OʻZA XABARLARI XITOYNING ENG YIRIK NASHRLARIDA CHOP ETILMOQDA

06.08.2019 18:18

OʻzA — Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi tomonidan tayyorlangan xabar va tahliliy materiallar bir nechta tillarda dunyoning eng yirik OAVlari orqali ham eʼlon qilib borilmoqda.

Jumladan, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashuvi, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy oʻzgarishlar, boshqaruv tizimi islohotlari, siyosiy jarayonlar haqidagi agentlikning tayyorlagan dolzarb axborotlari dunyo mamlakatlarining yetakchi agentliklari tarmoqlarida, gazeta va jurnallarda muntazam chop etib kelinmoqda. Shulardan biri Xitoyning eng yirik OAVsi hisoblangan “Jenmin jibao“ gazetasidir.

Mamlakatimiz tashqi siyosatida yaqin va hamkor davlatlar bilan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, madaniy-gumanitar sohalarda koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirish ustuvor ahamiyat kasb etadi. Bu Oʻzbekiston – Xitoy oʻrtasida tobora rivoj topayotgan koʻp qirrali va strategik sheriklik munosabatlarida ham oʻz ifodasini topgan.

Bugungi kunda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi ikki tomonlama sheriklik aloqalariga hamohang ravishda Xitoyning yetakchi axborot agentliklari va gazetalari bilan axborot almashish sohasida hamkorlik qilib kelmoqda. Bu Oʻzbekiston va Xitoyda amalga oshirilayotgan islohotlar mazmun-mohiyati, xalqlarimiz manfaati yoʻlida erishilayotgan istiqbolli kelishuvlar, roʻyobga chiqarilayotgan qoʻshma loyihalar, Markaziy Osiyo va xalqaro maydonda ilgari surilayotgan tashabbuslar haqida xolis va ishonchli axborot tarqatish imkonini bermoqda. Bunda Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Xitoyning “Jenmin jibao“ gazetasi oʻrtasida imzolangan bitim muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Ushbu hamkorlik doirasida Xitoyning yetakchi nashrlaridan biri “Jenmin jibao“ gazetasi sahifalarida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, xalq manfaatli yoʻlidagi islohotlar natijalari, ikki tomonlama hamkorlikda erishilayotgan marralar haqida turkum materiallar, xususan, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligida eʼlon qilingan maqolalar chop etib kelinmoqda.

“Jenmin jibao“ internet sahifalarida eʼlon qilingan “Diplomatik aloqalar – mamlakatni rivojlantirishning muhim sharti“ sarlavhali navbatdagi maqola ham fikrimizga yorqin misol. OʻzA muxbiri maqolada diplomatik munosabatlarning dunyoda tinchlikka erishishdagi ahamiyati haqida soʻz yuritadi. Muallif soʻzining isbоti sifatida Oʻzbekiston va Xitoyning tarixiy shaharlari oʻrtasida azaldan qaror topgan diplomatik aloqalar, ularning bugungi hayotdagi samaralari xususida fikr bildiradi.


Yana bir maqola mamlakatlarimiz oʻrtasida taʼlim sohasidagi dasturlar roʻyobi, til oʻrgatishning zamonaviy usullari, ikki xalq oʻrtasidagi maʼrifiy aloqalarga bagʻishlanadi.

OʻzA manbasiga murojaat qilingan “Jenmin jibao“ saytidagi navbatdagi maqolada esa mamlakatimiz oliy taʼlim va til oʻrgatish markazlari bilan Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasi oʻrtasidagi hamkorlik haqida soʻz borgan.

Unda Harakatlar strategiyasi doirasida Oʻzbekistonda olib borilayotgan islohotlarga xayrixoh sifatida Xitoyning Oʻzbekistondagi elchixonasi tomonidan amalga oshirilayotgan tadbirlar, til oʻrgatish boʻyicha oʻquv qoʻllanmalari almashish sohasidagi munosabatlar boʻyicha fikrlar keltiriladi.

Oʻz navbatida, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi sahifalarida ham Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar rivojlanishning bugungi bosqichi kun nuqtayi nazaridan kelib chiqib keng yoritib kelinmoqda. “Oʻzbekiston va Xitoy yoʻli“ turkumidagi maqolalar, “Xitoylik tadbirkorlar bir nechta investitsiya loyihalarini taklif qildi“, “Xitoyliklarning fidoyiligi bor boʻlsin!“, “Oʻzbekiston OAV vakillari Xitoyning diqqatga sazovor joylari bilan tanishdi“, “Asrlar osha insoniyatni hayratlantirayotgan devor“ kabi sarlavha ostida eʼlon qilingan materiallar shular jumlasidan.

Bundan oldin Qozogʻiston Respublikasining yetakchi ommaviy axborot vositalari Oʻzbekiston hayotiga oid yangiliklarni OʻzA saytidan olib, mamlakat xalqi va butun dunyoga tarqatayotgani, xususan, Qozogʻistonning yetakchi davlat axborot agentligi hisoblangan “Kazinform” XAA, shuningdek, “Ulus.kz”, Nur.kz internet-portallarida, qator gazeta va jurnallar veb-saytlarida Oʻzbekiston hayotiga oid yangiliklar muntazam eʼlon qilinmoqda.

 

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net