Oʻzbekiston: Bosh maqsad xalqning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratib berishdan iborat

28.06.2023 14:33

Bugun Oʻzbekistonda byudjet maʼlumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini taʼminlash maqsadlari izchillik bilan amalga oshirib kelinayapti. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad davlat byudjeti mablagʻlaridan samaraliroq foydalanish hisobiga fuqarolar farovonligi oshirilishini taʼminlash va aholining ijtimoiy neʼmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.

Alohida qayd etish joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oʻzbekiston ijtimoiy davlat, deb eʼlon qilinib, inson qadrini yanada ulugʻlash va aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha davlatning konstitutsion majburiyatlari alohida muhrlab qoʻyildi. Bosh qomus asosida davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar koʻpaytirildi. Shu bois, bu yoʻnalishda davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30-40 trillion soʻm ajratib boriladi.

Fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish mexanizmining ishga tushirilishi joylarda aholini qiynab kelayotgan muammolarning yechimini topish va jamoatchilikni byudjet jarayonining ishtirokchisiga aylantirishda alohida vosita boʻlib xizmat qilmoqda.

Shu bois, iqtisodiyot tarmoqlarini isloh qilish doirasida iqtisodiy va moliyaviy statistika maʼlumotlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va byudjet jarayoni ochiqligini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etish boʻyicha izchil ishlar olib borilayapti. Jumladan, byudjet maʼlumotlarining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, byudjet mablagʻlarining shakllanishi va sarflanishi ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida 2019-yildan boshlab byudjet mablagʻlarini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining mahalliy byudjetlar qoʻshimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi. 2021-yil 1-iyuldan boshlab esa jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan tuman (shahar) byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining eng kam miqdori 10 foizdan 30 foizga oshirildi. 2022-yil 1-yanvardan boshlab barcha tuman (shahar)larda tegishli byudjetlarning tasdiqlangan umumiy xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltirish boʻyicha yangi tartibni bosqichma-bosqich joriy etishga kirishildi.

Unga koʻra, birinchi bosqichda tashabbuskor fuqarolar tomonidan tuman (shahar) infratuzilmasini yaxshilash boʻyicha taklif/loyihalarni taqdim etiladi. Ikkinchi bosqichda taqdim etilgan taklif/loyihalarni tasdiqlangan mezonlarga muvofiq saralab olinadi. Uchinchi bosqichda tanlovdan oʻtgan tashabbuskor fuqarolarning taklif/loyihalarini jamoatchilik ovoziga qoʻyiladi. Toʻrtinchi bosqichda ommaviy ovoz berish natijalariga koʻra gʻolib boʻlgan taklif/loyihalarni aniqlanadi. Beshinchi bosqichda jamoat nazorati va fuqarolik tashabbuslarining amalga oshirilishi monitoring qilinadi.

Agar raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, soʻnggi uch yilda 9 ming 500 ta mahallaga 57 trillion soʻm ajratilgan. Bu mablagʻlar hisobiga 3 ming 500 ta mahallada ichki yoʻllar, bogʻcha, maktab va shifoxona taʼmirlangan. 1 ming 19 ta mahallada ichimlik va oqova suvi taʼminoti yaxshilanib, 452 tasi zamonaviy qiyofaga keltirilgan.

Birgina, 2022-yilda “Obod qishloq”, “Obod mahalla” hamda boshqa dasturlar doirasida byudjetdan ajratilgan qariyb 27 trillion soʻm mablagʻ hisobidan 4 mingta mahallada keng koʻlamli qurilish va obodonchilik ishlari amalga oshirildi. Yuzlab maktab, bogʻcha, tibbiyot maskanlari barpo etildi va yangilandi. Elektr energiyasi, ichimlik suvi, tabiiy gaz va issiqlik taʼminoti, yoʻl va transport tizimlari faoliyati yaxshilandi.

2022-yilda oʻtkazilgan tashabbusli byudjet jarayonlarida kelib tushgan loyihalarni moliyalashtirish uchun hududlar boʻyicha qariyb 1,1 trln soʻm (tuman va shahar byudjetlarining5 foizining teng yarmi xisobidan 775,7 mlrd soʻm, 2021-yil 3-chorak yakunlari va 2022-yil boshiga shakllangan qoʻshimcha manbalarning 30 foizi hisobidan 334,1 mlrd soʻm) “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga yoʻnaltirildi.

Hududlar kesimida takliflar tahlil qilinganda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻyicha 10 815 ta, Buxoro viloyati boʻyicha 8 968 ta, Surxondaryo viloyati boʻyicha 7 258 ta takliflar kelib tushgan boʻlsa, Sirdaryo viloyati boʻyicha  3 236 ta, Navoiy viloyati boʻyicha 2 341 ta, Andijon viloyati boʻyicha  2 283 ta qolgan hududlarga nisbatan kam takliflar kelib tushgan.

Mazkur jarayon yakunlari boʻyicha fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflarga “Ochiq byudjet” axborot portali orqali mamlakatimiz boʻylab fuqarolar tomonidan 6,7 milliondan ortiq (mamlakatimiz jami aholi soniga nisbatan 19 foiz) ovozlar berildi.

Jamoatchilik byudjetida faol ishtirok etgan fuqarolarni yanada ragʻbatlantirish va koʻp ovoz toʻplagan loyihalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, 2 215 ta loyihaga (1,1 trln soʻmlik) qoʻshimcha ravishda har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan qiymati 85 mlrd soʻm boʻlgan 139 ta loyihalarni ham moliyalashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 7-apreldagi 197-sonli qarori qabul qilindi. Unga muvofiq 139 ta loyihalarni moliyalashtirish uchun 85 mlrd soʻm mablagʻ ajratildi.

Shu oʻrinda “Tashabbusli byudjet” jarayonining 2023-yilgi birinchi mavsumi tahliliga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, sohalar kesimida eng koʻp loyihalar sifatida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash yoʻnalishi qayd etilib, ushbu yoʻnalish boʻyicha jami 10,4 mingta loyihalar ovoz berish jarayoniga oʻtkazilgani hamda jami loyihalar soniga nisbatan 26 foizni tashkil etganini koʻrishimiz mumkin.

Ovoz berish jarayoni yakunlariga koʻra “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga yoʻnaltirilgan mablagʻlar doirasida 1 419 ta mahallada (193 ta mahallaning ikki va undan ortiq loyihalari gʻolib boʻlgan) umumiy qiymati 1,5 trln soʻmni tashkil etgan jami 1 666 ta loyihalar gʻolib deb topildi. Ushbu loyihalar uchun fuqarolar tomonidan jami 7,7 mlndan ortiq ovozlar berilgan boʻlib, jami berilgan ovozlarga nisbatan 48 foizni tashkil etdi.

Natijada, toʻplangan ovozlari soni 500 dan 1000 gacha boʻlgan jami 1 692 ta, 1000-2000 gacha boʻlgan 1 127 ta loyiha, 2000-5000 gacha boʻlgan 1163 ta loyiha, 5000-10000 gacha boʻlgan 128 ta loyiha va 10 mingdan ortiq boʻlgan 18 ta loyihalar gʻolib deb topilmagan.

Shu munosabat bilan, fuqarolarni qoʻllab-quvvatlash hamda tashabbusli byudjet jarayonini takomillashtirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-apreldagi PQ-117-son “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Qarorga asosan, 2023-yil 1-mavsum doirasida oʻtkazilgan tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlarida har biri 2 mingdan ortiq ovoz toʻplagan, lekin gʻolib deb topilmagan 1 309 ta loyihani amalga oshirish uchun qoʻshimcha ravishda 1,3 trln soʻm mablagʻ ajratilishi belgilandi.

Byudjet kodeksining 119-moddasiga binoan tuman va shahar byudjetining qoʻshimcha manbalari — har yil boshida aniqlanadigan erkin qoldiq mablagʻlari, birinchi – uchinchi hisobot choraklari natijalari boʻyicha aniqlangan tumanlar va shaharlar byudjetlarining daromadlari prognozini ortiqcha bajarish orqali tushgan mablagʻlar, davlat daromadiga oʻtkazilgan mulkni sotishdan tushadigan mablagʻlar, elektron savdo maydonchasida yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni sotishdan tushadigan mablagʻlar, byudjet kodeksining 120-moddasi toʻrtinchi qismiga muvofiq byudjet mablagʻlari kamayishi natijasida boʻshatilgan mablagʻlardan iborat.

Tashabbuskor fuqarolarning oʻz hududlaridagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan takliflari tasdiqlangan meʼzonlarga asosan “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtiriladi. Fuqarolarga tashabbusli byudjet jarayonlarida ishtirok etish uchun keng imkoniyat yaratish maqsadida har bir mahalla va ovulda “Ochiq byudjet” axborot portalida taklif qoldirish va ovoz berish jarayoniga koʻmaklashuvchi “mobil” guruhlar hamda “tashabbuskorlar burchagi” tashkil etildi.

Oʻrnatilgan tartibga asosan, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yoʻnalishlari loyihalari, shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalari byudjetlari ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etilishidan oldin majburiy jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi shart. Uning ijrosi toʻgʻrisidagi yillik hisobot yuzasidan tashqi audit va baholash natijalari boʻyicha xulosalari majburiy eʼlon qilinadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yoʻnaltiriladigan mablagʻlar byudjetdan tashqari jamgʻarma shaklida ochilgan “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi” shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida jamlanib boriladi va ushbu mablagʻlarning boshqa maqsadlarga ishlatilishi qatʼiyan taqiqlangan.

Tanlab olingan tadbirlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan mablagʻning dastlabki miqdori tegishliligiga koʻra tarmoq korxonalari xulosasi asosida loyiha-smeta hujjatlari boʻyicha aniqlashtiriladi. Loyiha gʻolib deb topilgandan soʻng, uni amalga oshirish boʻyicha loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqiladi hamda tadbirning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritiladi. Agar tadbirning dastlabki qiymatiga nisbatan loyiha-smeta hujjatlariga koʻra yakuniy qiymati koʻproqni tashkil etsa, mazkur holatlarda loyihani amalga oshirish uchun talab etiladigan qoʻshimcha mablagʻ tegishli tuman (shahar) “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”dagi mavjud yoki kelgusida kelib tushadigan mablagʻlar hisobidan qoplab beriladi. Gʻolib deb topilgan loyihaning dastlabki qiymatidan kelib chiqib, tadbir doirasida amalga oshiriladigan ishlar (tovar va xizmatlar) hajmini kamaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Ishchi organ tanlab olgan takliflar tanlab olingan sanadan eʼtiboran uch ish kuni ichida ishchi organ tomonidan onlayn ovoz berishni tashkil etish uchun “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtiriladi. Ovoz berish takliflar joylashtirilgan sanadan eʼtiboran yigirma ish kuni davomida oʻtkaziladi. Ovoz berish yakunlariga boʻyicha gʻoliblar aniqlangandan soʻng “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”da shakllangan qoldiq mablagʻlar gʻolib deb topilgan loyihalarning yakuniy qiymatiga aniqlik kiritilishi munosabati bilan qoʻshimcha talab etiladigan farqni qoplashga yoki kelgusida oʻtkaziladigan “Tashabbusli byudjet” jarayonlariga yoʻnaltiriladi.

Gʻolib deb topilgan loyihalar mualliflari tadbirlarni amalga oshirishning barcha bosqichlarini kuzatish hamda bajarilgan ishlarni real-vaqt koʻrinishida baholab borish imkoniyatiga ega boʻladi. Bunda jamoatchilik nazorati doirasida fuqarolar tadbirlarni kuzatib borish orqali qonun buzilishi holatlari yoki kamchiliklar kuzatilganda shikoyat tarzida vakolatli organlarga murojaat qilishlari mumkin. Fuqarolar tomonidan loyihani amalga oshirishda boshqa koʻrinishdagi aralashuvlarga (pudratchi korxonani aniqlash yoki ishlarni ularning oʻzlari tomonidan amalga oshirilishi, loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish va shu kabilar) yoʻl qoʻyilmaydi.

Yana bir jihat har chorak yakunlariga koʻra “Ochiq byudjet” axborot portalida fuqarolarning byudjet jarayoniga jalb etilishi hamda tashabbusli byudjetlashtirish tadbirlari amalga oshirilishi samaradorligi va natijadorligi yuzasidan davlat hokimiyati organlari faoliyati baholab boriladi. Baholash tizimi “0” balldan “100” ballgacha boʻlib, tuman va shaharlar tashabbusli byudjetlashtirish jarayonlari natijalariga koʻra “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi. Bunda ishchi komissiya tomonidan saralash bosqichi haqqoniy va sifatli oʻtkazilishini baholash — loyihalarni dastlabki va yakuniy qiymati oʻrtasidagi farq, asossiz rad etilgan loyihalar hamda loyihalarni amalga oshirish imkoniyati toʻliq oʻrganilmaslik natijasida gʻolib boʻlgan loyihalarning keyinchalik rad etilishi darajasi inobatga olinadi. Bundan tashqari fuqarolarning byudjet jarayoniga jalb etilishi darajasi — tegishli hudud boʻyicha kelib tushgan loyihalar va ovoz sonining mavjud aholi soniga nisbati hisoblanadi. “Fuqarolar tashabbusi jamgʻarmasi”ga mablagʻlar oʻz vaqtida va toʻliq oʻtkazilishini baholashda — Jamgʻarmaga tuman yoki shahar byudjeti qoʻshimcha mablagʻlarining tegishli qismi yoʻnaltirilishi holati eʼtiborga olinadi. Jamoatchilik fikri asosida shakllangan tadbirlarni amalga oshirishning samaradorligi va natijadorligi “Ochiq byudjet” axborot portalida “Jamoatchilik nazorati” boʻlimi orqali loyiha mualliflari tomonidan bajarilgan ishlarni sifati va holatini baholash tizimi orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, loyihalarni amalga oshirish boʻyicha buyurtmachilar bilan tizimli ishlar tashkil etilganligi darajasi — loyihalar moliyalashtirilishidan kelib chiqib, jami ajratilgan mablagʻga nisbatan oʻzlashtirilgan mablagʻga nisbati orqali baholab boriladi.

Har chorak yakunlariga koʻra mezonlarga muvofiq tuman va shaharlarning toʻplagan ballaridan kelib chiqib, 71 balldan 100 ballgacha — “yashil hudud”, 55 balldan 71 ballgacha — “sariq hudud”, 55 balldan past boʻlganda — “qizil hudud” deb topiladi. “Qizil hudud” deb topilgan tuman va shahar hokimliklarining tashabbusli byudjet jarayoni ijrosi yuzasidan hisoboti chorak yakunlariga koʻra Oliy Majlis Senatida eshitib boriladi.

Joriy yil birinchi choragi yakunlariga koʻra mazkur yoʻnalishda qilingan ishlar natijasida 60 ta tuman va shaharlar 71 dan 100 gacha ball toʻplab — “yashil hudud”, 94 ta tuman va shaharlar 55 dan 71 gacha ball toʻplab — “sariq hudud”, 54 ta tuman va shaharlar 55 dan past ball toʻplab — “qizil hudud” deb topildi.

Namunaviy nizom asosida har bir tuman va shaharning alohida xususiyatidan kelib chiqib, tuman yoki shahar byudjetlari mablagʻlarini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yoʻnaltirish tartibini nazarda tutuvchi qarorlar qabul qilinib, uning amaliy ijrosi taʼminlanayapti. Koʻrilayotgan chora-tadbirlar natijasida yillar davomida ijtimoiy va yoʻl-qurilish sohasidagi koʻplab maʼlumotlar oʻz yechimini topdi. Aholi yashash hududlari obdonlashtrilib, yoʻl infratuzilmasi yaxshilanayapti.

2023 yida Davlat byudjetining parametrlari transfertni hisobga olgan holda — daromadlari 232 607,0 mlrd soʻm, xarajatlari 257 734,0 mlrd soʻm, defitsit esa 25 127,0 mlrd soʻmni tashkil etadi.

Shu oʻrinda tashabbusli byudjet koʻrsatkichlari boʻyicha raqamlarga eʼtibor qaratsak. 2023-yil 17-apreldan 7-mayga qadar “Mening yoʻlim” dasturi doirasida 10317 ta tashabbuslar kelib tushgan boʻlib, ularga 8 093 918 ta ovoz berilgan. Shundan 519 ta loyiha gʻolib topilgan boʻlib jami 412,4 mlrd soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi. 2023-yil 6-fevraldan 7-aprelgacha boʻlgan davrda “Tashabbusli byudjet” dasturi doirasida 16 129 764 ta ovoz toʻplagan 55 970 ta tashabbuslar ilgari surilgan. Ularning 33 680 tasi tasdiqlanib, 22 290 tasi rad etilgan. “Tashabbusli byudjet”ga ajratilgan mablagʻlar miqdori 2 882,9 mlrd soʻmni tashkil etadi. Tashabbuslarning fuqarolar hayotida oʻz ifodasini topayotgani, ularni faolligida ham namoyon boʻlayapti. 2021-yilda ovoz berish jarayonida 1 million 200 ming aholi ishtirok etgan boʻlsa, bu yil 1-mavsumning oʻzida ularning soni 16 milliondan oshdi. Shuningdek, ilk marotaba “Tashabbusli byudjet” dasturida respublikaning barcha mahallalari oʻz loyihasi bilan ishtirok etdi. Mazkur jarayon odamlar dunyoqarashida ham katta oʻzgarishlarga olib keldi. Jarayon boshlangan ilk davrlardagi tashabbuslarda infratuzilmani rivojlantirish masalasi birlamchi boʻlgan boʻlsa, endilikda sogʻliqni saqlash va taʼlim sohasiga eʼtibor kuchaydi. Masalan, mahallalardagi tibbiyot muassasalarini taʼmirlash boʻyicha mingdan ortiq, maktablarni parta va kompyuter bilan jihozlashga 5 mingdan ziyod loyiha taklifi kelib tushdi.

Darhaqiqat, tashabbusli byudjetlashtirish jarayonida fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarda bayon etilgan oʻrinli va dolzarb muammolarni qisqa muddatlarda bartaraf etish, davlat byudjetini shakllantirish va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish loyihalarini ishlab chiqishda katta ahamiyatga ega. Shundan kelib chiqib, 2022-yil 1-yanvardan boshlab tuman va shaharlar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yoʻllarni taʼmirlash uchun ajratiladigan mablagʻlarning 50 foizi “Ochiq byudjet” axborot portali orqali jamoatchilik fikri asosida aniqlangan ichki yoʻllarni taʼmirlashga yoʻnaltirila boshlandi.

2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturidan tashabbusli byudjet amaliyotini hamda mahallalarning moliyaviy mustaqilligini kengaytirish maqsadlari alohida belgilab olindi. Jumladan, 2023-yil davomida jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 8 trillion soʻm, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun 4 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Mahallalar infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha loyihalar dasturlari doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarni moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan 4 trillion soʻm ajratiladi.

2023-yildan boshlab mablagʻlar miqdori oshirildi. Amaldagi tartib saqlab qolingan holda, tashabbusli byudjet jarayonlari uchun 6 mlrd soʻmdan kam boʻlmagan mablagʻlar ajratiladi. Har bir tuman yoki shaharda kamida 5-6 ta loyihalar amalga oshirilib, 53 ta tuman yoki shaharda mablagʻlar miqdori koʻpaytiriladi. Tuman va shahar byudjetlariga qoʻshimcha ravishda viloyat byudjetlari qoʻshimcha mablagʻlarining 30 foizi ham yoʻnaltiriladi. Yaʼni, tuman yoki shahar byudjetlari hisobidan oʻrtacha 500 mlrd soʻm, viloyat byudjetlari hisobidan 1 trln soʻm ajratiladi.

“Tashabbusli byudjet” dasturida gʻolib boʻlmagan koʻplab loyihalarga ham mablagʻ ajratilayotgani xalqni rozi qilishdek ulugʻ maqsadning amaliy roʻyobini taʼminlaydi. Eʼtibor qiling, inson qadri tamoyili asosida 2023-yilda mahallalarga ajratilayotgan mablagʻlar koʻlami 25 trillion soʻmga yetkazildi. “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da 5 ming 800 ta mahallaga 30 trillion soʻm mablagʻ yoʻnaltiriladi.

Umuman olganda, mahallalarni obod qilish va infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qilingan ishlar mamlakatimiz qiyofasini tubdan oʻzgartirishga ham xizmat qilayapti, xalqimiz turmush darajasi va madaniyatini yuksaltirishga amaliy tus berayapti. Eng muhimi, yurtdoshlarimizning ijtimoiy faolligi, oʻz mahallasi, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldorlik hissi ortib bormoqda. Bu borada “Tashabbusli byudjet” dasturi joriy etilgani muhim rol oʻynamoqda. Ushbu dastur doirasida ilgari surilayotgan takliflar asosida aholi hayotiga taalluqli koʻpgina dolzarb masalalar oʻz vaqtida va samarali hal etilmoqda.

Nodir JUMAYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net