Malayziyadagi eng yirik sayyohlik ko'rgazmasida O'zbekistonning sayyohlik dasturlari keng targ'ib qilindi

25.03.2024 02:08

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston diplomatlari Malayziya xalqaro savdo va ko'rgazmalar markazida (MITEC) o'tkazilgan "MATTA Fair" yirik sayyohlik ko'rgazmasida ishtirok etishdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ko'rgazmaga tayyorgarlik doirasida elchixona tomonidan olib borilgan tizimli chora-tadbirlar natijasida O'zbekistonning sayyohlik dasturlari Malayziyaning 20 dan ortiq yirik turkompaniyalari pavilyonlari orqali keng targ'ib qilindi.

Xususan, tarixiy-madaniy turizm, ziyorat turizmi, qishki turizm, gastronomik turizm, Ipak yo'li tarixiy shaharlari bo'ylab temir yo'l turizmi kabi sayyohlik dasturlari va ishbilarmonlik turizmi (MICE) imkoniyatlari malayziyalikda katta qiziqish uyg'otdi. Shuningdek, ko'rgazma ishtirokchilariga respublikada zamonaviy sayyohlik xizmatlari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi. Malayziya fuqarolari uchun respublikaga 30 kungacha vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta'kidlandi.

Ikki mamlakat o'rtasidagi "Uzbekistan Airways" va "Batik Air Malaysia" aviakompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari, respublikaning asosiy tarixiy shaharlarini bog'lovchi tezyurar poyezdlar tizimi sayyohlarga katta qulayliklar yaratayotgani bildirildi.

Ko'rgazma yakunida 2024-yilda O'zbekistonga qo'shimcha 2 ming nafar sayyohni jalb qilish bo'yicha aniq kelishuvga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net