MISRDA MOVAROUNNAXRNING ISLOM SIVILIZATSIYASIGA QO?SHGAN HISSASI E’TIROF ETILDI

30.04.2019 15:47

Joriy yilning 23-25 aprel kunlari Misr Arab Respublkasining Matrux universitetida “Movarounnaxrning Islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda xorijiy mamlakatlar ilmiy doiralari, Misr tashqi ishlar vazirligi, mamlakatda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik vakolatxonalar, “al-Azhar” majmuasi vakillari hamda Misr va Saudiya Arabistonida istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz ishtirok etdilar.

Konferensiya chog‘ida so‘zga chiqqan Misrning “al-Azhar” universiteti rektori o‘rinbosari, professor Muxammad Abu Zayd Movarounnahr zaminining Islom tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

- Movarounnahr buyuk Islom ulamolari va mashoyixlarini yetishtirib bergan. “Al-Azhar” rahbariyati tarixiy Movarounnahr zaminida joylashgan O‘zbekiston bilan o‘zaro aloqalarni jadallik bilan rivojlantirish va ushbu hududda yashagan buyuk Islom ulamolarining ijodini o‘zaro hamkorlikda o‘rganishdan manfaatdordir, - dedi Abu Zayd.

U, shuningdek, mazkur e’tiborning yaqqol misoli sifatida 2018 yilning oktabr oyida Misr bosh imomi, “al-Azhar” majmuasi shayxi professor Ahmad at-Toyibning O‘zbekistonga amalga oshirgan tashrifini ta’kidladi. “Tashrif davomida shayx hazratlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Oliy Majlis Senati raisi Nig‘matilla Yo‘ldoshev, Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan qabul qilinib, O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish, xususan, ikki mamlakatning ilmiy, diniy va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar”.

Sobiq Misr tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muxammad Abdulqodir al-Xashshob esa o‘z nutqida Misr va Movarounnahr aloqalari tarixi uzoq o‘tmishga borib taqalishini va ularning uzviy bog‘liqligini ta’kidlab o‘tdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tarixiy manbalarda Misr diyorida Movarounnahr allomalari va boshqa o‘zbek xalqi vakillarining ijod qilganliklari to‘g‘risida ko‘plab ma’lumotlarni uchratish mumkin.

Shuningdek, M.A.al-Xashshab o‘zining O‘zbekistondagi uzoq muddatli xizmat safarini eslar ekan, respublikaning boy tarixiy, madaniy va diniy merosini asrab-avaylash davlat siyosati darajasiga chiqarilganini alohida e’tirof etdi.

“Mamlakat rahbariyati rahnamoligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, allomalar va tarixiy shaharlarga bag‘ishlab o‘tkaziladigan tantanalar O‘zbekiston tarixining nechog‘lik buyukligini yaqqol namoyon etadi”, - deya qayd etdi u.

Shu qatorda mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi vakili Bahtiyor Irisov ham tadbir chog‘ida so‘zga chiqib, Movarounnahrning Islom sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi to‘g‘risida o‘z fikrlarini bayon etdi.

- Bu diyor dunyoga Abu Rayhon al-Beruniy, Musa al-Xorazmiy, Ahmad al-Farg‘oniy, Imom al-Buxoriy, Imom az-Zamaxshariy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Mahmud al-Chag‘miniy, Ali Qushchi kabi buyuk allomalarni berdi. Buyuk muhaddis Imom al-Buxoriyning “al-Jomiy as-Sahih” asari esa musulmon dunyosida Kur’oni Karimdan keyingi manba sifatida tan olinishining o‘zi ushbu zaminda Islom dini naqadar rivoj topganining isbоtidir, - dedi diplomat.

O‘zbekiston xalqi mustaqillik yillarida o‘z ajdodlari merosi, qadriyatlari va osoru-atiqalarini tiklash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdi. Xususan, davlat rahbariyatining sa’y-harakatlari natijasida qisqa fursat ichida dunyo hamjamiyati nigohida O‘zbekistonning buyuk tarixi namoyon bo‘ldi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, so‘ngi yillarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan qator muhim muassasalar ochildi va faoliyati yanada kengaytirildi. Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Hadis ilmi maktabi, Toshkent Islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi shular jumlasidandir. Ularning tuzilishi kelajak avlodning Vatanga chin muhabbat ruhida tarbiyalanishiga ko‘mak berishi haqiqatdan yirok emas.

Uch kun davomida konferensiyada o‘nlab xalqaro ilmiy va ta’lim muassasalari vakillarining turli mavzulardagi chiqishlari Movarounnahr tarixiga va bu yerda ijod qilgan mutafakkir olimlarning hayoti va ijodiga bo‘lgan qiziqishning yuksakligidan dalolat beradi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net