“MAMLAKAT USTUNI, DAVLAT TAYANCHI”

25.01.2024 02:41

“...(Alisherning) unvonlarini bunday deb yozar edilar: “Hidoyat sohibi, sharaf va hurmatning oliy nuqtasi, din va davlat arboblarining sarasi, yurt va millat peshvolarining quvvati, xayrli ishlarning tashabbuskori, xayru ehson muassasalariga ravnaq beruvchi, saltanat ustuni, podshohlarni qoʻlidan yetaklovchi, sulton davlatining umidi va ishonchi, sultonning yaqin doʻsti, haqiqat va din nizomi Amir Alisher”.

 

(Xondamirning “Ravzat us-safo” asaridan).

 

Bu yil 9-fevral kuni ulugʻ shoir va mutafakkir Alisher Navoiy tavalludining 583-yilligi keng nishonlanadi. Ushbu muborak sana bilan bogʻliq madaniyat va maʼrifat tadbirlarining barchasi mantiqan bir-birini toʻldirib, el-yurtimiz maʼnaviyatini yuksaltirishda ulkan ahamiyat kasb etishi tayin.

Navoiy hayoti va faoliyatiga oid yangi asar

Alisher Navoiy maʼrifatparvar shaxs sifatida oʻzi yashagan davrda ham, keyingi davrlarda ham tarixiy manbalarda alohida qayd etilib, sheʼriy asarlarda keng taʼrif va tavsif qilingan. Besh asrdan ziyod muddat mobaynida buyuk shoirning hayot yoʻli va ijodiy faoliyati haqida juda koʻp kitoblar yozilgan.

Hazrat Alisher Navoiy asarlari magʻziga singdirilgan hayotiy falsafa zamirida odamiylik va bagʻrikenglik, ezgulik va adolatparvarlik gʻoyalari oʻz mujassamini topgan. Yangi Oʻzbekistonni barpo etayotgan va uchinchi Renessans poydevorini tiklayotgan zamondoshlarimiz shunday ezgu fazilatlarning sohiblari boʻlishi farzu qarzdir. Nega deganda, Oʻzbekiston Prezidentining “Maʼnaviyat boshqa sohalardan oldinda yurishi, yangi kuchga, yangi harakatga aylanishi kerak”, degan chorlovi aynan shuni taqozo etadi.

Birgina XX asrda yurtimizning oʻzida Izzat Sulton, Vohid Zohidov, Oybek, Aziz Qayumov, Hamid Sulaymonov, Natan Mallayev, Suyima Gʻaniyeva kabi zabardast olimu adiblar Alisher Navoiy ijodiyotining turli qirralariga bagʻishlangan ilmiy, tarixiy va adabiy-badiiy asarlarini chop ettirgan. Yangi yuz yillikda — mamlakatimizda navoiyshunos olim va adiblarning izchil izlanishlari yanada yuksak bosqichlarga koʻtarilmoqda.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov ayni sohaning izchil fidoyi tadqiqotchisi va peshaqadam mualliflaridan biri hisoblanadi. Bu fikrimizni olimning 2023-yilda nashrdan chiqqan “Amir Alisher. Hayoti va faoliyati” nomli kitobi ham yaqqol tasdiqlab turibdi.

Yangi kitob qaysi jihatlari bilan boshqa asarlardan farq qiladi? Mazkur nashrning ilk varagʻidagi muxtasar izoh (rezyume)da qayd etilganidek, asosiy farqli xususiyatlar shundaki:

birinchidan, Alisher Navoiy hayoti va faoliyati bilan bogʻliq ilk qoʻlyozma manbalar qayta koʻrib chiqilgan;

ikkinchidan, XX asrgacha boʻlgan davrda bitilgan maʼlumotlarning ilk manbalardan farqlanish darajasi aniqlangan;

uchinchidan, ulugʻ shoir va davlat arbobi hayotining baʼzi nomaʼlum tomonlari oydinlashtirilgan;

toʻrtinchidan, bir qancha yangi axborotlarni taqdim etish orqali Navoiy hazratlarining hayoti tafsilotlarini toʻliq tasavvur qilish imkoniyati yaratilgan.

Shu maʼnoda, yangi kitob taniqli navoiyshunos olimning uzoq yillik izlanishlari sintezi hisoblanadi. Ushbu asar, taʼbir joiz boʻlsa, muayyan mavzudagi chuqur ilmiy-ijodiy tadqiqot jarayonlarining oʻziga xos salmoqli sarhisobidir.

 

Ikkinchi Sharq Renessansining buyuk namoyandasi

Ushbu kitobda, muallifning oʻzi ham eʼtirof etganidek, “Alisher Navoiyning tarjimayi holi eng qadimiy, ilk manbalarda berilgan maʼlumotlar asosida” yoritilgan. Bu ilmiy-tarixiy nuqtayi nazardan juda muhim.

Chunki Yangi Oʻzbekiston bilan bogʻliq bugungi davr voqeligi Alisher Navoiyning xalqimiz va jahon madaniyati hamda ilm-fani rivojiga qoʻshgan ulkan hissasini yanada keng targʻib etishni kun tartibiga qoʻymoqda. Bunda mustaqillik sharofati bilan Navoiy biobibliografiyasini toʻliq oʻrganish va haqiqiy tarjimayi holini yaratish, ul zotning ijodi va maʼnaviy merosini aslicha, mohiyatini teran tushungan holda tadqiq etish borasida yuzaga kelgan imkoniyatlardan izchil va samarali foydalanish talab etiladi.

Bunday yangicha amaliy qadamlar, avvalo, maʼnaviyatimiz yuksalishi, koʻhna tariximiz tiklanishi uchun kerak. Ayni chogʻda, bunday zamonaviy yondashuv Alisher Navoiy hamda oʻz hayoti va ijodi bilan Sharq xalqlari madaniyatini yaqinlashtirgan boshqa oʻnlab allomalar, shoir va mutafakkirlarning boy ilmiy-adabiy merosini oʻrganish, ular qoldirgan noyob kitob va qulyozma asarlarni dunyoning turli tillariga tarjima qilish, nashr etish, ommalashtirish bilan bogʻliq tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlash, bu olamshumul moddiy-maʼnaviy merosni xalqlar doʻstligini mustahkamlashga xizmat qildirish maqsadlarini roʻyobga chiqarishda nihoyatda ahamiyatlidir.

Binobarin, buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri, atoqli davlat va jamoat arbobi, taʼlim-tarbiya va ilm-fan, maʼnaviyat va madaniyat, ona tilimiz va adabiyotimiz homiysi boʻlgan Navoiy hazratlari — xalqimiz maʼnaviy dunyosining shakllanishiga gʻoyat kuchli va samarali taʼsir koʻrsatgan yorqin siymolarimiz sirasiga kiradi. Alisher Navoiy ikkinchi Sharq Uygʻonish davrining yirik namoyandasi sifatida jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida oʻrin tutadi.

Ulugʻ ajdodimizning adabiy merosi behad ulkan va serqirra boʻlib, birgina sheʼriy asarlarining oʻzi 100 ming satrdan ortiqdir. Akademik Sh. Sirojiddinov taʼbiri bilan aytganda, “Bunday shoir jahon adabiyotida sanoqli desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi”.

Navoiy bobomizning nafaqat shoir, balki adabiyotshunos maqomidagi tadqiqotlari ham oʻta muhim boʻlib, ayni yoʻnalishdagi samarali faoliyati turkiy va forsiy adabiyotni rivojlantirishda ulkan ahamiyat kasb etdi. Biz talqin qilayotgan kitob muallifi taʼbiri bilan aytganda, “U “Mezon ul-avzon” asarida aruz tizimini tartibga solgan boʻlsa, Sharq sheʼriyatining muammo, qasida kabi XV asrga kelib deyarli unutilayozgan janrlarini tiklashga alohida eʼtibor berdi”.

Yana bir muhim jihati shundaki, Alisher Navoiy rahnamolik qilgan Hirot adabiy muhitining rivoji uchun sultonning oʻzi katta sharoit va qulayliklar yaratib bergan. Shu tariqa buyuk mutafakkir nomi yetti iqlim fozillari va sanʼatkorlari homiysi sifatida dovrugʻ topgan.

Hazrat Navoiyning beminnat ezguliklari borasida juda koʻp tazkiranavislar, tarixchilar, shoirlar, olimlar oʻz asarlarida shohidlik bildirgan. Buning isbotini ulugʻ ajdodimizning zamondoshlari asarlarida, uning shaʼniga hatto koʻplab xattot va kotiblar tomonidan bitilgan turli madhiyalarda ham uchratish mumkin.

Turkiy adabiy til asoschisi

Oʻzbekiston Prezidenti bugungi murakkab va tahlikali hayot oldimizga qoʻyayotgan vazifalardan kelib chiqib, maʼnaviyat va maʼrifat sohasida qator dolzarb masalalarni hal etishga eʼtiborni qaratib kelmoqda. Shu ustuvor vazifalardan biri — oʻzbek tilining davlat tili maqomini amalda kuchaytirishdir.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 2023-yil 22-dekabr kuni boʻlib oʻtgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashining kengaytirilgan yigʻilishida ham oʻzbek tilini oʻqitish samarasini oshirish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Milliy sertifikatga ega boʻlgan “Oʻzbek tili va adabiyoti” fani oʻqituvchilariga yangi oʻquv yilidan boshlab 50 foiz ustama toʻlanishi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, boshqa tillarda taʼlim olgan hamyurtlarimizni davlat tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish choralari koʻrilishini qayd etdi. Boshqa tillarga ixtisoslashtirilgan maktablarda davlat tilini oʻqitish soatlari koʻpaytirilishi, oʻzbek tili boʻyicha xalqaro fan olimpiadasi tashkil etilishi taʼkidlandi.

Shu maʼnoda, “Amir Alisher. Hayoti va faoliyati” kitobida buyuk ajdodimizning turkiy adabiy til asoschisi ekaniga oid qiziqarli maʼlumotlar taqdim etilgani diqqatga sazovor. Bu, bir tomondan, mazkur asarning nechogʻlik dolzarbligini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, ona tilimizning shakllanishi, rivojlanishi, xususan, olis tarixda davlat tili maqomiga olib chiqilishi yoʻlidagi murakkab va gʻoyatda ahamiyatli saʼy-harakatlarga taalluqli ilmiy maʼlumotlar zamondoshlarimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bilimini tubdan oshirishga xizmat qiladi.

Masalan, Alisher Navoiyning turkiy til mavqeini koʻtarish yoʻlidagi kurashi haqida fikr yuritganda, birinchi navbatda, “Muhokamat ul-lugʻatayn” asariga toʻxtalish ayni muddaodir. Zero, ushbu asar timsolida uning muallifi tilimizning boy imkoniyatlarini koʻrsata olgan va arab hamda fors tillaridan hech qaysi jihatdan kam boʻlmagan goʻzal va qudratli til ekanligini isbotlab bergan zabardast tilshunos olim sifatida oʻzini yorqin namoyon etgan.

Hazrat Navoiy yashagan davrlarda, akademik Sh. Sirojiddinov qayd etganidek, fors tili — sheʼriyat tili, arab tili — ilmiy til deb qabul qilingani holda, turkiy tilga esa avom tili sifatida qarash mavjud boʻlgan. Bu, albatta, moʻgʻul bosqinchiligi tufayli yoʻq qilib yuborilgan turkiy xalqlarning koʻp ming yillik davlatchilik tajribasi va boy maʼnaviy-adabiy merosi, shonli tarixi va insonparvar qadriyatlari qatori fusunkor tilini ham tiklash qiyin kechgani bilan bogʻliq muammolarning oqibatidir.

Shuning uchun, kitob muallifi eʼtibor qaratganidek, “Hatto Temur saroyida turkiy tilning davlat tili darajasiga olib chiqish ishlari oxiriga yetkazilmay qolgan. Shunday bir sharoitda Alisher Navoiy oʻz oldiga turk-oʻzbek tili maqomini tiklash maqsadini qoʻydi”.

Shu maʼnoda, bugungi kunda xorijda va yurtimizda oʻzbek tilini oʻrganish boʻyicha zamonaviy texnologiyalarni ishlab chiqishda ona tiliga muhabbat, uni ulugʻlash, beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuygʻusi ham ongu tafakkurimizga, yuragimizga, avvalo, Alisher Navoiy asarlari bilan kirib kelgani bizga nihoyatda qoʻl keladi. Zotan, ulugʻ ajdodimiz oʻzining oʻzbek tili maqomini tiklashdek ezgu maqsadiga erishdi — butun mamlakatni yakqalam, yaʼni bir tilli qildi.

Sevimli shoirimiz Abdulla Oripovning mashhur “Oʻzbekiston” qasidasida eʼtirof etilganidek:

“Temur tigʻi yetmagan joyni

Qalam bilan oldi Alisher”.

Shunday qilib, Millat Sardori soʻzlari bilan aytganda, “Ulugʻ shoir oʻzining sheʼriy va nasriy asarlarida yuksak umuminsoniy gʻoyalarni, ona tilimizning beqiyos soʻz boyligi va cheksiz ifoda imkoniyatlarini butun jozibasi va latofati bilan namoyon etib, yer yuzidagi millionlab kitobxonlar qalbidan munosib va mustahkam oʻrin egalladi".

Navoiyshunoslik: hali oʻrganilmagan yoxud bahsli mavzular

talqini

Mustaqillik yillarida navoiyshunoslik ham koʻzga koʻrinarli yutuqlarga erishdi. Mustabid tuzum davrida man etilgan mavzular, jumladan, ulugʻ shoir ijodidagi qurʼoniy asoslar, sufiyona dunyoqarash masalalarida bir qancha tadqiqotlar yaratildi.

Shu bilan birga, navoiyshunoslikda hali-hanuz atroflicha koʻrib chiqilmagan ayrim muammolar, qaltis va “nozik” sanalgan muayyan mavzular borligidan ham koʻz yumib boʻlmaydi. Akademik Sh. Sirojiddinov ayni shunday mavzulardan ayrimlarini ilmiy-tarixiy nuqtayi nazardan chuqur tahlil qilgan.

Kitob muallifi bu murakkab izlanishlar jarayonida Navoiy bobomizning shaʼni va shavkati, qadri va qimmati, obroʻ va eʼtibori zigʻircha ziyon koʻrmasligini qatʼiy hisobga olgan. Shuning barobarida, har qanday bahsli masalalar turli birlamchi manbalar asosida yoritilgani, bunda tarixiy haqiqat va ilmiy xolislik tamoyillariga izchil rioya etilgani diqqatga sazovor, deb hisoblaymiz.

Shuni ham aytish kerakki, navoiyshunos olimning ilgari eʼlon qilingan mavzuga doir tadqiqotlarida, xususan, 2011-yili chop etilgan “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” nomli asarida navoiyshunoslikka shu kungacha maʼlum maʼlumotlarning asl holati oʻrganilgan. Bunda qiyosiy tipologik-tekstologik tahlildan oʻtkazish orqali XX asrgacha boʻlgan davr oraligʻida yaratilgan manbalardagi maʼlumotlarning ilk maʼlumotlardan farq qilish darajasi aniqlangani diqqatga loyiqdir.

Misol uchun, akademik Sh. Sirojiddinov tarixiy manbalarni atroflicha oʻrganish asnosida Navoiy hazratlarining bobosi Abu Saʼid Bek temuriyzoda Husayn Boyqaroga juda ham yaqin inson boʻlgan, degan xulosaga keladi. Bu oʻrinda “Hatto taxminimizcha, ayni Abu Saʼid Boyqaro Mirzoga emikdosh-koʻkaldosh boʻlgan boʻlishi mumkin va shu jihatdan Boyqaro qayerda yashamasin, u bilan birga boʻlgan”, deb yozadi kitob muallifi.

Shu negizda navoiyshunos olim kutilmagan, lekin muayyan tarixiy va ilmiy-nazariy asosga ega boʻlgan shunday xulosaga keladi. Yaʼni, Mir Alisher Amir Temurning toʻrt oʻgʻlidan biri — Shohrux Mirzo hukmdorligi davrida isyonkorligi uchun qattiq jazolangan va nonkoʻrlikda ayblangan Husayn Boyqaroni tarixiy asarlarda oqlash va ayni chogʻda uning yaqin safdoshi boʻlgan oʻz bobosi bilan faxrlanishning iloji yoʻqligini teran anglab yetgan.

Akademik Sh. Sirojiddinov asosli baho berganidek, Navoiy bobomiz temuriylar tarixiga soya tushirmaslik tarafdori boʻlgan. Binobarin, kitobda: “Mir Alisherning Boyqaro xonadoni va oʻz ota-bobolari ismlarini tilga olmay oʻtishining sababi shu bilan izohlanishi mumkin”, deb yozilgani mantiqqa toʻgʻri keladi.

Navoiyshunoslikda noaniq boʻlib kelgan yana bir chalkash mavzu: Alisher Navoiy Samarqandga surgun qilinganmi? Kitobda ushbu savol atrofidagi masalalarga daxldor bir qancha manbalarni oʻrganish va yangicha negizda tahlil etish orqali eng maqbul javobni ilgari surish yoʻlidan borilgani diqqatimizni tortdi.

Xususan, V. Bartold Mirzo Bobur soʻzlariga tayanib, Alisher Navoiy Samarqandga Abu Saʼid tomonidan surgun etilgan, degan fikrni maʼqullagan. Bunda Mir Alisherning oʻzi tahsil uchun borganligini aytgan boʻlsa-da, “U paytlarda tahsil uchun Hirotdan Samarqandga bormas edilar” degan mulohazasi bilan ushbu dalilni inkor etgan. Natijada aksariyat navoiyshunoslar V. Bartoldga tegishli “Navoiyning Hirotdan Samarqandga ketishi surgun sifatida qaralishi lozim”, degan bahstalab xulosaga tayangan va uni rivojlantirish yoʻlidan borgan.

Oʻz navbatida, Ye. Bertels ham “Navoiy” monografiyasida buyuk shoirning Samarqandga borganligini surgun deb hisoblagan. U oʻzining ushbu xulosasini “bu paytlarda Samarqand ilm-fan markazi emas edi”, degan fikri bilan izohlagan.

Akademik Sh. Sirojiddinov bu boradagi turli yondashuvlarni tanqidiy tahlil etar ekan, avvalo, Mirzo Boburning fikri notoʻgʻri talqin qilinganiga eʼtiborni qaratgani ahamiyatli. Xususan, “Zahiriddin Muhammad Bobur aslida “Abu Saʼid Navoiyni Samarqandga nega surgun qildi?” deb emas, balki “Bilmayman, qaysi gunohi uchun Hirotdan chiqarib yubordi?” degan mazmunda gapirgan”, deya qayd etgan olim.

Kitobda oʻzbek olimining ayni masalaga oʻz bahosi ham taqdim etilgan. Yaʼni, akademik Sh. Sirojiddinov taʼkidlaganidek, “Navoiy oʻzi eʼtirof etgancha, Hirotni tark etishiga “chorasizlik, falokat, taqdir va xafagarchilik” sabab boʻlgan boʻlsa, bu uning oʻzigagina maʼlum boʻlgan sabablarga koʻra roʻy bergan. Navoiy Abu Saʼid Mirzo zamonida siyosat bilan shugʻullanmagan bir shoir edi”.

Bundan tashqari, Alisher Navoiyning Astrobodga hokim etib yuborilishi sabablari haqida ham navoiyshunoslikda turli qarashlar mavjudligi ochiq-oshkora tan olingan. Zero, ulugʻ ajdodimizning Astrobodga joʻnatilishiga hozirgi navoiyshunosligimiz surgun sifatida qarashi hech kimga sir emas.

Kitob muallifi ushbu muammoga ham haqiqatga imkon qadar yaqin fikrlarni ilgari surgan. Xususan, u A. Semyonov singari bir qator navoiyshunos olimlar xulosalariga tayangan holda, “Astrobod Sulton Husaynning eng boy va muhim viloyati ekanligini, unda, asosan, shahzodalar yoki sultonning oʻta ishonchli kishilari hokimlik qilib kelganliklari va Alisherning Astrobodga hokim etib tayinlanishini “uzoq viloyat”ga “faxriy surgun” sifatida tushunish mumkin emas”, deb hisoblaydi.

   

Adolatli davlat arbobi

Alisher Navoiy hayoti va faoliyatiga qiziqish oʻz zamonasidan bugungi kunga qadar soʻnmay kelmoqda, ayniqsa, keyingi yillarda tubdan kuchayib bormoqda. Tabiiyki, ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot ilgarilagani sari inson tafakkuri muayyan voqea-hodisaga nisbatan turli qarashlarni namoyon etadi.

Bunday qarashlar, har bir davrda paydo boʻlgan gʻoyaviy-estetik yoʻnalishlar negizida tugʻilishini nazarda tutsak, tarixiy shaxslar faoliyati ana shu gʻoyaviy-badiiy hodisaning murakkab tafakkur mevasidir. Akademik Sh. Sirojiddinov qalamiga mansub yangi kitobning “Amir Alisher va saroy” deb nomlangan ikkinchi qismi toʻlaligicha Navoiy bobomizning 35 yildan ortiq saroy xizmatida boʻlgan davri tafsilotlariga bagʻishlanganini xuddi shu omil bilan izholash joiz.

Temuriylar davlati tarixi haqida soʻz borganda, Alisher Navoiy nomi mashhur davlat arbobi sifatida alohida tilga olinishini faxr va iftixor bilan eʼtirof etamiz. Bu eʼtirofimizni sulton Husayn Boyqaro ul zotni “Mamlakat ustuni, davlat tayanchi”, deb taʼriflagani baralla tasdiqlaydi.

Shu maʼnoda, oʻzbek olimining fikricha, Alisher Navoiy nomi tarix zarvaraqlarida mangu naqshlanishining sabablari quyidagi uchta asosga bogʻliq:

birinchi asos — benazir, demak, tengsiz va oʻxshashi yoʻq isteʼdodidan darak beruvchi asarlar yozgani;

ikkinchi asos — mashhur davlat arbobi boʻlgani;

uchinchi asos — uni ulugʻ pir maqomiga yuksaltirgan munosib xulq-atvor sohibi darajasiga yetganidir.

Aslida ham, Alisher Navoiy hamisha shariat qonun-qoidalari va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam sunnatiga muvofiq holda, davlat va xalq manfaatlarini koʻzlab ish tutgan. Har bir holatda zoʻravonlikka uchragan mazlumlarning muammolarini adolat nuqtayi nazaridan hal qilgan.

Alisher Navoiy Amiri kabir — Bosh vazir sifatida uzoq yillar davlat boshqaruvining eng muhim va nozik boʻgʻinlarida, sud-adliya, ichki ishlar, soliq tizimi, tashqi diplomatik aloqalar, ichki nizolar, chegara muammolari, umumxalq yigʻinlari va tadbirlarida davlat bilan xalq manfaatlarini doim uygʻunlashtirgan va qatʼiy himoya qilgan. Oʻz navbatida, kitob muallifi yozganidek, “Navoiydagi bagʻrikenglik, adolatlilik, donolik, siyosatdonlik va fuqarolar gʻamini yeyish fazilatlari Sultonga davlatni adolatli boshqarishda yaqindan yordam bergan”.

Akademik Sh. Sirojiddinov ayni shu masalalar yuzasidan mutlaqo yangi, xalq iborasi bilan aytganda, tesha tegmagan fikrlarni ilgari surgani juda muhim. Uning ishonch bilan taʼkidlashicha, “Olimlarimizning tarixiy voqelikdan ancha chetga chiqib ketishlariga, oʻz fikrlarini aytishdan koʻra bir-birlariga suyanib fikr yuritishlari sabab boʻlgan. Ilk navoiyshunoslarning sovet tuzumi mafkurasidan kelib chiqib, Navoiy “haqiqatni aytishdan qoʻrqmagan shoir” boʻlgani uchun Sulton “uning zaharli soʻzlaridan qutulish uchun badargʻa qildi” tarzidagi talqinlari haqiqatga toʻgʻri kelmaydi”.

“Makorim ul-axloq” (“Goʻzal xulqlar”) asariga koʻra, Alisher Navoiy podshoga biror qaror yoki masala yuzasidan oʻz fikrini himoya qilish maqsadida toʻqqiz martagacha murojaat etish huquqiga ega boʻlgan. Lekin, zamondosh navoiyshunos olim haqli ravishda qayd etganidek, “Alisher Navoiy Sultonga tobe kishi sifatida hech qachon haqiqatni baralla ayta olmagan, balki mavridi bilan tushuntirishga uringan”.

Akademik Sh. Sirojiddinov asosli taʼkidlaganidek, “Alisher Navoiy hayoti va faoliyati haqida maxsus yozilgan ikki muhim manba bizga yetib kelgan. Bu Gʻiyosiddin Xondamir va Zayniddin Vosifiy qalamiga mansub xotiralar toʻplamidir”.

Xususan, Xondamir oʻzining “Makorim ul-axloq” asarida hazrat Navoiyning maʼnaviy qiyofasini toʻla aks ettira olgan. Ulugʻ mutafakkirning tahsinga sazovor fazilatlari haqida toʻxtalganda, mashhur tarixnavis bir oʻrinda Amir Alisherni “bolalikdan Alloh nazar solgan shaxs” deb taʼriflagan boʻlsa, boshqa bir sahifada valiylarga xos siyratini koʻrsatishga alohida eʼtibor qaratgani kabi dalillar ham ayni fikrning haqqoniyligini isbotlaydi, nazarimizda.

Shu bilan birga, taniqli navoiyshunos olim “Makorim ul-axloq” asari muallifining kamchiligini ham topib bera olgan. Gap shundaki, “muallifda aniq maʼlumotlar berish imkoniyati boʻla turib, birinchidan, koʻp hollarda, voqea-hodisalarning sanasini zikr etmagan va ikkinchidan, Navoiy hayotini sanaviy izchillikda ochib bermagan”, deb yozadi akademik Sh. Sirojiddinov.

Ayni shu nuqtayi nazardan, olimning “Amir Alisher. Hayoti va faoliyati” nomli kitobida Amir Nizomiddin Alisherning shaxsiyati va davlat arbobi sifatidagi faoliyati aniq xronologiya asosida yoritilgani tahsinga sazovor.

Ushbu kitob muallifning 2011-yilda nashr etilgan “Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili” monografiyasining maniqiy davomidir. Chunki Navoiy hazratlariga bagʻishlangan yangi asarda oldingi kitobda tahlilga tortilmagan nodir tarixiy asarlar va tazkiralardagi maʼlumotlar atroflicha tahlil etilgani eʼtibor va eʼtirofga munosibdir.

 

Akmal Saidov,

akademik, yuridik fanlar doktori,

Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi

 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net