XALQARO ILMIY-AMALIY KONFERENSIYA YAKUNLANDI

08.04.2019 11:04

Termiz shahrida Xalqaro baxshichilik san'ati festivali doirasida “Jahon sivilizatsiyasida baxshichilik san'atining o‘rni” mavzuida ikki kunlik xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Unda Fransiya, Bolgariya, Rossiya, Janubiy Koreya, Moldova, Turkiya, Eron kabi davlatlardan kelgan folklorshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar ishtirokida baxshichilik va dostonchilik san'atini rivojlantirish, xalq og‘zaki ijodi durdonalarining Sharq va G‘arb madaniyati va san'ati rivojidagi o‘rnini yanada oshirish, o‘zbek va boshqa xalqlar dostonlarini ilmiy o‘rganish, o‘zaro ijodiy muloqotni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar muhokama qilindi.

Anjumanning ikkinchi kuni ham olimlar, mutaxassislarning qizg‘in bahs-munozaralariga boy bo‘ldi. “Baxshichilik an'anasi tarixi, nazariyasi va ijrochilik mahorati”, “Epos - xalq ma'naviy merosining durdonasi sifatida”, “Baxshichilik san'atining hozirgi holati va uni asrash muammolari”, “Epik meros etnomusiqashunoslik kontekstida” kabi mavzularda ma'ruzalar tinglandi. Nomoddiy madaniy merosning hayotimizdagi o‘rni, xalqlarning milliy qadriyatlarini rivojlantirish va yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi ahamiyati xususida atroflicha fikr almashildi. Yoshlarni xalq og‘zaki ijodidan yiroqlashtirayotgan “ommaviy madaniyat” g‘oyalariga qarshi ta'sirchan choralarni qo‘llash yuzasidan tavsiyalar bildirildi.

- O‘zbekistonda dostonchilik va baxshichilik san'atining bebaho boylik sifatida qadrlanayotgani yosh avlodni milliy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi, - deydi Rossiyadagi “Mo‘g‘ul xalqlari madaniy merosi” xalqaro ilmiy markazi direktori, filologiya fanlari doktori Vasiliy Illarionov. - Mazkur konferensiyada bu jihat alohida e'tirof etildi. Lekin bugun Rossiyada ham san'atning ushbu turiga yoshlarda qiziqish yuqori deb bo‘lmaydi. Anjumanda ana shu masalaga e'tibor berilgani ayni muddao bo‘ldi. Yurtingizda o‘tkazilayotgan baxshichilik san'ati festivali soha mutaxassislarini o‘ylantirayotgan ana shu muammolarga yechim topishga yo‘naltirilgani bilan ham e'tiborga sazovor.

Anjuman yakunida shu'ba moderatorlarining hisobоt chiqishlari tinglandi. Qadimiy san'atning noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish, uni yosh avlod ongiga chuqur singdirish yuzasidan taklif va tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Yangi nashrlar taqdimoti o‘tkazildi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net