Kuala-Lumpur shahrida O'zbekiston–Malayziya parlamentlararo hamkorligini yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi

26.03.2024 02:15

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Senati raisining o'rinbosari Nur Jazlan bin Mohamad bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Malayziya tomoniga "O'zbekiston–2030" strategiyasining maqsadlari, barqaror iqtisodiy o'sish, qonun ustuvorligini ta'minlash, islohotlar jarayonida parlament rolini yanada oshirish yo'nalishida ustuvor vazifalarning mazmun-mohiyati haqida ma'lumot berildi.

Senator Malayziya O'zbekistonda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli o'zgarishlarni katta qiziqish bilan kuzatishi va har tomonlama qo'llab-quvvatlashini ta'kidladi.

Nur Jazlan bin Mohamad oliy va yuqori darajadagi muloqotni faollashtirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekanini urg'uladi. Shu munosabat bilan, mamlakatlarimiz o'rtasidagi an'anaviy faol parlament diplomatiyasiga tayangan holda, Malayziya Senati hamkorlikni yanada mazmunan boyitish va ayniqsa savdo-iqtisodiy aloqalarni jadallashtirish tarafdori ekanini bildirdi.

Muzokaralar natijasida joriy yilda Malayziya Senati rahbariyatining O'zbekistonga tashrifini amalga oshirish, ishbilarmon doira vakillari guruhini respublikaga yuborish va Malayziya Senatida do'stlik guruhini tuzish bo'yicha kelishuvlarga erishildi.

Malayziya siyosiy tizimi – parlament demokratiyasiga asoslangan konstitutsiyaviy monarxiya. Parlament ikki palatali. Senatda faqatgina bitta rais o'rinbosari faoliyat ko'rsatadi. Senat a'zolari soni 70 nafar. Ular mamlakatning 13 ta shtatidan teng miqdorda – 2 kishidan saylanadi. Senatning 44 nafar a'zosi Malayziya Bosh vaziri taqdimnomasiga binoan mamlakat Podshohi tomonidan tayinlanadi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net