Oʻzbekiston – ayol qadri ulugʻlangan yurt

06.03.2024 02:55

Tarixdan maʼlumki, turli davrlarda xotin-qizlarga munosabat hukmron siyosat taʼsirida oʻzgarib turgan. Lekin oʻzbek ayollari har qanday vaziyatda ham oʻzligini unutmagan. Nafaqat mamlakat, balki butun dunyo taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan ne-ne allomalarni, buyuk shaxslarni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ibn Sinoning onasi Sitorabonu, Imom Buxoriyning onasi Fotimabegim, Xoja Bahouddin Naqshband onasi Bibi Orifabegim kabi fozila momolarimiz mana shunday oʻzbek ayollarining yorqin timsoli sifatida tarixda qolgan.

Oʻz davrida davlat boshqaruvi, harb ishi, yurt himoyasi, mulkchilik, qurilish, ishbilarmonlik, taʼlim-tarbiya, adabiyot sohalarida faol boʻlgan Tomir xotin (Toʻmaris), Saroymulkxonim, Gavharshodbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar otin kabi vatanparvar ajdodlarimiz yurtimiz taraqqiyoti yoʻlida ulkan ishlarni olib borgan.

Mustabid tuzum qatagʻoniga uchragan jadid bobolarimiz bilan yelkama-yelka turib millat taraqqiyoti, ozodligi yoʻlida fidoyilik qilgan, oʻz hayotini xatarga qoʻyib kurashgan Xayriniso Majidxonova, Maryam Sultonmurodova, Xadicha Aliyeva, Diloro Yusupova kabi oʻnlab matonatli maʼrifatparvar oʻzbek xotin-qizlarining ibratli faoliyati haqida bugun biz toʻliq maʼlumotga ega boʻlmoqdamiz.

Mamlakatimizda yuridik sohani rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshgan Xadicha Sulaymonova, Mamlakat Vosiqova, Halima Muhitdinova kabi taniqli huquqshunoslar yaratib ketgan maktab, boy ilmiy meros soha uchun yetuk kadrlar tayyorlashda hozir ham asqatmoqda. Butun ijodi davomida oʻzbek xotin-qizlarining orzu-armonlarini, sevgi va sadoqatini, ona Vatanga boʻlgan cheksiz muhabbatini tarannum etgan Zulfiya opa, Halima Xudoyberdiyeva kabi koʻplab shoiralarning durdona asarlari qizlarimizni hamon yuksak marralar sari ilhomlantirib kelmoqda.

Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi” degan naql bor. Hozirgi kunda mamlakatimizda Prezidentimizning alohida eʼtibori, cheksiz gʻamxoʻrligi natijasida xotin-qizlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, avvalo, ularning jamiyatda qadrini oshirish, azaldan oʻzbek ayoliga xos boʻlgan yuksak intellektual salohiyatini toʻlaqonli yuzaga chiqarish, zahmatkash, oqila, mard va jasur onaxonlarimizning ishini munosib davom ettirishga qodir avlodni tarbiyalashga qaratilgani bilan muhimdir.

Bugun taraqqiyparvar dunyo ham xotin-qizlarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishdagi tengligi va toʻlaqonli ishtirokini taʼminlash mamlakatlarning barqaror iqtisodiy rivojlanishi, jamiyatlar demokratlashuvi va Yer yuzida tinchlik-osoyishtalikni saqlashda eng muhim omillardan biri ekanini tobora chuqur anglamoqda. Qolaversa, global miqyosda davom etayotgan ekologik va iqtisodiy inqiroz, davlatlar, dinlar hamda millatlararo oʻzaro mojarolar aholi turmush darajasiga sezilarli taʼsir koʻrsatayotgan, bundan ayollar va bolalar koʻproq aziyat chekayotgan bir davrda ushbu masala yanada dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimiz aholisining qariyb yarmini tashkil etadigan ayollarning qonuniy huquq va manfaatlarini taʼminlash, oilalarni mustahkamlash, xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirish, isteʼdodi hamda qobiliyatini yuzaga chiqarish, gender tenglikka erishish milliy siyosatimizda ustuvor vazifa sifatida belgilanib, izchil amalga oshirib kelinmoqda. 

Avvalo, shuni taʼkidlash kerakki, xotin-qizlarni barcha jabhada qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy va moddiy asos yaratildi. Jumladan, bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilindi va milliy qonunchiligimiz asoslari takomillashtirildi. Yurtimizda xotin-qizlar huquqlari himoyasini tubdan kuchaytirish, ularning turmush sharoitlarini yaxshilash, taʼlim olish va oʻz salohiyatini roʻyobga chiqarishlari uchun keng imkoniyat yaratishga qaratilgan 30 dan ortiq meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi. Jumladan, 4 ta qonun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 10 ga yaqin Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining 14 ta qarori qabul qilindi. Yangilangan Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi, davlat xotin-qizlar hamda erkaklarga davlat ishlarini boshqarishda, shuningdek, jamiyat va boshqaruv hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlashi belgilab qoʻyildi.

Mamlakatimizda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat siyosatining oʻziga xosligi bu borada amalga oshiriladigan vazifalarning asosiy yoʻnalishlari Prezidentimiz tomonidan aniq belgilab berilgani hamda “...birorta xotin-qiz davlat va jamiyat eʼtiboridan chetda qolmaydi”, degan qatʼiy tamoyil asosida, keng qamrovda samarali yoʻlga qoʻyilganidadir. Mazkur masalaga doir qabul qilingan dasturlar, loyihalar va belgilangan chora-tadbirlar natijalari tez orada xotin-qizlarimizning bevosita hayotida aks etib, ularning turmushi farovonligini taʼminlashga, qadrini oshirishga xizmat qilayotgani quvonarli.

Prezidentimizning 2019-yil 7-martdagi “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tuzildi. Uning asosiy vazifalari sifatida BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda huquq va erkinlikning barcha jabhasida tenglik imkoniyatlarini yaratish, xotin-qizlar manfaatlarini taʼminlash ishlarini nazorat qilish, mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlarni ishlab chiqib, ularni amalga oshirish boʻyicha ishlarni muvofiqlashtirish masalalari belgilandi.

Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida mana shu meʼyoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi doirasida mamlakatda gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitini yaxshilash, oila institutini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish, ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakliga barham berish, ularning huquqiy madaniyatini oshirish borasida qator ishlar roʻyobga chiqarildi.

Yangi tahrirda qabul qilingan Mehnat kodeksida ayollar va erkaklar mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashgʻulotlar sohasida kamsitishni taqiqlash, mehnat huquqlari taʼminlanishining va mehnat majburiyatlari bajarilishining kafolatlangani, ayniqsa, xotin-qizlarga mehnat munosabatlarida, mehnatga haq toʻlash kabi masalalarda erkaklar qatori bir xil munosabatda boʻlish boʻyicha normalar kiritildi.

Ayollarning siyosiy hayotdagi faolligini oshirishga eʼtibor qaratilib, Saylov kodeksiga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar koʻrsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi oʻzgartirishlar kiritildi.

Soʻnggi yillarda mamlakatda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortib, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalarda 46 foizga, oliy taʼlimda 48 foizga yetdi. Barcha davlat organlari va tashkilotlari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan tashkilotlar hamda ularning tizimidagi muassasalar rahbarlarining kamida 1 nafar oʻrinbosarini xotin-qizlar orasidan tayinlash tizimi joriy etildi.

Bugungi kunda 2 mingdan ortiq xotin-qizlar turli rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Birgina respublika va mahalliy darajadagi ijro hokimiyati organlarining rahbarlik lavozimlarida 241 nafar xotin-qiz faoliyat yuritmoqda. Ularning 2 nafari rahbar (vazir, qoʻmita raisi), 9 nafari rahbar oʻrinbosari (vazir, rais va direktor oʻrinbosarlari), 14 nafari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimining oʻrinbosarlari, 4 nafari tuman (shahar) hokimi hamda 212 nafari tuman (shahar) hokimining oʻrinbosari sifatida ish olib bormoqda.

Kuni kecha Jahon banki oʻzining “Ayollar, biznes va qonun” yillik hisobotini eʼlon qildi. Unga koʻra, mamlakatimiz huquqiy jihatdan gender tengligi taraqqiyoti boʻyicha 190 ta davlat ichida eng kuchli beshtalikka kirdi. Hisobotda keltirilishicha, Oʻzbekistonda 2022-yilning oktyabr oyidan buyon xotin-qizlarning mavqeini yaxshilashga xizmat qiluvchi toʻrtta huquqiy islohot amalga oshirilgan. Bu esa mamlakatimizning 82,5 ball bilan dunyo reytingida yuqori pogʻonalarni egallashiga asosiy omil boʻldi. Davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ayollarimiz uchun keng shart-sharoitlarni yaratish borasidagi islohotlarimizni davom ettirar ekanmiz, bunday xalqaro eʼtiroflar bundan keyin ham boʻlaverishi shubhasiz.

Xalqimiz azaldan qizlarga, onalarga millat tarbiyachilari sifatida alohida eʼtibor qaratib kelgan. Maʼrifatparvar bobolarimiz bejiz “Onalarni oʻqitsak, millatni oʻqitgan boʻlamiz” degan fikr bilan oʻzbek ayollarining bilimli, ilmli boʻlishi yoʻlida jon kuydirmagan. Oʻsha qaltis bir davrda millatparvar ziyolilarimiz homiyligida oʻzbek qizlarining bir guruhi Germaniyaga oʻqishga joʻnatilgan. Mana shu misolning oʻziyoq xotin-qizlar taʼlim-tarbiyasiga ilgʻor ota-bobolarimiz hayot-mamot masalasi sifatida qaraganini koʻrsatadi.

Albatta, bugunga kelib jadidlarning mana shu orzu-umidlari ushalmoqda. Uzluksiz taʼlimning barcha bosqichini tubdan isloh etish, oʻquv jarayoniga eng soʻnggi ilgʻor texnologiyalarni joriy qilish, oʻqituvchilarning professionallik darajasini koʻtarish borasida olib borilayotgan ishlarning barchasi zamonaviy bilim, koʻnikma va malakalarni, mehnat bozorida talab katta boʻlgan kasb-hunarlarni egallagan raqobatbardosh mutaxassislarni tayyorlashga qaratilgan.

Mana shu islohotlar jarayonida xotin-qizlar taʼlimiga alohida eʼtiborning qaratilishi ular huquq va manfaatlarini taʼminlash bilan bogʻliq boʻlgan nafaqat bugungi masalalarni hal etish, balki kelajakda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolarning oldini olishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

Bugun “Ayollarga ilm berish — jamiyatni ilmli, maʼrifatli va salohiyatli qilish” degan mezon hayotimizga chuqur singib bormoqda. Bilim olaman, kasb-hunar egallayman, ilm-fan bilan shugʻullanaman degan xotin-qizlar uchun imkoniyatlar eshigi ochiq. Ularga maxsus kvotalar ajratilgan, shartnoma toʻlovlari Davlat byudjetidan qoplab berilmoqda, imtiyozli kreditlar taqdim etilmoqda. Bunday cheksiz gʻamxoʻrliklar qizlarimizda bilim olishga boʻlgan ragʻbatni, kelajakda jamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topishga boʻlgan saʼy-harakatni kuchaytirib yubordi. Oliy taʼlim muassasalarida hozirda taʼlim olayotgan talabalarning 598 ming nafarini, yaʼni 49,8 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. 2017-yildagiga nisbatan oladigan boʻlsak, bu koʻrsatkich 12 foizga oshganini koʻramiz.

Shu oʻrinda soʻnggi yillarda kuzatilayotgan yana bir ijobiy tendensiyani, yaʼni xotin-qizlarda amaliy va aniq fanlarga boʻlgan qiziqish ortib borayotganini taʼkidlash oʻrinli. 2022/2024 oʻquv yilida oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan talabalarning STEAM taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha koʻrsatkichi tahlil qilinganda, fizika yoʻnalishida oʻqiyotgan talabalarning 64 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani maʼlum boʻldi. Shuningdek, matematika (60 foiz), xizmat koʻrsatish (34 foiz), qishloq xoʻjaligi (36 foiz) va ishlab chiqarish va ishlov berish (32 foiz) kabi yoʻnalishlar boʻyicha ham bu borada oʻsish kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar oyida delegatsiyamiz Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan birgalikda Londonda tashkil etilgan “Yangi Oʻzbekiston — yangi imkoniyatlar, rivojlanish uchun ijtimoiy sheriklik” xalqaro forumida ishtirok etib, Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish doirasida hamkorlikning muhim yoʻnalishlarini kelishib oldik va memorandum imzoladik. Jumladan, mamlakatimizda qoʻlga kiritilayotgan bunday natijalar mazkur xalqaro moliyaviy tashkilot bilan hamkorlikning asosiy yoʻnalishlaridan biri boʻlgan ilm-fan, texnologiyalar, muhandislik va matematika, shuningdek, “yashil” iqtisodiyotga oʻtish, qayta tiklanadigan energiya va atrof-muhit texnologiyalari bilan bogʻliq sohalarda tadbirkor ayollarning innovatsion va ijodiy faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.

Xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan yana bir muhim yoʻnalish doimiy ishiga ega boʻlmagan opa-singillarimizga kasb-hunar oʻrgatish va shu orqali ularning bandligini taʼminlashdan iborat.

Shu maqsadda Prezidentimizning 2022-yilda qabul qilingan “Xotin-qizlarni kasb-hunar va tadbirkorlikka oʻqitish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida ushbu jarayon bilan bogʻliq barcha tashkiliy, moliyaviy masalalar hamda kurslarni bitirganlarni ishga joylashtirishgacha aniq belgilab berildi.

2023-yilda kambagʻallikni qisqartirish va bandlikka koʻmaklashish boʻlimlari yoʻllanmasi asosida 77,9 ming xotin-qiz 75 ta kasb-hunar yoʻnalishi boʻyicha oʻqitildi. Ushbu koʻrsatkich 2017-yilda bor-yoʻgʻi 4,2 mingni tashkil etganini hisobga olsak, qisqa muddatda bu jarayon qanchalik tez jadallashib ketganini, unga ehtiyoj nihoyatda katta boʻlganini anglash qiyin emas. Qolaversa, bu boradagi oʻsish faqat sonda emas, samaradorlikda ham koʻzga tashlanmoqda. Mazkur oʻquv kurslarini tugallagan 71,9 ming nafar xotin-qizning bandligi taʼminlangan. Shuningdek, 3,8 ming nafar nogironligi boʻlgan xotin-qiz kasb-hunarga oʻqitilgan. Ularga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻqish davrida 4,8 mlrd. soʻm ragʻbatlantirish toʻlovlari toʻlab berilgan. Umuman olganda, oʻtgan soʻnggi 7-8 yil davomida 1 339 mingdan ziyod xotin-qizlar bandligi taʼminlandi, 233 mingdan ortiq ayollarga 4,7 trln. soʻm kredit berildi. Buning natijasida bugunga kelib tadbirkorlikda ayollar ulushi 2017-yildagi 21 foizdan 37 foizga koʻtarildi.

Shu oʻquv yilidan boshlab qurilish, transport, kommunal, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish sohalari boʻyicha mutaxassisliklarni egallash istagida boʻlgan xotin-qizlar uchun tegishli yoʻnalishdagi kollej va texnikumlarda davlat granti asosida taʼlim olishi belgilab qoʻyildi. Mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy faolligini oshirish, barcha sohada ularning ishtirokini kengaytirishda yana bir muhim omilga, yaʼni ularning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari boʻyicha bilim va malakalarini oshirishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Joriy yilda oliy oʻquv yurtlarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi boʻyicha taʼlim olayotgan talabalarning 45 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda. Birgina “IT-Women.Uz” loyihasining hududlardagi 205 ta oʻquv markazida 4500 dan ortiq xotin-qizlar axborot texnologiyalari sohasida oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tugatdi.

BMT Taraqqiyot dasturi va Xalqaro elektr-aloqa ittifoqi bilan birgalikda 2022-yilda dunyoning 20 ta davlati qatorida Oʻzbekistonning barcha hududida gender raqamli tafovutni bartaraf etish reytingi indikatori boʻyicha boʻlib oʻtgan baholash yakunida mamlakatimiz xotin-qizlarining raqamli texnologiyalardan foydalanish koʻrsatkichi 87 foizni tashkil etgani, albatta, quvonarli. Prezidentimiz Farmoni bilan joriy yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti tanlovi uchun yana bir yoʻnalish ochildi. Endi axborot texnologiyalari sohasida alohida yutuqlarga erishgan iqtidorli qizlar ham ushbu nufuzli mukofotni qoʻlga kiritish imkoniyatiga ega boʻladi.

Yaqinda qabul qilingan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qoʻllab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida yosh xotin-qizlarni tadbirkorlik, grafik-dizayn kabi zamonaviy kasblarga oʻrgatish uchun “Qizlar akademiyasi” platformasi ishga tushirilishi va shu orqali ular uchun turli tanlov, loyihalar, oʻquv oromgohlari, stajirovkalar tashkil etilishi belgilab qoʻyildi. Albatta, bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik natijasida yaqin yillarda xotin-qizlarimiz faoliyat koʻrsatishi mumkin boʻlgan sohalar koʻlami yanada kengayib, ularning bandligini taʼminlash imkoniyatlari sezilarli darajada ortadi.

Dunyo miqyosida raqobat tobora keskinlashib borayotgan hozirgi murakkab bir davrda Prezidentimiz tomonidan mamlakatimizni ilm-fan yutuqlari, yuqori texnologiyalar asosida modernizatsiya qilish va yangilash muhim vazifalardan biri sifatida belgilandi va bu borada ham izchil islohotlar olib borilmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tizimi qayta tiklandi va takomillashtirildi.

Davlat rahbari ilm-fanni rivojlantirishda ayollar salohiyatidan samarali foydalanish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratmoqda. Oila tashvishlari va farzand tarbiyasini ilmiy tadqiqot bilan birga olib borayotgan, bu borada amaliy yutuq hamda natijalarga erishayotgan olimalarni matonat va jasorat sohibalari sifatida yuksak qadrlashini, ularni qancha zarur boʻlsa, shuncha qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanligini taʼkidlab keladi. Mana shu eʼtiborning amaliy bir misoli sifatida soʻnggi yillarda isteʼdodli, bilimli xotin-qizlarning ilm-fanga boʻlgan qiziqish va ishtiyoqini oshirish, ularni oliy taʼlimdan keyingi taʼlimga tayyorlash boʻyicha amalga oshirilgan bir qator chora-tadbirlarni aytib oʻtish mumkin.

 Hech kimga sir emas, yaqin-yaqingacha xotin-qiz talabalar turli obyektiv, subyektiv sabablarga koʻra taʼlimning magistratura bosqichini davom ettira olmas edi. 2022-yildan boshlab magistraturada taʼlim olayotgan talaba qizlarning shartnoma toʻlovlarining Davlat byudjetidan toʻlab berilishi amaliyoti yoʻlga qoʻyilib, shu maqsadga har yili 200 mlrd. soʻm ajratiladigan boʻldi. 2022/2023 oʻquv yilida magistratura bosqichida taʼlim olayotgan 14 ming 110 nafar talaba-qizning 152,9 mlrd. soʻmlik shartnoma toʻlovlari Davlat byudjetidan qoplab berilgan.

Tasavvur qiling, 2018/2019 oʻquv yilida magistr talaba qizlar soni 4 ming 488 nafar boʻlgan boʻlsa, 2022/2023 oʻquv yiliga kelib ularning soni 17 ming 122 nafarga yetgan. Chuqurroq mushohada etadigan boʻlsak, bu raqamlar nimadan darak beradi? Birinchidan, ular tanlagan kasbi boʻyicha bilimlarni puxta oʻzlashtirgan, maʼlum bir amaliy tajribaga ega, bugungi mehnat bozoriga raqobatdosh yetuk mutaxassis sifatida kirib boradi. Ikkinchidan, ular kelajakda ilmiy tadqiqot ishlari bilan shugʻullanish salohiyatiga ega ilmiy kadrlar sifatida shakllanadi.

Mazkur yoʻnalishda xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik shu bilan tugamaydi, u izchil davom ettiriladi. Jumladan, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim uchun belgilangan jami qabul kvotasining 48 foizi, yaʼni 2374 tasi ular uchun ajratilgan. Bugungi kunda oliy taʼlim muassasalari va ilmiy tashkilotlarda 6 ming 217 nafar xotin-qiz ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.

Prezidentimizning “Biz jonajon Vatanimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etishni oʻz oldimizga buyuk maqsad qilib qoʻyganmiz. Bu ezgu va sharafli yoʻlda eng avvalo, oilaning muqaddas qadriyatlariga va chin murabbiy boʻlgan onalarimizning teran maʼnaviyatiga tayanamiz” degan fikrlaridan biz hozir sanab oʻtgan imkoniyat, shart-sharoit va qulayliklar nima maqsadda yaratilayotgani, ulardan qanday natija kutilayotgani, muhimi, zimmamizga qanday masʼuliyat yuklayotganini chuqur anglab yetishimiz zarur.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, davlat tomonidan fuqarolarga ijtimoiy xizmat koʻrsatish koʻlami va turlarini kengaytirish boʻyicha izchil islohotlar olib borilmoqda. Yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston ijtimoiy davlat ekani belgilab qoʻyildi. Prezidentning 2023-yil 1-iyundagi “Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yoʻlga qoʻyish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi.

Bugungi kunda 250 ta xizmatni qamrab olgan ijtimoiy himoya tizimi orqali mehnatga layoqatsiz va yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalariga koʻmaklashib kelinmoqda. Ayniqsa, ijtimoiy yordamni adolatli, aniq manzilli hamda shaffof tarzda tashkil etishda “temir daftar”, “ayollar daftari”, “yoshlar daftari” kabi mutlaqo yangi va oʻziga xos mexanizmning yoʻlga qoʻyilgani masalalarni samarali hal etishga xizmat qilayotir.

Jumladan, ogʻir ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik yordam koʻrsatish, ularni manzilli qoʻllab-quvvatlash maqsadida yoʻlga qoʻyilgan “ayollar daftari” eng avvalo, yordamga muhtoj, muammosini oʻzi hal etishga qodir boʻlmagan oilalar, ayollarga koʻmak berish, ularni oyoqqa turgʻazishda muhim omil boʻlib xizmat qilyapti. Ushbu ezgu harakat natijasida bugungi kungacha koʻplab xotin-qizlarga turli koʻrinishdagi moddiy koʻmak berilib, ularning muammolari hal etildi.

Xususan, oʻtgan yili boquvchisini yoʻqotgan, ijtimoiy yordamga muhtoj boʻlgan 224 ming 397 nafar ayolga 225,1 mlrd. soʻm miqdorida moddiy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, 3 ming 841 nafar xotin-qizning uy-joylari taʼmirlanib, uy-joyga muhtoj boʻlgan 8 ming 656 nafarining sharoitini yaxshilashga 11,7 mlrd. soʻm ijara kompensatsiyasi toʻlab berildi, 1 ming 481 nafarini arzon uy-joylar bilan taʼminlashga 42,9 mlrd. soʻm sarflandi.

Umuman olganda, birgina oʻtgan yilning oʻzida ushbu daftarga kiritilgan 993 ming 386 nafar xotin-qizning muammosi hal etilgan, shu maqsadga barcha manbalar hisobidan jami 1,2 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ sarflangan.

Albatta, mana shunday yordamlar evaziga qaddini tiklagan, oilasini moddiy jihatdan taʼminlayotgan, farzandlarini bekamu koʻst tarbiyalab, voyaga yetkazayotgan ayollarning yuzidagi quvonchni, mamnunlikni koʻrib, Prezidentimiz rahbarligida xalqimizni rozi qilish, qadrini yuksaltirish yoʻlida olib borilayotgan islohotlar natijalari hayotimizda qanchalik aks etayotganiga yana bir bor amin boʻlamiz. 

 

— Davlatimiz rahbarining Andijonga tashrifi chogʻida korxonamizda boʻlib, jamoamiz bilan dildan suhbatlashgani hayotimdagi tarixiy kunlardan biri boʻldi, — dedi “Asaka tekstil” klaster toʻqimachilik korxonasi tikuvchisi Ismigul Yoʻldosheva. — Ayniqsa, Prezidentimizning otalarcha gʻamxoʻrlik bilan “Qadr ayoldan boshlansa, qadrimiz yanada baland boʻladi!” degan soʻzlari ruhimni koʻtarib yubordi. Men oʻz hayotimda bu gapning magʻzini chaqib, shukrona keltirmoqdaman. Chunki roʻzgʻorim but, oilamda xotirjamlik, farzandlarim, yaqinlarim yonimda. Ertangi kunimdan koʻnglim toʻq. Bir ayolga bundan ziyoda baxt bormi?!

Ha, bunday samimiy dil soʻzlari Ismigul kabi bugun tolei baland boʻlgan minglab opa-singillarimizning qalbida sado bermoqda.

Jamiyatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini taʼminlash haqida gap ketarkan, bu borada ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikka qarshi kurashish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri ekanini taʼkidlash zarur. Ochigʻini aytish kerak, yaqin-yaqin yillargacha ushbu ogʻriqli masala ochiqchasiga muhokama qilinib, uni hal etish boʻyicha tizimli ish olib borilmaganligi natijasida muammolar yigʻilib yotaverdi.

Soʻnggi yillarda xalqimizni qiynayotgan muammolar qatorida ushbu illatning ham yuzaga chiqarilishi hamda uning har qanday koʻrinishini butkul bartaraf etish boʻyicha qonuniy asoslarning yaratilishi, jamiyatda unga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirish borasida olib borilayotgan ishlar oʻz natijalarini bermoqda.

Tasavvur qiling, 2021-2022-yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaatlar kelib tushgan. Bu bilan bunday holatlar shu yillarga kelib avj olgan, degan xulosaga kelish notoʻgʻri. Aslida, shunday bir ogʻir vaziyatga tushib qolgan, umidsiz, mushtipar ayol arz-dodini eshitadigan, dardiga malham boʻladigan zamon kelganidan bu.

Afsuski, shu kungacha Oʻzbekiston qonunchiligida oiladagi zoʻravonlik boʻyicha javobgarlikka tortuvchi alohida norma boʻlmagan. 2023-yil 11-aprelda “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi. Unga koʻra tegishli meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga “oilaviy (maishiy) zoʻravonlik”, “taʼqib etish”, “shahvoniy shilqimlik” kabi tushunchalar kiritilib, ushbu huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy, jinoiy javobgarlik belgilandi.

Jinsiy zoʻravonlik, jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etganlarga qonunchilikda koʻzda tutilgan yengilliklar berilmasligi, jazoni oʻtashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish, yarashganligi munosabati bilan javobgarlikdan ozod qilish kabi imtiyozlar qoʻllanmasligi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlanuvchiga davlat himoyasini taqdim etuvchi “himoya orderi” muddatini 30 kundan 1 yilga uzaytirish boʻyicha sudlarga vakolat berildi. Shuningdek, mazkur qonun bilan xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zulmga yoʻl qoʻymaslik, jamiyatda ularni kamsitishning oldini olishga qaratilgan yana bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

Albatta, qonunlarning qabul qilinishi yaxshi, masalaning yana bir muhim tomoni ularning qanchalik hayotga tatbiq etilishi, samara berishidadir. Shu maqsadda ushbu qonun ijrosini taʼminlash boʻyicha tegishli chora-tadbirlarni qamrab olgan “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqildi. Respublika, viloyat, tuman doirasida ishchi guruhlar, targʻibot guruhlari shakllantirilib, joylarda zarur huquqiy, psixologik hamda amaliy koʻmak tashkil etilmoqda.

Prezidentimiz ijtimoiy himoya sohasidagi xizmatlar qamrovini yanada kengaytirish boʻyicha ustuvor vazifalarga bagʻishlangan videoselektor yiQilishida keyingi yillarda mamlakatimizda oila va xotin-qizlar huquqlarining kafolatlari, ayollarni zoʻravonlik va tazyiqdan himoya qilish tizimi ancha kuchaytirilganini, lekin bunday holatlar hali ham uchrab turganini taʼkidladi. Ayniqsa, zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlar reabilitatsiya bilan yetarlicha qamrab olinmagani qayd etildi.

Ayollar va bolalarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoyalash boʻyicha mahalla darajasida alohida tizim yaratish, bunday holatga uchragan ayollar reestri tuzilib, ularga mahallada tezkor kompleks xizmat koʻrsatish tizimi joriy qilinishi belgilandi. Shuningdek, har bir tuman shifoxonasida zoʻravonlikka uchraganlarga tibbiy va ruhiy yordam koʻrsatish uchun tunu kun ishlaydigan xonalar tashkil etilishi maʼlum qilindi. Albatta, bu borada “mahalla yettiligi” tarkibidagi mana shu ishga bevosita masʼul boʻlgan mutasaddilarning yaqindan hamkorligi muhim ahamiyat kasb etadi.

Yuqorida taʼkidlaganimizdek, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning davlat va jamiyat hayotining barcha jabhasida faol ishtirokini taʼminlash nafaqat bizning yurtimizda, balki butun dunyoda dolzarb masala sifatida turibdi. Shu maʼnoda, davlatimiz rahbarining dunyo ayollarini tinchlik va taraqqiyot yoʻlida birdamlikka chorlaydigan, hozirda barchani birdek oʻylantirayotgan global miqyosdagi muammolarga kengashib oqilona yechim topishga qaratilgan tashabbuslari dunyo hamjamiyati tomonidan qizgʻin qabul qilinmoqda.

Biz Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti, Parlamentlararo Ittifoqqa aʼzo davlatlar parlamentlari ayol rahbarlari sammiti, Shanxay hamkorlik tashkiloti xotin-qizlar forumi yiQilishlarida ayollarning davlat boshqaruvi, preventiv diplomatiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, tadbirkorlik va biznes, madaniyat, taʼlim, fan, sanʼat, gender tengligi, umuman, barqaror rivojlanish sohalarida oʻzaro hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlarni belgilab, amalga oshirib kelmoqdamiz. Ushbu nufuzli xalqaro tuzilmalarning bir qator tadbirlari yurtimizda yuqori saviyada oʻtkazilayotgani mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish, inson huquqlarini taʼminlash hamda jamiyatni demokratlashtirish borasida olib borilayotgan islohotlar, ularning amaliy natijalari jahon hamjamiyati tomonidan munosib eʼtirof etilayotganiga yorqin misol boʻla oladi.

Maʼlumki, har qanday mamlakatda gender tenglik qanchalik taʼminlanganligi xotin-qizlarning davlat boshqaruvining eng yuqori pogʻonalarida egallagan oʻrni bilan ham belgilanadi. Nega deganda, ularning mamlakat taqdiri bilan bogʻliq muhim qarorlar qabul qilinadigan davlat idoralarida yetarlicha vakillikka ega boʻlishi xotin-qizlarning manfaatlari shunchalik samarali ilgari surilishi va mazkur hujjatlarda amalda oʻz aksini topishida katta oʻrin tutadi. Parlamentlararo Ittifoq maʼlumotiga koʻra, unga aʼzo 180 davlat ichida Oʻzbekiston mazkur koʻrsatkich boʻyicha 45-oʻrinni egallagan. Jahon bankining “Ayollar, huquq va biznes” indeksida mamlakatimiz oʻrinlari yaxshilandi. Oʻzbekiston “xotin-qizlar huquqlari va gender tenglik sohasida muhim islohotlarni amalga oshirgan” 27 ta davlat sirasiga kirdi.

Shu oʻrinda yana bir muhim masala, yaʼni jamiyatimiz mustahkamligi, davlatimiz barqarorligining muhim asoslaridan biri — oilaning tarbiya va taʼlim borasidagi salohiyatini oshirish, jamiyatda oilaviy qadriyatlarni saqlash, maʼnaviy-axloqiy muhitni yaxshilash bugungi kunda har qachongidan koʻra dolzarb boʻlib turibdi.

Bugun xalqaro maydonda raqobat tobora kuchayib, dunyoda oʻz taʼsirini saqlab qolishga jon-jahdi bilan intilayotgan davlatlar oʻrtasidagi ziddiyatlar keskin tus olmoqda, axborot makonida turli gʻoyaviy, maʼnaviy tahdidlar avj olib bormoqda. Shunday ogʻir bir vaziyatda yoshlarimizni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy qadriyat va anʼanalarimizni asrab-avaylash, ularni farzandlarimizning ongu shuuriga chuqur singdirish xalq, millat sifatida birligimizni taʼminlash, oʻzligimizni saqlab qolishning eng muhim omillaridan biridir.

Davlatimiz rahbari Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yiQilishida “Biz bugungi keskin sharoitda gʻoyaviy-mafkuraviy sohada raqobatga tayyormizmi? Oʻsh avlodimiz tarbiyasi murakkab zamon talablariga javob beryaptimi? Bular oddiy savollar emas. Odamni jiddiy oʻylantiradigan, tashvishga soladigan savollar. Agar biz bu yorugʻ dunyoda “oʻzbek”, “oʻzbekistonlik”, “Oʻzbekiston” degan nomlar bilan yashab qolishni istaydigan boʻlsak, bu savollarga bugun javob topishimiz va ularni hal etish boʻyicha amaliy harakatlarni aynan bugun boshlashimiz shart. Ertaga kech boʻladi”, deya barchamizni, ayniqsa, ziyolilarni yana bir bor ogohlikka chaqirdi.

Prezidentimiz tomonidan kuyinchaklik bilan aytilgan bu gaplar, avvalo biz, onalarga tegishli, desak, toʻgʻri boʻladi. Oilada onaning oʻrni, uning farzandlar tarbiyasiga koʻrsatadigan beqiyos taʼsiri haqida Sharq mutafakkirlari koʻp va xoʻp fikrlar bildirishgan. Oiladagi muhit, farzandlar xulqi va odobi, uning otaga, atrofdagi kishilarga va jamiyatga munosabati aynan onaning dunyoqarashi, bilimi va maʼnaviyati bilan bogʻliq holda shakllanishini ular alohida taʼkidlashgan. “Oqila ayol — oilaning asosi, bolalarini oʻz zamonasi uchungina emas, kelajak uchun ham tarbiyalaydi” deydi allomalarimiz. 

Shu maqsadda jamiyatning asosiy tayanchi boʻlgan oilada maʼnaviy muhitni yaxshilash, farzand tarbiyasidagi masʼuliyat, milliy qadriyatlarni singdirish va shu kabi tashabbuslarni keng yoyish maqsadida obroʻ-eʼtiborli, katta hayotiy tajribaga ega opa-singillarimizdan iborat jamoatchilik tuzilmalari tashkil etildi. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi qarori bilan “Oqila ayollar” harakati faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ular joylarda yangi maʼnaviy makon yaratish, oilalarni mustahkamlash, maʼrifatli jamiyatni qurishda ziyoli onalar ishtirokini taʼminlash, xotin-qizlarning mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorlik hissini oshirish, ularga qabul qilinayotgan qonunchilik hujjatlarining mazmun-mohiyati va ahamiyatini xalqchil tilda tushuntirish borasida targʻibot-tashviqot ishlarini olib bormoqda.

Biroq davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, asosan, chetdan uyushtirilayotgan, baʼzan hatto mamlakatning oʻzida ham ahyon-ahyonda boʻy koʻrsatib qolayotgan milliyligimiz, davlatchiligimiz hamda maʼnaviyatimizga qaratilgan tahdidlarni, Konstitutsiya va qonunlarimizga zid pozitsiyalarni bugungi axborot ochiqligi sharoitida jilovlash mushkul. Ularga qarshi faqat maʼrifat bilan, yuksak maʼnaviyatimiz bilan izchil kurashishimiz, munosib javob qaytarishimiz zarur. Vatanimiz mustaqilligi, millatimiz taqdiri uchun kurash — abadiy kurash ekanini har birimiz chuqur anglashimiz va unga hamisha shay boʻlmogʻimiz kerak boʻladi.

Shu maʼnoda, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi, Oila va gender ilmiy-tadqiqot instituti, “Olima ayollar” jamiyati, “Oqila ayollar” harakati, Oʻzbekiston yetakchi ayollari muloqoti kabi qator jamoatchilik tuzilmalari Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan bu boradagi saʼy-harakatlarimizni birlashtirishimiz, oʻzaro muvofiqlashgan tarzda samarali yoʻlga qoʻyishimiz, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni ilmiy asosda, yangicha uslub va mazmunda, tizimli tashkil etishimiz zarur.

Biz qayerda, qanday kasbda ishlamaylik, tabiatan ayolga, onaga berilgan “avlodlar tarbiyachisi”, degan ulugʻ maqomni unutmasligimiz kerak. Prezidentimiz ilgari surgan “Oʻzbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni oʻz hayotining maʼnosi deb bilmogʻi kerak! Biz bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan oliy tushunchani farzandlarimiz ongiga singdirish, ularda mana shunday yuksak vatanparvarlik tuygʻularini tarbiyalash hamda hayotining mazmuniga aylantirish, biz — onalarning muqaddas burchimizdir.

Tanzila Norboyeva,

Oliy Majlis Senati Raisi,

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish,

gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net