chiqdi.

Kitob arabistonlik taniqli jurnalist, yozuvchi, ajdodlari asli Farg‘ona vodiysining Qo‘qon shahridan bo‘lgan Abdulaziz Muhammadamin Qosim tomonidan yozilgan. 

U 2019 yil noyabr-dekabr oylarida ota-bobolari yurti – O‘zbekistonga safar qilib, mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgan, milliy urf-odatlar bilan yaqindan tanishib, muqaddas qadamjolarni ziyorat qilgan. 

Buning natijasida O‘zbekistonning tarixi, iqtisodiyoti, jo‘g‘rofiy joylashuvi, etnografiyasi, milliy o‘ziga xosligi va millatlararo munosabatlari, xalqaro aloqalari, o‘zbek xalqining madaniyati, urf-odat va an’analari atroflicha yoritilgan asar dunyoga keldi. Muallif mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, unda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhiti, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan tinchlikparvarlik va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tashqi va ichki siyosat, O‘zbekistonda hayotga tatbiq etilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni atroflicha qalamga olgan. Har bir bo‘lim buyuk va mashhur mutafakkirlar, shoirlar, yozuvchilar, jurnalistlar, jamoat arboblari ijodidan iqtiboslar bilan yakunlanadi. Kitob sahifalaridan Qur’on oyatlari va hadislar ham o‘rin olgan. 

Muallif jahon sivilizatsiyasi, jumladan, Islom olami rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz hayotini atroflicha tasvirlab bergan. 

“Kitobni o‘qir ekansiz, jahonga Islom sivilizatsiyasining qator alloma va namoyandalarini taqdim etgan, tarixda o‘chmas iz qoldirgan, adog‘i yo‘q muvaffaqiyatlarga erishgan, tarixi bugungi kunga qadar muhrlanib qolgan ko‘hna bir xalqning buyuk tarixiga shohid bo‘lasiz. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, biz bu ulug‘ yurtda yashab ijod qilgan, shuhrati olis-olis ufqlarni zabt etgan allomalardan ayrimlarining nomlarini, afsuski,  hanuzgacha eshitmagan ekanmiz, holbuki G‘arbda bu siymolarga katta qiziqish bilan qarashmoqda, insoniyat madaniyati rivojiga ularning qo‘shgan hissasi hamda ilm-fan taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ixtiro va asarlari e’tirofi o‘laroq, yulduz va sayyoralar ularning ismi  bilan atalmoqda”, deb yozadi muallif. 

Shu bilan birga, kitobda mamlakatimiz tarixi, O‘zbekistonning mustaqil taraqqiyoti yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatlariga oid muhim ma’lumotlar keltirilgan. 

“Ayni zamonda o‘zbek xalqi o‘z yetakchisi Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida oldinga qarab ildam odimlab bormoqda. Prezident sa’y-harakatlari bilan mamlakatda din va matbuot erkinligiga keng yo‘l ochilishiga erishildi. U xalqaro  miqyosda ishbilarmon-sarmoyadorlarni o‘z yurtiga kelishga chorladi, pirovard natijada sarmoyalar kiritilishi uchun ularga qulay sharoitlar, iqtisodiy o‘sishni ta’minlovchi katta imtiyozlar taqdim etilmoqda. 

Shavkat Mirziyoyev mamlakatda korrupsiyaga qarshi ayovsiz kurash e’lon qildi. Bundan tashqari, bu azim yurtning yuksak qadri, maqomi va bir necha yuz yillar mobaynida erishgan tarixiy-madaniy muvaffaqiyatlari, betakror Islom sivilizatsiyasi yodgorliklari ahamiyatini teran anglash zaminida tashqi va ichki sayyohlikka, shuningdek, ziyorat turizmiga keng imkoniyatlar taqdim etuvchi yangi dastur ham Prezident rahbarligida ishlab chiqildi. O‘zbekiston rahbariyatining bu strategik rejalarga og‘ishmay rioya etishi samarasida o‘zbeklar yurtining sivilizatsiya olamida yetakchi mamlakatlar safidan o‘rin egallashiga ishonaman”.  

Muallif o‘tgan asr boshlarida katta qiyinchiliklar bilan bir qancha davlatlar orqali Podshohlikka kelib, joylashib qolgan, an’anaviy ravishda “Buxoroliklar” deb ataladigan vatandoshlarimizning bugungi avlodlari haqida ham so‘z yuritgan. 

Abdulaziz Muhammadamin Qosim o‘z taassurotlari va hikoyalarini sarhisob qilar ekan, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarning zamonaviy rivoji, ikki davlatning turli yo‘nalishlardagi, jumladan, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorligi, o‘zbekistonliklarning Haj va Umra ziyoratlari amallarini bajarish uchun yaratilgan yangi imkoniyatlar haqida ham to‘xtalgan. 
“Xotima o‘rnida shuni ishonch bilan aytamanki, O‘zbekistonga uyushtirgan safarlarim davomida bu yurtda ko‘rganlarim men uchun O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tutgan mavqei, elining himmati, aql-zakovati va ulug‘vor o‘tmishi tufayli ildamlab

borayotgan, yaqin kelajakda ulkan sha’nu shavkatga sazovor davlat darajasiga qadar yuksalishini bot-bot ta’kidlashim uchun asos bo‘ladi”, deb yozadi Abdulaziz Muhammadamin Qosim. 

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu kitob Saudiya Arabistonidagi yirik o‘zbek diasporasi vakillariga o‘z ajdodlari Vatanining tarixi va zamonaviy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatini beradi. Shuningdek, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni xalqlari o‘rtasidagi birodarlik, do‘stlik va hamkorlik rishtalarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. 

O‘zA 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net