Intilish mehvaridagi imkoniyatlar Uchinchi Renessans poydevorini qurishga asos boʻladi

08.04.2023 10:09

Markaziy Osiyo zamini buyuk allomalarga beshik boʻlgan. Sharqdagi ilk uygʻonish davri ham yurtimiz hududidan boshlangan, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Chunki Birinchi Renessans paytida Xorazmdagi Maʼmun akademiyasiga asos solingan boʻlsa, Ikkinchi Renessansda Samarqandda Ulugʻbek, Ali Qushchi kabi allomalar ishtirokida koinotni oʻrganish maktablari barpo etilgan.

Ayni paytda mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etish gʻoyasi markazida taʼlim omili turibdi. Bu xususda Prezidentimiz ham Murojaatnomada toʻxtalib, jumladan, shunday dedi: “Bu jarayonda har bir oʻquvchi oʻzining qobiliyatiga qarab, aniq yoʻnalishlar boʻyicha chuqur oʻqitiladi, dunyoning nufuzli oliygohlariga kirish imkoniyatlari kengayadi. Shu bois, 2023-yildan maktab taʼlimini xalqaro taʼlim dasturlari asosida butunlay isloh qilishni boshlaymiz. Bu ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish, yangi darsliklarni ishlab chiqish, ilgʻor taʼlim standartlari va metodikalarini joriy etish uchun alohida ilmiy institut va laboratoriyalar tashkil qilinadi”. Demak, milliy oʻzligimizni anglab, ajdodlarimizga munosib boʻlishni xohlagan yoshlarga eʼtibor yanada kuchayadi.

Murojaatnomada taʼkidlanganidek, “Taʼlim sifatini oshirish – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻlidir”. Ushbu holatni oldindan toʻgʻri baholab, davlatimiz rahbari oʻtgan yili taraqqiyotning bir qancha muhim omillariga eʼtibor qaratib keldi. Jumladan, 2022-yil 6-iyulda Prezidentimizning “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “2022–2026-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ikkala hujjatda ham mamlakatimizda innovatsion rivojlanishni jadallashtirish, iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga innovatsiyalar va texnologiyalarni keng tatbiq etish, inson kapitalini, ilm-fan va innovatsiya sohalarini rivojlantirish muhim vazifalar sifatida belgilangan edi. Ayni paytda ularni amalga oshirish uchun ishlar qizgʻin ketmoqda.

Qilinayotgan barcha ishlardan maqsad dunyo tamaddunida oʻz oʻrnimizga ega boʻlish, mamlakatimizning barqaror rivojlanishini taʼminlash, raqobatbardoshligini oshirish, aholining farovonligini taʼminlashga qaratilgan. Buning uchun Uchinchi Renessans poydevorini hozirdan  shakllantirishga kirishish lozim. Buning bir qancha yoʻnalishlari mavjud.

Birinchidan, ijodkor, intellektual salohiyatli yoshlarni tarbiyalab yetishtirish vazifasi turibdi. Chunki ijodiy fikrlamaydigan, atrofdagi hodisa va jarayonlarga baho bera olmaydigan, ulardan tegishli xulosa chiqarmaydiganlar katta ishlarni kutib boʻlmaydi. Shuning uchun bolalarni kreativ fikrlaydigan qilib tarbiyalashga barcha kuch-imkoniyatlarni yoʻnaltirish maqsadga muvofiq. Shu maʼnoda bugungi taʼlim tizimini tubdan takomillashtirish zarurati yuzaga keldi.

Hozir oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan aksariyat oʻquvchilar bu natijaga maktabdan tashqari qoʻshimcha oʻqish evaziga erishyapti. 2022-yilgi test natijalariga koʻra, abituriyentlarning teng yarmiga yaqini qoniqarsiz ball toʻplaganiga guvoh boʻldik. Demak maktab taʼlimini isloh etish harakatini susaytirmaslik darkor.

Ikkinchidan, bugungi tezkor davrda mavjud bilimlar tez eskirib qolyapti. Shu bois, uni tizimli ravishda yangilab borish uchun uchun bolalarni qoʻshimcha manbalardan, internetdagi global kutubxonalardan foydalanishga oʻrgatish maqsadga muvofiq. Hozirgi kadrlar har qanday vaziyatda mavjud voqea-hodisalarga ilmiy jihatdan baho bera oladigan boʻlishi lozimligini davrning oʻzi talab qilyapti. Shundagina mutaxassislarimiz zamon bilan hamnafas, kezi kelganda raqobatbardosh boʻladi. Ammo yil oʻtgan sayin muammo keskinlashib bormoqda. Chunki oxirgi yillarda oliy taʼlimga oʻqishga qabul qilish salmogʻi 3–4 barobar oshdi. Natijada davlat oliy taʼlim muassasalaridagi koʻplab malakali pedagoglar xususiy universitetlar va oliygoh filiallariga oʻtib ketgani uchun bilimli mutaxassislarga ehtiyoj oshmoqda. Oliy taʼlimga zarur boʻlgan kadrlar birligini shunchaki xodimlar bilan emas, balki eng iqtidorli, bilimli, mahoratli pedagoglarni sohaga jalb qilish orqali toʻldirish lozim. Buning uchun magistratura mutaxassisliklariga yuqori reyting ball olgan talabalarni jalb qilish, pedagogik faoliyatga yoʻnaltirish va tajribasini oshirib borish maqsadga muvofiq.

Hozirgi zamonaviy pedagoglar nazariya va amaliyotni bilishi hamda ushbu bilimni magistrantlarga berishi bilan birga notiqlik sanʼati, pedagogik texnologiyalarning ilgʻor usullarini oʻrgatishiga alohida ahamiyat qaratish lozim. Shuningdek, talabalar ruhiyatini oʻrganish bilan bogʻliq bilim va koʻnikmalardan ham xabardor qilib borish maqsadga muvofiq.

Uchinchidan, ilgʻor tafakkurli yoshlarning kamolga yetishi 70 foiz holatda aqlli tibbiyot va oilaga bogʻliq. Insonning innovatsiya va yangi bilim yaratish qobiliyati yuzaga chiqishida ajdod surib kelayotgan genning ham oʻrni katta. Bunda bolada yetti-oʻn boboning intellektual salohiyati namoyon boʻladi. Masalan, boʻri, qush va qoʻy naslining oʻziga xosligidagi farqni oling. Aytaylik, boʻrining bolasi, albatta, yirtqichlik, qushning joʻjasi parvoz qilish layoqati bilan tugʻiladi.

Insonlarda ham bunday  xususiyatlar ham avloddan avlodga oʻtib keladi. Yana yashirin ochlik (mikro va makroelementlar, suv va kislorod yetishmovchiligi)ni kamaytirish, xotirani yaxshilash usullaridan foydalanish, mahoratli oʻqituvchidan bilim, tarbiya olish ham katta ahamiyatga ega. Ushbu modelni amalga oshirish uchun qaysi jihatlarga eʼtibor berish kerakligi koʻrinib turibdi.

Toʻrtinchidan, yoshlarning ilgʻor fikrli va ijodkor boʻlib ulgʻayishi uchun aqlli tibbiyotni shakllantirib, sogʻlom umrni uzaytirish kerak boʻlmoqda. Zamonaviy dunyoda insonning umri qancha yashagani bilan emas, balki sogʻlom va samarali yashagani bilan oʻlchanadi. Odamning aqliy qobiliyatini oʻstirish uchun lozim boʻlgan muolaja usullari ishlab chiqilishi tibbiyotimiz oldida turgan navbatdagi vazifadir. Jahonda tibbiyot ham xotirani, oʻylash tezligini va kreativ fikrlashni kuchaytiradigan muolajalarga eʼtibor qaratmoqda. Tibbiyot tizimini sogʻliqni saqlash boʻlimi va boshqarmalari yuritadi. Biroq tizimga qarashli muassasalar kasallikni davolash bilan shugʻullanmoqda. Ilgʻor tibbiyot oʻzining nomiga munosib boʻlib, odamlarning sogʻligʻini saqlash bilan shugʻullanish bosqichiga oʻtishi kerak. Buning uchun havo, suv musaffoligi, oziq-ovqat xavfsizligini saqlash birinchi oʻrinda turadi.

Zotan davlatimiz rahbari Murojaatnomada ham “Sogʻlom hayot tarzi haqida olti yildan beri gapiryapmiz. Lekin Sogʻliqni saqlash vazirligi buni hali joy-joyiga qoʻya olmayapti. Sogʻlom ovqatlanish ratsioniga doir tavsiyalar odamlarga yetkazilmayapti, turli yoshdagi kishilar uchun jismoniy mashqlarni oʻrgatish ishlari yoʻq. Aslida, inson salomatligi, tibbiyotning zamini ham shular-ku! Shu bois, “Toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzi” yangi umummilliy harakatini mahalladan boshlaymiz. Bu harakatda yoshu qari – barcha yurtdoshlarimiz oʻz oʻrnini topishi kerak”, deya behuda kuyunib gapirmadi.

Beshinchidan, rivojlangan davlatlarda yoshlar xotirasini yaxshilash va sogʻlom tafakkur tarziga alohida ahamiyat beriladi. Chunki mustahkam xotira tufayli taʼlim jarayonida olingan bilim miyada saqlab qolinadi. Undan samarali foydalanish uchun tafakkurni ham faollashtirish lozim boʻladi. Keyingi yillarda inson kapitali degan tushuncha hayotimizga kirib keldi. Bu kapitalning kuchi insonning xotirasi qandayligi, qay tarzda tafakkur qila olishi bilan belgilanadi. Inson kapitalining qiymati yoʻq, ammo uning qimmati bor. Qaysi korxona yoki mamlakatda haqiqiy inson kapitali talab darajasida boʻlsa, uni raqobatda yengish qiyin. Shu jihatdan inson kapitali salohiyatini oshirish Uchinchi Renessans uchun oʻta muhim. Bu borada davlatimiz rahbari Murojaatnomada ham taʼkidladi: “Oʻquvchilarda erkin va kreativ fikrlashni, jamoada ishlash va muloqot koʻnikmalarini shakllantirish zarur. Mana, maktablarimizga qanday muhit kirib kelishi kerak!”. Koʻrinib turibdiki taʼlim tizimi oʻnglanish bosqichiga oʻtgan, maktablarimizda ijodkorlik, kreativ fikrlash uchun muhit yuzaga kelyapti. Bu ham Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishda yaxshi natija beradi.

Oltiinchidan, yashirin ochlikni yoʻqotish kerak. Qorin toʻyib ovqatlanish hali foydali, sogʻlomlashtiradigan ovqatlanish degani emas. Ovqat bilan organizmga tegishli mineral, mikroelement, vitaminlar kabi zarur moddalar kirishi va toʻyinishi lozim. Shundagina inson miyasining faoliyati yaxshilanadi. Qobiliyatni oshirish uchun isteʼmol qilingan yegulik  quvvati aqliy mehnatga sarflanishi lozim. Ekspertlar bir kishi uchun oʻrtacha bir oyda eng zarur boʻlgan mahsulotlarni hisoblab chiqishdi. Unga koʻra, bir odam oyiga 10 litr sut, 10 dona qolipli non, 20 dona tuxum, 1 kilogramm pishloq, 1,5 kilogramm guruch, 6 kilogramm goʻsht, 6 kilogramm meva, 8 kilogramm sabzavot isteʼmol qiladi. Buyuk Britaniyada eng kam ish haqining 6,5 foiziga yuqorida sanalgan mahsulotlarni sotib olish mumkin. Bu koʻrsatkich Irlandiyada 7,4 foiz, Avstraliyada 7,7 foizga yetadi. Hamma orzu qiladigan AQSHda esa eng kam ish haqining 12,5 foiziga zarur oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilish mumkin.

Yettinchidan, oʻrtacha umr koʻrish darajasi jahondagi eng asosiy koʻrsatkichlardan. Bizda ushbu koʻrsatkich uzoq yillardan buyon 70–73 yosh atrofida oʻrtacha saqlanib turibdi. Yangi Oʻzbekistonda inson kapitalidan “insonning aqliy kapitali” tahliliga oʻtib, taʼlimni yoshlarni sogʻlomlashtirishga qaratilgan va aql-zakovatni oʻstiradigan sohaga aylantirish borasida tegishli ishlarni amalga oshirish ham oʻta dolzarb masalalardan.

Sakkizinchidan, Prezidentimizning bir million dasturchini tayyorlash boʻyicha koʻrsatmasi va loyihasi ham ijodiy hamda raqamlashtirish ishlarining boshlanishiga mos ravishda Uchinchi Renessans poydevorini shakllantirishga asos boʻladi. Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizdagi 205 ta shahar va tumanning har birida bittadan axborotlashtirish va dasturlashga oʻrgatadigan maktab ochilgan. Ularning oʻquv dasturi, adabiyotlarini shakllantirish va xorijiy tajribani tezda joriy etish kerak. Xitoy va Hindistondagi ochiq universitetlar tashkil etish ham maqsadga muvofiq. Ularda eng zamonaviy xorijiy dasturlar va raqamli texnologiyalar qisqa muddatli kurslarda masofadan onlayn oʻqitiladi. Ushbu maktablarni va ochiq universitetni bitirgan oʻquvchilar minglab kilometr masofadan turib ishga joylab, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirishi mumkin. Shu maʼnoda xorijga borib oʻtirmasdan ham shu yerda ishlab pul topsa boʻladi. Muhimi, yurtdoshlarimiz ogʻir jismoniy mehnatdan asta-sekinlik bilan aqliy mehnatga oʻtadi. Shunda faqat aqliy mehnat bilan jismoniy mehnatga nisbatan 10–20 barobar koʻp daromad olish imkoniyati paydo boʻladi.

 

Saidahror Gʻulomov,

akademik

Mamayunus Pardayev,

iqtisodiyot fanlari doktori, professor

Mansurxon Toirov,

fizika-matematika fanlari doktori, professor

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net