Odamiylik diyori

23.03.2023 14:45

Yangi Toshkent shahri xalqparvar va ijtimoiy adolatli, saxovatli va qudratli boʻy-basti bilan namoyon boʻladi.

Kuni kecha xalqimiz katta orzu-umidlar, yangilanish va yasharish qudrati bilan qutlugʻ Navroʻz ayyomini kutib oldi. Ertaga muqaddas Ramazon kunlari bilan yuzlashamiz. Bugun xalqimiz yaxshi niyatlar bilan shu ulugʻ oy tadorigini koʻrmoqda.

Yangilanish faslini qut-baraka bilan boshladik. Ezgu niyatlar bilan katta ishlarga qoʻl urdik. Hozir shular haqida oʻylab, beixtiyor Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Navroʻz umumxalq bayrami tabrigida “Azaldan “odamiylik diyori” deb shuhrat qozongan Vatanimizda har bir inson xalqimiz va davlatimizning mehri va eʼtiborini toʻla his qilib yashasin”, deya bagʻoyat ulugʻvor maqsadni ilgari surgani zamirida buyuk zaminimiz mahobati va mohiyatini anglagandek boʻlamiz.

Shu asnoda, muborak kunlar arafasida boshlangan Yangi Toshkent shahri qurilishi ham tariximizda betakror sahifa ochgani va bu manzil ham oʻziga xos odamiylik diyori sifatida boʻy koʻrsatishiga umid va havas uygʻonadi.

Yurtimizda boshlangan olamshumul oʻzgarishlardan ruhlanib, xayolimizga shunday fikr keldi: har qanday davlat barqaror rivojlanishi, taraqqiyot yoʻlida sobit odimlashi uchun, avvalo, oʻsha yurt kishilari qalbida faxrlanish va qoniqish hissi ulgʻaygan boʻlishi kerak.

Bu hisning yoʻqolishi va yoki qayta quvvatlanishi oqibatlarini bugun nafaqat yurtdoshlarimiz, balki Oʻzbekistondagi ijtimoiylashuv hodisasini idrok qilgan dunyo hamjamiyati ham yaxshi anglab turibdi.

Oʻtgan zamon: faxrlanish va qoniqish hissining yoʻqolishi. Gapni tariximizning yaqin davridan boshlasak. Oʻzbekistonliklar oʻz davlati bilan faxrlana olmagan zamonni koʻrdik. Uzoq mamlakatlar odamlariga-ku bizning yurt ochiq tanish emasdi, lekin qoʻshni davlatlarga borsak ham, u yerda bizni bilardi va ochiqchasiga past nazar, kamiga achinish hissi bilan qarardi. Muomala ham shunga yarasha boʻlgan. Oqibat shu darajaga yetib bordiki, koʻp hollarda ularning aravasiga chiqib, qoʻshigʻini aytishga koʻndik. Qanday boʻlsa ham pul topib, roʻzgʻorini tebratish, bolasini boqish tashvishida yurgan baʼzi odamlarimiz shunga majbur edi-da.

Bu vaziyat, birinchidan, odamlarning oʻz yurtiga begonalashuviga olib keldi, ikkinchidan, davlatga ishonchsizlik va mehrsizlik kayfiyatini paydo qilib, jamiyatdagi islohotlar ommalashmadi. Shu tariqa mamlakat qiyofasi sezilarli oʻzgarmasdan qolaverdi...

Bugungi zamon: quvvatlanish holi. Oʻzbekiston yangi islohotlar fonida Markaziy Osiyodagi nufuzini bir-ikki oy ichida tiklab olishga erishdi. Ha, biz yillar demayapmiz, kunlar, oylar oʻtgani sayin mamlakatimiz obroʻ-eʼtibori yuksala bordi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev, eng avvalo, qoʻshni davlatlar yetakchilari bilan samimiy muloqotni tikladi, chegaralar ochildi, ichki siyosatda ham ochiqlik yoʻli tanlandi. Oddiy odamlar munosib yashashi uchun toʻsiq boʻlib kelgan “sunʼiy qoplamalar” olib tashlandi.

Oʻzbekistonda keng koʻlamli bunyodkorlik ishlari boshlandi. Bu paytgacha bizning fuqarolar qoʻshni davlatlardagi qurilishlarda mehnat qilgan yoki arzimas pulga boshqa ishlar bilan shugʻullanib yurgan boʻlsa, endi u mamlakat yoshlari Toshkentga kelib ishlayotgani haqida eshita boshladik.

Mamlakatimizda taraqqiyot shiddat bilan davom etaverdi. Pirovardida, odamlarimiz ongida ishonch oshdi, qalbida faxrlanish va hayotdan rozilik hissi kuchga toʻla boshladi. Nihoyat, bizning zaminda qudratli tabiat qonuni yana hayotga qaytdi, bu – quvvatlanish holi boʻldi.

Biz nima uchun bu haqda aytyapmiz? Gap shundaki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 18-mart kuni Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal toshi qoʻydi. Kishi tasavvurlari cheksiz va hadsiz boʻladi. Unga bir soniyada dunyoni joylash mumkin. Ammo Yangi Toshkent haqidagi tasavvurlarimiz hali tiniqlashmagani bois, bu fusunkor manzilning bor boʻy-basti va u yerda yashash iqbolini keng mushohada qilib olmoq joizga oʻxshaydi.

IKKI DARYO YUVAR KOKILIN...

Xalqimizning ardoqli va hassos shoiri Hamid Olimjonning vodiylarni yayov kezib, bir ajib hislar bilan yozgan “Oʻzbekiston” sheʼri hammamizga yod boʻlib ketgan: Chiroylidir goʻyo yosh kelin, Ikki daryo yuvar kokilin. Qorli togʻlar turar boshida, Gul vodiylar yashnar qoshida...

Oradan necha asrlar, davru davronlar oʻtib, bu safar Chirchiq va Qorasuv daryolari oraligʻida yana bir kentga poydevor qoʻyilyapti. Bu – Yangi Toshkent shahri.

Davlatimiz rahbari ulugʻ ayyom arafasida ezgu niyatlar bilan qurilishi boshlangan bu goʻzal shahar jozibasini taʼriflar ekan, “Loyiha juda mukammal boʻlyapti. Nega desangiz, sizlar ham, biz ham besh yil oldingi odamlar emasmiz. Bizning tajribamiz ortdi, sizlarning ham talablaringiz oshdi”, deya bejiz taʼkidlamadi.

Shu oʻrinda, tajriba va talablar ortishi zamirida qanday hayotiy haqiqatlar mujassam ekaniga ham eʼtibor qaratish adolatdan boʻladi.

Keyingi davrda mamlakatimiz fuqarolarining konstitutsiyaviy huquqlari amalda tiklandi. Buning yorqin dalili sifatida poytaxt – Toshkent shahri butun Oʻzbekiston aholisi uchun ham ochilganini aytish mumkin. Qatʼiy va oʻzgarmas rejim sifatida koʻrilgan “propiska” tizimi bekor boʻldi. Natijada poytaxt aholisi soni keskin oshdi. Oʻz navbatida, shaharda keng koʻlamda uy-joylar, zamonaviy korxona va inshootlar qurildi. Bogʻcha, maktab, oliy taʼlim va tibbiyot muassasalari koʻpaydi. Jamoat transportining eski ahvoli tubdan yangilandi.

Ekoinqirozli vaziyat bilan ham toʻqnash keldik. Shunda biz bogʻlar yaratish, shahar ichi va tashqarisini “yashil belbogʻlar” bilan oʻrash qanchalik muhimligini tushundik. “Yashil makon” umummilliy loyihasini boshlaganimiz boisi ham shunda.

Yaqinda Turkiya va Suriyada sodir boʻlgan dahshatli zilzilaning fojiali oqibatlari barchamizni jiddiy xulosalar chiqarishga undaydi. Yaʼni uy-joy, umuman, har qanday inshootni qurishda zarracha eʼtiborsizlik yoki korrupsiyaga yoʻl qoʻyish kechirib va qayta tiklab boʻlmas oqibatlarga olib kelishi mumkinligini koʻrdik.

Shu qishda boʻlgan anomal sovuq tafsilotlarini hali unutganimiz yoʻq. Gaz, svet, issiqlik energiyasi bilan bogʻliq uzilishlar katta talafot yetkazdi, fojialar boʻldi. Bu holat xorijlik investorlarni ham oʻylantirib qoʻydi. Iqtisodiyot katta zarar koʻrdi. Shu kabi tabiiy va texnogen vaziyatlar bizning hayotiy tajribamizni oshirib bormoqda.

Aholi talablari haqida aytsak, bugun ularning ongu tafakkuri, hayotga, xususan, bugungi hayotida munosib yashashga boʻlgan qarashlari, orzu-umidlari va rejalari keskin oʻzgargan.

Kechagina qishloqlarda, hatto viloyatlar markazi va shaharlarda bir kunda bir-ikki soat elektr energiyasi berilganiga rozi edik, chiroq ikki-uch soat yonib tursa xursand boʻlardik. Gaz, toza ichimlik suvining kelishi haqida oʻylashga ishonchimiz yetmasdi. Bugun-chi? Olis togʻ qishlogʻida bir soat chiroq oʻchsa, xabari oʻsha zahoti azim poytaxtga yetib keladi.

Yoki yana bir misol. Yaqin-yaqingacha bir amallab uy olish haqida orzu qilardik. Yangi Oʻzbekiston muhitida esa uyimiz zamonaviy boʻlishini, komfort sharoitlarda yashashni, metro, bogʻcha, maktab, poliklinika, bozor yaqinligini istaymiz. Albatta, xalqimiz shunga haqli. Aslida, keng taraqqiy etgan, demokratik tamoyillar hukmron davlatlarda 100-yillardan buyon vaziyat va hayotga qarashlar shunday shakllangan.

Faqat aytmoqchimizki, biz bugun shunday fikrlayotganimizning oʻzi Oʻzbekiston yuritayotgan xalqchil siyosat va inson qadri uchun yoʻlga qoʻyilgan islohotlar samarasi emasmi?!

Bugun poytaxtimizda yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 millionga yetgani aytilmoqda. Shu bois, shaharda yiliga 20 mingdan ziyod xonadonli koʻp qavatli uylar, 40 dan ortiq maktab, bogʻcha, poliklinika qurishga talab bor. Yangi Toshkent xalqimizning ana shu talab va ehtiyojlarini eng zamonaviy va “xavfsiz shahar” tamoyillari asosida qondirish maqsadida bunyod etilayotgani tahsinga loyiqdir.

Shu oʻrinda yangi shaharning raqamlardagi jozibasini sharhlasak.

Birinchidan, mega loyihaga koʻra, 20 ming gektarda 1 million aholi yashashi uchun zarur sharoit yaratiladi. Ilk bosqichda 60 ming aholiga koʻp qavatli uylar quriladi. Ularga har tomonlama qulay boʻlishi uchun 20 ta bolalar bogʻchasi, 30 maktab, 5 ta oilaviy poliklinika va koʻp tarmoqli shifoxona barpo etiladi.

Ikkinchidan, zamonaviy ekologik transport tizimi tashkil etiladi. Avtomobillar uchun 14 ta zamonaviy tunnel, Chirchiq va Qorasuv daryolari ustida 7 ta koʻprik boʻladi, metro va elektrobuslar uygʻunligida harakatlanadi, piyodalar va velosipedlarning erkin yurishi uchun qulay sharoit yaratiladi. Shu maqsadda 100 ming avtomobil uchun yer osti turargohlari quriladi.

Uchinchidan, “Toshkentning yashil belbogʻi” loyihasi boshlanadi va uning doirasida 420 gektar maydonda Markaziy bogʻ barpo etiladi. Renessans bogʻi, deb nomlanishi taklif etilayotgan mazkur hududga 200 ming tup daraxt ekiladi.

Toʻrtinchidan, Yangi Toshkent va poytaxtimiz ehtiyojini taʼminlash uchun quvvati 2,400 megavattli 4 ta yirik quyosh stansiyasi barpo etiladi. Ular Qibray, Yuqori Chirchiq, Ohangaron va Boʻkada joylashadi.

Beshinchidan, Markaziy Osiyoda ilk bor “uch-generatsiya” stansiyasi quriladi. Bu stansiya orqali elektr ishlab chiqariladi, binolar kuz-qishda isitilib, yozda esa sovitiladi.

Oltinchidan, yuqori daromadli 200 ming ish oʻrni yaratiladi. Buning uchun yangi texnoparklar, IT-park, taʼlim vatibbiyot klasterlari tashkil etiladi.

Yettinchidan, “Oʻn besh daqiqalik shahar” tamoyili joriy etiladi. Shaharsozlarimiz fikricha, bu tizimning qulayligi shundaki, bogʻcha, maktab, poliklinika va shunga oʻxshash boshqa muassasalar piyoda 15 daqiqalik masofada joylashadi. Bu shaharda transport oqimini kamaytirish imkonini beradi, oʻz navbatida, atrofda sokinlik va ekologik toza muhitni taʼminlaydi.

Eʼtibor bering, Yangi Oʻzbekiston universiteti, Milliy kutubxonaning yangi binolari, katta teatr, ijod maktablari, savdo va servis markazlari ham shu yerda joylashadi. Shuningdek, bosqichma-bosqich davlat idoralari yangi shaharga koʻchiriladi. Oʻz navbatida, bu idoralarning hozirgi binolari oʻrnida mehmonxonalar, xizmat koʻrsatish va savdo obyektlari ochilib, Toshkent zamonaviy turizm va biznes markaziga aylantiriladi.

Mutaxassislar aytishicha, shahar qurilishida “Yashillik va moviylik” falsafasi ilgari surilmoqda. Bu oʻsimliklar va suvning oʻzaro uygʻunligida yangi shaharni qamrab olishi demakdir. Shuningdek, shaharning 40-45 foizlik hududi yashil maskanga burkanadi, har bir insonga 12-15 metr/kvadrat yashillik toʻgʻri keladi. Bu Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti belgilagan meʼyordan yaxshiroq natija hisoblanadi.

Yangi Toshkent mana shu jihatlari bilan ham Jeneva, Singapur kabi ekologik musaffo poytaxt shaharlar bilan bemalol raqobatlasha oladi.

MARKAZIY OSIYONING TARIXIY TIMSOLI

Barcha zamonlarda ham yangi shahar qurish oson boʻlmagan. Qolaversa, butun dunyoda tahlikali muhit hukm surayotgan, ekologik muammolar, geosiyosiy ziddiyatlar avj olayotgan, texnologik yondashuvlar dam sayin oʻzgarib borayotgan sharoitda, va ayniqsa, yangi shaharni noldan barpo etishga bel bogʻlashning oʻzi katta jasorat. Bunday qarorga kelish uchun kuchli siyosiy iroda bilan birga, davlatning oʻzi yuritayotgan islohotlari natijadorligiga katta ishonchi talab etiladi. Bu ishonch kelajak 100-yilliklarga tutash boʻlishi ham zarur. Shu maʼnoda, Yangi Toshkent shahri qurilishiga tamal tosh qoʻyilishi timsolida uzoq kelajakda ham baxtli hayot kafolatining asosli zamirini koʻrish mumkin.

Endi yana bir gap. Prezidentimiz Yangi Toshkent ruhi oʻzbekona boʻlishi kerak, dedi. Bizning zaminda qadim zamonlardan meʼmorchilik va shaharsozlik anʼanalari rivojlanib kelgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, umuman, qariyb barcha shaharlarimizda necha asrlar avval bunyod etilgan inshootlar siru sinoati, ularning tabiiy ofatlarga bardoshliligi hali-hamon jumboqligicha qolmoqda. Bu birinchi jihat.

Ikkinchi jihat ularning falsafasi va maʼnaviy qiyofasida. Bobolarimiz qurdirgan har bir inshoot, u qaysi asrga tegishli boʻlmasin, mohiyatan ezgulik ruhi va odamiylik mezonlari bilan yoʻgʻrilgan. Yana bir jihat shundaki, ota-bobolarimiz bunyod etgan qutlugʻ maskanlarda hamisha ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyot va kamolot uygʻunligiga guvoh boʻlamiz. Ularning barchasi birlashib buyuk oʻzbek ruhini tashkil etadiki, Prezidentimiz Yangi Toshkent timsolida ana shu oʻlmas meros va qudratli anʼanalar davomiyligini bugun yana qayta jilolantirishni niyat qilgan boʻlsa, ne tong.

Yana bir quvonchli holat. Yangi Toshkent shahri Markaziy Osiyoning tarixiy timsoli boʻlishi ham eʼtirof etilmoqda. Chunki azal-azaldan Oʻzbekiston zamini, xususan, Toshkent ilm-fan va sivilizatsiya markazi sifatida maʼlumu mashhur boʻlgan, qolaversa, oʻtgan asrlarda bagʻrikenglik tamoyillari shakllangan, doʻstlik aloqalari qadrlangan oqibatli shahar, mehr-muruvvat, farovonlik timsoli sifatida ham tanilgan.

Shu maʼnoda, yangi bunyod etilayotgan shahrimiz Oʻzbekiston zaminida Uchinchi Renessans hodisasining tamal toshi sifatida ham boʻy koʻrsatishida tarixiy haqiqat asoslari borligidan mujda beradi.

Yuqorida bugungi zamonda yangi shahar bunyod etish oson emasligi haqida aytgan edik. Yana bir tomoni, u juda katta mablagʻ talab qiladi. Lekin davlatimiz rahbari Toshkentning bugungi holati, yuzaga kelayotgan vaziyat va poytaxt aholisi talablaridan kelib chiqib mana shu qarorga keldi.

Oʻzbekiston barqaror iqtisodiy yuksalish yoʻlida. Shunday ekan, mablagʻ topiladi, vaqt esa tez oʻtyapti, hademay Yangi Toshkentda yashayotgan yurtdoshlarimizning baxtiyor qiyofasi, qarindoshlarining hayotdan roziligini koʻrib, Vatanimizga mehr-muhabbatli har bir inson faxrlanib yurishiga ishonchimiz komil. Oʻshanda buyuk bobokalonimiz Amir Temurning “Qudratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan binolarga boqing”, degan purmaʼno gapini yodga olishimizga ham shubha yoʻq.

Darvoqe, Yangi Toshkent qurilishiga tamal tosh qoʻyilgan kun yana bir holga guvoh boʻldik. Yurtimizga yoshlik va yasharish qudrati qaytgandek tuyuldi goʻyo. Shu kuni 20 yoshgacha boʻlgan futbolchilardan tarkib topgan milliy terma jamoamiz Osiyo chempionligini qoʻlga kiritdi.

Ana shu tarixiy oʻyinni Prezident Shavkat Mirziyoyev stadionga tashrif buyurib kuzatdi. Davlatimiz rahbari terma jamoamizni taqdirlash marosimida ham ishtirok etdi va bosh sovrin – Osiyo kubogini yosh qahramonlarimizga shaxsan oʻzi topshirdi.

Hozir bu voqeani eslayotganimiz ham bejiz emas. Boisi, futbolchilarimiz timsolida fuqarolarimizda, ayniqsa, yoshlar orasida ahil jamoaviy muhit paydo boʻlayotganini koʻrdik. Shuning oʻzi ham yurtimizga, odamlar qalbiga yoshlik va yasharish qudrati qaytayotganini anglatadi, nazarimizda.

Yangi Toshkent falsafasi bevosita yoshlar hayoti bilan uygʻun koʻrilayotgani ham quvonarli, albatta. Bu, avvalo, Prezidentimiz tashabbusi bilan shahar qurilishida yoshlarning ham fikrlari, orzu-umidlari, kelajak rejalariyu maqsadlari inobatga olinganida oʻz aksini topmoqda.

Jumladan, bu yerda texnoparklar, IT-parklar, Yangi Oʻzbekiston universiteti, boshqa taʼlim muassasalari, madaniy-maʼrifiy maskanlar va butun boshli Olimpiya shaharchasi qurilishi ham yosh avlodning buguni va ertangi kuni uchun xizmat qiladi.

Tez kunlarda mamlakatimizda yana bir tarixiy voqelik kutilmoqda. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizni qabul qilish arafasida turibmiz. Yurtdoshlarimiz umumxalq referendumiga qizgʻin tayyorgarlik koʻrmoqda.

Bosh qonunimizning yangi tahririda ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalari mustahkamlab qoʻyilmoqda. Shunday ekan, xalqimizga munosib turmush sharoiti yaratish, buguni va ertasi farovonligini taʼminlash bosh maqsadimiz va asosiy burchimiz boʻlib qolaveradi. Yangi Toshkent shahri esa ana shu konstitutsiyaviy tamoyilning hayotdagi ifodasi sifatida qad rostlaydi.

Shu oʻrinda tarixiy timsolning yana bir hikmati koʻz oldimizda gavdalanadi, bugun Qadimiy Toshkent, Toshkent va Yangi Toshkent uygʻunlashuvi, ular bir-birini inkor qilmayotgani zamirida ham katta maʼno mujassam, tarixga hurmat, ajdodlar ruhiga, qadriyatlar bardavomligiga ehtirom uhdasi bor.

Salim Doniyorov

“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalarining

bosh muharriri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net