O'zbekiston diplomatlari Kuala-Lumpur shahrida tashkil etilgan migratsiya masalalariga bag'ishlangan davra suhbatida ishtirok etishdi

13.03.2024 02:26

/"Dunyo" AA/. O'zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi diplomatlari xorijiy fuqarolarning, jumladan, mehnat migrantlarining ushbu mamlakatda bo'lishiga ruxsat berish jarayonidagi yangiliklarni muhokama qilishga bag'ishlangan davra suhbatida ishtirok etishdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Malayziya Ichki ishlar vazirligining Migratsiya departamenti tomonidan tashkil etilgan tadbirda Avstraliya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Daniya, Misr, Hindiston, Iordaniya, Italiya, Yaman, Kanada, Xitoy, Maldiv orollari, Nepal, Niderlandiya, Polsha, Rossiya, Senegal, Singapur, AQSH, Ukraina va Fransiya diplomatik vakolatxonalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvda qabul qiluvchi davlat migratsiya organlari va diplomatik vakolatxonalar o'rtasidagi o'zaro hamkorlikning amaliy masalalari, shuningdek, chet el fuqarolarining mamlakatda bo'lish shartlarini yaxshilash bo'yicha Malayziya tomonidan ko'rilayotgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo'yicha hukumat rejasini amalga oshirish doirasida Malayziyada mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xorijliklar uchun elektron ruxsatnomalar (vizalar) berish yo'lga qo'yilgan. Xususan, yangi hujjat o'zining individual QR kodiga ega bo'ladi, skanerdan o'tkazilganda vizaning haqiqiyligini va uning amal qilish muddatini tekshirish mumkin bo'ladi.

Tadbir doirasida o'zbekistonlik diplomatlar Migratsiya departamenti vakillari bilan uchrashuvlar o'tkazdilar.

Muzokaralar chog'ida o'zaro hamkorlikni yana-da rivojlantirish istiqbollari, jumladan, Malayziyada turli yo'llar orqali bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlari himoyasini ta'minlash sohasidagi vazifalar muhokama qilindi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net