Korrupsiyaga qarshi kurash – Oʻzbekiston davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi

05.07.2023 14:55

Oʻzbekistonda 7 yil oldin boshlangan islohotlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Zamon bilan hamnafas boʻlish, ijobiy oʻzgarishlarga ochiqlik, inson qadrini taʼminlash kabi tamoyillarga asoslangan qarorlar mamlakatning ertasini belgilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu jarayonlarga xalqning toʻgʻridan-toʻgʻri jalb etilayotgani, OAV va fuqarolik jamiyati vakillarining faol ishtiroki tufayli jamiyatning faollashyotganidan darak beradi.

Bu jarayon konstitutsiyaviy islohotlar misolida yaqqol namoyon boʻldi. Yangilanayotgan Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilgan dastlabki davrda 150 ming, keyinchalik muhokamalar davom ettirilgani natijasida 220 mingdan ortiq taklif kelib tushdi. 

Islohotlarni barcha yoʻnalishlar misolida koʻrishimiz mumkin. Hususan, mamlakatimizdagi oxirgi yillardagi oʻzgarishlar natijasida Oʻzbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha oʻz modelini yaratmoqda.

Mazkur natijalarning asosiy ijrochilari korrupsiyaga qarshi kurashishga masʼul organlar, davlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati instituti vakillari va keng jamoatchilik hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning lavozimga kirishish marosimiga bagʻishlangan Oliy Majlis palatalari qoʻshma majlisidagi nutqida “Soʻnggi besh yilda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosati darajasiga olib chiqilganligini taʼkidlab, bu borada aybdorlarni huquqiy javobgarlikka tortish bilan cheklanib qolmasdan, tizimli preventiv choralarni kuchaytirish zarurligi, korrupsiya balosiga qarshi faqat davlat-huquqiy choralar bilangina emas, balki butun jamiyat qarshi kurashmogʻi kerakligi” qayd etildi.

Bundan tashqari, Davlat rahbarining har yilgi murojaatnomasida korrupsiya qarshi kurashish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtilishi, ushbu sohada koʻplab qonun hujjatlarining qabul qilinishi korrupsiyaga qarshi kurashish masalasining davlat siyosati darajasida ahamiyatga egaligini koʻrsatib bermoqda. 

2022-yilda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan muhim preventiv mexanizmlar yaratilganligi, davlat boshqaruvida byurokratiyani kamaytirish, ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash, davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yaxshilash, raqamlashtirish orqali inson omilini kamaytirish borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat siyosatining muhim elementlari boʻlib xizmat qildi.

Birinchidan, 2022-yil oxirida amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar orqali “qoʻl” boshqaruvidan “avtomatik” boshqaruv tizimiga oʻtish jarayoni boshlandi.

Xususan, maʼmuriy islohotlar natijasida davlat boshqaruvi tizimining eng muhim boʻgʻini – Vazirlar Mahkamasi faoliyati takomillashtirildi,  ijro etuvchi hokimiyat yanada ixchamlashib, takrorlanuvchi funksiyalar tugatildi. Eng asosiysi, byurokratiya qisqartirilib, maʼlum bir tashshabbusni ilgari surish uchun  9 pogʻonali “ruxsat olish” amliyotidan voz kechildi.

Ikkinchidan, Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy munosabatlarining oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlar yaratildi.

Xususan, Davlat organlari va tashkilotlarining korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash hamda davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi joriy etildi.

Shuningdek Davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiyaviy xavf-xatarlarning oldini olish boʻyicha “E-Antikorrupsiya” loyihasi ishga tushirildi.

Uchinchidan, Davlat xizmatlarini koʻrsatish sifati yaxshilanib, ortiqcha tartib taomillar qisqartirildi hamda elektron shaklda koʻrsatiladigan davlat xizmatlari soni oshirildi.

Jumladan, 73 turdagi hujjat va maʼlumotlarni aholidan talab qilinishi bekor qilinib, taqdim etilishi lozim boʻlgan hujjatlar soni
221 tadan 95 taga (43 %) qisqartirildi, 6 ta litsenziya va ruxsatnomaning
17 ta talab va shartlari bekor qilindi.

Toʻrtinchidan, Raqamlashtirish orqali “inson omili”ni kamaytirish maqsadida barcha sohalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish ishlari yanada rivojlantirildi. Xususan,

“Raqamli Oʻzbekiston-2030” strategiyasi doirasida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlar faoliyatini raqamlashtirish bilan bogʻliq 369 ta loyihalar amalga oshirildi.

Ijtimoiy sohada “Elektron mehnat daftarchasi”, “Elektron sogʻliqni saqlash” tizimi, “Oliy taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS), umumtaʼlim maktablarida “Elektron kundalik” tizimi, nafaqalar va moddiy yordam mablagʻlarini ajratishda shaffoflikni taʼminlash imkonini beruvchi “Ijtimoiy himoya yagona reestri” tizimi;

Iqtisodiy sohada “Litsenziya”, “Ye-Auksion”, "YERELEKTRON", “Shaffof yoʻl”, “Shaffof qurilish”, “Agrosubsidiya”, “Davlat xaridlari elektron tizimi” va boshqa axborot tizimlari korrupsiya xavf-xatarlarini kamaytirishga samarali xizmat qilmoqda.

Beshinchidan, Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasini takomillashtirish, huquqiy boʻshliqlarni bartaraf etish maqsadida sohaga taalluqli 13 ta, shuningdek, boshqa sohalardagi islohotlar natijasida korrupsiya omillarini qisqartirishga qaratilgan 24 ta normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida parlament nazoratini amalga oshirish yoʻnalishida Oliy Majlis Senati hamda Qonunchilik palatasining masʼul qoʻmitalari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, Oliy Majlis palatalari tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi 10 dan ortiq normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari (manfaatlar toʻqnashuvi toʻgʻrisidagi, normativ-huquqiy hujjatlarning korrupsiyaga qarshi ekspertizasi va boshqa) koʻrib chiqib maʼqullandi.

Parlament faoliyatida parlament nazorati instituti alohida oʻrin tutadi. Bu borada Oliy Majlis Senatining Sud huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qoʻmitasi hamda Agentlik bilan birgalikda viloyatlarda hududiy davlat organlari mansabdor shaxslarining korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha amalga oshirgan ishlari boʻyicha axborotlari eshitilib, natijalari boʻyicha Mahalliy kengashlar qarori qabul qilindi. Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qoʻmitasi tomonidan joylarda “Korrupsiyasiz soha” loyihasi doirasida taʼlim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar hamda “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonuni doirasida soliq tizimida amalga oshirilayotgan ishlar holati oʻrganildi. “Korrupsiyasiz soha” loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan Sogʻliqni saqlash va Oliy va oʻrta taʼlim vazirligi, Soliq idoralari tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilgan ishlar holati yuzasidan Davlat soliq qoʻmitasi rahbariyatining hisobotlari eshitildi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlarda aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga ham alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarorida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash beshta yoʻnalish boʻyicha belgilangan indikatorlardan biri sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha tegishli soha yoki tarmoq kesimida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ushbu illatga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarining samaradorligi” yoʻnalishi belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2022-yilda normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi Qarorida masʼul davlat organlari va tashkilotlari normativ-huquqiy hujjatlarni korrupsiyaga qarshi ekspertizadan oʻtkazish jarayonida qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda mustaqil ekspertlar va keng jamoatchilikni faol jalb qilish choralarini koʻrib borish yuklatildi.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish maqsadida Butun respublika miqyosida har yili tizimli ravishda Aksilkorrupsiya haftaligi tashkil etilmoqda. Haftalik doirasida xalqaro forumlar, tanlovlar, targʻibot-tashviqot tadbirlari, vazirlik, idoralarda ochiq eshiklar kunlari, press-turlar tashkil etildi. 

Shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarini bu jarayonga faol jalb etish va ularni ragʻbatlantirish maqsadida Agentlik buyurtmasiga asosan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan 2 ta mavzuda 500 mln soʻmlik loyihalar amalga oshirildi.

Shuningdek, xalqaro hamkorlar bilan birgalikda grant va ijtimoiy buyurtmalar eʼlon qilinib, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan NNTlar bilan hamkorlikda 9 ta loyiha uchun 70 ming AQSH dollari ajratildi.

Loyihalar natijasida ayollar va yoshlarning korrupsiyaga oid bilimlari oshirildi, maktab va maktabgacha taʼlim muassasalari uchun qoʻllanmalar, aksilkorrupsiya komikslar toʻplami, oliy taʼlim muassasasida kovorking markazi tashkil etildi.

Xulosa qilib aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi kurash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar korrupsiyaning oqibatlari bilan emas, balki uning sabab va shart-sharoitlarini bartaraf etishga qaratilayotganligi bilan alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Xususan, Davlat organlari faoliyatining ochiq va shaffofligini taʼminlash, jamoatchilik nazoratini samarali yoʻlga qoʻyish, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tizimlarini joriy etish, OAV erkinligini taʼminlash, korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash orqali kamaytirish choralarini koʻrish, davlat xizmatchlilarining malakasini oshirish borasidagi qilinayotgan ishlar korrupsiyaning oldini olishdagi muhim preventiv mexanizmlar boʻlib xizmat qilmoqda.

Bundan tashqari, korrupsiya darajasini baholash boʻyicha xalqaro tashkilotlarning reyting natijalariga koʻra ham Oʻzbekistonda bu boradagi ishlarning ijobiy tomonga oʻzgarib borayotganligini tasdiqlaydi.

Shu sababdan ham korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi islohotlarni izchil davom ettirib, fuqarolik jamiyati institutlari, OAV vakillari va keng jamoatchilikni ushbu illatga qarshi kuchli jamoatchilik nazoratini oʻrnatish orqali kurash olib borishga jalb etish oldimizda turgan muhim vazifalardan biridir.

Umida TUXTASHEVA,

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori oʻrinbosari,

Yuridik fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net