Konstitutsiyada aks etayotgan "Miranda qoidasi" – "Siz sukut saqlash huquqiga egasiz"

22.08.2022 16:52

EKSPERTLAR FIKRI

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida «Miranda qoidasi» va «Xabeas korpus» tamoyillari aks etishi kutilmoqda. Ushbu kutilayotgan yangilik o‘zbekistonliklar hayotida nimalarni o‘zgartirishi mumkin? «Miranda qoidasi» nima? Uning asosiy Qomusimizda paydo bo‘lishi inson huquqlarini qanchalik kafolatlaydi? Ushbu savollarga O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti professori G‘ulomjon Hakimov va mazkur universitet dotsenti Dildora Yusupova O‘zAga bergan intevyusida atroflicha javob berdi:

– Shavkat Mirziyoyev konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda «Miranda qoidasi» va «Xabeas korpus» tamoyillarini Konstitutsiyada aks ettirish kerakligini ta’kidlagach, aholi orasida mazkur tamoyillarning mazmuniga qiziqish ortdi. «Miranda qoidasi»ning mohiyati va kelib chiqishiga to‘xtalsangiz.

G‘ulomjon HAKIMOV: – Qoida amerikalik jinoyatchi Ernesto Arturo Miranda nomi bilan bog‘liq. U AQSH Oliy sudi tomonidan 1966 yilda jinoyat sodir etishda gumonlanuvchilarning o‘ziga-o‘zi qarshi guvohlik berib qo‘ymasligini ta’minlash maqsadida kiritilgan. 1963 yilda bu shaxs tovlamachilik va nomusga tegish jinoyati bilan qo‘lga olingan. So‘roqdan so‘ng Miranda o‘ziga qo‘yilgan ayblovlarga iqror bo‘lib, so‘roq bayonnomasiga imzo chekadi. Bayonnomaning har bir sahifasida «Bu bayonnomaga o‘z ixtiyorim bilan imzo chekdim, hech kim meni majburlamadi, hech qanday tahdid qilmadi. Menga men tomonimdan bildirilgan har qanday bayonot o‘zimga qarshi ishlatilishi mumkinligi va boshqa huquqlarim tushuntirildi», degan yozuvlar bo‘lgan. Lekin eng diqqat qiladigan tomoni, bu huquqlarni hech kim Mirandaga og‘zaki tushuntirib bermagan.

Mirandaning advokati Elvin Mur sudda Mirandaning haq-huquqlari talab darajasida tushuntirilmagan, shuning uchun aybiga iqrorlik bilan bog‘liq barcha dalil va ko‘rsatmalar ishdan chiqarilishi lozim, degan vajni ilgari suradi. Ish AQSH Oliy sudigacha yetib borgach, «Mirandaning huquqlari buzilgan» deb hisoblanib, ishdan Mirandaning ko‘rsatmalarini chiqarib tashlash va ishni qayta ko‘rish uchun qaror chiqaradi.

Mazkur pretsedent 1966 yildan AQSH jinoyat protsessiga yangi institut – birinchi o‘rinda gumonlanuvchining haq-huquqlari tushuntirilishi shart ekanligini nazarda tutuvchi «Miranda qoidasi»ning kiritilishiga sabab bo‘lgan.

– Mazkur pretsedentning asosi nimadan iborat?

– Asosiy tushuncha jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxs ushlanganda, qonuniy haq-huquqlari unga tushuntirilishi kerak. Agar gumonlanuvchiga bu haqda og‘zaki tushuntirish berilmasa, gumonlanuvchi aytgan har qanday so‘z yoki so‘roq paytida olingan har qanday ko‘rsatma dalil sifatida tan olinishi mumkin emas.

– Shaxs gumonlanib qo‘lga olinganda, «Miranda qoidasi» qanday ifodalanadi, uning aniq belgilangan shakli bormi?

Dildora YUSUPOVA: – Yo‘q, qoida gumonlanuvchining eng avvalo huquqlari batafsil tushuntirilishini nazarda tutadi, xolos. Lekin uning quyidagi shakllangan matni ko‘p tarqalgan hisoblanadi: «Siz sukut saqlash huquqiga egasiz. Nimaniki aytsangiz yoki so‘zlasangiz, ushbu aytganlaringiz o‘zingizga qarshi sudda ishlatilishi mumkin va ishlatiladi ham. Siz so‘roq paytida advokat xizmatidan foydalanish huquqiga egasiz. Agar siz advokatning xizmatini to‘lay olmasangiz, sizga davlat tomonidan advokat ta’minlanishi mumkin. Huquqlaringiz sizga tushunarlimi?».

– Biror shaxs hali aybi isbotlanmay ushlangan vaqtda uning qanday huquqlari mavjud bo‘ladi?

– Bunday holatda gumonlanuvchi gapirishga majbur emas. Huquq posboni «Qani gapir, nega buni o‘g‘irlading, qayerdansan, isming kim» singari savollarga miq etmay turaverishi mumkin. So‘roq payti bo‘lsa, boshqa gap. Lekin rasman so‘roq boshlanmaguncha, g‘ing demay turaverish mumkin. Hatto, so‘roq paytida ham shaxsni savollarga javob berishga majburlash mumkin emas. Gumon qilinuvchining o‘rniga uning advokati gapiradi, dalillar tilga kiradi.

Jinoyat qonunchiligida shunday qoida bor: shaxs o‘zining aybsiz yoki aybdor ekanligini isbotlashga majbur emas. U umuman hech qanday harakatsiz jim o‘tirishi mumkin. Uning aybini politsiya isbotlashi lozim va bu uning majburiyatidir. Yeladi-yuguradi, dalillarni yig‘adi, guvohlarni topadi va h.k. Hatto, shaxs o‘z aybini bo‘yniga olib, «Men odam o‘ldirdim», deb politsiyaga kelganda ham, chindan shu odam o‘ldirganmi yoki boshqami, politsiya uni ham isbotlashi kerak.

Keyingi holat. Nimaniki aytilsa, ular uning o‘ziga qarshi sudda ishlatilishi mumkin. Yuqorida aytilganidek, qo‘lga olingan paytda yaxshisi, jim turgan ma’qul. Chunki bilib-bilmay gapirib qo‘yib, aybsiz aybdor bo‘lib qolish hech gap emas. Masalan, qo‘pol so‘zlar ishlatib, politsiyani haqorat qilib qo‘yish mumkin yoki ishga umuman aloqasi yo‘q boshqa narsani og‘izdan «gullab» qo‘yish mumkin va h.k.

Ayrimlar «Advokatga to‘lashga pulim yetmaydi, o‘zimni o‘zim himoya qila olmayman, bo‘lar ish bo‘ldi, baribir ular meni qamaydi», deb tushkunlikka tushib, o‘zini yo‘qotib qo‘yadi va oqibatda sodir etmagan qilmishni ham bo‘yniga olib qo‘yadi. Shuning uchun ham qo‘lga olish chog‘ida albatta, uning advokat bilan ta’minlanishi huquqiga egaligini tushuntirish muhim hisoblanadi.

– Xorijiy mamlakatlarning qonunchiligida «Miranda qoidasi» qanday ifoda etilgan?

– «Miranda qoidasi» bugun barcha davlatlar Konstitutsiyasi va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda umume’tirof etilgan norma sifatida belgilangan. «Miranda qoidasi» turli davlatlar qonunchiligida turlicha ifoda etilgan. Masalan, AQSHning Nyu-Meksika, Texas, Arizona va Kaliforniya kabi shtatlar qonunchiligida ushbu qoida quyidagicha belgilangan: Agar siz Qo‘shma Shtatlar fuqarosi bo‘lmasangiz, savollarga javob berish oldidan mamlakatingiz konsuli bilan aloqada bo‘lishingiz mumkin.

Virjiniyada esa fuqaro har qanday vaqtda savollarga javob berishni rad etishi mumkin.

Maftuna KARIMOVA suhbatlashdi, O‘zA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net