Global forumda Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichiga takliflar muhokama qilinadi

19.11.2022 12:18

Samarqand shahrida 2022-yil 5-6-dekabr kunlari “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusida oʻtkaziladigan Global forumning asosiy maqsadlaridan biri – BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2022-yil 6-oktyabrdagi 51/2-sonli rezolyutsiyasi doirasida, Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichi boʻyicha takliflarni muhokama qilishdir.

Maʼlumki, 2004-yil 10-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi – inson huquqlari sohasidagi taʼlimni amalga oshirishga koʻmaklashish maqsadida – Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturini eʼlon qilgan. BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasi Jahon taʼlim dasturining bajarilishini global darajada muvofiqlashtirib borishi belgilangan.

Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturi – doimiy amalga oshiriladigan uzluksiz bosqichlardan iborat tashabbusdir. Ushbu jarayon bilan hayotimizning barcha sohalarini keng qamrab olishga koʻmaklashish uchun davlatlar inson huquqlari boʻyicha taʼlimni boshlangʻich va oʻrta maktab, oliy taʼlim tizimida, oʻqituvchi va targʻibotchilar, davlat xizmati, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va harbiylar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari oʻrtasida singdirib borishi taqozo etiladi.

Jahon taʼlim dasturi BMTning Inson huquqlari sohasidagi taʼlim va tarbiya toʻgʻrisidagi deklaratsiyasini milliy darajalarda amalga oshirishni faollashtirishga yordam beradigan foydali vositadir.

Oʻtgan davrda Jahon taʼlim dasturi inson huquqlari sohasidagi taʼlim boʻyicha milliy saʼy-harakatlar negizida quyidagi ketma-ket bosqichlarda izchillik bilan amalga oshirilmoqda:

  • 2005-2009-yillarni qamragan birinchi bosqichda – boshlangʻich va oʻrta maktablar tizimiga inson huquqlari boʻyicha taʼlimni integratsiya qilishga eʼtibor qaratildi;
  • 2010-2014-yillarda amalga oshirilgan ikkinchi bosqich – oliy taʼlim tizimiga inson huquqlari sohasidagi taʼlimni uygʻunlashtirish hamda oʻqituvchilar va taʼlim sohasi xodimlari, fuqarolik jamiyati institutlari va davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari va harbiy xizmatchilarni ushbu soha boʻyicha tayyorlashga bagʻishlandi;
  • 2015-2019-yilarga mansub uchinchi bosqichda – erkin, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarining adolatni targʻib qilish, kamsitishlarga yoʻl qoʻymaslik, hurmat va erkinlikni taʼminlashdagi muhim rolini eʼtirof etgan holda, inson huquqlari sohasida OAV mutaxassislari va jurnalistlarni tayyorlashga alohida urgʻu berildi;
  • 2020-yildan – 2024-yilga qadar davom etayotgan toʻrtinchi bosqichda yoshlarni tenglik, inson huquqlariga amal qilish va kamsitmaslik ruhida tarbiyalash, inklyuziv, tinch va osoyishta jamiyatni yaratishga imkon beruvchi taʼlim berishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda.

BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 2022-yil 6-oktyabrdagi Rezolyutsiyasida Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining toʻrtinchi bosqichini amalga oshirishga masʼul tegishli manfaatdor tomonlarning bu boradagi ijobiy tashabbuslari alohida taʼkidlandi. Shuningdek, barcha davlatlar va manfaatdor tomonlarga  Jahon taʼlim dasturi bosqichlari hamma sohalarga chuqur tatbiq etilishini faollashtirish tavsiya etildi.

Oʻz navbatida, Rezolyutsiyada Inson huquqlari sohasidagi Jahon taʼlim dasturining beshinchi bosqichida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan takliflarni shakllantirish masalasi kun tartibiga qoʻyildi. BMTning Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissari Boshqarmasiga BMTning barcha tuzilmalari, davlatlar, fuqarolik jamiyati institutlari va manfaatdor tomonlarning ayni mavzudagi fikr-mulohazalarini soʻrab olish tavsiya etildi.

Shu maʼnoda, “Inson huquqlari sohasida taʼlim” mavzusidagi Global forumda, jumladan, Jahon taʼlim dasturi beshinchi bosqichi boʻyicha takliflarning muhokama qilinishi muhim ahamiyatga ega. Bu omil, bir tomondan, ushbu xalqaro anjumanning qanchalik dolzarbligini koʻrsatsa, ikinchi tomondan, Samarqand Global forumida tom maʼnoda umumbashariy masalalar koʻrib chiqilishini yana bir bor tasdiqlaydi.

 

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net