“Dunyo” AA/. O‘zbekiston kamonchilar terma jamoasi aʼzolari BAAning Sharja shahrida o‘tkazilgan kamondan otish bo‘yicha Osiyo kubogining aralash dasturida sovrindorlar qatoridan o‘rin oldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Milliy Olimpiya qo‘mitasi maʼlumotiga ko‘ra, murosasiz kechgan bahslarda hamyurtlarimiz Amirxon Sodiqov va Ziyodaxon Abdusattorova juftligi dastlab Iroq vakillarini 5:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi.
Chorak finalda esa ular “Tokio-2020” Olimpiadasida g‘alaba qozongan Janubiy Koreya kamonchilaridan 6:2 hisobida ustun kelib, yarim finalga yo‘l oldi.
Final yo‘llanmasi uchun shiddatli kechgan o‘yinda hamyurtlarimiz Xitoy Taybeyi jamoasiga 4:5 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Bronza medali uchun kurashda terma jamoamiz aʼzolariga Bangladesh vakillari ro‘baro‘ kelishdi. G‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini namoyish etgan kamonchilarimiz raqiblarini 5:3 hisobida dog‘da qoldirdi hamda kubok bahslarida 3-o‘rinni egallashdi.