DAVLAT-XUSUSIY SHERIKLIK TOʻGʻRISIDA

11.05.2019 14:29

Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni

 

 

 
Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 yil 26 aprelda qabul qilingan

Senat tomonidan 2019 yil 3 mayda maʼqullangan

1-bob. Umumiy qoidalar

1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi va qoʻllanilish sohasi

Ushbu Qonunning maqsadi davlat-xususiy sheriklik sohasidagi unosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Ushbu Qonunning amal qilishi mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitimlarga va davlat xaridlari sohasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

2-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.

Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.

3-modda. Asosiy tushunchalar

Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:

davlat-xususiy sheriklik – davlat sherigi va xususiy sherikning muayyan muddatga yuridik jihatdan rasmiylashtirilgan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun oʻz resurslarini birlashtirishiga asoslangan hamkorligi;

 

davlat-xususiy sheriklik loyihasi – iqtisodiy, ijtimoiy va infratuzilmaviy vazifalarni hal etishga qaratilgan, xususiy investitsiyalarni jalb etish va (yoki) ilgʻor boshqaruv tajribasini joriy etish asosida amalga oshiriladigan tadbirlar majmui;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi – davlat sherigi va (yoki) xususiy tashabbuskor tomonidan tayyorlanadigan, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishni hal etishga doir tanlovni asoslab beradigan, ushbu loyihaning qiymatini va tavsifini belgilaydigan, uni amalga oshirishning samaradorligi va dolzarbligi asoslarini, asosiy tavsifnomalari va oʻziga xos xususiyatlarini, shuningdek jalb qilinadigan investitsiyalarning qaytarilishini taʼminlash mexanizmlarini oʻz ichiga olgan hujjat;

davlat-xususiy sheriklik obyekti – loyihalashtirilishi, qurilishi, barpo etilishi, yetkazib berilishi, moliyalashtirilishi, rekonstruksiya qilinishi, modernizatsiyalashtirilishi, foydalanilishi va xizmat koʻrsatilishi davlat-xususiy sheriklik loyihasini roʻyobga chiqarish doirasida amalga oshiriladigan mol-mulk, mulkiy komplekslar, ijtimoiy infratuzilma, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida joriy etilishi lozim boʻlgan ishlar (xizmatlar) va innovatsiyalar;

davlat-xususiy sheriklik obyektidan erkin foydalanilishi uchun toʻlov – davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat-xususiy sheriklik obyektidan foydalanish (uni ekspluatatsiya qilish) va (yoki) ushbu obyektga xizmat koʻrsatish davrida undan erkin foydalanilishini taʼminlaganlik uchun xususiy sherikka davlat sherigi tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlar;

davlat sherigi – Oʻzbekiston Respublikasi boʻlib, davlat boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan vakolat berilgan boshqa organlar (tashkilotlar) yoki ularning birlashmalari uning nomidan ish yuritadi;

foydalanganlik uchun toʻlov – tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) isteʼmol qiluvchilardan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish doirasida xususiy sherik tomonidan yigʻib olinadigan toʻlovlar;

xususiy sherik – Oʻzbekiston Respublikasining yoki chet davlatning qonun hujjatlariga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan, davlat sherigi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzgan tadbirkorlik faoliyati subyekti va shunday subyektlarning birlashmasi.

4-modda. Davlat-xususiy sheriklikning asosiy prinsiplari

 

Davlat-xususiy sheriklikning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:

davlat sherigining va xususiy sherikning qonun oldida tengligi;

davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishdagi qoidalar va tartib-taomillarning shaffofligi;

xususiy sherikni tanlashdagi bahslashuv va xolislik;

kamsitishga yoʻl qoʻymaslik;

korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik.

 

5-modda. Davlat sherigining va xususiy sherikning qonun oldida tengligi prinsipi

 

Davlat sherigi va xususiy sherik teng taraflardir.

6-modda. Davlat-xususiy sheriklikni amalga oshirishdagi qoidalar va tartib-taomillarning shaffofligi prinsipi

 

Davlat-xususiy sheriklikning qoidalari va tartib-taomillari manfaatdor shaxslar uchun ochiq, shaffof va tushunarli boʻlishi kerak.

Davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida belgilangan davlat-xususiy sheriklikning qoidalari va tartib-taomillari toʻgʻrisidagi axborotdan erkin foydalanilishini taʼminlashi shart.

7-modda. Xususiy sherikni tanlashdagi bahslashuv va xolislik prinsipi

 

 

Xususiy sherikni tanlashdagi bahslashuv va xolislik tanlovga koʻra saralab olish mexanizmlaridan foydalanish, davlat-xususiy sheriklik qoidalari hamda tartib-taomillarini amalga oshirishdagi va xolis hamda asoslantirilgan mezonlar asosida maqbul variant foydasiga qarorlar qabul qilishdagi halollik va shaffoflik hisobiga taʼminlanadi.

 

8-modda. Kamsitishga yoʻl qoʻymaslik prinsipi

 

Kamsitishga yoʻl qoʻymaslik quyidagilarni taʼminlash orqali kafolatlanadi:

tender tartib-taomillari ishtirokchilari huquqlarining tengligi;

xususiy sherikni tanlashdagi xolislik;

xususiy sherikni tanlashdagi ochiqlik.

 

Xususiy tashabbuskorlarga, talabgorlarga, xususiy sheriklarga, shu jumladan chet ellik xususiy tashabbuskorlarga, talabgorlarga, xususiy sheriklarga Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilgan teng huquqlar, faoliyatning kamsitish xususiyatiga ega choralar qoʻllanilishini istisno etuvchi huquqiy rejimi kafolatlanadi.

 

9-modda. Korrupsiyaga yoʻl qoʻymaslik prinsipi

 

Davlat-xususiy sheriklik qoidalari va tartib-taomillariga doir talablar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarga yoʻl qoʻymasligi hamda korrupsiyaning va korrupsiyaga sabab boʻluvchi omillarning oldini olish boʻyicha chora-tadbirlarni taʼminlashi kerak.

2-bob. Davlat-xususiy sheriklik sohasini davlat tomonidan tartibga solish

 

10-modda. Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari

 

Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:

iqtisodiy oʻsishni ragʻbatlantirish va Oʻzbekiston Respublikasining barqaror rivojlanishini taʼminlash;

davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish, tasdiqlash va amalga oshirish;

mavjud ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishga, tiklashga, undan foydalanishga, uni saqlashga koʻmaklashish;

ijtimoiy infratuzilmadan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish sifatini oshirish;

davlat xizmatlari sifatini yaxshilash va ulardan erkin foydalanishni kengaytirish;

xususiy sektorning moliyaviy mablagʻlarini, shu jumladan xorijiy investitsiyalarni jalb etishni taʼminlaydigan shart-sharoitlar yaratish;

davlat-xususiy sheriklikning institutsional-huquqiy asoslarini rivojlantirish va takomillashtirish uchun ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, zamonaviy uslublar va texnologiyalarni joriy etish.

11-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining davlat-xususiy sheriklik sohasidagi vakolatlari

 

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

davlat-xususiy sheriklik sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;

davlat-xususiy sheriklik sohasidagi vakolatli davlat organining taqdimnomasiga binoan davlat-xususiy sheriklik loyihalari uchun davlat sherigini belgilaydi;

davlat-xususiy sheriklik sohasida normativ-huquqiy hujjatlar qabul qiladi;

umumiy qiymati oʻn million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlaydi;

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.

12-modda. Davlat-xususiy sheriklik sohasidagi vakolatli davlat organi

 

 

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi davlat-xususiy sheriklik sohasidagi vakolatli davlat organidir (bundan buyon matnda vakolatli davlat organi deb yuritiladi).

 

Vakolatli davlat organi:

davlat-xususiy sheriklik sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi;

davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ishtirok etadi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash va amalga oshirishda idoralararo muvofiqlashtirishni taʼminlaydi;

 

davlat-xususiy sheriklik sohasidagi davlat dasturlarini amalga oshirishda, shuningdek davlat-xususiy sheriklik loyihalarining konsepsiyalarini ishlab chiqishda vazirliklarga, davlat qoʻmitalariga, idoralarga, mahalliy davlat hokimiyati organlariga koʻmaklashadi;

 

 

investorlar, xalqaro moliya va donorlik tashkilotlari, ilmiy va ekspert hamjamiyatlari, shuningdek davlat-xususiy sheriklikning boshqa ishtirokchilari bilan hamkorlikni tashkil etadi;

 

davlat-xususiy sheriklik sohasida uslubiy hujjatlarni, qoʻllanmalar va yoʻriqnomalarni tayyorlaydi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarining texnik-iqtisodiy parametrlariga doir sharhlarni koʻrib chiqadi va taqdim etadi;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi namunaviy bitimlar loyihalarini ishlab chiqadi;

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestrini yuritadi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlashga va amalga oshirishga koʻmaklashadi;

umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini maʼqullaydi, rad etadi yoki maromiga yetkazish uchun qaytaradi;

umumiy qiymati oʻn million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritadi;

tender hujjatlarining va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimlarning loyihalarini kelishib oladi;

davlat-xususiy sheriklik sohasida kadrlarni tayyorlashni, qayta tayyorlashni va ularning malakasini oshirishni tashkil etadi;

davlat-xususiy sheriklik masalalari yuzasidan tushuntirishlar beradi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalari bajarilishining borishi yuzasidan monitoringni amalga oshiradi;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash uchun maslahatchilarni jalb etadi.

3-bob. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari, ularning huquq va majburiyatlari

 

13-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari

 

Davlat sherigi va xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflaridir.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasini moliyalashtiruvchi moliyaviy tashkilotlar va boshqa tashkilotlar ham davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari boʻlishi mumkin.

Davlat sherigi tomonidan vakolat berilgan davlat korxonalari va (yoki) tashkilotlar davlat sherigi tomonidan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat sherigining majburiyatlarini oʻz zimmasiga olgan holda harakat qilishi mumkin. Bunda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi uchun davlat sherigi toʻliq javobgar boʻladi.

 

Xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha oʻz huquq va majburiyatlarini bir yoki bir necha tashkilotga topshirishi mumkin. Bunda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha majburiyatlarning bajarilishi uchun xususiy sherik toʻliq javobgar boʻladi.

 

14-modda. Davlat-xususiy sheriklik taraflarining huquq va majburiyatlari

 

Davlat sherigi:

xususiy sherikdan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlari bajarilishining borishi toʻgʻrisida hisobоt soʻrash va olishga;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlarining bajarilishini nazorat qilishga va davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi natijalarini baholashni amalga oshirishga;

qonun hujjatlariga va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlariga rioya etilishi yuzasidan monitoringni amalga oshirish doirasida aniqlangan huquqbuzarliklar bartaraf etilishini talab qilishga;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha xususiy sherik aybi bilan yuzaga kelgan zararlarning oʻrnini qoplashni talab qilishga;

davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash uchun maslahatchilarni jalb qilishga haqli.

Davlat sherigi:

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va bitim talablariga rioya etishi;

tender ishtirokchilariga tender hujjatlarini berishi, ularga tender hujjatlari qoidalarini tushuntirishi;

tender ishtirokchilariga davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun moʻljallanilayotgan joy va obyekt bilan tanishib chiqish uchun zarur sharoitlarni taʼminlashi;

faoliyatni amalga oshirish uchun moʻljallangan mol-mulkni xususiy sherikka egalik qilish va (yoki) foydalanishga berishi;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan litsenziyalar va ruxsatnomalarni olishda xususiy sherikka koʻmaklashishi;

vakolatli davlat organiga davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida tuzilgan bitimlarning koʻchirma nusxalarini, shu jumladan bitimlarga doir ilovalarni, oʻzgartishlarni yoki qoʻshimchalarni davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim yoxud tegishli oʻzgartishlar yoki qoʻshimchalar imzolangan sanadan eʼtiboran yigirma kalendar kun ichida taqdim etishi;

 

xususiy sherikning davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan oʻz investitsiyalari va daromadlarini erkin boshqarish hamda tasarruf etish yoki aktivlarini va amalga oshirayotgan faoliyatini boshqarish hamda nazorat qilishga doir huquqlarini cheklamasligi;

 

xususiy sherik yoki xususiy sherik jalb etgan uchinchi shaxslar tomonidan amalga oshirilayotgan faoliyatga aralashmasligi;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida va bitimda nazarda tutilgan javobgarlikni zimmasiga olishi shart.

Xususiy sherik:

 

davlat sherigidan davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan va erkin foydalaniladigan axborotni olishga;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlarini oʻzgartirish toʻgʻrisida takliflar kiritishga;

davlat sherigining aybi bilan davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha yuzaga kelgan zararlarning oʻrni qoplanishini talab qilishga haqli.

Xususiy sherik:

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari va bitim talablariga rioya etishi;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarida va bitimda nazarda tutilgan javobgarlikni zimmasiga olishi shart.

 

Xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida oʻziga berilgan yer uchastkasini boshqa yuridik va jismoniy shaxslarga oʻtkazishga haqli emas.

 

4-bob. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish va tayyorlash

 

15-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish

 

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihasi davlat organi (tashkiloti) (bundan buyon matnda davlat tashabbuskori deb yuritiladi) va (yoki) yakka tartibdagi tadbirkor yoxud yuridik shaxs (bundan buyon matnda 
xususiy tashabbuskor deb yuritiladi) tomonidan tashabbus qilinishi mumkin.

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tashabbus qilish:

 

davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqishni;

 

davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini baholash, kelishish va tasdiqlash uchun tegishli davlat organiga yuborishni;

vakolatli davlat organi tomonidan davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini koʻrib chiqishni;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasini vakolatli davlat organi tomonidan maʼqullashni, rad etishni yoki maromiga yetkazish uchun qaytarishni;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining kelishib olingan konsepsiyasining davlat sherigi yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishini;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini vakolatli davlat organi tomonidan Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestriga kiritishni oʻz ichiga oladi.

16-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini davlat tashabbuskori tomonidan tayyorlash

 

 

Davlat tashabbuskori davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini, qoida tariqasida, iqtisodiyot va ijtimoiy sohaning oʻz vakolati sohasiga kiruvchi ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha ishlab chiqadi.

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash davlat-xususiy sheriklik loyihasining oqilonaligi va samaradorligini hamda bu loyihani amalga oshirish maqsadida uning maqbul shaklini aniqlashni taʼminlovchi dastlabki moliyaviy hisob-kitoblar asosida, xususan:

davlat-xususiy sheriklik loyihasining moliyaviy-iqtisodiy samaradorligi koʻrsatkichlari;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq xususiy sherik tomonidan loyihalashtirilayotgan, barpo etilayotgan, moliyalashtirilayotgan, rekonstruksiya qilinayotgan, foydalanilayotgan yoki xizmat koʻrsatilayotgan davlat-xususiy sheriklik obyektining tarkibi va parametrlari;

xususiy sherikning kutilayotgan investitsiyalari hajmi va Oʻzbekiston Respublikasi byudjet tizimi byudjetlaridan taxmin qilinayotgan moliyalashtirish hajmi;

davlat sherigining va xususiy sherikning majburiyatlari;

xususiy sherikka koʻrsatiladigan davlat koʻmagining turlari;

muzokaralar oʻtkazish muddatlari;

davlat-xususiy sheriklik obyektidan foydalangan holda taqdim etiladigan tovarlardan (ishlardan, xizmatlardan) foydalanish shartlari hisobga olingan holda amalga oshiriladi.

Aholining, tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) isteʼmol qiluvchilarning, ulardan foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olish maqsadida davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash jamoatchilik muhokamalari bilan birga olib borilishi kerak.

 

17-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini xususiy tashabbuskor tomonidan tayyorlash

 

Xususiy tashabbuskor davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini ishlab chiqishga va potensial davlat sherigiga taqdim etishga haqli. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi mavjud muammolarni hal qilishga doir innovatsion yondashuvni oʻz ichiga olishi va taraflar uchun maqbul boʻlgan mutanosib nafni taʼminlashi kerak.

Xususiy tashabbuskor davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini taqdim etishdan oldin dastlabki muhokama oʻtkazishi, shuningdek potensial davlat sherigi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida axborot almashishi mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini olgan potensial davlat sherigi uning amalga oshirilishini maʼqullash yoki rad etish toʻgʻrisida oʻttiz kalendar kun ichida qaror qabul qiladi.

Xususiy tashabbuskorning umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi konsepsiyasi maʼqullangan taqdirda, potensial davlat sherigi ushbu konsepsiyani vakolatli davlat organiga kelishish uchun yuboradi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:

xususiy tashabbuskorning talabgorlarga nisbatan qoʻyiladigan, ushbu Qonunda belgilangan talablarga mos kelmaganligi;

potensial davlat sherigida davlat-xususiy sheriklik obyektiga nisbatan xoʻjalik yuritish huquqining yoki operativ boshqaruv huquqining mavjud emasligi;

davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish, qurish, barpo etish, moliyalashtirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish zaruriyatining mavjud emasligi;

loyihani amalga oshirishning iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligi va (yoki) bunga ijtimoiy ehtiyojning mavjud emasligi.

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlangan taqdirda, potensial davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini hamda boshqa talabgorlarga davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishidan manfaatdorligi toʻgʻrisida maʼlum qilish taklifini oʻzining rasmiy veb-saytida, vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida va boshqa maxsus 
veb-saytlarda besh kalendar kun ichida eʼlon qiladi.

 

 

Agar davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran qirq besh kalendar kun ichida potensial davlat sherigiga biror-bir yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan oʻzining manfaatdorligini maʼlum qilmasa, potensial davlat sherigi ushbu Qonunning 25-moddasiga muvofiq davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish haqida qaror qabul qiladi va xususiy tashabbuskor bilan muzokaralarni oʻtkazishga kirishadi, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini vakolatli davlat organi bilan kelishadi va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi vakolatli davlat organi bilan kelishib olingan kundan eʼtiboran oltmish kun ichida xususiy tashabbuskor bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida tender oʻtkazmagan holda bitim tuzadi.

 

 

Agar biror-bir yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan oʻzining manfaatdorligini maʼlum qilsa, davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun xususiy sherikni aniqlash tender asosida amalga oshiriladi.

 

 

Xususiy tashabbuskorga davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrni davlat-xususiy sheriklik loyihasi umumiy qiymatining bir foizidan ortiq boʻlmagan miqdorda tenderning gʻolibi yoki zaxiradagi gʻolibi hisobidan qoplanishi 
mumkin.

 

18-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash

 

Umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash tegishli davlat organi (tashkiloti) tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq va oʻn million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash tegishli davlat organi (tashkiloti) tomonidan vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra amalga oshiriladi.

Umumiy qiymati oʻn million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasini tasdiqlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihasining konsepsiyasi tasdiqlanganidan va u Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestriga kiritilganidan keyin davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasini tayyorlash toʻgʻrisida oʻttiz kalendar kun ichida qaror qabul qiladi.

19-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestri

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestri amalga oshirilayotgan davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni va axborotni oʻz ichiga olgan yagona axborot tizimidir.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestri Internet jahon axborot tarmogʻiga joylashtiriladigan, hamma foydalanishi mumkin boʻlgan axborot resursidir.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestri vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi.

Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining reyestrini yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.

 

20-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi axborot

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihalari toʻgʻrisidagi, shu jumladan ularning konsepsiyasi, xususiy sheriklarni tanlab olish shartlari va mezonlari haqidagi axborot, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning asosiy qoidalari, davlat-xususiy sheriklik loyihalarini tayyorlash va amalga oshirish jarayonlari haqidagi maʼlumotlar davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinishi kerak.

5-bob. Xususiy sherikni tanlash

 

21-modda. Davlat xususiy-sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi uchun tender

 

Davlat sherigi tender yoki toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijalari boʻyicha aniqlanadigan xususiy sherik bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzadi.

Tenderlar bir bosqichli yoki ikki bosqichli boʻlishi mumkin.

Umumiy qiymati bir million AQSH dollariga qadar boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha bir bosqichli tender oʻtkaziladi.

Bir bosqichli tenderni oʻtkazish chogʻida tender ishtirokchilarining tender hujjatlarida koʻrsatilgan konseptual qarorlar va shartlar asosida batafsil texnikaviy taklif va tijorat (moliyaviy) taklifi, bahosi (tarifi) albatta koʻrsatilgan holda ishlab chiqilgan buyurtmalari (takliflari) koʻrib chiqiladi hamda baholanadi. Tenderni tashkil etish jarayonida talabgorlar bilan tender predmetining parametrlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.

Bir bosqichli tenderni oʻtkazish tartib-taomili quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

 

tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni ommaviy axborot vositalarida hamda davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish;

 

tenderda ishtirok etish uchun talabgorlardan rasmiy buyurtmalar va tender buyurtmalarini (takliflarini) olish;

tender hujjatlari toʻplamini taqdim etish;

talabgorlarning tender buyurtmalari (takliflari) solingan konvertlarni ochish;

tender buyurtmalarini (takliflarini) baholash;

tenderning gʻolibini va zaxiradagi gʻolibini aniqlash;

tender gʻolibi bilan muzokaralar oʻtkazish;

tender gʻolibi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish.

Tenderda ishtirok etish uchun tender buyurtmalarini (takliflarini) berish muddati tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon berilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.

Umumiy qiymati bir million AQSH dollaridan ortiq boʻlgan ekvivalentdagi davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha ikki bosqichli tender oʻtkaziladi.

Ikki bosqichli tender dastlabki malakani aniqlash va tender gʻolibini saralash bosqichlarini oʻz ichiga oladi.

Ikki bosqichli tender quyidagi tartibda oʻtkaziladi:

birinchi bosqichda buyurtmalar koʻrib chiqiladi hamda tender hujjatlari shartlarida koʻrsatilgan konseptual va texnik yechimlar asosida ishlab chiqilgan tender takliflari baholanadi. Talabgorlar bilan tender predmetining parametrlari boʻyicha muzokaralar oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi;

ikkinchi bosqichda tender predmetining aniqlashtirilgan parametrlari hisobga olingan, baho (tarif) albatta koʻrsatilgan holda kiritilgan texnikaviy takliflarni va tijorat (moliyaviy) takliflari koʻrib chiqiladi hamda baholanadi.

Ikki bosqichli tenderni oʻtkazish tartib-taomili quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

 

tender oʻtkazish toʻgʻrisidagi eʼlonni ommaviy axborot vositalarida hamda davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilish;

 

talabgorlardan tenderda ishtirok etish uchun rasmiy buyurtmalar olish;

tenderda ishtirok etish uchun manfaatdor shaxslar doirasini belgilash;

davlat sherigi tomonidan tenderda ishtirok etish uchun talabgorlarga dastlabki malaka hujjatlarini yuborish;

talabgorlarning malakasini tasdiqlovchi dastlabki malaka buyurtmalarini yigʻish va baholash;

dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarning roʻyxatini shakllantirish;

tenderda ishtirok etish uchun davlat sherigi tomonidan tender hujjatlarini va tender buyurtmalarini (takliflarini) taqdim etishga doir soʻrov yuborish;

tenderda ishtirok etish uchun talabgorlar tomonidan texnikaviy takliflarni va tijorat (moliyaviy) takliflarini taqdim etish;

tenderda ishtirok etish uchun talabgorlarning tender buyurtmalari (takliflari) solingan konvertlarni ochish;

tender buyurtmalarini (takliflarini) baholash;

tenderning gʻolibini va zaxiradagi gʻolibini aniqlash;

tender gʻolibi bilan muzokaralar oʻtkazish;

tender gʻolibi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish.

Dastlabki malakalashda ishtirok etish uchun buyurtmalar yigʻish muddati tender oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi eʼlon berilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmasligi kerak.

Dastlabki malakalashni oʻtkazish uchun kamida ikkita talabgorning ishtirok etishi zarur.

Gʻolibni tanlab olish bosqichida davlat sherigi dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarga tender buyurtmalarini (takliflarini) taqdim etish haqida soʻrovni va davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasini yuboradi.

 

Tender buyurtmalarini (takliflarini) berish uchun soʻnggi muddat tender buyurtmalarini (takliflarini) taqdim etishga doir soʻrovda koʻrsatiladi va u dastlabki malakalashdan oʻtgan talabgorlarga ushbu soʻrov yuborilgan sanadan eʼtiboran qirq besh kundan kam boʻlmasligi kerak.

 

Talabgorlardan hech biri bittadan ortiq tender buyurtmasini (taklifini) taqdim etishga haqli emas. Talabgor tender komissiyasiga tender buyurtmalarini (takliflarini) taqdim etish muddati tugaguniga qadar istalgan vaqtda tender buyurtmasini (taklifini) oʻzgartirishi yoki qaytarib olishi mumkin.

Tender buyurtmalarini (takliflarini) baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan muddat ichida oʻtkaziladi. Buyurtmalarni (takliflarni) baholash tender komissiyasi tomonidan belgilangan har bir tender mezoni boʻyicha amalga oshiriladi.

Tender ishtirokchilari yoki ularning vakillari tender buyurtmalarini (takliflarini) baholashda hozir boʻlishga haqli emas. Baholash jarayonida tender komissiyasi talabgorlarni tushuntirishlar berish, ulardan qoʻshimcha maʼlumotlarni soʻrab olish va taqdim etilgan hujjatlarning ishonchliligini tasdiqlash uchun chaqirish huquqiga ega. Tender yakunlarini chiqarish chogʻida tender ishtirokchilari va (yoki) ularning ishonchli shaxslari ishtirok etishi mumkin.

Tender komissiyasi barcha talabgorlarning tender buyurtmalarini (takliflarini) tender takliflarining soʻrovi talablariga nomuvofiq deb topgan taqdirda, tenderni boʻlib oʻtmagan deb topadi va takroriy tenderni eʼlon qilishga haqli. Takroriy tender uni oʻtkazish tartib-taomilida belgilangan tartibda oʻtkaziladi.

Tender komissiyasi tender gʻolibi toʻgʻrisidagi axborotni davlat sherigining va vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qiladi.

 

Talabgorlarning tenderda ishtirok etishi munosabati bilan qilgan xarajatlarining oʻrni qoplanmaydi, bundan ushbu Qonunning 
17-moddasida nazarda tutilgan hollar mustasno.

 

 

22-modda. Tender hujjatlari

 

Davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi uchun tender oʻtkazishni tartibga soluvchi tender hujjatlarini tayyorlaydi, vakolatli davlat organi bilan kelishadi, tasdiqlaydi.

Tender hujjatlarida quyidagilar aks ettirilishi kerak:

talabgorlarning malaka talablariga muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlarga doir talablar;

davlat-xususiy sheriklik obyektining joylashgan yeri;

davlat-xususiy sheriklik obyektining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari;

davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, rekonstruksiya qilish, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish muddatlari;

davlat-xususiy sheriklik obyekti yoki xususiy sherik tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar sifatining koʻrsatkichlari yoki unga doir eng kam talablar;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bajarish maqsadida davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka beriladigan moliyalashtirish hajmi, mol-mulkning yoki mulkiy huquqlarning 
roʻyxati;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari oʻz zimmasiga olayotgan xavf-xatarlar;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining parametrlari aks ettirilishi kerak boʻlgan valyuta va ularni taqqoslash va baholash maqsadida yagona valyutaga keltirish uchun hisob-kitoblarda foydalaniladigan valyutaning kursi;

tender mezonlarining tavsifi;

tender buyurtmasi (taklifi) beriladigan tilga doir talablar;

tender buyurtmasining (taklifining) mazmuni, tender buyurtmalarini (takliflarini) berish va ularning amal qilish usuli, joyi, muddatlari;

tender buyurtmasiga (taklifiga) doir taʼminot kiritish shartlari;

tender buyurtmalari (takliflari) solingan konvertlarni ochish tartib-taomillari, joyi, sanasi va vaqti.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi tender hujjatlarining ajralmas qismidir.

 

Davlat sherigi vakolatli davlat organi bilan kelishuvga koʻra tender hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishga haqlidir. Davlat sherigi tender hujjatlariga oʻzgartish va (yoki) qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran besh kalendar kundan kechiktirmay barcha talabgorlarni tender hujjatlariga kiritilgan oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalar haqida xabardor qilishi shart. Bunda talabgorlar tender buyurtmalarida (takliflarida) ushbu oʻzgartishlar va (yoki) qoʻshimchalarni hisobga olishi uchun tender buyurtmalarini (takliflarini) taqdim etishning soʻnggi muddati davlat sherigi tomonidan oʻttiz kalendar kundan kam boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.

 

23-modda. Tender mezonlari

 

Tender mezonlari aniq boʻlishi va unda kamsituvchi qoidalar boʻlmasligi kerak.

Talabgor davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini bildirish uchun tenderda ishtirok etganda quyidagi mezonlarga muvofiq boʻlishi kerak:

huquq layoqatiga ega boʻlishi;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga doir majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan moliyaviy va (yoki) moddiy, texnik resurslarga va (yoki) malakali mehnat resurslariga ega boʻlishi;

mavjudligi manfaatlar toʻqnashuviga olib kelishi mumkin boʻlgan asoslarga ega boʻlmasligi.

Kayta tashkil etilish, tugatilish va (yoki) bankrotlik bosqichida boʻlgan talabgorlarning tenderda ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Tender gʻolibini tanlab olish bosqichida foydalaniladigan mezonlarda quyidagilar nazarda tutiladi:

davlat sherigi va xususiy sherik tomonidan amalga oshiriladigan toʻlovlarning hajmi;

eng yuqori narxlar va tariflar;

xususiy sherikning davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bajarish uchun jalb etiladigan mablagʻlari hajmi;

xususiy sherikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hajmi va turlari;

davlat-xususiy sheriklik obyektini loyihalashtirish va (yoki) qurish, barpo etish, rekonstruksiya qilish, modernizatsiyalash, undan foydalanish va unga xizmat koʻrsatish muddati;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining texnik va texnologik afzalliklari, funksional va innovatsion tavsiflari.

24-modda. Tender komissiyasi

Davlat sherigi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuvga koʻra davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish huquqi boʻyicha tender gʻolibini aniqlash uchun tender komissiyasini shakllantiradi.

Tender komissiyasi tarkibiga davlat sherigining, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining, Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining va vakolatli davlat organining vakillari majburiy tartibda kiritiladi.

Davlat sherigining vakili tender komissiyasi raisidir. Vakolatli davlat organining vakili tender komissiyasi tarkibida maslahat ovozi bilan ishtirok etadi.

Tender komissiyasi aʼzolarining soni toq boʻlishi kerak.

 

Tender komissiyasi, agar majlisda uning aʼzolari umumiy sonining kamida yetmish besh foizi hozir boʻlsa, qarorlar qabul qilish huquqiga ega, bunda tender komissiyasining har bir aʼzosi bitta ovozga ega boʻladi.

 

Tender komissiyasining qarorlari tender komissiyasining ovoz bergan aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar soni teng boʻlib qolgan taqdirda tender komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Tender komissiyasi oʻz majlislarining bayonnomalarini yuritadi, bayonnomalar uning majlislarda hozir boʻlganbarcha aʼzolari tomonidan imzolanadi.

Tender komissiyasi aʼzosida majlisga chiqarilgan masalalar yuzasidan manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, u oʻz nomzodini qaytarib olishini bildirishi va ushbu masala boʻyicha ovoz berishda ishtirok etmasligi kerak, bu haqda bayonnomada qayd etiladi.

25-modda. Toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar

 

Taraflar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni davlat sherigining qaroriga muvofiq quyidagi hollarda toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar oʻtkazish asosida tender oʻtkazmasdan tuzishi mumkin:

davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini taʼminlashda;

davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishning zaruriy sharti hisoblangan intellektual faoliyat natijalariga doir mutlaq huquqlar, boshqa mutlaq huquqlar, yer uchastkasi, boshqa koʻchmas mol-mulk obyekti va oʻzga mol-mulk muayyan shaxsga tegishli boʻlganda;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari bilan belgilangan hollarda.

6-bob. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim

 

26-modda. Tender gʻolibi bilan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish

 

 

Davlat sherigi tender hujjatlarida bayon etilgan shartlar, muddatlar va tartib-taomillarga muvofiq tender gʻolibi bilan 
davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzadi.

 

 

Agar tender gʻolibi tender hujjatlarida nazarda tutilgan muddat tugaganidan keyin davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni imzolamasa yoki tender komissiyasi tomonidan tender gʻolibi taqdim etgan axborotning haqiqatga toʻgʻri kelmasligi aniqlangan taqdirda, tender komissiyasi uni diskvalifikatsiya qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va tenderning zaxiradagi gʻolibini gʻolib deb topadi hamda unga tender gʻolibini diskvalifikatsiya qilish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran oʻn kalendar kun ichida gʻolib shartlari asosida davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzishni taklif etadi. Tender komissiyasi tomonidan tenderning zaxiradagi gʻolibiga davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisida bitim tuzish haqidagi taklif yuborilgan sanadan eʼtiboran oʻttiz kalendar kun ichida undan ijobiy javob olinmagan taqdirda, tender komissiyasi tenderni boʻlib oʻtmagan deb topadi va takroriy tender eʼlon qiladi.

 

 

27-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning asosiy shartlari

 

Davlat-xususiysheriklik toʻgʻrisidagi bitim ushbu Qonunda nazarda tutilgan tartibda va shartlarda davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida tuzilgan hujjatdir.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim quyidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak:

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari haqidagi;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning predmeti haqidagi;

taraflarning majburiyatlari va javobgarligi toʻgʻrisidagi;

davlat sherigi va xususiy sherik oʻrtasida xavf-xatarlarning taqsimlanishi haqidagi;

davlat-xususiy sheriklik obyektining texnik-iqtisodiy koʻrsatkichlari, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq boshqa oʻtkazilgan yoki loyihalashtirilishi, qurilishi, barpo etilishi, moliyalashtirilishi, rekonstruksiya qilinishi, undan foydalanilishi va unga xizmat koʻrsatilishi lozim boʻlgan davlat-xususiy sheriklik obyektlarining tavsifi, ulardan foydalanish maqsadlari va muddatlari toʻgʻrisidagi;

davlat-xususiy sheriklik loyihasi bilan bogʻliq boʻlgan ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) muddatlari va tartibi haqidagi;

taraflarning tegishli infratuzilmaga nisbatan va davlat-xususiy sheriklik loyihasi boʻyicha huquqlarini taqsimlash toʻgʻrisidagi, shuningdek ularni boshqa shaxsga oʻtkazish tartibi haqidagi;

davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun talab etiladigan yer uchastkalarini berish tartibi va tartib-taomili toʻgʻrisidagi, yer uchastkalariga taalluqli boshqa shartlar haqidagi;

xususiy sherik tomonidan beriladigan tovarlarga, bajariladigan ishlarga, koʻrsatiladigan xizmatlarga doir narxlarni, tariflarni belgilash va ularni oʻzgartirish shartlari toʻgʻrisidagi;

taraflarning oʻz majburiyatlari bajarilishini taʼminlash usullari, miqdorlari va muddatlari haqidagi;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning muddati, bu muddatni belgilash tartibi haqidagi;

 

 

haq toʻlash, erkin foydalanilish uchun toʻlov, foydalanganlik uchun toʻlov, xususiy sherikning davlat sherigiga toʻlovining va (yoki) boshqa toʻlovlarning shakllari, miqdorlari, muddatlari, shartlari, ularni toʻlash tartibi, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik loyihasi amalga oshirilishi munosabati bilan daromadlarning taqsimlanishi haqidagi;

 

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish tartibi haqidagi;

 

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tugatish asoslari, tartibi va shartlari, muddatidan oldin tugatilganlik uchun toʻlov miqdori va tartibi haqidagi;

davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishini monitoring va nazorat qilish tartibi toʻgʻrisidagi;

sugʻurta qilish boʻyicha majburiyatlar haqidagi;

loyiha hujjatlarini ishlab chiqish boʻyicha majburiyatlar toʻgʻrisidagi;

taraflarning davlat-xususiy sheriklik haqidagi bitimga doir majburiyatlarni buzganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi;

nizolarni hal etish tartibi haqidagi;

Oʻzbekiston Respublikasida xodimlarni ishga olish va mehnatdan foydalanishga nisbatan qoʻllaniladiganshartlar toʻgʻrisidagi;

ishontirishlar va kafolatlar haqidagi;

 

xususiy sherikning ulushlariga egalik qilishga nisbatan talablar va xususiy sherikning hamda uning affillangan shaxslarining mol-mulkiga nisbatan boshqa mulkiy huquqlar toʻgʻrisidagi;

 

maxfiylik haqidagi;

atamalar va ularga doir tushuntirishlar toʻgʻrisidagi.

28-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati uch yildan kam boʻlmasligi va qirq toʻqqiz yildan oshmasligi kerak.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim taraflari bitimning amal qilish muddatini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan hollarda va shartlar asosida, ushbu moddaning birinchi qismida belgilangan muddatlar doirasida uzaytirish yoki qisqartirish haqida kelishib olishi mumkin.

29-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni oʻzgartirish, toʻldirish yoki bekor qilish asoslari

 

 

Agar qonun hujjatlarida yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim taraflarning kelishuviga koʻra yoxud sudning qaroriga binoan oʻzgartirilishi, toʻldirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.

 

Taraflardan birining talabiga binoan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim faqat quyidagi hollarda sudning qarori bilan oʻzgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin:

boshqa taraf davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni jiddiy ravishda buzgan taqdirda;

qonun hujjatlarida yoki davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan boshqa hollarda.

Taraflardan birining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni buzishi boshqa taraf uchun u davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni tuzish chogʻida moʻljallashga haqli boʻlgan narsadan sezilarli darajada mahrum boʻladigan tarzda zarar yetkazilishiga sabab boʻladigan buzilish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning jiddiy buzilishi deb eʼtirof etiladi.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bajarish toʻliq yoki qisman bir tomonlama tarzda rad etilgan taqdirda, bunday rad etishga qonunda yoki bitimda yoʻl qoʻyilsa, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim bekor qilingan deb hisoblanadi.

30-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun jalb qilingan mol-mulk

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim davlat sherigining davlat-xususiy sheriklik obyektini tashkil etuvchi mol-mulkni va (yoki) davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan boshqa mol-mulkni xususiy sherikka egalik qilish va undan foydalanish uchun oʻtkazish majburiyatini nazarda tutishi mumkin. Bunday oʻtkazish davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim asosida amalga oshiriladi. Bunday oʻtkazish uchun qoʻshimcha shartnomalarni yoki bitimlarni imzolash talab etilmaydi.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning mulk huquqiga ega boʻlgan taraflari bunday huquqlarni, shu jumladan yer uchastkalarining, boshqa koʻchmas, shuningdek koʻchar mol-mulkning va nomoddiy aktivlarning ijarasiga boʻlgan huquqni, ularga egalik qilish, ulardan foydalanish huquqini davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan doirada, boshqa mulkiy huquqlar bilan bir qatorda bir-biriga berish huquqiga ega boʻlishi kerak.

31-modda. Yer uchastkalarini berish

 

Davlat-xususiy sheriklik obyekti joylashgan va (yoki) davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan faoliyatni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan yer uchastkasi xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilanadigan muddatga beriladi.

Yer uchastkasi xususiy sherikka davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha oʻz majburiyatlarini bajarish uchun shartnoma asosida tanlov oʻtkazmasdan beriladi.

Davlat sherigi tomonidan xususiy sherikka yer uchastkasini yoki unga boʻlgan huquqlarni berishga doir majburiyatning bajarilmaganligi xususiy sherik tomonidan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimni bir tomonlama bekor qilish uchun asos boʻlishi mumkin.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning tugatilishi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun berilgan yer uchastkasiga nisbatan shartnomaviy munosabatlarni tugatish uchun asos boʻladi.

 

32-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim taraflarining mulkiy javobgarligi

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari oʻz majburiyatlarini bajarmaganlik yoki lozim darajada bajarmaganlik uchun qonunga muvofiq mulkiy javobgar boʻladi.

Taraflardan biri davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan oʻz majburiyatlarini bajarmagan yoki lozim darajada bajarmagan taqdirda, boshqa taraf yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi huquqiga ega boʻladi.

33-modda. Davlat-xususiy sheriklik obyektiga boʻlgan mulk huquqini oʻtkazish tartibi

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim davlat-xususiy sheriklik loyihasi doirasida loyihalashtirilgan, barpo etilgan, moliyalashtirilgan, rekonstruksiya qilingan, foydalanilayotgan va xizmat koʻrsatilayotgan davlat-xususiy sheriklik obyektiga boʻlgan mulk huquqlarini davlat sherigiga yoki Oʻzbekiston Respublikasining davlat aktivlarini boshqarish organiga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga muvofiq xususiy sherikka oʻtkazish tartibini belgilaydi.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda davlat-xususiy sheriklik obyektiga boʻlgan mulk huquqlarini oʻtkazish payti, xususan:

davlat-xususiy sheriklik obyekti foydalanishga topshirilgan payt;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning amal qilish muddati tugallangan payt;

davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan boshqa vaqt koʻrsatilishi kerak.

7-bob. Xususiy sherik va kreditorning manfaatlarini himoya qilish

 

34-modda. Xususiy sherik huquqlarining kafolatlari

 

Agar Oʻzbekiston Respublikasining keyingi qonun hujjatlari davlat-xususiy sheriklik obyektiga investitsiya kiritish shartlarini yomonlashtirsa, davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim tuzilgan sanadan eʼtiboran oʻn yil mobaynida xususiy sherikka nisbatan bitimni tuzish sanasida amalda boʻlgan qonun hujjatlari qoʻllaniladi.

Xususiy sherik Oʻzbekiston Respublikasi yangi qonun hujjatlarining davlat-xususiy sheriklik obyektiga investitsiya kiritish shartlarini yaxshilaydigan qoidalarini oʻz xohishiga koʻra qoʻllash huquqiga egadir.

35-modda. Kreditorning manfaatlarini himoya qilish

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda kreditor huquqlarining kafolatlarini taʼminlovchi qoidalar, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim muddatidan oldin bekor qilingan taqdirda kreditorlarga toʻlanadigan kompensatsiyaning miqdorlari nazarda tutilishi mumkin.

Xususiy sherik oʻz kreditorlariga taʼminotning har qanday turini yoki shaklini taqdim etishi, shu jumladan davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim va ushbu bitimni bajarish uchun tuzilgan bitimlar boʻyicha oʻz huquqlarini, davlat-xususiy sheriklik loyihasi tarkibiga kiruvchi huquqlarni, aktivlarni, aksiyalar garovini, huquqlarning garovini yoki bu huquqlardan oʻzganing foydasiga voz kechishini, mazkur bitim boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan foydani va summalarni berishi mumkin.

Kreditor va davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan xususiy sherikni yoki uning rahbariyatini davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda nazarda tutilgan shartlarga muvofiq chetlashtirishga hamda davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda belgilangan shartlarga muvofiq uni yangi xususiy sherikka almashtirishga yoki uning rahbariyatini almashtirishga haqli.

Yangi xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq ishlarni yakunlash va (yoki) xizmatlar koʻrsatish uchun zarur boʻlgan talablarga javob berishi kerak. Xususiy sherik yangi xususiy sherikka almashtirilgan taqdirda tender oʻtkazilmaydi.

8-bob. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi sohasida monitoring va hisobdorlik

 

36-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihalarining amalga oshirilishi yuzasidan monitoring

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda bitim taraflarining davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi axborotni almashishga taalluqli majburiyatlari nazarda tutiladi.

Vakolatli davlat organi davlat-xususiy sheriklik loyihalari bajarilishining davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim shartlariga rioya etilishi nuqtai nazaridan monitoringini amalga oshiradi. Xususiy sherik monitoringni amalga oshirish maqsadlari uchun davlat-xususiy sheriklik obyektlariga kirilishini va tegishli hujjatlardan foydalanilishini taʼminlashi shart.

37-modda. Davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish boʻyicha hisobdorlik

 

 

Davlat sherigi davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobоtni vakolatli davlat organiga davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning taraflari tomonidan imzolangan holda har olti oyda taqdim etadi.

 

Davlat-xususiy sheriklik loyihasining amalga oshirilishi toʻgʻrisidagi hisobоtni taqdim etish tartibi va uning shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

9-bob. Davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari

 

38-modda. Davlat-xususiy sheriklikni moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlash turlari

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim doirasida xususiy sheriklarga quyidagi moliyaviy qoʻllab-quvvatlash turlari taqdim etilishi mumkin:

subsidiyalar, shu jumladan xususiy sherikning davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirishdan oladigan, kafolatlangan eng kam daromadini taʼminlashga yoʻnaltiriladigan subsidiyalar;

davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish uchun zarur boʻlgan aktivlar va mol-mulk tarzidagi qoʻyilmalar;

davlat-xususiy sheriklik loyihasini amalga oshirish jarayonida ishlab chiqarilgan yoki yetkazib berilgan tovarlarning (ishlarning, xizmatlarning) muayyan miqdorini yoki bir qismini isteʼmol qilganlik yoki ulardan foydalanganlik uchun toʻlovga yoʻnaltiriladigan Oʻzbekiston Respublikasi byudjetlari tizimining byudjet mablagʻlari;

byudjet ssudalarini, qarzlarini, grantlarini, kredit liniyalarini va moliyalashtirishning boshqa turlarini berish;

Oʻzbekiston Respublikasining davlat kafolatlari;

soliq imtiyozlari va boshqa imtiyozlar;

boshqa kafolatlar va (yoki) kompensatsiyalar.

 

39-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitim boʻyicha toʻlovlar

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda foydalanganlik uchun toʻlovlar, erkin foydalanilish uchun toʻlovlar va boshqa toʻlovlar nazarda tutilishi mumkin.

Erkin foydalanilish uchun toʻlovlarga ajratiladigan byudjet mablagʻlari, boshqa toʻlovlar davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimning butun amal qilishi davomida tegishli byudjetning xarajatlar qismida har yili nazarda tutiladi.

Xususiy sherik davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq davlat sherigiga toʻlovlarni quyidagicha amalga oshirishi mumkin:

davriy asosda toʻlanadigan, qatʼiy summa tarzida;

bir yoʻla toʻlov tarzida;

xususiy sherikning faoliyatidan keladigan oʻziga tegishli boʻlgan har qanday daromadning muayyan qismi tarzida.

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi bitimda toʻlovlarning har xil turlari birgalikda nazarda tutilishi mumkin.

10-bob. Yakunlovchi qoidalar

 

40-modda. Nizolarni hal etish

 

Davlat-xususiy sheriklik sohasida yuzaga keladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.

41-modda. Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik

 

Davlat-xususiy sheriklik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.

42-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash

 

Vakolatli davlat organi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.

43-modda. Qonun hujjatlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirish

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:

hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;

davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.

44-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi

 

Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran bir oy oʻtgach kuchga kiradi.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti                                        Sh. Mirziyoyev

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net