Oliy ta’limda xalqaro hamkorlik istiqbollari

03.09.2022 11:39

Mamlakatimizda Uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yish, Yangi O‘zbekiston nufuzini dunyoga tanitadigan salohiyatli kadrlar tayyorlash oliy ta’lim muassasalari oldida turgan dolzarb vazifa hisoblanadi.

Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, ta’lim sifatini oshirish, o‘quv jarayonlarini tamomila yangi bosqichga ko‘tarishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mazkur jarayonda xalqaro aloqalar, ya’ni xorijning nufuzli universitetlari va institutlari, ilmiy-tadqiqot, ta’lim muassasalari bilan olib borilayotgan istiqbolli hamkorlik o‘z samarasini bermoqda.

– bugungi kunda oliygohimiz dunyoning yetakchi oliy o‘quv yurtlari bilan faol hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, – deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti rektori, fizika-metmatika fanlari doktori, professor Odiljon Mamatkarimov. – 15 dan ziyod davlatlardagi nufuzli ta’lim muassasalari bilan saksondan ortiq hamkorlik shartnomalari imzolaganmiz. Mazkur kelishuvlar asosida, professor-o‘qituvchi va talabalarning almashinuvi dasturlari, ilmiy innovatsion yo‘nalishlarda nufuzli anjumanlar tashkil etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, magistrant va tayanch doktorantlarning ilmiy ishlariga hamkor xorijiy oliy ta’lim muassasalaridagi yetakchi olim va professorlarni ilmiy rahbar sifatida tayinlash natija olib kelyapti.

Shuningdek, dunyoning “Top-1000” ro‘yxatidan o‘rin olgan Belorus milliy texnika universiteti hamda Rossiya Federatsiyasining Saratov davlat texnika universiteti bilan hamkorlikda “2+2” shaklidagi qo‘shma ta’lim dasturi muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda Turkiyaning o‘ndan ortiq yetakchi oliygohlari bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, memorandumlar imzolandi. Unga ko‘ra, o‘quv yili so‘ngida o‘n ikki nafar magistrant Turkiyaning Tokat shahridagi Gaziosmanpasha universitetida, 14 nafar professor-o‘qituvchidan iborat NamMTI ddelegatsiyasi Izmir shahridagi Ege universiteti hamda Karabuk universitetlaridagi stajirovka jarayonlarida ishtirok etdi.

Qolaversa, Namangan muhandislik-texnologiya instituti xalqaro loyihalardagi ishtirokini ham faollik bilan olib bormoqda. Yaqinda AQSHning Virjiniya texnologiya universiteti professori Tiffaniy Dreyp xonim Yevropa Ittifoqining “Erasmus” loyihasi yordamida navbatdagi volontyor sifatida Namanganga keldi va u institutda faoliyat yuritib boradi.

Ta’kidlash joizki, AQSHning nufuzli universitetlaridan volontyorlarni taklif etish jarayoni yangi o‘quv yilida ham davom etadi. AQSHning yana bir universitetidan muhandislik grafikasi bo‘yicha ana shunday volontyorni ta’lim jarayoniga jalb etish rejalashtirilgan. Shu o‘rinda, NamMTI tomonidan AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi, okean orti davlatining yurtimizdagi konsulligi kabi qator diplomatik korpuslar bilan ham hamkorlik aloqalarini o‘rnatilgan.

Hindistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlaridagi ilg‘or texnologiyalarni o‘rganish maqsadida olti nafar professor-o‘qituvchidan iborat delegatsiya Dehli shahrida xizmat safarida bo‘ldi. Safar davomida qator yo‘nalishlarda bir qancha oliy o‘quv yurtlari bilan yangi hamkorlik shartnomalari imzolandi.

330 nafardan ortiq professor-o‘qituvchi faoliyat olib borayotgan Namangan muhandislik-texnologiya institutida umumiy qiymati 347 ming 200 AQSH dollariga teng bo‘lgan 7 ta xalqaro loyiha bajarilmoqda. Har bir loyiha yuzasidan yangi 6 ta ilmiy laboratoriya tashkil etildi. Institut moddiy-texnik bazasini kuchaytirish borasida so‘nggi ikki yilda chet el grantlari hisobiga 66 ming dollarlik uchta laboratoriya jihozi, 1,5 milliard so‘mlik to‘quv-yigiruv dastgohlari va zarur uskunalar o‘rnatildi. Jahon banki grantlari asosida 11 milliard 200 million so‘mlik oltita laboratoriya jamlanmasi keltirilib, o‘quv va ilmiy jarayonga tatbiq etildi. Ilmiy loyihalar hisobiga yettita zamonaviy laboratoriya, talaba-yoshlarning ilmiy g‘oyalarini hayotga tadbiq etishga mo‘ljallangan “IT-PARK” tashkil etilib, bu maqsadlarga 550 million so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 26 fevraldagi “Charm-poyabzal va mo‘ynachilik sohalarida tayyor mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida Turkiyaning Egey, Rossiya davlat texnologiya, dizayn va san’at universiteti, Sankt-Peterburg davlat sanoat texnologiyalari va dizayn universiteti, Belarusning Vitebsk davlat texnologiya universiteti bilan anglashuv memorandumlari tuzildi. Charm-poyabzal sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash, yosh professor-o‘qituvchilarni ushbu oliygohlarga xorijiy malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslariga yuborish, charm-poyabzal sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash, master-klass va seminarlar o‘tkazish, ma’ruza o‘qish uchun xorijiy professor-o‘qituvchilarni taklif qilish bo‘yicha hamkorlikda ish olib borish masalalari yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Turkiyaning Karabuk, Ege, Nejmettin Erbakan, Gaziantepa, Sakariya, Istanbul texnika, Anadolu universiteti, Izmir texnologiya instituti, Nevshehir Haci Bektas Veli universitetlari bilan xalqaro hamkorlik shartnomalari tuzildi.

Ayni shu asosda institutning to‘rt nafar yosh professor-o‘qituvchisi to‘rt yil muddatga maqsadli doktoranturada o‘qish uchun Ege, Marmara, Bursa Uludag‘ universitetlariga yuborildi. Maqsad, xalqaro hamkorlikni yanada kuchaytirish, xorijiy dasturlarda hamkorlikda institut ishtirokini kuchaytirish, qo‘shma loyihalar, ilmiy ishlar, publikatsiyalar, seminarlar, treninglar tashkil qilish, talabalarning yozgi va qishki maktablarini yo‘lga qo‘yish, magistraturada sohalar kesimi hamda ehtiyojlardan kelib chiqib “1+1” qo‘shma ta’lim dasturlarini ochish, maqsadli magistratura, doktorantura masalalarini hal qilishdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Namangan muhandislik-texnologiya instituti tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalari eng avvalo, ta’lim sifatini oshirish, qolaversa, institutni dunyoning eng rivojlangan oliy ta’lim muassasalarining “Top 1000” ro‘yxatiga kiritish borasidagi sa’y-harakatlarning yanada jadallashiga xizmat qiladi.

Institut tomonidan xalqaro hamkorlik borasida amalga oshirayotgan bu kabi islohotlarning samarasi sifatida joriy o‘quv yilida talabalar umumiy qiymati 617 million so‘mga teng yettita "Startap" loyihasi g‘olibi bo‘ldi. Besh talaba davlat stipendiyasi sohibi bo‘ldi. "Ulug‘bek vorislari" Respublika tanlovida esa 20dan ortiq talaba o‘z loyihasi bilan ishtirok etdi. Yana to‘rt nafar yigit-qiz "Ilm-fan sohasidagi xizmatlari uchun" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.

 

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net