MONOPOL FAOLIYATNI ChEKLASH KONSTITUTSIYA BILAN MUSTAHKAMLANMOQDA

20.04.2023 15:34

Furqat YUNUSOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti

Iqtisodiy munosabatlar fuqarolik jamiyatining muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Ular oʻz-oʻzidan paydo boʻlishi va rivojlanishi mumkin emas, aksincha, davlat va jamiyatning taʼsirida shakllanadi. Agar jamiyat iqtisodga ijtimoiy normalar orqali taʼsir koʻrsatsa, davlat oʻzi qabul qilgan qonunlari asosida uning rivojlanishini taʼminlaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kiritilayotgan oʻzgarishlar iqtisodiyotni erkinlashtirish va bozor mexanizmlarini keng joriy qilish tamoyillariga asoslangan islohotlarning yangi bosqichida davlatning iqtisodiyotdagi rolini kamaytirish, iqtisodiy jarayonlarga maʼmuriy tartibga solish dastaklaridan foydalanishni minimallashtirish, xususiy sektorning ishtirokini kengaytirish orqali milliy iqtisodiyotning barqaror rivojlanishini taʼminlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Aynan mana shu jihatdan olib qaralganda, kiritilayotgan eng muhim oʻzgarishlardan biri, bu – tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlar yaratish maqsadida, monopol faoliyatning qonun bilan tartibga solinishi va cheklanishi Konstitutsiyada mustahkamlanayotganligi hisoblanadi.

Darhaqiqat, bugungi kunda samarali raqobat muhitini yaratish hamda tovarlar va xizmatlar bozoridagi monopoliyani bosqichma-bosqich kamaytirish iqtisodiyotni yanada rivojlantirish hamda liberallashtirishning ustuvor yoʻnalishi hisoblanadi.

Konstitutsiya iqtisodiy erkinlikni tan olish va unga barcha shart-sharoitlarni yaratish bilan birgalikda, tadbirkorlarga iqtisodiy erkinlikni suiisteʼmol qilgan holda monopolistik faoliyatni amalga oshirish yoki bir-biri bilan insofsiz raqobat qilishning oldini olishga doir qoidalarni belgilashi kerak.

Oʻzbekistonda oʻtgan yillarda Harakatlar strategiyasi va Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasidagi islohotlar natijasida barchaga teng va erkin raqobat sharoiti yaratildi. Tadbirkorlik subyektlariga soliq yuki kamaytirildi, xususan mol-mulk, daromad va ijtimoiy soliq stavkalari 2 barobar pasaytirildi, qoʻshilgan qiymat soligʻi 20 foizdan 15 foizga  tushirildi, muhimi, soliq majburiyatlarini oʻz vaqtida ixtiyoriy bajarilish darajasi 80 foizdan 95 foizga koʻtarildi. Shuningdek, adolatli raqobat tamoyillarini joriy etishni taʼminlash maqsadida 84 ta turli samarasiz soliq imtiyozi bekor qilindi.

Konstitutsiyaga kiritilayotgan ushbu norma raqobatni taʼminlash va monopolistik faoliyatiga qarshi kurash orqali davlat tomonidan tovar va xizmatlar bozorining barcha ishtirokchilari uchun teng iqtisodiy-huquqiy imkoniyatlarni yaratadi. Taraqqiyot strategiyasida ham “Yangi Oʻzbekiston – raqobatbardosh mahsulotlar yurti” gʻoyasi asosida 200 ta eksportchini ochiq tanlov asosida saralab, ularni yetakchi eksportyorlarga aylantirish va har tomonlama qoʻllab-quvvatlash vazifasi belgilangan.

Ushbu moddaga kiritilayotgan qoʻshimchalar samarali faoliyat yuritadigan bozorlarni va sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish hisobiga iqtisodiy oʻsish va innovatsiyalarni ragʻbatlantirish, investitsiyalar oqimini oshirish va yangi ish oʻrinlarini yaratishga, shuningdek xalqaro iqtisodiy indeks va reytinglardagi oʻrinlarni yaxshilashga xizmat qiladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net