OLIY MAJLIS SENATI QOʻMITALARINING MAJLISLARI BOʻLIB OʻTDI

13.12.2018 12:49

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oʻn yettinchi yalpi majlisi oldidan Senat qoʻmitalari va komissiyasining majlislari boʻlib oʻtdi. Ularda oʻn yettinchi yalpi majlis kun tartibiga kiritilgan masalalar muhokama qilindi. 

Jumladan, Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasining majlisida “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining Jismoniy tarbiya va sport vazirligidagi ijrosi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi. 

Majlisda taʼkidlanganidek, bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati har bir yigit-qizning faol hayotiy pozitsiyasini shakllantirish, yoshlarning jamiyatda munosib oʻrin topishi, oʻz qobiliyatlari va imkoniyatlarini roʻyobga chiqarishiga qaratilgan dastur va loyihalar tatbiq etilayotganligi bilan izohlanadi. “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan mamlakatimizda jismoniy tarbiya hamda sportni rivojlantirish, ayniqsa, yoshlarni sportga keng jalb qilish, ularning barkamol inson boʻlib voyaga yetishlari uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash maqsadida muayyan ishlar amalga oshirilgan. 

Qonunning 5-moddasida yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari qatorida yoshlarning maʼnaviy, intellektual, jismoniy va axloqiy jihatdan kamol topishiga koʻmaklashish belgilab qoʻyilgan. Unga muvofiq yigit-qizlarni jismoniy tarbiya va sportga jalb qilish maqsadida turli ommaviy sport tadbirlari, sport festivallari, mahorat saboqlari, koʻrgazmali chiqishlar, sport haftaliklari, “ochiq eshiklar” kunlari oʻtkazilib kelinmoqda. 

Jumladan, sport turlari boʻyicha 2018 yil uchun tasdiqlangan ommaviy sport tadbirlari va respublika darajasidagi musobaqalar kalendar rejasiga muvofiq, joriy yilning noyabr oyiga qadar jami 84 ming 18 sport musobaqasi tashkil etildi. Ular tuman, shahar, viloyat va respublika miqyosida oʻtkazilgan. Bellashuv gʻoliblari munosib taqdirlangan. Qolaversa, bu kabi musobaqalarni oʻtkazish orqali milliy terma jamoa aʼzolari tarkibiga koʻplab yosh iqtidorli sportchilar saralab olingan. 

Oʻrganishlar davomida yutuqlar qatori kamchiliklar ham aniqlangan. Xususan, sport yoʻnalishidagi taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar bandligini taʼminlashda sustkashlikka yoʻl qoʻyilayotgani qayd etildi. Masalan respublikadagi 15 ta ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatini keyingi ikki yilda 3 ming 216 nafar sportchi tamomlagan. Ulardan 1 ming 984 nafari ish bilan taʼminlangan, 785 nafari yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarida, 95 nafari xorijdagi oliy taʼlim mussasalarida oʻqishni davom ettirayotgan boʻlsa, 256 nafari ish yoki oʻqish bilan taʼminlanmagan. Mamlakatimizda sport sohasidagi kadrlarga ehtiyoj mavjudligi inobatga olinsa, bitiruvchilarning keyingi taqdiri yuzasidan monitoring ishlari samarali tashkil etilmagani oydinlashadi. 

Vazirlik tomonidan professional sportchilar bilan ishlashda samarali tizim yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa-da, aholini ommaviy sportga jalb etish, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shugʻullantirish ishlari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmagan. Darsdan tashqari vaqtlarda taʼlim muassasalaridagi sport obyektlaridan barcha yoshdagi odamlarning foydalanishi tashkil etilmagan. 

Joylardagi boʻsh turgan xususiy obyektlar negizida aholini ommaviy sportga jalb qilish uchun imtiyozli xizmat koʻrsatuvchi sport markazlarini tashkil etish, taʼlim muassasalaridagi sport zallarida hamda boʻsh turgan obyektlarda sport seksiyalarini ochish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirishda sustkashlikka yoʻl qoʻyilmoqda. Qolaversa, vazirlik tizimida davlat-xususiy sheriklik hamkorligi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli, deb boʻlmaydi. 

Majlisda oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarning sabablari atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza va tavsiyalar bildirildi, shuningdek, muhokama etilgan masala yuzasidan qoʻmitaning tegishli qarori qabul qilindi. 

***

Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisida imkoniyati cheklangan yoshlarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar holatini oʻrganish natijalari ham muhokama qilindi. 

Imkoniyati cheklangan insonlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish davlatimizning doimiy diqqat markazida turgan masalalardan biri hisoblanadi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi, “Bola huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlarda va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlanishi belgilangan. 

Soʻnggi ikki yil mobaynida imkoniyati cheklangan insonlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishga qaratilgan hukumatning qator qarorlari qabul qilindi. Oliy taʼlim muassasalariga nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻshimcha davlat granti kvotalari asosida oʻqishga qabul qilish tartibi ishlab chiqildi. Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etildi. 

Biroq, olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, mamlakatimiz taʼlim sohasida ushbu yoʻnalishda qator kamchilik va muammolar hamon yechimini kutmoqda. Xususan, respublika boʻyicha 9 ming 628 umumtaʼlim maktabida tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan oʻquvchilar toʻgʻrisida statistik maʼlumotlar Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan yuritilmaydi. Bu esa, oʻz navbatida, oʻquvchilarning nogironlik turlari va guruhidan kelib chiqib, taʼlim berish usullarini koʻrib chiqish hamda takomillashtirish imkoniyatini cheklamoqda. 

Maktabga qatnay olmaydigan imkoniyati cheklangan bolalarning uy sharoitida oʻqitilishiga davlatimiz tomonidan alohida ahamiyat berilayotgan boʻlsa-da, joylardagi mutasaddilarning eʼtiborsizligi oqibatida bu shaklda bilim berish jarayoni sifatli tashkil etilmayapti. Oʻqituvchilarga belgilangan tartibda qoʻshimcha haq va yoʻl haqi kompensatsiyasi toʻlansa-da, nogiron bolaning uyiga borib doim ham dars oʻtilmayapti. Maktab direktorlari, sinf rahbarlari va oʻqituvchilar “Jismoniy yoki psixik rivojlanishida nuqsoni boʻlgan hamda uzoq vaqt davolanishga muhtoj bolalarning uyda yakka tartibda taʼlim olishlarini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga toʻliq rioya etmayapti. 

Qolaversa, uyda yakka tartibda taʼlim oluvchi oʻquvchilarni zarur oʻquv qurollari bilan taʼminlash ishlari yoʻlga qoʻyilmagan. Bunday shaklda taʼlim olgan oʻquvchilarning oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirganligi toʻgʻrisida statistik va tahliliy maʼlumotlar yuritilmasligi uydagi taʼlimining sifat darajasini aniqlash imkonini bermayapti. 

Majlisda ixtisoslashtirilgan maktab va maktab-internatlarning moddiy-texnik taʼminoti masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, bu boradagi ishlar lozim darajada tashkil etilmagan. Zarur asbob-uskunalar va eshitish moslamalarining chet eldan qimmat narxlarda keltirilishi, bunday uskunalarni ishlab chiqarishning mamlakatimizda yoʻlga qoʻyilmaganligi taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini kuchaytirish imkonini bermayapti. Bu yoʻnalishda mutasaddilar tomonidan mahalliylashtirish dasturlariga tegishli bandlar kiritilsa va ularning ijrosi taʼminlansa, koʻplab muammolar hal etilishi mumkinligi qayd etildi. 

Shuningdek, majlisda oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining hamda xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosarining muhokama etilayotgan masala yuzasidan axboroti eshitildi. Oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklarning sabablari atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish yuzasidan fikr-mulohaza va tavsiyalar bildirildi. 

Majlis yakuni boʻyicha muhokama etilgan masala yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari A.Abduhakimovga parlament soʻrovini yuborish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net