“Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forum Samarqand, 2022-yil 5-6-dekabr

02.12.2022 16:12

2022-yil 5-6-dekabr kunlari Samarqand shahrida “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forum boʻlib oʻtadi. Ushbu nufuzli xalqaro anjumanni oʻtkazish tashabbusi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 76-sessiyasi va BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasida ilgari surilgan.

Global forumning Milliy tashkilotchisi – Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi hisoblanadi.

Samarqand Global forumi BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi; Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarning Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy byurosi; BMTning mamlakatimizdagi jamoasi; BMT Qochoqlar ishlari boʻyicha oliy komissari Boshqarmasi; YUNISEF; Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi; YEXHTning Oʻzbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi; Yevropa Kengashi, Fridrix Ebert jamgʻarmasi bilan hamjihatlikda tashkil etilmoqda.

Global forumda dunyoning turli davlatlaridan inson huquqlari sohasidagi taʼlim mutaxassislari, xorijiy va xalqaro ekspertlar, davlat organlari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, yuqori lavozimli shaxslar – jami 120 dan ortiq xorijlik mehmon ishtirok etadi.

Samarqand Global forumining BMT shafeligida gibrid formatda oʻtkazilishi butun dunyodan yanada keng auditoriyaga, soha mutaxassislariga virtual tarzda ishtirok etish va muhokama sessiyalarida qatnashish imkonini beradi.

Samarqand Global forumining ochilish marosimida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning murojaati oʻqib eshittirilishi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish hamda BMT Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Folker Tyurkning videomurojaatlari namoyish etilishi, shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashi Raisi Elchi Federiko Vilyegas, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi Direktori Matteo Mekachchi, Yevropa Kengashi Inson huquqlari va qonun ustuvorligi boʻyicha direktorati Bosh direktori Yakumopulos Kristos  kirish soʻzlari bilan ishtirok etishi kutilmoqda.

Global forum ishida Oʻzbekiston tomonidan – hukumat aʼzolari, Oliy Majlis palatalari va qoʻmitalari rahbarlari, vazirlik va tashkilotlar, oʻquv va ilmiy-maʼrifiy muassasalar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari qatnashadi.

Global forum Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning 10 yilligiga bagʻishlanadi. Mazkur Deklaratsiya 2011-yil dekabrida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan.

BMT Bosh Assambleyasi 2004-yil 10-dekabrda Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturini ham eʼlon qilgan. BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon taʼlim dasturi bajarilishinining muvofiqlashtiruvchisi etib belgilangan.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. Oʻtgan davrda Jahon taʼlim dasturi inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha milliy saʼy-harakatlar uchta bosqichda bajarildi va 2024-yilga qadar davom etadigan toʻrtinchi bosqich izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Samarqand Global forumining asosiy maqsadi – BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi hamda BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha Jahon taʼlim dasturi amalga oshirilishining oraliq natijalarini sarhisob qilish, dan iborat. Shuningdek, ayni sohadagi ilgʻor tajriba, amaliyot va innovatsion yondashuvlarning taqdimotini tashkil etish, inson huquqlari sohasidagi taʼlim tizimini xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada takomillashtirish boʻyicha fikr almashish va tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Global forumning birinchi yalpi majlisi “BMTning Inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasi: natijalar va zamonaviy muammolar” mavzusiga bagʻishlanadi. Unda ushbu Deklaratsiyasini amalga oshirish, inson huquqlari boʻyicha samarali taʼlimni taʼminlash tamoyillari va yondashuvlar, texnologik oʻzgarishlar negizida erishilgan yutuqlar va olingan saboqlar, dunyoning turli burchaklarida inson huquqlari boʻyicha taʼlim sohasida mavjud zamonaviy muammolar muhokama qilinadi.

Global forumning birinchi kuni, shuningdek, 4 ta parallel sessiya tashkil etiladi.

Birinchi sessiya: “Maktab yoshidagi bolalar uchun inson huquqlari sohasidagi taʼlim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;

Ikkinchi sessiya: “Oliy taʼlim muassasalarida inson huquqlari sohasidagi taʼlim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (COVID-19, texnologiyalarni rivojlantirish, internet resurslari, geosiyosat va boshqalar)”;

Uchinchi sessiya: “Kasbiy institutlar (sudlar, huquqni muhofaza qilish organlari, advokatura) orqali inson huquqlari sohasida uzluksiz taʼlimni taʼminlash: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar”;

Toʻrtinchi sessiya: “Fuqarolik jamiyati uchun inson huquqlari boʻyicha norasmiy taʼlim: tamoyillar, yondashuvlar va zamonaviy muammolar (gender, inklyuzivlik, migratsiya va ommaviy axborot vositalariga eʼtibor qaratgan holda)”.

Global forumning ikkinchi kuni “Xalqaro, mintaqaviy va milliy darajada inson huquqlari sohasida taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish” mavzusidagi ikkinchi yalpi majlis bilan boshlanadi. Bunda inson huquqlari sohasida taʼlim va tarbiya tizimini takomillashtirish boʻyicha xalqaro, mintaqaviy va milliy darajalarda fikr almashinib, tavsiyalar ishlab chiqiladi.

Parallel tadbir (Side-event)  doirasida “Inson huquqlari boʻyicha master-klasslar” tashkil etiladi. Onlayn va oflayn rejimda turli guruhlar uchun 6 ta mavzuda maʼruzalar tinglanadi va muhokama qilinadi.

Shu kuni “Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tadqiqotlar” mavzusidagi respublika tanlovi gʻoliblari hamda “Inson huquqlari himoyasi uchun” koʻkrak nishoni sovrindorlarini taqdirlash marosimlari ham boʻlib oʻtadi.

Global forum yakunida Inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha yakuniy hujjatning taqdimoti va qabul qilinishi koʻzda tutilgan.

******************

Batafsil maʼlumot olish uchun:

  • Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining rasmiy sayti (insonhuquqlari.uz) va Global forum veb-saytiga (asianforum.uz) kirishingiz;
  • ushbu saytlarda joylshtirilgan Global forum Konsepsiyasi, Dastur loyihasi va ishtirokchilar uchun muhim boshqa maʼlumotlar bilan tanishishingiz;

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi masʼullari bilan globalforum@nhrc.uz; info@nhrc.uz elektron pochta manzillari va (+ 998 71) 239 47 22 telefon/faks raqami orqali bogʻlanishingiz mumkin.

Jurnalistlar murojaat qilishlari uchun Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi matbuot xizmati (Matbuot kotibi Gʻulom Mirzayev) telefonlari: (+ 998 71) 239-15-09; +998 99 48 555 48).

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net