SAUDIYALIK ISHBILARMONLAR O?ZBEKISTON OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARIGA KATTA QIZIQISH BILDIRISHMOQDA

01.03.2019 15:35

Mamlakatimizning Riyod shahridagi elchixonasida Saudiya Arabistonining «Aman Group Marketing» kompaniyasi asoschisi Aman Abubakr Turkistoni bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlari va yetishtirilgan mahalliy meva-sabzavotlarni Saudiya Arabistoni bozoriga eksport qilishni yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.

«Aman Group Marketing» kompaniyasi 2001 yilda Riyodda tashkil etilgan. Ayni vaqtda kompaniya faoliyatining asosiy qismi Saudiya Arabistoniga chet el davlatlaridan oziq-ovqat mahsulotlarini import qilishdan iborat. Ko‘chmas mulk sohasida faol ish yuritadi. Podshohlikning yirik shaharlarida xitoy restoranlarining tarmog‘iga egalik qiladi.

 Tadbir chog‘ida A.Turkistoni o‘tgan yilning 11-16 dekabr kunlari Saudiya Savdo-sanoat palatalari Kengashi a’zolarining O‘zbekistonga uyushtirgan tashrifi va uning doirasida ikki davlat ishbilarmonlarining «B2B» shaklida o‘tkazilgan uchrashuvni yuqori baholadi hamda mahalliy mahsulotlar bilan tanishish maqsadida Toshkent shahridagi bir qator ishlab chiqarish korxonalariga amalga oshirilgan safarlar katta taassurot qoldirganini ta’kidlab o‘tdi.

 Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekistonda iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish, ishbilarmonlik muhiti va investitsiyaviy jozibadorlikni yaxshilash, aholi daromadlarini oshirish hamda biznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish kabi amaliy ishlarning natijasi sezilarli darajada.

 - Yurtingiz meva-sabzavot, uzum va poliz mahsulotlarining turli vitaminlarga boyligi, xushta’mligi, eng asosiysi, foydali va to‘yimliligini tanovul qilib bildik. Aminmanki, ular Saudiya bozorida so‘zsiz xaridorgir bo‘lishi muqarrar, - dedi A.Turkistoni.

 O‘zbekistonda yetishtirilayotgan oziq-ovqat va meva-sabzavotlarning yana bir muhim jihati, ularning aksariyat qismi ekologik toza, bugungi kunda dunyo hamjamiyati tomonidan organik deb nomlanayotgan mahsulotlarni tashkil qiladi. Aytib o‘tish joizki, mutaxassislarning tadqiqotlariga ko‘ra, ekologik toza mahsulotlar iste’mol qilinganda odamlar o‘rtacha umrining ortishi, aholi orasida har xil kasalliklar tarqalishining oldi olinishi, bolalar o‘limining kamayishi va boshqa muhim ijobiy ko‘rsatkichlarga erishiladi.

 O‘zbekistonga ziyoratimiz chog‘ida Toshkent shahrida joylashgan “Crafers” qandolat ishlab chiqaruvchi korxonaga tashrif buyurib, kompaniyaning shokolad, qatlamali grilyaj, pechene, vafli, marshmellou va turli xil konfet mahsulotlarini tatib ko‘rib ularning sifati hamda ta’mi o‘ta yuqori darajada ekanini izohlashim o‘rinli”.

 Ushbu tashrif doirasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijasida, O‘zbekistonni “Crafers” kompaniyasining rahbariyati saudiyalik ishbilarmon «Aman Group Marketing» shirkati raisi A.Turkistonini Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazi davlatlaridagi diler-hamkori etib tayinladi hamda tegishli ikki tomonlama hujjatlar imzolandi. Hujjatlarga ko‘ra “Aman Group Marketing” shirkati Saudiya Arabistoni va boshqa arab davlatlariga Crafers kompaniyasining 10-15 tonna hajmdagi turli qandolat mahsulotlarini eksport qilishiga kelishildi.

 O‘z navbatida, A.Turkistoni yaqin kunlarda O‘zbekistondan eksportning birinchi qismini amalga oshirishini ta’kidladi. U mahsulotlarni havo yo‘llari orqali tashish ancha qulay va kam vaqt talab qilishini ham alohida qayd etdi.

 “Saudiya Arabistonining Riyod, Jidda, Qosim, Dammam kabi yirik shaharlarida katta savdo majmualarimiz bor. Ularda yaqin kelajakda O‘zbekistondan olib kelmoqchi bo‘lgan mahsulotlarimizning yarmarkasini tashkil etish niyatidamiz.

 Saxovatli O‘zbekiston zaminida yuqori sifatga ega, raqobatbardosh va eksportbop quritilgan o‘rik, olxo‘ri, uzum, qovun, yong‘oq, bodom, pista va boshqa ko‘plab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Saudiya Arabistoni bozoriga import qilish rejalarimiz mavjud”, - dedi “Aman Group Marketing” shirkati raisi.

  

“Dunyo” AA

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net