O?ZBEK XALQINING AN’ANAVIY MILLIY LIBOSLARI PEKINDA NAMOYISH ETILDI

28.11.2018 12:19

O‘zbek xalqining boy va o‘ziga xos urf-odat hamda an’analarini, milliy qadriyatlari va ulkan sayyohlik imkoniyatlarini keng targ‘ib etish O‘zbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi elchixonasi faoliyatidagi asosiy yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Yaqinda Xitoy Xalq Respublikasi poytaxtida 8-Diplomatlarning milliy libos musobaqasi (The 8-Diplomat National Costume Competition) bo‘lib o‘tdi. Pekinda nashr etiladigan “Diplomat” jurnali Xitoyning «Ao Lun Do» xalqaro kompaniyasi bilan o‘zaro hamkorlikda tashkil etgan ushbu an’anaviy tadbir joriy yilda “Diplomatlar, butun dunyo siz bilan” shiori ostida tashkil etildi.

 

Mazkur madaniy tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Pekindagi diplomatiya vakolatxonasi jamoasi ham faol ishtirok etdi. Mamlakatimiz madaniy guruhi tarkibini shakllantirishda ushbu mamlakatda yashab mehnat qilayotgan vatandoshlar - yosh ilmiy tadqiqotchilar vakillari hamda Xitoyning turli oliy o‘quv yurtlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni jalb etishga ham alohida e’tibor qaratildi.

 

Bu yilgi musobaqada dunyoning 16 mamlakati - Germaniya, Bolgariya, Misr Arab Respublikasi, Gayana, Indoneziya, Malayziya, Janubiy Koreya, Maldiv Respublikasi, Nepal, Peru, Rossiya Federatsiyasi, Shri-Lanka, Ukraina, O‘zbekiston Respublikasi, Belarus va Xitoy Xalq Respublikasi jamoalari o‘zaro bellashdilar.

Unda mamlakatimiz jamoasi xalqimizning milliy nikoh to‘yi marosimidagi asosiy o‘ziga xosliklarni teatrlashtirilgan ko‘rinishda namoyish etdi. O‘zbek xalqining an’anaviy milliy liboslari, qaynona obrazi, uning yoshlarga baxt va iqbol tilashi, kelin salomi, nikohdan o‘tgan yoshlarning boshi uzra har xil shirinliklarni sochish aks etgan lavhalar ko‘p sonli tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.

O‘zbekiston jamoasi ushbu tanlovning rag‘batlantiruvchi mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Tanlov tashkilotchilarining qayd etishlaricha, bunday tadbirlarning o‘tkazilishi unda ishtirok etayotgan mamlakatlar xalqlarining milliy an’ana va madaniy o‘ziga xosliklarini nafaqat Xitoy aholisi, balki ushbu mamlakatda istiqomat qiladigan xorijiy davlatlar fuqarolari o‘rtasida ham ommalashtirishga ko‘maklashgani barobarida madaniyatlararo muloqotni chuqurlashtirishga va kengaytirishga xizmat qiladi.

Diplomatlarning milliy libos musobaqasida O‘zbekiston ishtiroki Xitoyning CCTV markaziy televideniyesi kanallari, “Sinxua” axborot agentligi, “Chayna deyli” kundalik gazetasi, Xitoy xalqaro radiosi va boshqa qirqdan ziyod ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net