Malayziya islom san’ati muzeyiga "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" 50 jilddan iborat kitob-albomlar topshirildi

09.04.2024 01:52

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Islom san’ati muzeyi direktori Sayid Muhammad Al-Buxoriy bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Sayid Muhammad Al-Buxoriy Malayziya Islom san’ati muzeyi va respublika madaniy-ma’rifiy muassasalari o'rtasidagi uzoq yillik hamkorlik rishtalari va muvaffaqiyatli qo'shma loyihalarni alohida urg'uladi. Jumladan, 2023-yil mart-aprel oylarida Kuala-Lumpur shahrida o'tkazilgan "O'zbekiston – islom sivilizatsiyasi markazi" nomli fotoko'rgazma malayziyaliklar orasida katta qiziqish uyg'otganini ma’lum qildi. Shuningdek, ijodiy iqtisodiyot yo'nalishida ilg'or tajriba almashish va inson kapitalini rivojlantirish loyihalari katta salohiyatga egaligi ta’kidlandi. Malayziya texnik hamkorlik dasturi doirasida 2023-yil sentyabr oyida Toshkent shahrida zamonaviy muzey boshqaruvi bo'yicha o'tkazilgan maxsus amaliy seminar-trening yaxshi samara bergani qayd etildi.

Uchrashuv davomida O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati tomonidan nashrga tayyorlangan "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" 50 jilddan iborat kitob-albomlar muzey fondiga topshirildi.

Muzokaralar natijasida zamonaviy muzey boshqaruvi bo'yicha ikkinchi treningni Toshkent shahrida 2025-yilda o'tkazish, Malayziya Islom san’ati muzeyi rahbariyatining O'zbekistonga navbatdagi tashrifini amalga oshirish, O'zbekiston va Malayziya madaniy merosiga bag'ishlangan yangi qo'shma ko'rgazmalarni tashkil qilish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Malayziya Islom san’ati muzeyi 1998-yilda tashkil etilgan. Muzey Janubi-Sharqiy Osiyodagi islom sivilizatsiyasi tarixiga bag'ishlangan eng yirik madaniy majmua bo'lib, umumiy maydoni – 30 ming kv.m.ga teng. Muzey kolleksiyasida butun islom olamining madaniyati va san’atini aks ettiruvchi eksponatlar mavjud. Eng nodir eksponatlardan biri O'zbekistonga tegishli bo'lgan VIII asrga oid so'g'd ipak libosidir. 2022-yil O'zbekiston madaniy merosini o'rganish, saqlash va ommalashtirish bo'yicha Butunjahon jamiyati hamkorligida Malayziya Islom san’ati muzeyining kolleksiyasiga bag'ishlangan "O'zbekiston madaniy merosi jahon to'plamlarida" turkumidagi maxsus jild chop etilgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net