Kuala-Lumpur shahrida Malayziyaning islom turizmi sohasidagi ilg'or tajribasini O'zbekistonda joriy etish masalalari muhokama qilindi

12.02.2024 03:27

/"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya Islom turizmi markazi bosh direktori Nizran Nurdin bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Nizran Nurdin so'nggi yillarda O'zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan keng ko'lamli ishlarni yuqori baholadi. Bundan tashqari, u Kuala-Lumpur va Toshkentni bog'lovchi aviareyslar soni ko'payib borayotgani sayyohlarga tanlov imkoniyatini kengaytirishini ta'kidladi. Shu kabi qulayliklar yaqin kelajakda O'zbekistonga Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlaridan sayyohlar sonining keskin ko'payishiga katta turtki bo'lishiga ishonch bildirildi.

Suhbatdosh ikki mamlakat hukumatlari o'rtasida turizm sohasidagi hamkorlik to'g'risida anglashuv memorandumi o'tgan yili Samarqand shahrida imzolanganidan mamnunligini ta'kidladi. Mazkur hujjatni o'zaro manfaatli amaliy loyihalar bilan boyitishga tayyor ekanligi ma'lum qilindi.

Uchrashuv davomida musulmonlarga do'stona turizm (Muslim-Friendly Tourism) standartlarini tatbiq etishda tajriba almashish masalalari muhokama etildi.

Muzokaralar natijasida musulmonlarga do'stona turizm yo'nalishida Malayziya sertifikatsiyalash tajribasini respublikada qo'llash bo'yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, respublika turizm sohasi vakillari va mutaxassislarining Malayziyada malakasini oshirish maqsadida O'zbekiston Turizm qo'mitasi bilan qo'shimcha muzokaralar o'tkazishga kelishib olindi.

Shuningdek, o'zaro tashriflarni tashkil qilish, xususan, respublika vakillarining Malayziyadagi Jahon islom turizmi anjumanida va Malayziya vakillarining respublikadagi Xalqaro ziyorat turizmi haftaligida ishtirok etishi bo'yicha rejalar belgilandi.

Malayziya Islom turizmi markazi (Islamic Tourism Centre) 2009-yilda tashkil etilgan va mamlakat Turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzurida faoliyat yuritadi. Markazning asosiy vazifalari – musulmon turizmini rivojlantirish va tegishli standartlarni tatbiq etish yo'nalishida ilmiy tadqiqot va amaliyot, konsalting xizmatlari va malaka oshirish kurslarini tashkil etish hisoblanadi. Markaz turizm xizmatlarini musulmon sayyohlarning ehtiyojlariga mosligini tasdiqlovchi "Muslim-Friendly Tourism and Hospitality Assurance and Recognition" (MFAR) sertifikatsiyalash tizimini joriy qilgan.

Malayziya musulmonlarga do'stona turizm konsepsiyasi va halol turizm standartlari bo'yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatda xorijiy sayyohlarga yaratilgan qulay imkoniyatlar tufayli 2023-yilda Malayziyaga 26 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net