“Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” instituti –huquqlarimizning muhim konstitutsiyaviy kafolati

23.03.2023 14:41

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda Oʻzbekiston Respublikasida inson huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan eʼtirof etilishi va kafolatlanishi qayd etilmoqda.

Jumladan, unga inson huquqlari himoyasiga oid qator progressiv kafolatlar kiritilmoqdaki, ular zamirida eng asosiy gʻoya, yaʼni inson huquq va erkinliklari ustuvorligi – huquqiy davlatning oliy maqsadi, deb eʼtirof etilishi gʻoyasi yotadi. Aynan mana shu yondashuv asosida Konstitutsiyaning yangi tahririda inson huquqlariga oid normalar 3 barobardan ortiqqa oshmoqda.

“Miranda qoidasi” va “Xabeas korpus” instituti ana shunday yangi kafolatlardandir. Ularning mazmun-mohiyati nimadan iborat?

“Miranda qoidasi” deyarli barcha rivojlangan davlatlarda amal qiladigan, jinoyat sodir etishda gumon bilan ushlangan shaxs huquqlarining asosiy kafolati hisoblanadi.

Bu qoida AQSHda birinchi bor kiritilgan yuridik talab boʻlib, unga binoan, har qanday politsiya xodimi ushlash vaqtida shaxsga uning protsessual huquqlarini tushuntirishi va, albatta, ushlangan shaxsdan mazkur tushuntirishlar mohiyatini anglagani borasida ijobiy javob olishi talab etiladi.

Xususan, shaxs jinoyat sodir etishda gumonlanib, ushlangan vaqtida quyidagilardan aniq xabardor etilishi shart:

– sukut saqlash huquqiga egasiz, aytgan har qanday gapingiz sudda sizga qarshi ishlatilishi mumkin;

– advokat bilan maslahatlashingiz mumkin va bu advokat birinchi soʻroq davomida ishtirok etishi mumkin;

– agar advokat yollash uchun imkoniyatingiz boʻlmasa, sizga bepul ravishda advokat xizmati taʼminlanadi.

Aytish kerakki, shaxsni ushlash vaqti odatda jinoyat ishi yurituvining dastlabki nuqtasi hisoblanadi va aynan mana shu vaqtda shaxs noqonuniy jinoiy taʼqib va gʻayriqonuniy harakatlarga duchor etilishi ehtimoli katta.

Ushlangan shaxs oʻz protsessual huquqlarini yaxshi bilmagan sharoitda u tergov organlari tomonidan aybiga iqrorlik yoki oʻziga qarshi koʻrsatmalar berishga majburlanishi xavfi mavjud. Aynan protsessual ushlash vaqtida inson ruhan stress holatida boʻladi va huquqiy koʻmakka ayniqsa muhtojdir, chunki u bunday murakkab vaziyatda jinoyatda aybi borligini isbotlash majburiyati uning emas, aksincha, butunlay tergov organlariga yuklatilganini anglay olmaydi. Sukut saqlash huquqi esa gumonlanayotgan shaxsga oʻzining jinoyat sodir etishda aybini isbotlash jarayonida ishtirok etmaslik imkoniyatini kafolatlaydi.

Aytish kerakki, “Miranda qoidasi” qisman boʻlsa-da, milliy jinoyat ishlari yurituvida koʻzda tutilgan. Xususan, Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasiga binoan, shaxs oʻzining koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida uning oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlishi va nimada ayblanayotganini bilish huquqiga egadir. Shuningdek, mazkur normada shaxsga oʻzining aybdor emasligini yoki ishning boshqa biror holatlarini isbotlash majburiyati yuklanishi mumkin emasligi kafolatlangan.

Bundan tashqari, ayblanuvchi yoki gumonlanuvchi oʻziga qoʻyilgan ayblov yo gumon xususida hamda ishning boshqa har qanday holatlari toʻgʻrisida koʻrsatmalar berish yoxud koʻrsatmalar berishdan bosh tortishga haqlidir. Shuningdek, u koʻrsatmalaridan jinoyat ishiga doir dalillar sifatida oʻziga qarshi foydalanilishi mumkinligi haqida xabardor boʻlish huquqiga ham ega.

Shu bilan birga, bugungi kunda jinoyat protsessida shaxs huquqlarini yanada ishonchli himoyalash bilan bogʻliq xalqaro standartlarni konstitutsiyaviy mustahkamlash zarurati katta. Xususan, “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy ravishda belgilanishi jinoiy taʼqib ostiga olingan shaxslar, gumon qilinuvchi va ayblanuvchilar huquqlarini taʼminlovchi real kafolat boʻlib xizmat qiladi.

Odatda inson oʻz protsessual huquqlarini jinoyat sodir etishda gumonlanib ushlanganida, yaʼni murakkab vaziyatga tushganidan keyin bilishga intiladi, qachonki shunday konstitutsiyaviy huquqi bor ekanini ayblov eʼlon qilib boʻlinganidan keyin emas, aksincha, bundan avval bilishi va uni taʼminlanishini talab etishi zarur.

Inson huquqlariga oid prinsiplar oʻtgan asrning jinoyat-protsessual kodekslarida belgilangan. Lekin, shubhasiz, oʻsha davrda ular deklarativ ravishda, faqat qogʻozda boʻlgan. Inkvizitsiyaviy jinoyat protsessida isbotlashning eng samarali yoʻli aybiga iqrorlik koʻrsatmalarini olish hisoblanardi. Bu yoʻlda har qanday usullar oʻzini oqlaydi, degan repressiv qoida amal qilardi. Aynan ana shu ogʻir tarixiy davrlarni boshidan kechirgan xalqimizda jinoyat tergovi haqida soʻz borganda hali-hanuz quyidagi stereotip fikrlash saqlanib qolgan: “tergov organlariga kuning tushmasin, tushsa tamom, qutula olmaysan, tergov nima desa, shuni qilishga majbur boʻlasan”. Shubhasiz, bunday stereotiplardan batamom voz kechishimiz zarur, zero, ular odil sudlov prinsiplariga mutlaqo ziddir.

Davlatimiz rahbari 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvdagi nutqida taʼkidlaganidek: “Prezident Xalq qabulxonalariga kelayotgan koʻplab murojaatlar tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, huquq-tartibot organlari tomonidan shaxs qoʻlga olinganida, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekani tushuntirilmaydi. Natijada gumon qilinuvchining huquqlari ushlangan dastlabki vaqtdayoq xavf ostida qoladi. Bunday holatlarning oldini olish maqsadida koʻplab davlatlarning Konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks ettirilgan “Miranda qoidasi”ni qoʻllash lozim. Yaʼni shaxsni ushlash chogʻida uning huquqlari va nima sababdan ushlangani sodda tilda tushuntirilishi shart. Ana shu qoidani Konstitutsiyamizda muhrlab qoʻyishning vaqt-soati keldi”.

“Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday gʻayriqonuniy harakatlar va taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini oladi. Mazkur qoidaga koʻra, shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi talab etiladi. Bu aynan uning ona tili boʻlishi shart boʻlmay, shaxs odatda muloqot qiladigan va yaxshi tushunadigan til boʻlishi kerak. Ushbu qoida ushlangan shaxsga uning huquqlari real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, notoʻgʻri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaydi.

Shaxsning sukut saqlash huquqi inson huquqlariga oid nufuzli xalqaro hujjatlarda ham aks etgan. Mazkur kafolat Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 14-moddasidagi “oʻziga oʻzi qarshi koʻrsatuv berishga yoki oʻzini aybdor deb tan olishga majbur kilinmaslik” qoidasida yanada rivojlantirilgan.

Mazkur talab qator davlatlar konstitutsiyalarida (Niderlandiya, Ispaniya, Gretsiya, Xorvatiya, SloveniyaRossiya, Gruziya, Ukraina, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Moldova va boshqalar) mustahkamlangan.

Masalan, AQSH Konstitutsiyasi 5-qoʻshimchasida birorta shaxs hech bir jinoyat ishi boʻyicha oʻziga qarshi koʻrsatma berishga majbur qilinishi mumkin emasligi belgilangan.

Buyuk Britaniyada ushlash va hibsga olishga oid alohida qonunga binoan, politsiya xodimi shaxsni ushlagan vaqtda: “Siz biror narsa gapirishga majbur emassiz. Lekin keyinchalik sudda aytishni koʻzlayotgan gapingizni soʻroq vaqtida aytmasangiz, bu sizning himoyalanishingizga zarar berishi ehtimoli bor. Nimaiki gapirsangiz, barchasi dalil sifatida ishlatilishi mumkin”, deya shaxsga huquqlarini tushuntiradi.

Yevropa Ittifoqi davlatlarida esa universal shakl – ushlangan shaxslarga ushlanishi bilan darhol qoʻliga protsessual huquqlariga oid xabarnoma topshiriladi, bu tartib IEga aʼzo deyarli barcha davlatlarida amal qiladi.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Bu yangi konstitutsiyaviy qoida nimani anglatadi? Jinoyat boʻyicha isbotlash majburiyati alohida masʼul mansabdor shaxslarga yuklatilgan. Yaʼni dastlabki tergovda shaxsga nisbatan ayblov tergovchi tomonidan eʼlon qilinadi, sud muhokamasida esa ayblovni davlat ayblovchisi qoʻllab-quvvatlaydi. Aynan shuning uchun ham shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash faqat mazkur mansabdor shaxslar zimmasida. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi isbotlash jarayonida ishtirok etishga majbur emas. Agar istasa, shaxs ushlangan vaqtidan to hukm chiqarilgunga qadar umuman sukut saqlashi mumkin – bu uning huquqi.

Yaʼni jinoyatda gumonlanayotgan yoki ayblanayotgan shaxs tergovchiga “Aybdor yoki aybsizligimni isbotlashga majbur emasman, bu sizning majburiyatingiz!” deyishga toʻla haqlidir. Albatta, oddiy turmushimizda bunday vaziyatni tasavvur qilishimiz ancha mushkul. Lekin aslida aybsizlik prezumpsiyasining mazkur qoidasi har bir shaxsga aynan shunday dadil pozitsiyada boʻlishni kafolatlaydi.

Tergov amaliyoti koʻrsatadiki, odatda shaxs ushlanganda yoki unga nisbatan jinoyat ishi ochilganda u ogʻir ruhiy holatga tushadi, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi va oʻz huquqlarini toʻliq anglay olmaydi. Bunday murakkab ruhiy holatda jinoyatda aybi borligini isbotlash oʻzining emas, tergov organlarining vazifasi ekanini tushunmagan fuqarolarimiz oʻziga qarshi koʻrsatmalar berishi, afsuski, hayotimizda koʻplab uchraydigan holatdir.

Aynan shuning uchun ham shaxs oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qoidasining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi tergov organlari tomonidan shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim oʻtkazish kabi salbiy holatlardan himoya qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlanayotgan yana bir muhim kafolat – har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega boʻlish, oʻz shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilinishi huquqiga ega ekanini alohida eʼtirof etish zarur.

Mazkur ajralmas huquqlar borasida soʻz ketganda, albatta, xalqaro darajada umumeʼtirof etilgan hujjat - shaxs erkinligini taʼminlash yoʻlida oʻziga xos yangi davrga asos solgan “Xabeas korpus akt” instituti ahamiyatini taʼkidlash joiz.

“Xabeas korpus” (lot. habeas corpus) – “tanani sudga keltirish”, yaʼni jinoiy taʼqibga uchragan fuqaroning adolatli sud muhokamasiga boʻlgan huquqining tarixan eng qadimiy () eʼtiroflaridan biri hisoblanadi.

Oʻzbekistonda “Xabeas korpus” instituti 2008-yildan tatbiq etilgan boʻlib, uning qoʻllash doirasi yillar davomida izchil kengaytirilib bormoqda, tergov jarayoni ustidan sud nazorati qatʼiy ravishda kuchaytirilmoqda.

Xususan, 2008-2016-yillarda qator protsessual majburlov choralarini (qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi, ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish, shaxsni tibbiy muassasaga joylashtirish, amnistiya aktini qoʻllashga oid iltimosnomani koʻrib chiqish, uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasi) qoʻllash vakolati sudlarga berilgan.

Birgina qamoq ehtiyot chorasining sudlar tomonidan qoʻllanilishi amaliyotidan misol keltirsak, 2022-yilda tergov organlaridan sudlarga kelib tushgan jami 24 ming 118 ta iltimosnomadan 23 ming 503 tasi qanoatlantirilgan, 485 tasi esa rad etilgan, yaʼni 485 shaxsga nisbatan asossiz ravishda qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilishining oldi olingan.

2017-2021-yillarda sud nazorati doirasi yanada kengaytirilib, shaxsning konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga oid qator tergov va protsessual harakatlarga (pasportning amal qilishini toʻxtatib turish, ayblanuvchining tibbiy muassasada boʻlishi muddatini uzaytirish, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlab qoʻyish, murdani eksgumatsiya qilish, qamoqda saqlash yoki uy qamogʻi muddatini uzaytirish) sanksiya berish sudlar vakolatiga oʻtkazildi.

Shuningdek, 2021-yilda ushlab turish muddati shaxs amalda ushlangan, yaʼni erkin harakatlanishga boʻlgan huquqlarning haqiqiy cheklangan paytdan eʼtiboran koʻpi bilan qirq sakkiz soatni tashkil etishi belgilanishi “Xabeas korpus” institutining milliy qonunchiligimizda yanada mustahkam ifoda topishini taʼminladi.

Jinoyat ishi yurituvida shaxsiy daxlsizlik huquqlarini cheklashga oid bunday harakatlar ustidan sud nazorati oʻrnatilgani jinoyat protsessida sudning tergov organlariga nisbatan mustaqilligi, xolisligi va begʻarazligi mohiyati bilan izohlanadi va jinoyat protsessida tortishuv prinsipini kuchaytirishni nazarda tutadi.

“Xabeas korpus akt” instituti doirasini kengaytirish jarayonining mantiqiy davomi sifatida endi xususiy mulk daxlsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligini cheklashga oid tergov harakatlarining barchasi (telefon va boshqa telekommunikatsiya qurilmalari orqali soʻzlashuvlarni eshitib turish, tintuv, pochta-telegraf joʻnatmalarini xatlash, mol-mulkni xatlash) faqat sudning ruxsati bilan oʻtkazilishi tartibi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanmoqda.

Yangi tahrirdagi konstitutsiyaviy normaga binoan, mazkur huquqlarning cheklanishiga faqat qonunda belgilangan hollarda va tartibda, sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyiladi.

Konstitutsiyamizning yangi tahririga koʻra, mazkur qoida bilan fuqarolarning shaxsiy hayot, uy-joy va xususiy mulk daxlsizligi huquqlari yanada mustahkamlanmoqda.

Endi tergovchi, surishtiruvchi va prokuror tintuv oʻtkazish, telefon soʻzlashuvlarini eshitish va mulkni xatlash zaruratini sudga asoslantirishi kerak boʻladi.

Shaxsning konstitutsiyaviy daxlsizlik huquqini cheklashga oid bu harakatlar sud ruxsati bilan amalga oshirilishi natijasida tergov davrida fuqarolarning mulk, turar joy va shaxsiy hayotga oid maʼlumotlari daxlsizligi asossiz buzilishining oldi olinadi. Zero, sudning jinoyat ishi yuzasidan hech bir idoraviy yoki boshqa manfaati yoʻqdir, u betarafdir.

Daxlsizlik huquqlariga oid mazkur kafolatlar qator xalqaro xujjatlarda ham mustahkamlangan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 12-moddasida “hech kimning shaxsiy va oilaviy hayotiga oʻzboshimchalik bilan aralashish, uy-joyi daxlsizligiga, uning yozishmalaridagi sirlarga yoki uning nomus va shaʼniga oʻzboshimchalik bilan tajovuz qilinishi mumkin emas”ligi belgilangan.

Fuqaroviy va siyosiy huquqlar boʻyicha xalqaro paktning 17-moddasida “hech kim oʻzining shaxsiy va oilaviy hayotiga oʻzboshimchalik yoki noqonuniy tarzda aralashishga, oʻzining uy-joyi yoki yozishmalari siri daxlsizligiga oʻzboshimchalik yoki noqonuniy tarzda tajovuz qilinishiga yoki uning or-nomusi va shaʼniga noqonuniy tajovuz kilinishiga duchor etilishi mumkin emasligi va har bir inson xuddi shunday aralashuv yoki tajovuzlardan qonun orqali himoya etilish huquqiga ega”ligi eʼtirof etilgan.

Shuningdek, 1950-yil 4-noyabrdagi Yevropa inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish toʻgʻrisidagi konvensiyaning 8-moddasiga koʻra, “har kim oʻz shaxsiy va oilaviy hayoti, uy-joyi va yozishmalari hurmat qilinishi huquqiga egadir”.

Mazkur kafolatlar rivojlangan davlatlar konstitutsiyalarida ham mustahkamlangan. AQSH Konstitutsiyasining 6-qoʻshimchasida hech bir shaxs qonuniy sudda koʻrilmay, hayoti, erkinligi yoki mulkidan mahrum etilishi mumkin emasligi belgilangan.

Yangi tahrirdagi Bosh qonunimizda “Xabeas korpus” institutining mantiqiy izchillikda kengaytirilishi orqali shaxsiy hayot, xususiy mulk va uy-joy daxlsizligi himoyalanishi hamda sudning qarorisiz mazkur huquqlardan mahrum etilishga yoʻl qoʻyilmasligining belgilanishi fuqarolarimizning daxlsizlik kafolatlari qatʼiyligini mustahkamlaydi.

Shuningdek, mazkur konstitutsiyaviy kafolatlar sud-tergov jarayonlarida huquqni muhofaza qiluvchi organlarni noqonuniy harakatlardan tiyib turishga, ular tomonidan fuqarolarning shaxsiy hayot daxlsizligiga oid huquqlarining oʻzboshimchalik bilan buzilishiga yoʻl qoʻymaslikka, shaxsning yashash joyiga asossiz kirish, uy-joy daxlsizligini buzish, fuqarolarni mulkidan asossiz mahrum etilishi holatlarini bartaraf etishga xizmat qiladi.

Eng muhimi, bu konstitutsiyaviy yangilanishlar orqali tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida shaxs huquqlariga oid tergov xatolariga yoʻl qoʻyilmasligi hamda fuqarolarimizning sudlarga boʻlgan qatʼiy ishonchini oshirishga erishiladi.

Bosh qonunimizga kiritilayotgan yangi kafolatlar butun jahon eʼtirof etgan “oltin qoidalar” boʻlib, ularning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi fuqarolarimizning huquq va erkinliklari himoya qilinishining yangi va ishonchli mexanizmini ishga soladi. Shuningdek, bu progressiv qoidalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda qatʼiylashtirilishi fuqarolarimizni asossiz va qonunga xilof jinoiy taʼqibdan himoya qiladi, tergov organlari tomonidan jinoyatda ayblanayotgan shaxslar huquqlari buzilishining oldini oladi.

 

Surayyo Rahmonova,

yuridik fanlar doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net