Malayziya bilan hamkorlikda Toshkent shahrida islom sivilizatsiyasi allomalarining ilmiy merosiga bag'ishlangan xalqaro anjuman o'tkaziladi

17.03.2024 02:24

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti (MITSI) direktori Fariza Sham bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Muloqot chog'ida Malayziya tomoniga "O'zbekiston – 2030" strategiyasining maqsadlari va ustuvor yo'nalishlari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Fariza Sham O'zbekistonda ta’lim va diniy-ma’rifiy sohalarda amalga oshirilayogan keng ko'lamli islohotlarni yuqori baholashini, respublika hududlariga tashriflari davomida barcha jabhada katta o'zgarishlarga guvoh bo'lganini ta’kidladi.

Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti va O'zbekiston ilmiy-tadqiqot muassasalari o'rtasidagi bugungi hamkorlik sur’atlari ijobiy baholandi. Xususan, O'zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va respublikaning boshqa muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari doirasida islom sivilizatsiyasining buyuk allomalari merosiga bag'ishlangan anjumanlarni har yili o'tkazish an’anaga aylangani urg'ulandi.

Uchrashuvda "Islom sivilizatsiyasi allomalarining fan rivojiga qo'shgan hissasi va ahamiyati" mavzusidagi 4-seminarni joriy yil 30-may kuni Toshkent shahrida o'tkazish, ikki mamlakat olim va tadqiqotchilari maqolalarini nashr qilish masalalari kelishib olindi.

Bundan tashqari, tomonlar joriy yilning 27-may – 5-iyun kunlari Malayziya milliy universiteti rektori Mohd Ekvan Toriman boshchiligidagi delegatsiyaning O'zbekistonga tashrifini amalga oshirish bo'yicha kelishuvga erishdi.

Malayziya Milliy universiteti (Universiti Kebangsaan Malaysia – UKM) mamlakatning yetakchi 5 oliy ta’lim muassasalari qatoriga kiradi. Universitet 1970-yilda tashkil topgan. "QS World Rankings" reytingida 159-o'rinni, "Times Higher Education" reytingida esa 401-o'rinni egallaydi.

Malayziya Islom sivilizatsiyasi instituti 2007-yilda mamlakat bosh vaziri tashabbusi bilan tashkil etilgan. Elchixona ko'magida O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O'zbekiston islom sivilizatsiyasi markazi, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy tadqiqot markazlari bilan Hamkorlik to'g'risidagi memorandumlar imzolangan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net