Inson manfaatlari — amalga oshirilgan konstitutsiyaviy islohotning bosh maqsadi

13.05.2023 12:20

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 8-may kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar, sud va ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlari hamda jamoatchilik faollari bilan referendum yakunlariga bagʻishlab oʻtkazilgan uchrashuvdagi nutqi siyosiy sharhlovchilar, ekspertlar, mamlakatimiz aholisi tomonidan katta qiziqish bilan oʻrganilmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Oʻzbekistonimizning yaqin kelajakdagi taraqqiyot rejalari, ustuvor vazifalari va siyosiy yoʻnalishlarini belgilab berdi.

Shu yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan muhim tarixiy siyosiy tadbir — yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasi boʻyicha referendumda xalqimiz oʻz kelajagi, mamlakatimiz ertasi uchun ovoz berdi. Aynan shu kuni tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik Qoyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi.

Shu tariqa Oʻzbekiston Konstitutsiyasida mamlakatimizning “dunyoviy va ijtimoiy davlat” sifatidagi maqomi belgilab qoʻyildi, oʻzbek xalqining farovon kelajagini taʼminlashga qaratilgan erkin bozor iqtisodining asoslari mustahkamlandi, Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga taqdim etilishi orqali demokratlashuv jarayoni jadallashtirildi, intellektual mulkdan tortib inklyuziv taʼlimgacha boʻlgan muhim huquqlar kafolatlandi. Davlat fuqarolar haq-huquqlari va erkinliklarini taʼminlash, manfaatlarini himoya qilish boʻyicha qator majburiyatlarni oʻz zimmasiga oldi.

Ushbu konstitutsiyaviy referendum tufayli xalq va davlat oʻrtasidagi “ijtimoiy kelishuv” yangilandi va yanada mustahkamlandi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyani qabul qilish uchun saylovchilarning 90 foizdan ziyodi ovoz berdi. Bu — xalqimizning oʻz Prezidentiga ishonchi yuksakligidan, olib borilayotgan siyosatni qoʻllab-quvvatlayotganidan, davlatimizning ijtimoiy va qonunchilik siyosati izchil davom etishiga chin dildan umid qilayotganidan, eng muhimi, aholining siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi sezilarli darajada yuksalganidan dalolatdir. Shuningdek, referendum natijalari boshlangan islohotlarga xalqimiz tomonidan berilgan munosib baho boʻlib, endilikda yangi Oʻzbekistonni barpo etish uchun navbatdagi dadil qadam tashlandi, desak, yanglishmagan boʻlamiz.

Chinakam xalq Konstitutsiyasi

Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha boʻlgan davrda oʻtkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol ishtirok etdi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga asoslarimiz bor. Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlar tarafdori ekanligini amalda isbotladi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi boʻyicha umumxalq muhokamalarida 223 mingga yaqin takliflar kelib tushganligi va ular asosida loyiha takomillashtirilib, maromiga yetkazilgani, xususan, takliflarning har toʻrttasidan bittasi loyihadan joy olganligi fikrimizning yaqqol dalili boʻla oladi.

Konstitutsiyaning moddalari amaldagi 128 tadan 155 taga koʻpayib, normalari 275 tadan 434 taga oshgani, yaʼni Asosiy Qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilangani, inson huquq va erkinliklariga oid qoidalar uch yarim baravarga koʻpaygani ham xalqimizning siyosiy ongi va madaniyati oshganligini namoyon etdi.

Muxtasar aytganda, xalqimiz Konstitutsiya xalqni xalq, millatni millat qiladigan poydevor ekanligini anglab yetdi.

Bugun Oʻzbekiston marrani juda baland olgani hech kimga sir emas. Chunki globallashuv jarayonining shiddati, jahonda sodir boʻlayotgan voqea va hodisalarning rivojlanish dinamikasi shuni taqozo etmoqda. Har bir soat, har bir kundan samarali, unumli foydalanish suv va havodek zarur. Yangilangan Konstitutsiya mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, umuman, yurt va xalqning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos boʻladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi bilan boshlangan oʻzgarishlar shabadasi xalqimizga chinakam erk berdi, uning qadrini yuksakka koʻtardi. Xalqimiz buni qalban his qilib turibdi. Va shunga yarasha xalqimizning dunyoqarashi ham tobora kengayib bormoqda.

Har qanday islohotlar yo davlat tizimini oʻzgartirishga, yo aholi turmush darajasini oshirishga, yo iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilganligi bilan farqlanishiga koʻp bora guvoh boʻlganmiz. Lekin Oʻzbekistonda 2016-yildan boshlangan islohotlar butunlay boshqacha qiyofa kasb etdi. Islohotlar markazida inson turganligi, qolgan barcha yangilanishlar mana shu insonning atrofida kechganligi butun dunyo uchun yangilik boʻldi, deb aytishga toʻla asoslar bor. Shuning uchun ham islohotlar negizida namoyon boʻlgan inson nafaqat hayoti oʻzgarishini, balki butun tafakkuri yangilanishini, oʻz huquqlari Konstitutsiya darajasida taʼminlanishini istashi tabiiy.

Inson — jamiyat — davlat

Davlatning qudrati uning tabiiy boyliklariyu harbiy kuchi, iqtisodiy imkoniyatlari bilan oʻlchanadigan zamonlar ortda qoldi. Bugun xalqning, eng avvalo, turmush darajasi, huquqlari, intellekti, dunyoqarashi, tafakkur olamiga qarab baho berish urfga aylandi. Inson tafakkuri, uning hayotdan rozilik darajasi, haq-huquqlarining soʻzsiz taʼminlanishi asosiy mezon sifatida qaralmoqda. Shu maʼnoda, bugun Oʻzbekiston tutgan yoʻl insonni qadrlashga, uni rozi qilishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Konstitutsiyani yangilash ehtiyoji ham shu talabdan kelib chiqdi. Oʻzbekistonda, avvalo, inson qadri birinchi oʻringa koʻtarildi.

Shu jihatdan bugun Oʻzbekistonning yangilangan Konstitutsiyasiga “inson — jamiyat — davlat” tamoyili kiritilganligi bejiz emas. Inson tafakkurining mahsuli insonning oʻzidan muhimroq boʻlishi mantiqqa zid. Biz yangilangan Konstitutsiyamizda insonni jamiyat va davlatdan ustun qoʻyyapmiz.

Muhimi, biz ijtimoiy davlat qurish sari yoʻl olyapmiz. Konstitutsiyada ham bu masala qatʼiy muhrlandi. Ijtimoiy davlatda har bir inson uchun munosib yashash sharoitlari kafolatlanadi. Hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi. Bir inson muammosi butun jamiyatning muammosi, deb qaraladi. Insonlar oʻz tashvish va qiyinchiliklari bilan yolgʻiz qoldirilmaydi. Aslida, insonga boʻlgan bunday munosabatni biz keyingi yillarda oʻz koʻzimiz bilan koʻrib, guvoh boʻlib turibmiz. Soʻnggi olti yilda Oʻzbekistonda qanchadan-qancha uy-joylar barpo etildi. Odamlar birinchi marta oʻzlarining hayoti, yashash shart-sharoiti davlat uchun muhim ekanligiga ishonch hosil qildi.

Shu oʻrinda bir masalaga eʼtiborni qaratsak. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari uch barobar koʻpaytirilmoqda. Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oilalar ijtimoiy koʻmakka muhtoj ekanligini, aholining 55 foizi yoshlardan iboratligini inobatga olsak, bu majburiyatlarni amalda taʼminlashning oʻzi boʻlmaydi. Bunga, Prezidentimiz taʼkidlab oʻtganidek, Davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30 — 40 trillion soʻm ajratish kerak boʻladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bogʻchalar, maktab va shifoxonalar quriladi.

Davlatimiz rahbari oʻz nutqida yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning muqaddima qismiga kiritilgan “Oʻzbekiston — ijtimoiy davlat” taʼrifiga alohida eʼtibor qaratdi. Darhaqiqat, yangilangan Konstitutsiyada juda muhim ijtimoiy masalalar oʻz aksini topgan. Jumladan, Bosh qomusimizda alohida modda sifatida kiritilgan taʼlim sohasi jamiyatimizdagi eng dolzarb, islohotlar talab etadigan yoʻnalishlardan biri hisoblanadi. Birinchi navbatda, oʻqituvchilar maqomini koʻtarish, ularning qadr-qimmatini yuksakka olib chiqish Konstitutsiyada ifodalanmoqda. Ustoz-murabbiylar qadrlangan davlatda esa yosh avlodni har tomonlama yetuk inson qilib tarbiyalashga zamin yaratiladi. Oʻqituvchilarning vazifasi — barkamol avlodni tarbiyalash bilan birga, milliy qadriyatlarimiz, anʼanalarimizni avloddan-avlodga olib oʻtuvchi mutaxassislar tayyorlash. Shu bois ularning huquq va erkinligi qonun bilan mustahkamlanmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada oliy taʼlim sohasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Masalan, oliy taʼlim muassasalari mustaqilligi, akademik va moliyaviy mustaqillik, ularning oʻquv dasturlarini belgilash masalalari, fuqarolarimiz tanlov asosida davlat hisobidan taʼlim olishi mumkinligi toʻgʻridan-toʻgʻri belgilab qoʻyildi. Ishonamizki, ushbu moddalarning kiritilgani kelgusida taʼlim sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Prezident ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam — yoshlar, xotin-qizlar va bolalar ekanini alohida taʼkidladi. Bu Bosh qomusimizda fundamental norma sifatida mustahkamlanishi uni yanada yuqori bosqichga olib chiqadi. Konstitutsiyada davlat yoshlarning huquqlarini himoya qilishi belgilandi. Xotin-qizlarning, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularning huquq va erkinliklarini, davlat boshqaruvida ayollar va erkaklarning teng ishtirokini taʼminlash bu boradagi dadil qadamlardir.

Samarali va yaxshi boshqaruv

Konstitutsiyaviy islohot bugungi va istiqboldagi muvaffaqiyatli va barqaror taraqqiyotning zaruriy huquqiy sharti va asosidir. Xususan, u “samarali va yaxshi boshqaruv” tizimini joriy etishning muhim vositasi sifatida hokimiyat tarmoqlari oʻrtasidagi oʻzaro tiyib turish va muvozanat tizimini mustahkamlash, hisobdorlik, ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni oshirishga yordam beruvchi konstitutsiyaviy qoidalarni oʻrnatadi. Boshqaruv sifati va samaradorligini oshirishga qaratilgan ushbu oʻzgarishlar siyosiy tizim barqarorligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Bu esa, oʻz navbatida, iqtisodiyotni rivojlantirishga foyda keltirib, natijada sarmoya kiritish va taraqqiyotni taʼminlash uchun qulay va barqaror muhit yaratadi. Bunga, eng avvalo, “Yangi Oʻzbekiston — xalqchil va insonparvar davlat” Qoyasi va “inson — jamiyat — davlat” tamoyilini hayotga faol tatbiq etish, Prezident, parlament va hukumat oʻrtasida vakolatlarni aniq taqsimlash, hokimiyatlar boʻlinishi tizimida oʻzaro tiyib turish va muvozanatni mustahkamlash, erkin va adolatli fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, zamonaviy xalqaro hamjamiyatda oʻzining munosib oʻrnini topish orqali erishiladi.

Yangilangan Konstitutsiya yangi Oʻzbekiston ravnaqining huquqiy poydevorini mustahkamlashga qaratilgan va bu jahon tajribasiga mos tabiiy jarayondir. Bir haqiqatni teran bilishimiz, anglashimiz shart. Konstitutsion islohotlar zamirida, avvalo, yurtdoshlarimizga munosib hayot darajasini yaratish, haq-huquqlarini himoya etish, oʻlim jazosini taqiqlash, xususiy mulk huquqini kafolatlash, qiynoqqa solishlarning oldini olish, sud qarorisiz majburiy ushlab turishga barham berish, tazyiqlar, tahqirlarga chek qoʻyish, tadbirkorlikka Qov boʻladigan har qanday illatlar bilan murosa qilmaslik kabi insonparvar maqsadlar mujassamlashgan. Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytilmaydi, “inson — jamiyat — davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.

Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida Oʻzbekiston — suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat, deb qatʼiy belgilab qoʻyilgani tarixiy ahamiyatga ega. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy Qonunda muhrlangan bu prinsiplar — mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon oʻzgartirilmaydi. Zero, bu tamoyillar faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishni, tengsiz va buyuk neʼmat — mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirishni koʻzlaydi.

Mustaqillik ­— oliy qadriyat

Davlat mustaqilligini mustahkamlash, tinchlik va barqarorlikni asrab qolish oson ish emas. Buning uchun mashaqqatli mehnat talab etiladi. Davlatimiz rahbari bu borada qator vazifalarga toʻxtalib oʻtdi.

Birinchidan, milliy xavfsizlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlar jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlar yangi bosqichga olib chiqiladi.

Ikkinchidan, “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz koʻcha” konsepsiyalari jadal amalga oshiriladi.

Uchinchidan, totuvlik, millatlararo doʻstlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlar safarbar etiladi. Negaki, aynan millatlararo totuvlik 130 dan ziyod millat va elatlar istiqomat qiladigan Oʻzbekistonimizning eng katta boyligi.

Toʻrtinchidan, dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda Oʻzbekiston tinchliksevar tashqi siyosatni davom ettirib, uzoq va yaqin davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini, barcha sohada oʻzaro hamkorlikni rivojlantirib boraveradi. Oʻzbekiston Respublikasi oʻz mustaqilligi va suverenitetini taʼminlash maqsadida faqat milliy manfaatlardan kelib chiqqan holda bundan buyon ham oʻzi tanlagan mustaqil taraqqiyot yoʻlida tashqi siyosatini qatʼiy davom ettiradi.

Prezidentimiz nutqida mustaqillikni asrab-avaylash haqida juda muhim fikrlar bildirildi. Toʻgʻrida, bir asrdan oshiqroq vaqt mobaynida mutelik iskanjasida yashab kelgan xalqimiz XXI asr boʻsagʻasida erk va ozodlikka erishishi axir oson boʻldimi? Erk yoʻlida ne-ne ajdodlar qoni toʻkildi. Istiqlolni juda joʻn qabul qilganlar, endi erkimiz oʻz qoʻlimizda, ertadanoq dorilamon davr boshlanadi, deb gʻoyibdan toʻkinlik kutishganiga ham guvoh boʻldik. Baʼzi birovlarga oʻtish davri, bu — farovon hayot ostonasi emas, balki ungacha boʻlgan mashaqqatli masofalar maydoni ekanini anglagunga qadar muayyan muddat kerak boʻldi. Istiqlol faqat siyosatdagi sobitlik, adolatlilik, xalqimizning metin irodasi va jasorati tufayli mustahkamlandi.

Oʻzbekiston tashqi siyosatda ham oʻzining, ham oʻzgalarning manfaatini hurmat qiladi, suverenitetini qadrlaydi. Qadrlasang — qadr topasan, deydi xalqimiz. Har narsaning qadrini bilish uchun, shubhasiz, uning mohiyatini anglash kerak. Mustaqillikning mohiyatini maʼrifatsiz anglab boʻlmaydi. Chunki maʼrifatsiz mustaqillikning oʻzi boʻlmaydi. Boʻlgan taqdirda ham u mustaqillik emas, qullikning boshqa shaklidagi koʻrinishi boʻladi, xolos.

Aytmoqchimizki, istiqlolga biz osonlikcha erishganimiz yoʻq. Bir yuz oʻttiz yil davomida koʻp qurbonlar berildi. Juda koʻp. Tarixga bir qur nazar solsangiz, yurak zirqirab ketadi. Ular ham siz bilan biz kabi orzumand odamlar edi. Aksariyatining bolalari ortidan izillab qolaverdi. Qatagʻon qilindi — otildi, surgun qilindi, xoʻrlandi. Millat gullari kallaklab tashlandi. Tirik qolganlari ham insonday yashay olishmadi. Shunday ekan, istiqlol, hurriyat masalalariga shunchaki qaray olmaymiz. Zero, istiqlol — bizning hayotimiz, taqdirimiz.

Davlatimiz rahbarining mamlakatimiz oldida turgan eng dolzarb vazifalar hamda yangilangan Konstitutsiyaning har bir moddasi, har bir bandi bajarilishi lozimligi haqidagi fikrlari har birimizni yanada masʼuliyatli boʻlishga, yurt manfaati uchun halol va vijdonan ishlashga daʼvat etadi.

Xususan, yoshlar siyosati, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirish ustuvor vazifa boʻlib qolaveradi. Buning uchun iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarurligi aytildi. Yalpi ichki mahsulot hajmini bugungi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish maqsadi ochiq bayon qilindi. Bu — aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani. Ushbu ezgu niyatlarga erishish yoʻlida xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, soliq maʼmurchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlar jadal davom ettiriladi. Boshqa tomondan, qishloq va suv xoʻjaligi, sanoat, energetika, transport, qurilish sohalariga katta-katta investitsiyalar jalb qilinishi talab etiladi.

Yangi bosqich — yangi vazifalar

Oʻzbekistonda nafaqat iqtisodiy islohotlar davom ettiriladi, balki jamiyatda qonun ustuvorligini taʼminlash uchun ham qatʼiy choralar koʻriladi. Zero, Konstitutsiyada ilk bor mamlakatimizga huquqiy davlat degan taʼrif berilgani bejiz emas. Bu — avvalambor, barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani. Prezidentimiz qayd etganidek, bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal qilinadi.

Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini, albatta, amalda taʼminlashimiz zarur. Shu maqsadda, Konstitutsiyada hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qoʻyildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi.

Albatta, Asosiy Qonunga kiritilgan bu ilgʻor yangiliklarni amalda joriy etish oson boʻlmaydi. Buning uchun yurtdoshlarimizning oʻzlari ham qonuniy huquqlari uchun kurashishlari talab etiladi. “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, deganlaridek, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, maʼnaviy dunyosini yuksaltirish bilan birga, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, dunyoqarashini oʻzgartirish talab etiladi.

Tadbirning eng kulminatsion nuqtasi — Prezident saylovining muddatidan ilgari oʻtkazilishining eʼlon qilinishi boʻldi, desak, koʻpchilik fikrimizga qoʻshilsa kerak. Davlatimiz rahbarining mardligini qarangki, oʻz vakolatlarining qolgan uch yarim yillik davridan oʻz tashabbusi bilan voz kechdi. Va buning oʻziga yarasha sabablari keltirildi.

Avvalo, Konstitutsiya yangilanganidan keyin xalqning ishonch mandatini olish uchun dadil qadam tashlandi. Vaholanki, huquqiy jihatdan davlat rahbari Prezidentlik muddatini oxirigacha ijro etishiga hech narsa monelik qilmayotgandi. Shunga qaramay, Asosiy Qonunga muvofiq, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy oʻzgargani inobatga olindi. Qolaversa, yangilangan Konstitutsiya Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni, yangi marralarni qoʻygani bois navbatdan tashqari saylov oʻtkazishga qaror qilindi.

Bu esa inson manfaatlarini taʼminlashga, dunyodagi rivojlangan davlatlar qatoriga kirish, xalqimizning hayot sifati va darajasini oshirish, Vatanimizning jahon miqyosidagi obroʻ-eʼtiborini yuksaltirish yoʻlidagi ishlarimizni izchil davom ettirishga asos boʻladi.

Muxtasar aytganda, yangi Oʻzbekistonning yangi Konstitutsiyasi mamlakatimizning yangi rivojlanish davrini boshlab beryapti. Ularning mohiyatini, asosini Prezidentimiz rahnamoligida inson uchun, uning baxtu saodati uchun amalga oshirilayotgan islohotlar tashkil etadi.

 

Oʻtkir Rahmat.

“Halq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalarining bosh muharriri

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net