Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga ijtimoiy davlat haqidagi normalar kiritilmoqda

07.04.2023 10:03

Soʻnggi yillar davomida jamiyatimiz va unda ilgari surilayotgan gʻoya va tashabbuslarda xalqimizning ishtiroki va ular tomonidan bildirilayotgan fikr-mulohazalarining ahamiyati har tomonlama ortdi. Natijada jamiyatning ham islohot va oʻzgarishlarga boʻlgan talabi kun sayin ortmoqda. Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda roʻy berayotgan vaziyatlar, eng avvalo, mamlakatimizni besh yilda rivojlantirishga qaratilgan Taraqqiyot strategiyasi va unda belgilangan maqsadlarni amalga oshirish nafaqat qonunlarimizni mustahkamlashni, shu bilan birga, Bosh qomusimizda ham inson qadrini yuksaltirishga qaratilgan normalarni yanada takomillashtirib, bugungi zamon talablariga moslashtirishni taqozo etmoqda. Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiyaning yangi tahririni qabul qilish boʻyicha ishlar amalga oshirilib, bu borada umumxalq referendumini oʻtkazish maqsad qilindi.

Oʻz navbatida yangilanayotgan Konstitutsiyaning 1-moddasida kiritilayotgan muhim oʻzgarish, yaʼni mamlakatning ijtimoiy davlat ekanligini Asosiy Qonunimizda aks ettirilishi, shuningdek, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga doir konstitutsiyaviy normalarning deyarli 3 barobarga oshayotganini alohida qayd etish lozim. Shu oʻrinda, bu oʻzgarishlar amalda xalqimizga qanday foyda keltiradi, degan savol tugʻilishi mumkin.

Davlatning ijtimoiy rolininng oshirilishi zamirida, xususan, ijtimoiy ehtiyojmand toifadagi fuqarolar uy-joy bilan taʼminlanadi. Eng kam oylik ish haqi esa insonga munosib turmush sharoitini taʼminlashni hisobga olgan holda belgilanadi. Shuningdek, fuqarolarning kafolatlangan tibbiy yordam olish huquqlari taʼminlanadi. Bu kabi misollardan yana koʻplab keltirish mumkin. Oʻz oʻrnida, Konstitutsiyada yoshlarning oliy oʻquv yurtlarida grant asosida davlat hisobidan taʼlim olish huquqi, yaʼni “iqtidorli yoshlarga davlat hisobidan oliy taʼlim olish imkoniyati” kafolatlanadi. Demak, oliy taʼlim muassasalarida davlat grantlari boʻyicha doimiy kvotalar ajratib boriladi va bu tartib hech qachon bekor qilinmaydi.

Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda jamiyat oldida turgan maqsad va vazifalar, muammolarga yechimlar topish alohida ahamiyatga ega. Bu oʻrinda davlatning ijtimoiy rolini Konstitutsiyada mustahkamlash orqali inson manfaatlarini taʼminlashni ham yangi bosqichga koʻtarish mumkin. Bunda esa, Konstitutsiyaning yangi tahririda koʻrsatib oʻtilgan qonuniy kafolatlar alohida ahamiyatga ega.

Nilufar Doniyerxodjayeva,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net