2019-yilning IV choragida mamlakatdagi birinchi pullik yo‘l qurilishini boshlash rejalashtirilmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida aytiladi.
Hujjatga ko‘ra, Cengiz Enerji Sanayii ve Ticaret A.S., «Kalyon», «Kolin» (Turkiya) kompaniyalari konsorsiumi bilan Toshkent - Samarqand pulli avtomobil yo‘lini qurish loyihasi amalga oshiriladi.
U Toshkent, Sirdaryo, Jizzax viloyatlari hududidan o‘tadi. Loyiha qiymati hozirda aniqlanmoqda.
Bunda 2019-yil 2-chorakda xalqaro moliya institutlari bilan konsalting xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha bitim tuzish, 2019 yil may oyida - avtomobil yo‘li marshrutini o‘rganish va dastlabki hisob-kitoblarni ishlab chiqish, 2019 yil iyunda - DXSh bitimi shartlari bo‘yicha muzokaralar olib borish, 2019 yil iyulda - bitimni imzolash rejalashtirilgan.
2019-yil 4-chorakda qurilishni boshlash va 2021 yil 4-chorakda foydalanishga topshirish mo‘ljallanmoqda.
Bundan oldin, Toshkent - Andijon pullik avtomobil yo‘li qurilishi xabar berilgandi.
(Manba: Kun.uz)