Kuala-Lumpurda «Qadimiy Buxoro» mavzusida O'zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot o'tkazildi

30.12.2023 13:53

/"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Kuala-Lumpurdagi elchixonasi tomonidan «Qadimiy Buxoro» mavzusida yurtimiz ziyorat turizmi salohiyatiga bag'ishlangan taqdimot hamda O'zbekiston va Malayziya turoperatorlari o'rtasida "B2B" shaklidagi uchrashuvlar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirda Malayziya sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlari assotsiatsiyasi (MATTA) prezidenti o'rinbosari Shayx Avad bin Abdulla, ushbu davlatning 50 dan ortiq turoperatorlari va Buxoro viloyatining «Grand Atlas Discovery», «Sherin Travel» sayyohlik kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Malayziya sayyohlik kompaniyalari va turoperatorlari assotsiatsiyasi (MATTA) 1975-yilda tashkil etilgan bo'lib, 3 mingdan ortiq sayyohlik kompaniyalarini birlashtiradi. MATTA butun mamlakat bo'ylab o'z vakolatxonalariga ega. Assotsiatsiya muntazam ravishda Malayziyaning barcha shtatlarida «MATTA Fair» sayyohlik ko'rgazmalari va xorijiy kompaniyalar bilan "B2B" (business-to-business) shaklidagi uchrashuvlarni o'tkazib boradi.

Taqdimot ishtirokchilariga O'zbekistonda turli jabhalarda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlar, zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini jadal rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida batafsil ma'lumot berildi. O'zbekistonning tarixiy va sayyohlik markazlari, jumladan Buxoro, Samarqand, Xorazm, Surxondaryo viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari taqdim qilindi.

So'nggi yillarda viza rejimi soddalashtirilishi natijasida 90 dan ortiq xorijiy davlatlar, jumladan Malayziya fuqarolari uchun O'zbekistonga vizasiz kirish tartibi amal qilayotgani alohida ta'kidlab o'tildi. Shuningdek, bugungi kunda Toshkent va Kuala-Lumpur shaharlari o'rtasida «Uzbekistan Airways» va «Batik Air Malaysia» aviakompaniyalarining to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlari yo'lga qo'yilgani ma'lum qilindi.

MATTA prezidentining o'rinbosari Shayx Avad bin Abdulla o'z nutqida O'zbekistonning boy tarixi va madaniy merosi, betakror moʻjizalari va mehmondo'stligi malayziyaliklar orasida katta qiziqish uyg'otayotganini ta'kidladi. «Ko'hna tarix va zamonaviylik uyg'unligi bilan Buxoro, Samarqand va Toshkent kabi shaharlar xorijiy mehmonlarni lol qoldirmoqda. Shuningdek, respublikada oxirgi yillarda ziyoratchi sayyohlar uchun yaratilgan qulayliklar va sayyohlik infratuzilmasini yangilashga yo'naltirilgan keng ko'lamli loyihalar amalga oshirilmoqda», - dedi u.

Malayziya tomoni, shuningdek, respublika sayyohlik yo'nalishlarini har bir malayziyalik sayohatchi tashrif buyurishi shart bo'lgan manzil sifatida birgalikda targ'ib qilishga tayyorligini bildirdi.

Tadbir natijasida respublikaga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida ikki mamlakat turoperatorlari o'rtasida "B2B" aloqalarni yanada jadallashtirish, respublika turkompaniyalarining Malayziyadagi ko'rgazmalarda faol ishtirokini ta'minlash, 2024-yilda Malayziyaning yirik turoperatorlari uchun respublika Turizm qo'mitasi tomonidan haftalik "info-tur" tashrifini tashkil etish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net