Malayziya poytaxtida Navro'z bayrami keng nishonlandi

24.03.2024 02:10

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi tomonidan "Olam nurga to'lsin sen bilan, Navro'z!" degan bosh g'oya asosida bayram tadbiri tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda 40 dan ortiq Malayziyada mehnat faoliyatini olib borayotgan respublikamiz fuqarolari va oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o'zbekistonlik talabalar ishtirok etdi.

Diplomatik vakolatxona rahbari o'z nutqida ishtirokchilarni bayram munosabati bilan samimiy qutlab, ularga so'nggi yillarda mamlakatimiz hayotining turli jabhalarida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma'lumot berdi.

Tadbir davomida "O'zbekiston – 2030" strategiyasida belgilangan muhim vazifalar va 2024 – "Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili"da amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbirlarga e'tibor qaratildi. Ishtirokchilar bilan Malayziyada O'zbekistonning boy madaniy merosi va turizm salohiyatini keng targ'ib qilish, o'zbek tili, madaniyati va milliy an'analarni keng ommalashtirish bo'yicha fikr almashildi.

O'zaro muloqot doirasida yurtdoshlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlash, ularning muammolarini o'rganish va hal etish bo'yicha elchixona tomonidan doimiy ravishda ishlar olib borilayotgani ta'kidlandi. Shuningdek, Malayziyaga o'qishga va ishlashga tashrif buyurgan o'zbekistonlik yoshlarga mezbon davlat qonun-qoidalariga rioya etish zarurligi eslatilib o'tildi.

Mehmonlar uchun bayram dasturxoni bezatilib, milliy taomlar tortildi. Shuningdek, tadbir yakunida vatandoshlarimiz "Dunyo" AA uchun intervyular berishdi.

 "UCSI" universiteti talabasi Sevara Fayziyeva:

– Bugun chiroyli bayram – Navro'z ayyomi munosabati bilan Malayziyada mehnat faoliyatini olib borayotgan vatandoshlar va tahsil olayotgan yoshlar yig'ildik.

Mazkur yasharish va yangilanish ayyomi bizning eng qadimiy an'ana va urf-odatlarimizni targ'ib qiluvchi, boy qadriyatlarimizni tarannum etuvchi shodiyonalardan biridir. Madaniy tadbir ko'tarinki ruhda o'tmoqda.

Ushbu fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni, ko'p millatli xalqimizni Navro'z bayrami bilan tabriklayman!

 "City" universiteti talabasi Xushnud Fatxiddinov:

– Malayziyada ikki yil mobaynida biznes boshqaruvi yo'nalishida tahsil olib kelmoqdaman.

Bugun O'zbekistonning Kuala-Lumpur shahridagi elchixonasi tomonidan tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etganimdan mamnunman. Ushbu bahor ayyomi uyg'onish va yangilanish timsoli deb hisoblayman. Unda yaqinlarimiz va do'stlarimizga bahoriy kayfiyat ulashib, dillarimiz yanada quvonch va shodlikka to'ladi.

Fursatdan foydalanib, Malayziyada tahsil olayotgan yoshlar nomidan o'zbekistonliklarni Navro'z ayyomi bilan tabriklayman. Barcha vatandoshlarga mustahkam sog'lik, o'qish va ishlarda yangi omadlar tilab qolaman!

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net