KUVAYT GAZETASI O?ZBEKISTONDA DINIY BAG?RIKENGLIK HAQIDA

29.01.2019 16:34

Kuvaytning “As-Siyasa” gazetasining navbatdagi sonida respublikamizda diniy bag‘rikenglikni ta’minlash va islomiy obidalarni saqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarga bag‘ishlangan maqola chop etildi.

Maqolada ta’kidlanishicha, bugungi kunda mamlakatimizda 16 diniy konfessiyaga mansub 2 242 ta diniy tashkilot, xususan, 2 048 ta masjid, O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida 9 ta o‘rta maxsus islom bilim yurti va 3 ta oliy diniy o‘quv yurtlari faoliyat yuritmoqda.

 Shuningdek, mamlakatda islom fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ alloma ajdodlarimizning bebaho merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilish, diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, ijtimoiy-ma’naviy muhitni yanada sog‘lomlashtirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotgani, xususan, Imom Termiziy qabri joylashgan Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi ziyoratgoh qayta ta’mirlanganib, bu yerda yangi masjid va kutubxona barpo etilgani hamda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ham qayd etilgan.

 Maqolada, shuningdek, Urganchda “Oxun bobo”, Nukusda “Imom eshon Muhammad” va Toshkentda “Imom Termiziy” masjidlari, “Suzuk ota” maqbarasi, Namangan viloyatining Chortoq tumanida “Sulton Uvays Qaroniy” ziyoratgohi hamda Buxoroda Bahouddin Naqshband qadamjosida ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilgani qalamga olingan.

 Muallif yurtimizda diniy ta’lim tizimini rivojlantirish, madaniy-ma’rifiy ishlar yo‘nalishida ham qator ishlar amalga oshirilganini ta’kidladi.

 “Buxoro viloyatidagi qadimiy diniy ta’lim muassasasi Mir Arab o‘quv yurtining maqomini oshirish maqsadida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufida Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi.

 2016 yil 18-19 oktabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashining 43-sessiyasidagi yig‘ilishida Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro tadqiqotlar markazi” va Toshkent islom universiteti tarkibida Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha islom tashkiloti - AYSYeSKOning maxsus kafedrasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirilgan edi. Hozirda esa, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilib, Toshkent islom universiteti tarkibida AYSYeSKO maxsus kafedrasi ham ochildi.

 Shuningdek, Samarqandda – Imom Buxoriy ilmiy markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazi qoshida kalom ilmi, Farg‘onada – Marg‘inoniy ilmiy markazida islom huquqi maktabi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda esa – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabi tashkil etildi”.

 Kuvayt nashrida, o‘z navbatida, 2018 yilning yanvar-aprel oylarida mamlakatimizda Qur’oni karim musobaqalari o‘tkazilgani, unda 5397 nafar ishtirokchi qatnashgani qalamga olingan. Unda ta’kidlanganidek, Qorilar hifz – Qur’oni karimni yoddan o‘qish va tilovat qilish yo‘nalishlarida musobaqalashdilar. Ushbu musobaqalar ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

 Ta’kidlash joizki, maqolada O‘zbekiston bilan Kuvayt o‘rtasida madaniy, ta’lim va diniy sohalarda amalga oshirilayotgan hamkorlik ishlari xususida ham ma’lumot beriladi.

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net