MIRZO ULUG?BEK MAKTABI - MAMLAKATIMIZ TA’LIM TIZIMIDA YANGI YO?NALISH

30.08.2019 14:17

Mirzo Ulug‘bek maktabi – mamlakatimiz ta’lim tizimida yangi yo‘nalish

Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida joylashgan Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabini ko‘zdan kechirdi.

 Davlatimiz rahbarining 2017 yil 14 sentyabrdagi qarori asosida tashkil etilgan ushbu o‘quv dargohi fizika, matematika, informatika va astronomiya fanlariga ixtisoslashgan.

 Bu yerda ta’lim jarayoniga Fanlar akademiyasining Astronomiya va Fizika-texnika institutlari xodimlari jalb etilgan. Xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish va seminar-trening tashkil etish maqsadida jalb etiladigan chet ellik pedagoglar uchun mehmonxona, o‘quvchilar uchun yotoqxona qurilgan.

 Innovatsion usullarda dars o‘tish maqsadida aerokosmik texnologiyalar xonasi tashkil etilib, zamonaviy VR BOX, HOLOMAX, QBOX uskunalari o‘rnatilgan. Maktab binosining tom qismida o‘rnatilgan teleskopda o‘quvchilar osmon jismlarini kuzatishi mumkin.

 Robоtotexnika, yosh fiziklar, matematiklar, astronom va informatiklar to‘garaklari ham tashkil etilgan.

 Davlatimiz rahbari maktabning yangi binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, bolalar bilan suhbatlashdi.


 - Bu maktabni Mirzo Ulug‘bek nomi bilan tashkil etganimiz bejiz emas. Bundan faxrlanishingiz, buyuk bobomizga munosib bo‘lishingiz kerak. Buning uchun juda katta intilish, qunt, mehnat zarur. Vatanimizga kerakli yetuk mutaxassislar bo‘lib yetishishingiz uchun hamma sharoitni yaratib beramiz, - dedi Shavkat Mirziyoyev.


 Dars va dam olish vaqtlarini to‘g‘ri taqsimlash, zamonaviy metodikalarni qo‘llab, bolalarning fanlarni yaxshi o‘zlashtirishiga imkoniyat yaratish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net