Konstitutsiyaviy qadriyatlar va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi

05.07.2023 14:54

Jamiyatning ijtimoiy yoki ijtimoiy-siyosiy tizimi oʻziga xos tashkiliy, institutsional xususiyatlarga va boshqa tizimlar bilan aloqalarga ega. Shuning uchun u keng ijtimoiy hayot va ijtimoiy munosabatlar majmuida mavjuddir. Jamiyatdagi mafkura, axloqiy va huquqiy meʼyorlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, tarixiy-madaniy tajriba ijtimoiy-siyosiy tizimga ustqurma sifatida taʼsir etadi. Biroq jamiyatning bu ijtimoiy unsurlari tizimi bilan ijtimoiy-siyosiy tizimlar oʻrtasida mudom farq saqlanib qoladi. Demak, ijtimoiy-siyosiy tizim ustqurma taʼsirida boʻlsa-da, aynan uning oʻzi emas, balki oʻzining institutsional, funksional, regulyativ va aksiologik jihatlari bilan boshqa ijtimoiy tizimlardan farq qiladi. Ushbu farq ijtimoiy-siyosiy tizimning ichki tartibi, tashkiliy jihati, hech boʻlmaganda, minimal darajadagi siyosiyligida namoyon boʻladi.

Ijtimoiy-siyosiy tizim avvalo tashkilot yoki istitutsionallashtirilgan birlikdir. Ushbu tashkilotga muayyan bir tartibda tashkil etilganlik va faoliyat koʻrsatish, rasmiy-yuridik tashkil qilinganiga dalil boʻluvchi Nizom va boshqa taʼsis hujjatlariga, oʻziga xos maqsad va vazifalariga ega boʻlish, ijtimoiy hayotda qabul qilingan maʼlum tamoyillarga muvofiq faoliyat koʻrsatish, ichki va tashqi faoliyatni boshqarish organlarining tuzilgani, mavjudligi xosdir.

Zamonaviy jamiyat va davlatning konstitutsiyaviy qadriyatlari deganda konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar tomonidan tan olingan insoniy qadriyatlar tushuniladi.

Birinchidan, bu davlat konstitutsiyasining milliy huquqda asosiy va tayanch boʻlib, inson hayotining maqsadlari, ideallari va prinsiplarini, jamiyat va davlat tuzilishini eʼlon qiladigan qadriyatdir. Ikkinchidan, bular asosiy konstitutsiyaviy prinsiplar sifatida eʼtirof etilgan eng yuqori darajadagi gʻoyaviy-huquqiy mazmunga ega boʻlgan qadriyatlar: inson huquqlari va erkinliklari yoki inson qadr-qimmati, ularni tan olish, ularga rioya qilish va himoya qilish davlatning burchidir; demokratik, huquqiy, respublika (monarxiya), unitar (federal), ijtimoiy, dunyoviy (diniy), ekologik va madaniy davlatchilik, shuningdek, davlat suvereniteti, xalq suvereniteti, davlat hokimiyatining boʻlinishiga asoslangan boshqaruv, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari va konstitutsiya asosiy xususiyat berishi mumkin boʻlgan boshqa qadriyatlar.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni inobatga olgan holda, konstitutsiyaviy qadriyatlar qatoriga, eng avvalo, inson, uning huquq va erkinliklari ham kiritilishi lozim. Shuningdek, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat prinsiplari, hokimiyatlar boʻlinishi prinsipi, shuningdek, har qanday mafkura davlat mafkurasi sifatida oʻrnatilishini taʼqiqlovchi prinsipi, shu bilan birga mafkuraviy xilma-xillik prinsipi ham shular qatoriga kiritilishi kerak.

Konstitutsiyaviy qadriyat sifatida davlatda oliy davlat hokimiyatini tashkil etishni ham koʻrib chiqish mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi Konstitutsiyasi 2023-yilda jamiyat va davlatning uygʻun faoliyatini taʼminlash uchun barcha zarur normalarni oʻzida mujassam etgan holda, oliy yuridik kuchga ega boʻlgan alohida normativ-huquqiy hujjat sifatida alohida konstitutsiyaviy ahamiyatga ega.

Konstitutsiyaviy qadriyatlar, albatta, avvalombor  huquqiy asos orqali shunday boʻladi, yaʼni ular birinchi navbatda tegishli huquqiy qadriyatlar yoki qonundagi qadriyatlardir. Shu bilan birga, ular oʻzlarining alohida ahamiyatiga koʻra, butun huquqqa, jumladan, mustaqil qadriyat sifatida qonunga sezilarli taʼsir koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muqaddimasida aniq koʻrsatilishiga koʻra, konstitutsiyaviy qadriyatlar qatoriga birinchi navbatda inson, uning huquq va erkinliklari kiradi. Shaxsni, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat deb eʼtirof etish davlatning har qanday yuridik ahamiyatga molik xatti-harakatlari insonning turmush tarzini yaxshilash, uning huquqlarini va erkinliklarini amalga oshirish koʻlamini kengaytirish va kafolatlarini yaxshilash maqsadida belgilanishi kerakligini anglatadi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasining yangilangan Konstitutsiyasi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar davlat va jamiyat boshqaruvi tizimidagi tafakkur paradigmasi va faoliyat prinsiplarini tubdan oʻzgartirishga qaratilgan boʻlib Yangi Oʻzbekistonda “davlat-jamiyat-inson” tamoyili oʻrniga “inson-jamiyat-davlat” postulatini munosabatlar asosiga qoʻydi. Oʻz navbatida, yangilangan Konstitutsiyadagi yangi normalarning yarmidan koʻpi inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish va mexanizmlarini mustahkamlashga qaratilgan.

Konstitutsiya huquqiy davlatning barcha belgilarini qamrab oldi, bunda hokimiyat oʻz harakatlarida qonun bilan cheklanishi, suveren xalq irodasiga boʻysunishi va insonning huquq va erkinliklarini taʼminlashga daʼvat etadi. Mamlakatni demokratik yangilash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning eng muhim kafolati sifatida Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashning konstitutsiyaviy mexanizmlari sezilarli darajada mustahkamlandi.

Parsonsning "Zamonaviy jamiyatlar tizimi" asarida taʼkidlanganidek, jamiyat oʻz xarakteri va tuzilishiga koʻra "oʻz-oʻzini yuksak darajada taʼminlay oladigan ijtimoiy tizim"dir. Oʻz-oʻzini taʼminlash yon-atrofdagi tabiiy, iqtisodiy, siyosiy tizimlar bilan aloqalarni, integratsiyani inkor qilmaydi. Ammo jamiyat oʻzining butunligini saqlash uchun zarur aloqalarni qoʻllab-quvvatlaydi, zararli aloqalarning oldini olish yoki ularni ijtimoiy manfaatlar tomon burish chora-tadbirlarini koʻradi. Ushbu vazifani jamiyatning maxsus institutlari, eng avvalo, davlat bajaradi. T. Parsonsning fikriga koʻra, davlat ikki funksiyani bajaradi — jamiyatni global tahdiddan himoya qiladi va ijtimoiy manfaatlar nuqtayi nazaridan jamoa xatti-harakatlarini boshqaradi.

Biz koʻrayotgan mavzuga davlatning ikkinchi funksiyasi bevosita taalluqlidir. Chunki, davlatning islohotchiligi aslida jamiyat hayotini, ijtimoiy-siyosiy institutlar (quyi tizimlar) faoliyatini takomillashtirishga qaratilgandir. Takomillashtirish vazifasi esa davlatning ichki siyosiy va huquqiy mexanizmlari bilan bogʻliq. Islohotlar — tarixiy zarurat, huquq — islohotlarning samaradorligini oshirish mexanizmi, masʼuliyat esa davlatning jamiyat oldidagi oʻz burchini idrok etishi, vazifalarini bajarishidadir.

Ushbu konsepsiyaga koʻra, Bosh Qomusning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi deganda ijro hokimiyati va sudlar tomonidan huquqni qoʻllash qarorlarida ularga havola qilish orqali aniq konstitutsiyaviy qoidalarni qoʻllash deb tushuniladi.

Taʼkidlashni joizki, Konstitutsiyaning ustuvorligi va uning normalari toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishi huquqiy davlatning ajralmas belgilari boʻlib, ularga nafaqat butun huquqiy bazaning balki davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyati institutlari va fuqarolar faoliyatining ham rioya etilishini taʼminlash zarurligini bildiradi.

Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi.

Shuningdek, fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, sudda koʻrib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan oʻziga nisbatan qoʻllanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi toʻgʻrisidagi shikoyat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli. Bu huquqining Konstitutsiyada mustahkamlanishi inson huquq va erkinliklarining eng muhim kafolati boʻlib, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlaydi.

Hozirning oʻzidayoq amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlarning xukukiy davlat barpo etish va xukukiy davlat asosida ochik, erkin va albatta, adolatli jamiyatni shakllantirishga qaratilgani fuqarolik jamiyatini real voqelikka aylantirmokda. Demak, fuqarolik jamiyati ijtimoiy-utopik model boʻlgani uchun emas, balki teng huquqli, erkin va farovon hayot, har bir shaxsga oʻz iqtisodiy qobiliyatini, ijodiy kuchlarini toʻla namoyon qilish uchun zarur ijtimoiy, siyosiy, huquqiy va maʼnaviy-madaniy muhit yaratib berishi tufayli maftunkordir. Ushbu jamiyatni barpo etishning sharti esa demokratik huquqiy davlat kurishdir. Oʻzining siyosiy uyushqoqligi, institutlarining barqarorligi, islohotlarni amalga oshirish imkoniyatlariga ega ekanligi, xalq hokimiyati sifatida umumxalq manfaatlariga xizmat kilishi bilan davlat fuqarolik jamiyati barpo etish vazifasini oʻz zimmasiga oladi.

Sardor Musayev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xuzuridagi

Qonunchilik va huquqiy siyosat institutining

Konstitutsiyaviy qurilish va davlat boshqaruvining

samaradorligini tahlil qilish shuʼbasi mudiri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net