Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat

17.02.2023 11:37

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda Konstitutsiyamizda “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” degan tamoyilni mustahkamlash gʻoyasini ilgari surgan edi. Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida bu gʻoya yanada mustahkamlanib, ijtimoiy davlatni barpo etishning ustuvor yoʻnalishlari belgilab berildi. Davlatimiz rahbari bu xususda toʻxtalib, “Biz Yangi Oʻzbekistonni “ijtimoiy davlat” tamoyili asosida qurishni maqsad qilyapmiz. Buni Konstitutsiyada mustahkamlashimiz kerak”, deya taʼkidladi.

“Ijtimoiy davlat” tushunchasi “Inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ushbu gʻoyaning tub negizida, avvalo, inson qadrini ulugʻlash, aholiga xizmat qilishdek olijanob maqsad mujassam. Ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat tamoyillari asosida munosib yashash sharoitini yaratib beradi. U ijtimoiy tafovutlarni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish boʻyicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir.

Shuningdek, ijtimoiy davlat muhtojlarga uy-joy, yashash uchun zarur boʻlgan isteʼmol tovarlarining eng kam miqdori belgilab qoʻyilishini nazarda tutadi. Shaxs va uning oilasi munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi, bandlikni taʼminlash, xavfsiz mehnat sharoitini yaratish, kambagʻallikni qisqartirishni talab qiladi.

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholi turmush darajasini yuksaltirish, bandlikni taʼminlash, kafolatlangan sifatli taʼlim, malakali tibbiy yordam, barcha uchun teng imkoniyatlar yaratish, oilalar, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi bor shaxslarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida ham ana shunday ezgu maqsad mujassam.

“Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ham aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlami manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator normalar oʻz ifodasini topgan. Xususan, amaldagi Konstitutsiyamizning 37-moddasiga qoʻshimchalar kiritilib, “Har kim munosib mehnat qilish, erkin kasb tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitilishlarsiz va belgilangan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega”ligi belgilanmoqda.

 

Ijtimoiy davlat mohiyati qanday?

 

Tarixga nazar tashlaydigan boʻlsak, “ijtimoiy davlat” tushunchasi ilk bor 1850-yilda Lorens fon Shteyn tomonidan qoʻllanilgan. U davlatning vazifasi ijtimoiy tenglik va shaxsiy erkinlikni oʻrnatish, quyi va kam taʼminlangan tabaqalarni boylar va qudratlilar darajasiga koʻtarishdan iborat, deb hisoblagan.

Milliy davlatchiligimiz tarixini oʻrganganimizda ham “ijtimoiy davlat” tushunchasi shunga oʻxshash nomlarda koʻplab uchrashiga guvoh boʻlamiz. Masalan, IX-X asrlarda yashab ijod qilgan Abu Nasr Forobiyning “Fozil odamlar shahri” asarida fozil shahar haqida bildirilgan fikrlar aynan “ijtimoiy davlat” tamoyilining mazmun-mohiyati hisoblanadi. Shunga oʻxshash fikrlarni Nizomiy Ganjaviy, Saʼdiy Sheroziy, Alisher Navoiy, Ahmad Donish kabi buyuk ajdodlarimiz asarlarida ham uchratish mumkin.

Prezidentimiz ushbu tushunchani izohlar ekan, “Ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini roʻyobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambagʻallikni qisqartirish, demakdir”, deya taʼrif bergan edi. Nazarimizda, buyuk bobolarimiz orzu qilgan va oʻz asarlarida keltirgan “fozil shahar” ham aynan shu “ijtimoiy davlat”dir.

 

Ijtimoiy davlat xususiyatlari, funksiyalari va xalqaro tajriba

 

Globallashuv jarayoni va bozor iqtisodiyoti shiddat bilan rivojlanayotgan davrda olimlar ijtimoiy davlatning oʻziga xos belgilari mavjud ekanini taʼkidlaydi va Lorens fon Shteyndan farqli ravishda ushbu jihatlarga quyidagilarni kiritadi:

— aholining daromadlari va boyliklarini yirik mulkdorlarga daxl qilmasdan qayta taqsimlash imkonini beruvchi mamlakat iqtisodiy rivojlanishining yuqori darajasi;

— ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyoti;

— koʻp tarmoqli va aralash iqtisodiyot;

— fuqarolik jamiyatini shakllantirish;

— davlat tomonidan turli ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqish;

— davlatning har bir inson uchun munosib turmush sharoiti, ijtimoiy taʼminot va shaxs sifatida oʻzini oʻzi anglash yoʻlida teng boshlangʻich sharoitlarni taʼminlash maqsadlarini tasdiqlash;

— fuqarolar oldidagi ijtimoiy javobgarlik;

— sugʻurta ijtimoiy toʻlovlarining rivojlangan tizimi va byudjetni tashkil etuvchi soliqlarning yuqori darajasi, ijtimoiy sohaga toʻlovlarning yuqori miqdori;

— aholining barcha guruhlari uchun xizmat koʻrsatish va ijtimoiy xizmatlarning rivojlangan tizimi;

— byudjet ijtimoiy toʻlovlarining mavjudligi;

— ijtimoiy himoya, ijtimoiy taʼminot va bandlik davlat tizimlarining mavjudligi;

— jamiyatning barcha muhtoj aʼzolarini istisnosiz ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash tizimi mavjudligi;

— fuqarolarning farovonlik darajasi uchun javobgarlikni davlat oʻz zimmasiga olishi.

Hozirgi zamon tajribasiga koʻra, Yevropa mamlakatlarida ijtimoiy davlat gʻoyasi turli normativ-huquqiy hujjatlar bilan mustahkamlangan. Xususan, Germaniyada uning ijtimoiy davlat ekani Konstitutsiya darajasida belgilangan. Shuningdek, ijtimoiy davlatning Skandinaviya va kontinental modellari ham mavjud boʻlib, bunda davlatlar oʻz fuqarolarining ijtimoiy farovonligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalariga, bolalar va yoshlarga, keksalarga ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish uchun masʼul boʻladi.

Ijtimoiy davlat tor maʼnoda oʻz faoliyatida aholiga nafaqalar toʻlashni, jamiyatga xizmat koʻrsatishni amalga oshiradi va uy-joy bilan taʼminlash bilan bogʻliq masalalarni hal qiladi. Keng maʼnoda nafaqat aholini bevosita qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan sezilarli darajada koʻp sonli dasturlarni, balki iqtisodiyotni boshqarish va tashkil etishga qaratilgan chora-tadbirlarni, shu jumladan, bandlik va u bilan bogʻliq masalalarni hamda kompleks makroiqtisodiy boshqaruvni amalga oshiradi.

Ijtimoiy davlatning oʻziga xos funksiyalari mavjud boʻlib, olimlarning aksariyati ularning asosiylari sifatida quyidagilarni koʻrsatadi:

— aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash;

— korrupsiya, qashshoqlik va ishsizlikka qarshi kurash;

— yosh tadbirkorlarga yordam;

— aholi bandligi va daromadlari doimiy oʻsishini taʼminlash;

— jamiyatning barcha aʼzolarini ijtimoiy sugʻurta bilan taʼminlash;

— taʼlim, sogʻliqni saqlash va maʼnaviy-madaniy rivojlanishning qulayligini taʼminlash;

— ehtiyojmand shaxslarni moddiy qoʻllab-quvvatlash va ijtimoiy himoya qilish;

— jamiyatdagi ijtimoiy va iqtisodiy tengsizlikni kamaytirish, imtiyozlarni qayta taqsimlash orqali munosib turmush sharoitlarini yaratish;

— ijtimoiy xizmatlar koʻrsatish.

Umuman olganda, ijtimoiy davlatda mehnatga layoqatli har bir insonning bandligi taʼminlanadi. Uning munosib hayot kechirishi uchun yetarli miqdordagi ish haqi belgilanadi, ishchi uchun xavfsiz mehnat sharoitlari yaratiladi, ishsizlikdan himoyalanish, sifatli taʼlim, malakali tibbiy xizmat olish huquqlari real amalga oshiriladi. Bolalar, ayollar, keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar, migrantlar va ularning oila aʼzolari har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi.

 

Mamlakatimizda ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar

 

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, ularning aksariyati ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilganini koʻrishimiz mumkin. Xususan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda ehtiyojmand ­qatlamlarini qoʻllab-quvvatlash va ularga davlat tomonidan kafolatlar tizimi orqali yordam koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan. Odamlarning farovon va hayotdan rozi boʻlib turmush kechirishi uchun munosib sharoit yaratish, bandlikni taʼminlash va daromadini oshirish, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, turmush sharoiti va sifati jihatidan tabaqalanishga yoʻl qoʻymaslik kabi masalalarga davlat siyosati darajasida alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Ishsizlikdan himoyalanish, kafolatlangan sifatli taʼlim berish, malakali tibbiy yordam koʻrsatish, bolalar, ayollar, qariyalar, nogironligi boʻlgan shaxslarni, migrantlar va ularning oila aʼzolarini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash davlatimizning doimiy diqqat markazida. Davlat byudjetining asosiy qismi aynan shu kabi masalalarga yoʻnaltirilayotgani ham fikrimizning amaliy tasdigʻidir. Alohida taʼkidlash joizki, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan oilalar, ayollar va yoshlarni qoʻllab-quvvatlash uchun respublika miqyosida joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “mahallabay” ishlash tizimi ham ijtimoiy davlatning mohiyatini va hayotiy koʻrinishini namoyon etmoqda.

Shu oʻrinda mamlakatimizda ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijobiy natijalari ham diqqatga sazovor. Chunonchi, bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 27 foizdan 70 foizga oshib, 2 millionga yaqin bolaning bogʻcha bilan qamrab olingani xalqaro tashkilotlar tomonidan eʼtirof etilmoqda. Oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobarga oshishi, yaʼni ularning soni 198 taga yetishi, oʻz navbatida, oliy taʼlimga qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga ortishiga zamin yaratdi. Shu qatorda, 40 dan ziyod oliygohga akademik va moliyaviy mustaqillik berilishi ulardagi taʼlim sharoiti va sifati sezilarli darajada yuksalganiga hissa qoʻshganini qayd etib oʻtish ham adolatdan boʻladi.

Shuningdek, aholining ehtiyojmand qatlamlarini uy-joy bilan taʼminlash ijtimoiy davlatning muhim vazifalaridan biridir. Taʼkidlash oʻrinliki, soʻnggi olti yilda mamlakatimizda 500 mingga yaqin yangi uy-joy qurilib, foydalanishga topshirildi. Uy-joyga boʻlgan ehtiyojni qondirish boʻyicha birinchi marta ayollar va ­yoshlarga, ehtiyojmand oilalarga subsidiyalar ajratish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Mazkur tizim qonuniy, adolatli va shaffof ishlashi uchun onlayn platformalar ishga tushdi.

Ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularni ish bilan taʼminlash va boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish masalalariga alohida eʼtibor qaratib ­kelinmoqda. Yoshlar bandligini taʼminlashda ilgʻor zamonaviy usullardan foydalangan holda, yigit-qizlarimizdan 5,2 mingi “Future Skills Uzbekistan” va “Bir million dasturchi” loyihalari doirasida IT kasblariga, 6,4 mingi “Yoshlar 1+1” va “Tadbirkor ayol” loyihalari doirasida tadbirkorlik koʻnikmalari va xorijiy tillar boʻyicha oʻqitildi.

Yoshlar va xotin-qizlarda zamonaviy kasb, tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida “Ishga marhamat”, band boʻlmagan aholiga xizmat koʻrsatuvchi “Monomarkaz”, tuman va shahar kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalarda kasb-hunarga oʻqitish maskanlari faoliyat yuritmoqda.

Yuqorida keltirilgan keng koʻlamli islohotlarni yanada mustahkamlash va bardavom boʻlishini taʼminlash zarurati “ijtimoiy davlat” tamoyilini Konstitutsiyada aks ettirishni taqozo etmoqda. Shu sababdan ham umumxalq muhokamasidagi aksariyat taklif va mulohazalar aynan ijtimoiy sohaga yoʻnaltirilgan edi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ham, asosan, “ijtimoiy davlat” tamoyilini mustahkamlashga qaratilgan. Shu oʻrinda, Asosiy qonunimizda mamlakatimizning ijtimoiy davlat ekanini mustahkamlab qoʻyish Yangi Oʻzbekistonning mazmun-mohiyatiga ham shaklan, ham maʼnan mos boʻladi, desak adashmagan boʻlamiz.

 

Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasida ijtimoiy davlat masalalari

 

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot ­strategiyasi amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlarning mantiqiy davomi hisoblanadi. Misol uchun, uning “Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish” nomli toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishida ijtimoiy davlat negizini tashkil etuvchi masalalarga alohida eʼtibor qaratilgan. Jumladan, 43-maqsad bevosita har bir inson uchun munosib sharoit yaratish va turmush darajasini muntazam yaxshilab borishga yoʻnaltirilgan.

Eʼtirof etish kerak, Taraqqiyot ­strategiyasining maqsadlariga erishishda Prezidentimiz asosiy eʼtiborni birinchi galda Yangi Oʻzbekiston uchun eng katta investitsiya hisoblangan taʼlimni rivojlantirishga qaratish kerakligini taʼkidladi. Jumladan, joriy yilda 70 ta yangi maktab qurilishi, 460 maktab kengaytirilishi, xususiy investitsiyalar ishtirokida 100 ta maktab qurish loyihasi boshlanishi, kelgusi besh yilda ularning sonini mingtaga yetkazish belgilab olingani ham bejiz emas.

Endilikda mamlakatimizda nafaqat maktab qurilishi va sifatli taʼlimga, shu bilan birga, sifatli taʼlim negizini yaratuvchi “sogʻlom turmush tarzi hamda sogʻlom va sifatli ovqat bilan taʼminlash”ga ham katta eʼtibor qaratilmoqda. Mazkur tajriba 2022-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston va Xorazmda yoʻlga qoʻyilib, 285 ming boshlangʻich sinf oʻquvchisi uchun bepul ovqatlanish yoʻlga qoʻyilgan edi. Joriy yildan esa ushbu amaliyot qolgan viloyatlar va Toshkent shahri maktablarida ham joriy etilib, buning uchun davlat byudjetidan yetarli mablagʻ ajratildi.

Maʼlumki, maktab bitiruvchilarini kasbga oʻrgatish masalasi yoshlarning bandligini taʼminlash borasida ustuvor yechimlardan biri sanaladi. Maqsad — yoshlarni ham bilimli, ham kasbli qilish va natijada ularni ish bilan taʼminlash. Bu yoʻnalishda ham aniq tizimli mexanizm ishlab chiqildi, yaʼni joriy yildan boshlab yangi dastur amalga oshirilib, unga koʻra, har bir viloyatda 1 tadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Uzluksiz taʼlimning bir qismi boʻlgan oliy taʼlim muassasalarida oʻqiyotgan yoshlarni qoʻllab-quvvatlash yuzasidan joriy yilda imtiyozli taʼlim kreditlariga resurslar 2 barobar koʻpaytirilib, 1,7 trillion soʻm, ilm-fan va innovatsiyalarga esa 1,8 trillion soʻm ajratilmoqda.

 

Davlat dasturiga “Ijtimoiy davlat” tamoyili asosidagi yondashuv

 

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning Taraqqiyot strategiyasini 2023-yilda amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasini tahlil qiladigan boʻlsak, 309 bandni oʻzida birlashtirgan dastur yetti yoʻnalishdan iborat va u quyidagicha taqsimlangan:

1-yoʻnalish. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish — 22 band.

2-yoʻnalish. Mamlakatimizda adolat va qonun ustuvorligi tamoyillarini taraqqiyotning eng asosiy va zarur shartiga aylantirish — 18 band.

3-yoʻnalish. Milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va yuqori oʻsish surʼatlarini taʼminlash — 113 band.

4-yoʻnalish. Adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish — 82 band.

5-yoʻnalish. Maʼnaviy taraqqiyotni taʼminlash va sohani yangi bosqichga olib chiqish — 21 band.

6-yoʻnalish. Milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda umumbashariy muammolarga yondashish — 30 band.

7-yoʻnalish. Mamlakatimiz xavfsizligi va mudofaa salohiyatini kuchaytirish, ochiq, pragmatik va faol tashqi siyosat olib borish — 23 band.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, iqtisodiy yoʻnalishdan keyingi eng yirik ijtimoiy yoʻnalish boʻlib, davlat dasturining 154-235 bandlarini oʻzida qamrab olgan. Mazkur bandlarda Taraqqiyot strategiyasining 33 maqsadini hayotga izchil tatbiq etish va amalga oshirish nazarda tutilgan.

Xususan, unda joriy yilda ishsiz va ish qidirayotgan shaxslarning 160 ming nafarini talabgor kasblarga oʻqitish hamda 14 ming nafarining kasbiy malaka darajasini tasdiqlash va ularga malaka pasportlarini taqdim etish, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming ishsiz xotin-qizni davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarga oʻqitish rejalashtirilgan. Bu esa ishsizlarni maqsadli oʻqitish va ular bandligini taʼminlashda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Shuningdek, 6 yoshli bolalarni sifatli maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasini 92 foizga yetkazish belgilangan boʻlib, bunda 269 ta qisqa muddatli, 94 ta toʻliq kunlik, 1384 ta majburiy bepul tayyorlov guruhlari hamda maktabgacha taʼlimning muqobil shakllarini joriy etish va bu uchun davlat byudjetidan 60 milliard soʻm ajratish nazarda tutilmoqda.

Taʼkidlash kerakki, malakali tibbiy yordam koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Uzoq yillar davomida kutilgan davlat tibbiy sugʻurtasi mexanizmlari Toshkent shahridagi tibbiyot muassasalariga joriy etilib, uning tahlili natijasida qolgan hududlarda bosqichma-bosqich amalga kiritish rejalashtirilgan.

Kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Urologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning filiallarini yangi va zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlash masalalari kiritilgan boʻlib, Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot jamgʻarmasi hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi kredit mablagʻlari hisobidan jami 31,5 million dollar ajratish koʻzda tutilmoqda.

Umuman olganda, mamlakatimizda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholi turmush darajasini yaxshilash, ularning farovon hayot kechirishi uchun zarur boʻlgan barcha shart-sharoit hamda qulayliklarni yaratishga qaratilgan. Bu yilgi davlat dasturida nazarda tutilgan har bir band va uni maqsadli amalga oshirish mexanizmlari ham fikrimizning yaqqol dalilidir.

Bu xayrli ishlar “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat”, degan ezgu gʻoyani roʻyobga chiqarish, xalqimizni rozi qilish, erkin va farovon jamiyat barpo etishda muhim omil boʻladi.

Shahnoza Joldasova,

Oliy Majlis huzuridagi

Qonunchilik muammolari va

parlament tadqiqotlari

instituti boʻlim boshligʻi,

yuridik fanlar boʻyicha

falsafa doktori 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net