Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Respublika fondlarida saqlanayotgan 52 ming 255 ta qadimgi yozma manbalarning maʼlumotlar bazasi yaratildi

28.12.2022 11:41

/“Dunyo” AA/. Kecha Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Islom sivilizatsiyasi markazi rahbariyati ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir chog‘ida  O‘zbekistondagi yirik megaloyihalardan biri bo‘lgan Toshkentdagi Hazrati Imom dahasida bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2022 yildagi faoliyati hamda «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» Davlat dasturi ijrosi borasida amalga oshirgan ishlari, shuningdek, Markazning ilmiy faoliyati va istiqboldagi rejalari haqidagi maʼlumotlar taqdim etildi. 

Qayd etilishicha, islom dini merosini saqlash, manbashunoslik va qo‘lyozmalar bilan ishlash bo‘yicha Respublika fondlarida saqlanayotgan 52 ming 255 ta (shundan 21 ming 670 ta qo‘lyozma, 30 ming 585 ta toshbosma) qadimgi yozma manbalar to‘g‘risidagi maʼlumotlar bazasi yaratilgan.

Yil boshidan buyon ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan 11 ta yozma manba tarjima qilindi va chop etishga tayyorlandi.  Qurʼoni karim bo‘limi ekspozitsiyasi uchun Qurʼoni karimning 28 ta nodir qo‘lyozmasidan iborat kolleksiya shakllantirildi.

Qatar milliy kutubxonasidan 2 ming 635 ta foto-hujjat, qo‘lyozmalar, arxiv hujjatlari, Turkiya Respublikasi olimlari qo‘lyozmalar kolleksiyasining maʼlumotlar bazasidan 70 mingdan ortiq, AQSH kongressi kutubxonasidan 558 ta qo‘lyozma va foto-hujjatlar, “TurkTAV” fondidan 20 mingdan ziyod noyob kitoblar, Misr davlatidagi “Al-Azhar” majmuasidan Alisher Navoiyga oid 5 dona, Kamoliddin Behzodga oid 6 dona elektron manbalar olindi.

O‘zbekiston Prezidentining tashabbusi bilan qurilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb to‘rt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli bo‘lib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilmoqda. 

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net