Navro?zi olam ayyomi Malayziyada nishonlandi

19.03.2023 12:23

/”Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasida “Har kuning Navro‘z bo‘lsin, jonajon O‘zbekistonim!” deb nomlangan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Unda yuz ellik nafardandan ortiq o‘zbekistonliklar, jumladan, ushbu davlatda istiqomat qilayotgan, vaqtinchalik mehnat faoliyatini olib borayotgan fuqarolarimiz va oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan talaba yoshlar vakillari ishtirok etishdi.

Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad Malayziyada yashovchi vatandoshlar bilan birga bayramona muhitdan bahramand bo‘lish, O‘zbekistonda turli sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, konstitutsiyaviy islohotlar yuzasidan fikr almashish hamda milliy madaniyatimiz, tariximiz va anʼanalarimizni xorijda keng targ‘ib qilish bilan izohlanadi.

Elchixona rahbari ishtirokchilarni ostonada turgan Navro‘z bayrmi bilan samimiy qutlar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbuskorligida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning salohiyatidan unumli foydalanish maqsadida yurtdoshlarimizni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda Malayziya bilan madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik aloqalari to‘g‘risida atroflicha to‘xtaldi.

U vatandoshlar bilan aloqalarni yana-da mustahkamlash, ular bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va Malayziya hududlarida  O‘zbekistonning madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tili, madaniyati va anʼanalarini saqlab qolish hamda  rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarga alohida eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, Asosiy qonunimizga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishdan ko‘zlangan maqsad inson qadrini ulug‘lash, xalqparvar ijtimoiy davlatni barpo etish, qonun ustuvorligini taʼminlash hamda sud-huquq tizimini yana-da isloh qilishdan iborat ekanligi taʼkidlandi.

Shu bilan birga, vatandoshlarimizning o‘zbek tili va adabiyoti haqida bilimlarini boyitishlari uchun elchixona binosida hamda Malayziya Milliy kutubxonasida o‘zbek madaniyati va adabiyoti burchagi tashkil etilganligi maʼlum qilindi.

Bayram tadbiri doirasida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi vakillari, “Uzbekistan Airways” AJ, Yunus Rajabiy nomidagi “Maqom” ansambli sanʼatkorlari va O‘zbekiston Davlat filarmoniyasining “Shodlik” ashula va raqs ansambli ishtirokida tayyorlangan madaniy dastur namoyish etildi.

Tadbir intihosida uning ayrim ishtirokchilari ushbu bayram munosabati bilan o‘zlarining fikr-mulohazalarini o‘rtoqlashdilar:

Muhammad Temirov, “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati - Malayya universiteti talabasi:

- Assalomu alaykum, hurmatli vatandoshlar. Bugun biz, ko‘p asrlik anʼanamizga binoan, mamlakatimizning Malayziyadagi elchixonasida Navro‘z ayyomini nishonlashga yig‘ildik. Shu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni, ko‘p millatli xalqimizni Navro‘z bayrami bilan tabriklayman.

Alohida taʼkidlash kerakki, bunday go‘zal shodiyonalar tinchlik degan oliy neʼmat qadrlanadigan yurtlarga yarashadi. Tinchlik bayrog‘i hamisha osmonimiz uzra hilpirab tursin! Shuningdek, bugun biz konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishdik. Yosh vatandosh sifatida bu muhim siyosiy jarayonda faol ishtirok etishga tayyorligimni bildiraman.

Marjona Majidova, Malayziyada blogerlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan vatandosh:

- Bugun go‘zal va betakror bayramimiz – Navro‘z ayyomi sababli Malayziyadagi elchixonamizda yig‘ildik.

Bu yasharish va yangilanish ayyomi bizning eng qadimiy anʼana va urf-odatlarimizni targ‘ib qiluvchi, boy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi shodiyonalardan biridir. Bu insoniyatning chiroyli fazilatlarini – olijanoblik, mehr-muhabbat, samimiylik va ezgu tuyg‘ularni ulashish uchun yaxshi ayyomdir.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatlayman va joriy yil 30 aprel kuni bo‘lib o‘tadigan referendumda bo‘layotgan o‘zgarishlarni yoqlab ovoz beraman!

Fursatdan foydalanib Navro‘z ayyomi bilan barcha hamyurtlarimni tabriklayman!

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net