Konstitutsiyaviy qonunning mohiyati va ahamiyati

31.03.2023 09:46

Shu kunlarda xalqimiz vatanimizning taqdiri va kelajagi, milliy taraqqiyotimiz uchun gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangilanayotgan konstitutsiya loyihasi bilan qizgʻin tanishmoqda.

Konstitutsiya Oʻzi Qanday Hujjat?

Konstitutsiyaning dunyo boʻylab yaratilishidan maqsad — inson huquqlarini amalga oshirish uchun kafolatlarni taʼminlash, insonni davlat, uning mansabdor shaxs­larining huquqqa zid xatti-harakatlaridan himoya qilish hisoblangan.

Shuning uchun ham 1789-yilgi Inson va fuqaro huquqlari boʻyicha fransuz deklaratsiyasining 16-moddasida, ­qaysiki jamiyatda inson huquqlari ­kafolatlari, xususan, hokimiyatlar boʻlinishi taʼminlanmagan ekan, bunday jamiyat Konstitutsiyaga ega boʻlmaydi deb mustahkamlangan edi.

Shuning uchun ham Konstitutsiyada nima himoya qilinishiga qarab, mazkur davlatning qanday davlat ekanligini bilib olish mumkin. Qayerdaki, huddi Oʻrta asrlar Fransiyasidagidek — davlat bu menman deyilsa, u yerda Konstitutsiya yoʻq, boʻlishiyam mumkin emas.

Zamonaviy demokratik yondashuvlarga koʻra, Konstitutsiya bu — ijtimoiy shartnoma, yaʼni xalq va davlatning huquq va majburiyatlari aks etgan ahdnoma hisoblanadi.

1776-yilgi AQSHning Mustaqillik deklaratsiyasida insonning yashash, erkinlik va baxtga intilish huquqini taʼminlash uchun insonlar tomonidan davlat tuziladi, mazkur davlat oʻz vakolatlarini insonlarning roziligidan oladi, deyiladi mazkur hujjatda.

Konstitutsiyani qonunlarning onasi deb ham aytishadi, yaʼni barcha qonunlar Konstitutsiyadan kelib chiqadi. Shuning uchun ham baʼzi turkiy davlatlarda Asosiy Qonunni “Onayaso” deb nomlashadi.

Oddiy yoʻl harakati qoidalarida svetofor qanday vazifani bajarsa va u ishlamay qolgan hollarda qanday tartibsizlikning guvohi boʻladigan boʻlsak, Konstitutsiya ishlamasa mamlakat miqyosida qanday tartibsizlik boʻlishi mumkinligini xayolga keltirish mumkin.

Konstitutsiya boshqa hujjatlardan oʻzining oliy yuridik kuchga egaligi, barcha darajadagi organlardan ustunligi, fuqaro, jamiyat va davlat oldiga maqsad qoʻyishi bilan farq qiladi.

Konstitutsiyalarning tuzilishi, asosan, quyidagicha boʻladi: millat oldida turgan maqsadlar — asosiy prinsiplar — huquq va majburiyatlar — ijro mexanizmlari.

 

Konstitutsiyaviy isloHotning boshlanishi

2022-yil 20-mayda Oliy Majlis palatalari Kengashlari 47 nafar aʼzodan iborat Kons­titutsiyaviy komissiyani tashkil etdi. Komissiya aʼzolarining deyarli barchasi parlament quyi palatasi aʼzolari, siyosiy partiyalar fraksiyalari rahbarlari, mamlakatimizning hududlaridan saylangan senatorlar, shuningdek fuqarolik jamiyati instituti vakillari, olimlar, mutaxassislardan iborat boʻldi.

Konstitutsiyaviy komissiya oldiga, asosan, ­beshta vazifa qoʻyildi:

Birinchidan, Konstitutsiya barchani yanada jipslashtirishi, barcha fuqarolarimiz unda oʻz orzu-umidlarini, huquq va manfaatlarini, taʼbir joiz boʻlsa, oʻz dardu muammolariga yechimni koʻrishi kerak edi.

Bunda, ayniqsa, millati, tili, dinidan qatʼi nazar, u bolami yoki yoshmi, keksami, ayol yoki nogironligi bor shaxs, migrant yoxud xorijdagi vatandosh, hatto mahkum va sudlangan shaxslar bu mening Konstitutsiyam deb baralla ayta olishi biz koʻzlagan maqsad edi.

Ikkinchidan, Konstitutsiya toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashi, odamlar oʻzining kundalik hayotida, oilasida, mahallasida uning taʼsir kuchini sezishi kerak edi.      

Koʻpchilikning xabari bor, shunday zamonlar ham oʻtdiki, oddiy odam baʼzi hollarda formali amaldorning oldida oʻzini himoya qilishi uchun hech qanday asoslarga tayana, suyana olmagan kunlar ham boʻldi. Majoziy qilib aytganda, xohlasa, koʻchadagi simyogʻochni ham qamaydigan kunlarniyam koʻrdik. Shuning uchun ham bu qora kunlarga boshqa umuman qaytmaslik uchun ishonchli konstitutsiyaviy kafolatlar belgilanmoqda.

Insonning eng asosiy huquqlari bilan bogʻliq masalalarni ilgʻor demokratik davlatlardagi kabi faqat sud yoʻli bilangina cheklash mumkinligi toʻgʻrisidagi normalar karrasiga kuchaytirilmoqda, xususan, telefon eshituvlari, tintuv kabi harakatlar sudning qaroriga asosan amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Konstitutsiya loyihasida hozirgi zamonning ruhi, Vatanimiz oldida turgan eng muhim muammolar yechimiga qaratilgan normalar oʻz ifodasini topmoqda:

 endi “qora roʻyxatlar”, bankomat oʻrnatmasdan, plastikda yuz foiz oylik maosh va pensiyalarni toʻlab, 30 — 40 foizga ­naqdlashtirish, oʻgʻrincha “qora bozor”da valyuta almashtirib, jinoyatchiga chiqishlar, urib, qiynab boʻyniga ayb qoʻyishlar tarixda qoladi, boshqa bu mashʼum kunlar ortga qaytmaydigan zamon keladi — loyihada ­inson qadri, shaʼni daxlsiz ekanligi, hech narsa uni kamsitish uchun asos boʻlishi mumkin emasligi belgilanmoqda (26-modda);

 endi hech kim qonunni buzib, dalil toʻplay olmaydi, oʻzingizni nimaga ushlanganingizni tushuntirmasdan olib borib “tiqib qoʻyolmaydi”, qarindoshingizga nisbatan guvohlik berishga majbur qila olmaydi, qilmagan aybingizni boʻyningga olasan deb urib-soʻkmaydi, majburlab gapirtira olmaydi, sudsiz 48 soatdan ortiq ushlab turish mumkin emas — (27, 28, 29-moddalar);

 loyiha qabul qilingach, hech kim “qamoqda xoʻrlab muomala qila olmaydi”, qarindoshing sudlangan deb huquqlaringizni cheklay olmaydi (28-modda);

 endi hech kim “propiska” deb boshingizni qotirmaydi — har kim mamlakat boʻylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga egaligi belgilanmoqda (32-modda);

 endi paxtaga yoki koʻcha tozalash va boshqa ishlarga hech kimni majbur qila olmaydi, bolalarni darsdan chiqarib, boshqa ishlarga jalb etishga jurʼat eta olmaydi — majburiy va bolalar mehnati qatʼiy taqiqlanmoqda (44-modda);

 endi hech kim, vallomati boʻlsa ham, birovning uyini oʻzicha buzib tashlay olmaydi, bilganicha noqonuniy qurilishlar qila olmaydi — hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazorati, shaharsozlik hujjatlarining loyihalari jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazilishi belgilanmoqda (47, 49-moddalar);

 endi hech kim Oʻzbekiston fuqarosini mamlakatdan chetga chiqmoqchi boʻlsa, taqiqlashga yoki majburan chiqarib yuborishga yoki berib yuborishga, fuqaromiz mamlakatimizga tashqaridan kelganda esa kiritmayman de­yishga haqqi yoʻq (23, 32-moddalar). Bu orqali xorijga chiqish uchun har ikki yilda pasportga stiker olishlar endi hech qachon qaytib kelmasligi taʼminlanadi, chegaralar orqali oʻzaro bordi-keldi, qoʻni-qoʻshnichilikka mustahkam zamin yaratiladi;

 endi farzandimizga bogʻcha topolmaydigan vaziyat yoki oliy taʼlimga davlat grantlari qisqarib yoki yoʻq boʻlib ketish xavfi ortda qolmoqda — davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi, maktabgacha taʼlim va tarbiya davlat nazoratida ekanligi, ­fuqarolar tanlov asosida bepul oliy ­maʼlumot olishga haqliligi aniq belgilab qoʻyilmoqda (50 va 51-moddalar);

 endi har qanday idora yoki hokimlik oliy taʼlim tashkilotlari ishiga aralasha olmaydi — oliy taʼlim tashkilotlari akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqiga egaligi muhrlanmoqda (51-modda);

 endilikda shifoxonaga borsak hamma narsa pullik deb ayta olmaydi — tibbiy yordamning kafolatlangan hajmi bepulligi belgilanmoqda (48-modda).

Uchinchidan, loyihani ishlab chiqishda xalqimizning ehtiyojlari, milliy oʻzligi, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy holatimiz, aholimizning siyosiy-huquqiy ongi, mentaliteti, ­siyosiy partiyalarimiz, fuqarolik jamiyati insti­tutlarining rivojlanish darajasidan kelib chiqish zarur edi. Kiritilayotgan yangiliklarni har bir inson, xalqimiz qanday qabul qilishi, iqtisodiyotimiz bunga javob bera olishi, jamiyatimiz bunga tayyorligi hisobga olinishi, bunda eng katta mezon — zarar yetkazmaslik, yaxshi tajribalarni saqlab qolish zarur edi.

Toʻrtinchidan, inson huquqlari boʻyicha xalqaro standartlar talablari inobatga olinishi zarur edi. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi, Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt hamda boshqa bir qator xalqaro hujjatlar, Inson huquqlari boʻyicha Yevropa konvensiyasi, YEXHTning bir qator hujjatlariga mosligi nuqtayi nazaridan oʻrganildi va mazkur hujjatlar qoidalari loyihaga implementatsiya qilindi.

Barchamizga maʼlumki, oʻtgan 30 yil davomida Asosiy Qonunimizga 16 marta oʻzgartish kiritgan boʻlsak, ularning barchasi davlat hokimiyatiga oid masalalar boʻlib, inson huquqlariga oid deyarli hech qanday tuzatish kiritmaganmiz. Endilikda esa inson huquqlari boʻyicha normalar 3,5 baravardan oshmoqda. Dunyo olimlari jahondagi barcha konstitutsiyalarni tadqiq etib 110 dan ortiq huquqlarni sanab oʻtishgan boʻlsa, shundan 90 ga yaqini bizning Konstitutsiyamiz lo­yihasida hozirda mavjud. Shundan 40 ga yaqini yangilangan Konstitutsiya loyihasiga kiritilgan. Albatta, dunyoda barcha 110 dan ortiq huquqlarni hech bir davlat oʻz Konstitutsiyasida qamrab olmagan, chunki bu har bir millatning mentaliteti, ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy omillari bilan bogʻliq masaladir.

Bundan tashqari loyihada:

 insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi ekanligi;

 Oʻzbekiston tarixida birinchi marta xalqaro shartnomalar xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda Oʻzbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismi ekanligi;

 agar xalqaro shartnomada qonunda nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllanilishi;

 Oʻzbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi va kafolatlanishi;

 har kim qonunchilikka va xalqaro shartnomalarga muvofiq, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqliligi;

 davlat inson huquqlari boʻyicha milliy ­institutlar faoliyatini tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratishiga oid normalar mustahkamlanmoqda.

Beshinchidan, loyihani ishlab chiqishda dunyo konstitutsiyashunosligining eng ilgʻor tajribalari, xorijiy mamlakatlarning konstitutsiyalari sinchiklab oʻrganilishi zarur edi.

Shu maqsadda 190 dan ortiq davlatlar konstitutsiyalari tematik jihatdan oʻrganildi. Dunyo ­konstitutsiyashunos olimlarining barcha konstitutsiyalarni tahlil qilib, ishlab chiqqan 665 ta ­savolnomasi koʻrib chiqildi.

Mutaxassislar loyihani ishlab chiqishda ushbu savolnomaga ham tayandi. Shu oʻrinda ayrim yurtdoshlarimizning loyihadagi baʼzi normalar mavjud qonunlardan olingan degan eʼtirozlariga javob berib oʻtish oʻrinli hisoblanadi. Avvalambor qayd etish joizki, bu dunyo konstitutsiyashunosligiga xos tendensiya.

Konstitutsiya — tajriba maydoni emas. Shuning uchun ham “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunimizda qonunlar eng muhim va ­barqaror munosabatlarni tartibga soladi ­deyiladi. Tajribada oʻzini oqlagan, amaliyotda muammo yaratmagan, insonning eng asosiy huquqlariga daxldor masalalar joriy qonunlarda ­Konstitutsiyaga oʻtishi, ularning konstitutsiyalizatsiyasi normal tendensiya hisoblanadi.

Qolaversa, yuqoridagi savolnoma ham shuni koʻrsatdiki, nimaiki insonning eng zarur huquqlariga daxldor boʻlsa, u Konstitutsiyada boʻlishi darkor.

Bunga yaqqol dalil sifatida aytish joizki, yuqoridagi 665 ta savolnomaning 30 ta ­savoli jinoyat huquqi va jinoyat protsessi bilan bogʻliq savollar boʻlib, dunyo konstitutsiyashunos olimlari mazkur masalalar konstitutsiyalarda oʻrin olishi kerak deb hisoblaydi. Bizda esa mazkur masalalar Jinoyat kodeksi va Jinoyat-protsessual kodeksida oʻrin olgan. Qolaversa, mazkur kodekslarni, asosan, mutaxassislar oʻqiydi va foydalanadi, ular nari borsa bir million boʻlishi mumkin hamda ushbu kodekslar bogʻcha va maktablardan boshlab oʻrganilmaydi. Konstitutsiyani esa butun millat, 36 millionlik xalqimiz oʻqiydi, bogʻchayu maktablardan boshlab oʻrganiladi. Asosiy Qonunda eng muhim masalalar oʻrin olsa, huquqiy ong va huquqiy madaniyat ­karrasiga oshib ketishi muqarrar.

 

XalQ Konstitutsiyasi

Tarixdan maʼlumki, koʻpgina davlatlarda Konstitutsiya qabul qilishda dastlab loyiha ishlab chiqilib, keyin xalq muhokamasiga qoʻyiladi. Bizda ham 1992-yilda Asosiy Qonunimiz qabul qilinayotganda mana shunday yoʻldan borganmiz.

Konstitutsiyaviy komissiya bu safar yangicha yoʻldan borib, avval xalqimizning fikri, takliflari oʻrganildi, shundan soʻng Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi.

Birinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasini shakllantirish uchun odamlarimiz 60 mingdan ziyod takliflar berdi. Ikkinchi bosqichda Konstitutsiya loyihasi umumxalq muhokamasiga qoʻyilib, 150 mingdan ortiq takliflar kelib tushdi. Shu bilan birga, umumxalq muhokamasidan soʻng ham yana 10 mingta qoʻshimcha takliflar ­kelib tushdi.

2022-yil 20-iyunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashdi va oʻzining bir qator takliflarini ilgari surdi.

2023-yilning 6-mart kuni esa Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Kons­titutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish yuzasidan xalqimiz tomonidan kelib tushgan takliflar yakunlari boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, Oliy sud rahbariyati bilan uchrashib, maslahatlashuv oʻtkazdi.

Boshqacha qilib aytganda, takliflar xalqdan olindi, xalqning umumxalq muhokamasiga chiqarildi, xalq vakillari — deputat va senatorlar uchdan ikki qism ovoz bilan referendumga qoʻyishga ovoz berishdi, oxirgi soʻzni ham xalq aytadi, toki barchaning ovozi, u kim boʻlishidan qatʼi nazar, tengligi adolatli, erkin, ochiq jarayonda namoyon boʻladi.

Shu oʻrinda savol tugʻiladi, loyihani Oliy Majlis qabul qilishi mumkinmidi? Albatta mumkin edi, 1992-yilda amaldagi Konstitutsiya ham parlament yoʻli bilan qabul qilingan. Lekin hech kimda zarracha boʻlsa-da savol qolmasligi uchun hammaga imkon berishga qaror qilindi.

Xuddi madhiyamizda aytilganidek, ulugʻ xalq qudrati joʻsh urmogʻi, avlodlarga eng adolatli, erkin, ochiq, inson qadri ulugʻlanadigan davlat qoldirish uchun ham shunday qaror qabul qilindi.

Oʻzbekiston tarixida yagona muallifi va manbai bevosita xalq boʻlgan, xalqni oʻzi imzo chekadigan birinchi Konstitutsiya shu boʻladi, u davlat rahbari tomonidan imzolanmaydi.

Mazkur Konstitutsiya haqiqatan ham, Xalq Kons­titutsiyasi boʻlyapti. Unda aholining barcha qatlamlari, u ayol boʻladimi, nuroniy, bolalar, yoshlar, nogironligi boʻlgan shaxslar, xorijdagi vatandoshlarimiz, hattoki mahkumlar, sudlangan shaxslar — barcha-barchasining huquq va manfaatlari hisobga olinmoqda.

 

Yangilanayotgan Konstitutsiya

Xalqimiz takliflari asosida Konstitutsiya loyihasidagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni Asosiy Qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz ­takliflari asosida yangilandi.

Agar yoʻnalishlar kesimida qaraydigan boʻlsak, shaxsiy huquq va erkinliklar, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar borasidagi normalar qariyb 3 baravar koʻpaymoqda.

Inson huquqlari va erkinliklari kafolatlari esa 3,5 baravardan koʻproqqa, oilaga bagʻishlangani esa 2 baravar ortayotganligini koʻrishimiz mumkin.

3 ta yangi bob (amaldagi Oila bobiga qoʻshimcha bolalar va yoshlar, Iqtisodiy va ijtimoiy huquqlar bobiga qoʻshimcha madaniy va ekologik huquqlar, alohida advokatura bobi) qoʻshilmoqda.

Konstitutsiya loyihasining 15 ta normasida davlat shart-sharoitlar yaratishi, 16 ta normasida davlat kafolatlashi, 4 ta normada davlat qaygʻurishi alohida koʻrsatib oʻtilayotganligining oʻziyoq davlatning maqsadi inson huquqlarini taʼminlash ekanligini koʻrsatib turibdi.

Loyihada “inson” soʻzi amaldagi Konstitutsiyaga nisbatan 3 baravar bisyor, “bolalar” soʻzi qariyb 3 baravar koʻp, “yoshlar” soʻzi 6 baravar ortiq, “ayollar, xotin-qizlar” soʻzlari 2 baravar koʻp, “nogironligi bor shaxs”, “aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalari”, “intellektual mulk”, “inklyuziv taʼlim” degan soʻzlar esa birinchi marta qoʻllanildi.

 

Konstitutsiya

bu — konsensus, ijtimoiy shartnoma

Konstitutsiya oʻz taraqqiyot yoʻlini tanlagan millatning ongli tanlovidir.

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, dunyoda 1995-yildan to shu kungacha 63 ta davlat, 2000-yildan shu kungacha esa 47 ta davlat Kons­titutsiyasini yangilagan, oʻzgartishlar kiritgan.

Konstitutsiya inson, jamiyat va davlat oʻrtasida erishilgan oʻziga xos kelishuv (konsensus) ifodasi, barchamizning roziligimiz asosida oʻz hayotimizni tashkil etish prinsiplari haqida kelishuv, davlat, uning siyosiy institutlari va oddiy odamlar hayoti va faoliyatida amal qiladigan ustuvor qoidalar deganidir.

Qayd etish joizki, Asosiy Qonun loyihasini takomillashtirishda barcha siyosiy kuchlar oʻz partiyaviy dasturlaridan kelib chiqib, dasturiy maqsadlarini Konstitutsiyada aks ettirish uchun kurashdilar.

Shu jihatdan OʻzLiDeP davlatning bozor munosabatlarini rivojlantirish, qulay investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini taʼminlash, halol raqobat uchun shart-sharoitlar yaratish boʻyicha majburiyatlari, tadbirkorlar qonunchilikka ­muvofiq har qanday faoliyatni amalga oshirishga va oʻz faoliyati yoʻnalishlarini mustaqil ravishda tanlashga haqliligi, tovarlar, xizmatlar, mehnat resurslari va moliyaviy mablagʻlarning erkin harakatlanishi kafolatlari kabilarni ­taklif etdi.

Bozor iqtisodiyotini rivojlantirishda eng katta omil boʻlgan masala, yaʼni yerning  xususiy mulk boʻlishi mumkinligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi OʻzLiDeP partiyasining muhim yutugʻi boʻldi.

Milliy tiklanish demokratik partiyasi muqaddimada  milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligimiz, milliy tiklanishimizda davlatchiligimiz rivojining uch ming yildan ziyod tarixiy tajribasiga, shuningdek, jahon sivilizatsiyasiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning ilmiy, madaniy va maʼnaviy merosiga tayanish, Asosiy prinsiplar boʻlimida esa milliy rivojlanishimizda oʻta muhim kafolat boʻlmish Oʻzbekistonning dunyoviy davlat deb belgilanishi, davlatning majburiyatlarida nafaqat madaniyat yodgorliklarini, balki tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy merosimiz muhofazasining mustahkamlanishi, jamiyatimizning eng asosiy boʻgʻinini tashkil qiluvchi oilani barpo etishda Oʻzbekiston xalqining anʼanaviy oilaviy qadriyatlariga, nikoh tuzuvchilarning ixtiyoriy roziligi va teng huquqliligiga asoslanishi kabilarni taklif etdi.

Xalq demokratik partiyasining elektorati Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat deb belgilanayotganini oʻz dasturiy maqsadlarining amalga oshishi deb hisoblagan holda, ijtimoiy davlat prinsipini roʻyobga chiqarish uchun loyihada partiya platformasidan kelib chiqib, bir qator normalarni taklif qildi va loyihada ifodasini topishga erishdi.

Xususan, mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori insonning munosib yashashini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanishi, davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish hamda kambagʻallikni qisqartirish choralarini koʻrishi, fuqarolarning kasbiy tayyorgarligini va qayta tayyorlanishini tashkil etishi, har kim ishsizlikda ijtimoiy taʼminot huquqiga egaligi, har kimning uy-joyli boʻlish huquqi, nogironligi boʻlgan shaxslar hamda aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand boshqa toifalarining huquqlari ­davlat himoyasiga olinishi,  davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi shular jumlasidandir.

Adolat sotsial-demokratik partiyasini mazkur yangilanayotgan Konstitutsiyada Oʻzbekiston huquqiy davlat deb belgilanishini partiyaning bosh maqsadlaridan biriga erishish sifatida qabul qildi. Partiya loyihadagi “Miranda qoidasi”ni, “Xabeas korpus” institutini rivojlantirish, prokuraturaga mos ravishda advokaturaga alohida bob ajratish, xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlash, soliq va yigʻimlarning adolatli boʻlishi, parlamentda  korrupsiyaga qarshi ku­rashish toʻgʻrisidagi har yilgi milliy maʼruzani koʻrib chiqish, Hukumatning  davlat boshqaruvi organlarining ishida qonuniylik va samaradorlikni taʼminlash, ularning faoliyatida korrupsiya koʻrinishlariga qarshi kurashish boʻyicha choralar koʻrishiga oid majburiyatlari belgilanayotganligini oʻzining partiyaviy platformasidagi maqsadlar amalga oshishining ifodasi deb bildi.

Mamlakatimiz tarixida birinchi marta Konstitutsiyaga ekologiyaga oid alohida bob kiritilishi, ekologiyaga doir normalar muqaddimadan tortib, inson huquqlariga taalluqli normalarda ham oʻz aksini topganligi,  avvalgi normalarga nisbatan ekologiyaga oid normalar qariyb besh baravarga koʻpayishini, Konstitutsiyada birinchi marta Hukumatning atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirishini taʼminlash, tabiat boyliklarini, biologik xilmaxillikni asrab-avaylash, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurashish kabi vazifalari alohida koʻrsatib oʻtilishini  Oʻzbekiston ekologik partiyasi Asosiy Qonunimiz loyihasiga partiyaning dasturiy maqsadlari kirgani sifatida eʼtirof etdi. 

Umuman olganda, partiyalarimiz oʻz elektorati manfaatlarini himoya qilishda bir-biriga raqib boʻlgani holda tan olib aytish joiz, millat, xalq manfaatlari haqida gap ketganida hammasi bir musht boʻlib harakat qildi.

 

Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat

Yangilanayotgan Konstitutsiya Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat deb eʼlon qilmoqda. Davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar uch baravar ortmoqda.

Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash hamda himoya qilish, uning uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish ­davlatning burchi ekanligi konstitutsiyaviy ­mustahkamlanmoqda.

Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlashi, ularning taʼlim olish, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi mustahkamlanmoqda.

Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivoj­lantirish toʻgʻrisida halqaro huquq normalariga ­muvofiq gʻamxoʻrlik qilishi muhrlanmoqda.

Har kimning mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan
kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqi
konstitutsiyaviy kafolatlanmoqda.

Davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratishi belgilanmoqda.

Jadid bobolarimizdan Mahmudxoʻja Behbudiy oʻz asarlarida “Har bir millat, eng avval makotibi ibtidoiyasini zamoncha isloh etib, koʻpaytirmaguncha taraqqiy yoʻligʻa kirub, madaniyatdan foydalanmas” degan gʻoyani ilgari surgan edi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyaning eng muhim jihatlaridan biri ilm-fanni, taʼlimni rivojlantirishga katta eʼtibor berilgani bilan izohlanadi. Taʼlim va ilm-fanga oid normalar qariyb ikki baravar koʻpaydi. 

“Taʼlim” degan soʻzning oʻzi 20 marta qoʻllanilyapti, amaldagi Konstitutsiyamizda faqat 2 martagina ishlatilgan edi holos. Davlat uzluksiz taʼlim tizimi, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlashi, davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlanmoqda.

Singapurning sobiq bosh vaziri Li Kuan Yu aytgan ekan, “men faqat Vatanim oldidagi burchimni bajardim, davlat byudjetini taʼlimga yoʻnaltirdim, muallimni eng quyi tabaqadan Singapurdagi eng yuqori martabaga koʻtardim. Davlatdagi moʻjizalarni amalga oshirgan insonlar muallimlardir. Ular ilm, axloq, mehnat va haqiqatni sevadigan kamtarin avlodni yetishtirib chiqardilar”.

Shu maʼnoda yangilanayotgan Konstitutsiyamizda oʻqituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilayotganligi, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilishi konstitutsiyaviy kafolatlanayotganligi taraqqiyotimizning asosini tashkil etadi.

Shuningdek, Konstitutsiyada davlat bepul boshlangʻich professional taʼlim olishni kafolatlashi belgilanmoqda.

Taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanishi mustahkamlanmoqda.

Yangilanayotgan Konstitutsiyada Vazirlar Mahkamasining ekologiya, yoshlar siyosati, oilani qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy himoya, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha vakolatlari mustahkamlanmoqda va ayni vaqtda javobgarligi ham kuchaytirilmoqda.

Shu oʻrinda yana bir gap. Davlat oʻzining ijtimoiy majburiyatlarini qachon toʻlaqonli bajaradi? Qachonki, jamiyat, har bir fuqaro oʻz majburiyatlarini toʻlaqonli bajarsagina! Birgina misol, ­fuqarolarning soliqlarni oʻz vaqtida va toʻliq toʻlashlari ham nafaqat burch, balki davlat oʻz ­vazifa va funksiyalarini toʻlaqonli amalga ­oshirishi uchun muhim omil hisoblanadi. Agar ­odamlar soliqlarni toʻlamasa, daromadini yashirsa, xufiyona iqtisodiyot oʻsib borsa, davlatning ijtimoiy funksiyalari ham toʻliq amalga oshmay qolishiga sabab boʻlishi mumkin.

 

Oʻzbekiston —

HuQuQiy davlat

“Inson huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir” degan norma belgilanmoqda. Loyihaga asosan insonning huquq va erkinliklari be­vosita amal qiladi va qonunlarning, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Yangilangan Konstitutsiyaga asosan davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli boʻlishi kerak.

Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. Har bir inson oʻz shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Qonunchilikda belgilanmagan majburiyat hech kimning zimmasiga uning roziligisiz yuklatilishi mumkin emas.

Shaxsni ushlab turish chogʻida unga tushunarli tilda oʻz huquqlari va ushlab turilish asoslari tushuntirilishi kerak.

Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan boʻlsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi nazarda tutilmoqda.

Gumonlanuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qayd etilmoqda.

Hech kim oʻziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emasligi belgilanmoqda.

Agar shaxsning oʻz aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil boʻlsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda.

Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chogʻida foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligi konstitutsiyaviy belgilanmoqda.

Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning oʻrni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi konstitutsiyaviy kafolatlanmoqda.

Umumxalq muhokamasi shuni koʻrsatdiki, odamlar hayotimizda uchrayotgan illatlar: korrupsiya, amaldorlarning oʻzboshimchaligi, oʻzgarish va yangilikka intilmasligi, davlat tuzilmalari oddiy odamlar muammolarining ichiga kirmayotganligi, hokimiyatlar ishidagi xoʻjakoʻrsinlik va koʻzboʻyamachilik bilan murosa qilishni xohlashmayapti.

Odamlar yurakdagi dard va alam bilan koʻp narsalar haqida gapirishmoqda.

Shu bilan birga, qayd etish joizki, umumxalq muhokamasida yangragan barcha tanqidlar ishimizni tubdan oʻzgartirishimiz uchun jiddiy ogohlantirish boʻlib yangrashi zarur.

Konstitutsiyaviy islohot davlat va uning mansabdor shaxslari oldiga oʻta masʼuliyatli va keng koʻlamdagi vazifalar yechimi ustida ishlash kerakligini, yangilangan talablar asosida oʻz faoliyatini Konstitutsiyamizga asoslanib, tubdan qayta koʻrib chiqish zarurligini yana bir bora koʻrsat­moqda.

 

Oʻzbekiston —

xalQchil davlat

Yangilangan Konstitutsiyada insonning shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy, ekologik hayotdagi huquq va erkinliklarini taʼminlash boʻyicha davlatning majburiyatlari bir necha bor oshayotgani davlat hokimiyati va boshqaruvi tizimining samaradorligini kuchaytirish, davlat organlari faoliyatini natijadorlikka yoʻnaltirishni taqozo etmoqda.

Konstitutsiyaviy islohotlar jarayonida Davlat hokimiyatini tashkil etish boʻlimi boʻyicha kelib tushgan takliflarning qariyb 20 foizi, yaʼni 18 mingtasi aynan parlamentni isloh qilish gʻoyasi bilan bogʻliq boʻldi. Ushbu normalarning asosiy mazmun-mohiyati davlat hokimiyatini demokratlashtirish, davlat va jamiyat qurilishiga oid muhim masalalarni hal qilishda parlamentning rolini oshirishda namoyon boʻladi.

Shu asosda, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida quyidagilar taklif etildi:

Birinchidan, parlament faoliyati bilan bogʻliq konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlarini qayta koʻrib chiqish, bunda, Qonunchilik palatasi bilan Senatning birgalikdagi vakolatlari, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va masʼuliyat sohalari aniq belgilab berilmoqda.

Xususan, Bosh vazir nomzodini koʻrib chiqish va maʼqullash, Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish kabi vakolatlar bevosita xalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylanadigan Qonunchilik palatasiga oʻtkazilmoqda. Bu oʻzgartish quyi palataning vakillik tabiatiga mos keladi hamda uning faoliyatini yanada samarali tashkil etish imkonini beradi.

Ikkinchidan, ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib, Senatning mutlaq vakolatlari amaldagi 14 tadan 18 taga oshirilmoqda.

Parlament nazorati obyektlari boʻlmish ijro hokimiyati organlari ixchamlashtirilayotganidan kelib chiqib, Senat ham ixchamlashtirilmoqda.

Shu asnoda, joylardan teng vakillikni saqlab qolgan holda senatorlar sonini 65 nafar etib belgilash taklif qilinmoqda.

Bundan tashqari, Qonunchilik palatasi tomonidan kiritilgan qonunlar Senatda oltmish kun ichida koʻrib chiqilishi lozimligi belgilanyapti. Agar yuqori palata bu muddat ichida qonunni koʻrib chiqmasa, ushbu qonun imzolash uchun toʻgʻridan-toʻgʻri Prezidentga yuborilishi amaliyotini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Mazkur qoida qonun ijodkorligiga oid tartib-taomillarni soddalashtirishga xizmat qiladi. Bunday amaliyot Chexiya, Polsha, Yaponiya, Qozogʻis­ton, Rossiya kabi davlatlarning parlament ­faoliyatida keng qoʻllaniladi.

Davlat hokimiyati tizimida oʻzaro tiyib turish va muvozanatni taʼminlash prinsipidan kelib chiqib, vazirliklar va davlat boshqaruvi organlarini tuzish va tugatish toʻgʻrisidagi farmonlarni tasdiqlash vakolatini ham Senatga oʻtkazish taklif etilmoqda.

Hozirgidek tayinlash toʻgʻrisidagi farmonni tasdiqlash oʻrniga Bosh prokuror, Hisob palatasi rahbarligiga nomzodlar avval Senatda koʻrib chiqilib, keyin tayinlanishi, maxsus xizmatlar ustidan parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati rahbarligiga nomzodni ham Senat bilan maslahatlashuvlardan soʻng tayinlash amaliyotini joriy qilish taklif etilmoqda.

Uchinchidan, Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari sifatida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi yillik milliy maʼruzani eshitish belgilanmoqda.

Bu ikkala palataning mazkur yoʻnalishdagi samarali hamkorligini taʼminlagan holda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ijobiy oʻzgarishlar uchun mustahkam zamin yaratadi.

Shuningdek, tarixda birinchi marta Konstitutsiya darajasida parlament tekshiruvi instituti mustahkamlanmoqda.

Toʻrtinchidan, markazdagi va joylardagi ijro hokimiyati organlari faoliyatida qatʼiy tartib-intizom, masʼuliyat, natijadorlikni kuchaytirish hamda barcha partiyalarga teng imkoniyat berish maqsadida Bosh vazir nomzodini barcha siyosiy partiya­lar fraksiyalari bilan maslahatlashib, davlat ­rahbari Qonunchilik palatasiga kiritib, xalq vakillari maʼqullaganidan soʻng lavozimga tayinlash tartibi joriy qilinmoqda.

Chunki saylangan davlat boshligʻi oʻz dasturini amalga oshirishi uchun davlat ishlari boʻyicha eng masʼul shaxs sifatida ijro hokimiyatiga oid vakolatlarga ega boʻlishi zarur.

Bu amaliyot chet elda ham keng tarqalgan. Qayerdaki, davlat boshligʻi xalq tomonidan toʻgʻridan-toʻgʻri saylansa, u ijro hokimiyatiga oid barcha zarur vakolatlarga ega boʻladi. Janubiy Koreya, Fransiya, Portugaliya, Ozarbayjon, Argentina va bir qator qoʻshnilarimizda ham shunday.

Beshinchidan, mamlakatimizda konstitutsiyaviy qonuniylikning taʼminlanishiga masʼul hisoblangan Konstitutsiyaviy sudning turli taʼsirlardan xoli boʻlishi, uning mustaqilligini kuchaytirish maqsadida xalqaro tajribani inobatga olib, mazkur sud sudyalarini oʻn yilga bir marotaba saylash taklif etilmoqda.

Oltinchidan, davlat hokimiyatini yanada demokratlashtirish maqsadida Oliy Majlis palatalari rahbarlari, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi rahbariyatlari, Bosh prokuror, Markaziy saylov komissiyasi raisi, xalq deputatlari Kengashlari raislari va hokimlarning lavozimga ikki muddatdan ortiq saylanishi (tayinlanishi) mumkin emasligigiga oid konstitutsiyaviy cheklov kiritilishi taklifi ilgari surilmoqda.

Yettinchidan, davlat boshligʻining bir qator vakolatlari xalq vakillariga — Senatga oʻtkazilmoqda, bular korrupsiyaga qarshi kurash hamda raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish organlari rahbarlarini, ­Sudyalar oliy kengashining butun tarkibini ­saylash shular jumlasidandir.

Sakkizinchidan, xalqparvar davlat barpo etish maqsadida mahalliy Kengash raisi va hokim lavozimlari alohida-alohida ajratib qoʻyilishi belgilanmoqda. Joylarda vakillik va ijroiya hokimiyatini ajratish tom maʼnoda inqilobiy oʻzgarishlarni nazarda tutadi.

Yangilanayotgan Konstitutsiyamiz tasdiqlanganidan soʻng mazkur Kengashlar ishini toʻgʻri tashkil qilishga koʻmaklashish, olti yarim mingdan ortiq deputatlik korpusiga metodik yordam koʻrsatish boʻyicha yuqori palata oldida ulkan vazifalar paydo boʻladi.

Shu maqsadda yuqori palataga joylardagi davlat hokimiyati vakillik organlariga oʻz faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun koʻmaklashish vazifasi yuklatilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, kiritilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalarning siyosiy-huquqiy ahamiyati, koʻlami va hajmidan kelib chiqib, ushbu loyihani Yangi tahrirdagi Konstitutsiya deb aytishga barcha asoslar bor. Shuning uchun ham loyihaning nomi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida emas, balki “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy qonuni deb atalmoqda.

 

Xotima

Yangi Oʻzbekistonni hech kim chetdan kelib qurib bermaydi. Barcha harakatlarimizda faqat va faqat oʻz kuchimizga, imkoniyatlarimizga tayanishimiz zarur.

Bunday tarixiy jarayon va hodisalar har doim ham boʻlavermaydi.

Agar biz barchamiz millatimiz, dinimiz, tilimiz, yoshimizdan qatʼi nazar, bir tanu bir jonga aylanib, ahil va hamjihat boʻlib, turli buzgʻunchi kuchlarning aldovlariga uchmasdan, jamiyat va davlatning birgalikdagi taraqqiyot yoʻlini belgilab olsak, yangilanayotgan Konstitutsiyamiz barchamizni birlashtiruvchi chinakam xalq Qomusi, chinakam xalq Konstitutsiyasi boʻladi. Jonajon Vatanimiz oʻz taraqqiyotining bugungi yangi bosqichida mustahkam huquqiy poydevorga ega boʻladi.

Erkin va farovon, tinch hamda osoyishta hayot osmondan tushmaydi, uning uchun kurashish kerak. Ayrimlar orzu qilgan buyuk davlatlarni oʻsha yurtning buyuk, matonatli xalqi barpo etgan.

Parlamentimiz Konstitutsiyaviy qonun loyihasini referendumga qoʻyishi, hech shubhasiz, mamlakatimiz tarixida yangi davrni boshlab beradigan ulkan siyosiy-ijtimoiy voqea boʻldi.

Ertangi kunimiz, kelajagimiz mazkur Konstitutsiyaga bogʻliq.

Yangilanayotgan Konstitutsiya boʻyicha oʻtkaziladigan referendumdagi faol ishtirokimiz bilan oʻzimiz, oilamiz, farzandlarimiz mana shu muqaddas zaminda yanada erkin va farovon yashashi uchun mustahkam poydevor yaratgan boʻlamiz.

Vatan taqdiri hal boʻlmoqda, Vatan taqdiri bu Sizning, farzandingizning, ota-ona, aka-ukalaringizning, kindik qoni toʻkilgan barcha qon-qarindoshlaringiz taqdiri.

Bizni milliy gʻurur va milliy iftixor birlashtirib turadi, bizni millatning ham yaxshi kuni, ham qaygʻusi birlashtirib turadi

Tahlikali, murakkab zamonda yashamoqdamiz, atrof notinch, ayrilganni ayiq yer, boʻlinganni boʻri yer deb xalqimiz bejizga aytmagan.

Ota-onaning yomoni boʻlmagani kabi Vatanning ham yomoni boʻlmaydi. Ona Vatan bu Siz, men, bu farzandingiz, ota-onangiz, aka-ukalaringiz, opa-singillaringiz, shu zaminga kindik qoni toʻkilgan ajdodlaringiz. 

Yangilangan Konstitutsiya Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba bevosita xalqimiz takliflari asosida uning irodasi bilan qabul qilinmoqda, shuning uchun 30-aprelda ulugʻ xalq qudrati joʻsh urishi lozim. Zero, Konstitutsiya bu xalq soʻzidir!

Miravzal Mirakulov,

Konstitutsiyaviy komissiya yigʻma-axborot

tahlil guruhi rahbari,

yuridik fanlar doktori, professor.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net