Gender tenglik strategiyasi barqarorlik va yuksalishga xizmat qilmoqda

07.03.2023 17:50

Yangi Oʻzbekiston demokratiya, inson huquq va erkinliklari borasida umumeʼtirof etilgan norma va prinsiplarga qatʼiy amal qilgan holda, jahon hamjamiyati bilan doʻstona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanayotgan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat boʻlgan davlatdir.

Prezidentimiz Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida belgilanishi lozimligi, shu bois, “Avval — inson, keyin — jamiyat va davlat”, degan gʻoyani Konstitutsiyamiz va qonunlarimizga ham, kundalik hayotimizga ham chuqur singdirishimiz kerak”ligini alohida qayd etib oʻtdi. Shuningdek, BMT Inson huquqlari boʻyicha kengashining 46-sessiyasidagi nutqida “Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qatʼiy davom ettiramiz”, deya  taʼkidladi.

Yangilanayotgan Oʻzbekistonning bugungi rivojlanish bosqichidagi barcha koʻrsatkichlar asosiy omili ham aynan inson va uning manfaatlari hisoblanadi. Shu bois, 2023-yilga “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb nom berildi. Islohotlarimizda xalqqa xizmat qilish, aholi roziligiga erishish, ularning dardi bilan yashash, muammolarini hal etish ustuvorlik kasb etadi. Bunday jarayonlarda ochiqlik va oshkoralikka amal qilgan holda, inson huquqi va erkinliklarini taʼminlashga katta eʼtibor qaratilmoqda. Bu yoʻnalishdagi asosiy natija va xalqaro eʼtirof sifatida Oʻzbekiston ilk bor BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashi aʼzoligiga uch yil muddatga — 2021-2023-yillarga saylanganini aytib oʻtish mumkin.

 

Gender va taraqqiyot

 

Islohotlarning bugungi bosqichida mamlakatda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ehtiyojmand xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, gender tenglikni taʼminlash borasidagi islohotlar tizimli davom ettirilyapti. Bu ishlarni yangi pogʻonaga olib chiqish maqsadida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi qabul qilindi.

Erkaklar va ayollar uchun nikoh yoshi 18 yosh etib belgilandi, ayollar mehnati toʻliq yoki qisman qoʻllanilishi taqiqlanadigan mehnat sharoiti noqulay boʻlgan ishlar roʻyxati bekor qilindi. Ichki ishlar tizimida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha inspektor lavozimi joriy etildi.

Prezidentimizning 2022-yil 7-martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bilan 2022-2026-yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish boʻyicha milliy dastur tasdiqlandi. Mazkur hujjat bilan xotin-qizlarning ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy huquqlarini taʼminlashga qaratilgan qator chora-tadbirlar belgilab olindi va amaliy ijrosi taʼminlanyapti. Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarda voyaga yetayotgan qizlarga oliy taʼlim muassasasida tahsil olishi uchun 4 foizli kvota ajratildi.

2022-yil 9-fevraldan boshlab ayollarga pensiya hisoblashda bolani parvarishlash taʼtilida boʻlgan davri qoʻshib hisoblanadigan ish staji muddati 3 yildan 6 yilga oshirildi. Bolalikdan nogironligi boʻlgan bolalarga qaragan davr ish staji sifatida inobatga olinadigan muddat 16 yoshdan 18 yoshgacha uzaytirildi.

2022-yil sentyabr oyidan xususiy korxona va tashkilotlarda ayollarga davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan homiladorlik va tugʻish nafaqasi belgilandi. Oliy taʼlim muassasalari, texnikum va kollejlarda oʻqiyotgan xotin-qizlar uchun foizsiz taʼlim kreditlari joriy qilindi, magistratura bosqichida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning shartnoma toʻlovlarini davlat tomonidan qoplash tartibi belgilandi.

Ehtiyojmand oila vakillari, yetim yoki ota-onasining qaramogʻidan mahrum boʻlgan talaba xotin-qizlarning taʼlim shartnomalarini mahalliy byudjetning qoʻshimcha manbalari hisobidan qaytarish shartisiz qoplash tartibi joriy qilindi. Bundan tashqari, Aliment jamgʻarmasi tashkil etilib, voyaga yetmagan farzandini moddiy taʼminlashdan boʻyin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment toʻlovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yoʻnaltirish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayoti va ishbilarmonlik sohasida ayollar rolini tubdan oshirishga qaratilgan islohotlar davom ettirilyapti. Ijtimoiy faol ayollarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlab borish, ularni oʻqitish, malakasini oshirish boʻyicha oʻziga xos tizim yaratildi. Natijada 2016-yil yurtimizda rahbar ayollar soni 7 foizni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yilga kelib bu koʻrsatkich 12 foizga, 2022-yilga kelib 27 foizga, tadbirkorlar orasida esa 25 foizga yetdi.

Davlat organlari va tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan istiqbolli xotin-qizlarning yagona elektron bazasi yaratilib, unda rahbarlikka nomzod 25 mingdan ortiq xotin-qizning zaxira roʻyxati shakllantirildi. 2022-yilda vazirlik va idoralar ishtirokida Davlat boshqaruvida xotin-qizlar faolligini oshirish dasturi ishlab chiqildi va ijroga qaratildi.

Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1400 nafarga yaqin ayol respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelmoqda. Qonunchilik palatasiga saylangan 150 deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Bu natijalar siyosat va boshqaruv sohasida ayollar mamlakatimizning ertangi kuni uchun xizmat qilishi yoʻlida yaratilgan shart-sharoitlar tufayli qoʻlga kiritilyapti, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi.

Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tomonidan rahbar xotin-qizlarni tayyorlash boʻyicha 552 soatlik “Rahbar ayollar maktabi” oʻquv dasturi ishlab chiqildi. Dastur asosida 100 nafar faol xotin-qiz oʻqitildi. 1996-2021 oʻquv yillarida akademiyani tamomlagan 142 ayol bitiruvchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar shakllantirilib, milliy kadrlar zaxirasi bazasiga kiritildi. Shu bilan birga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni hisobga olish yagona axborot tizimi yaratildi. Ayollarni reabilitatsiya qilish va moslashtirish boʻyicha 29 markaz, jumladan, 1 ta respublika markazi, 14 ta hududiy markaz va 14 ta namunali tumanlararo markaz samarali faoliyat koʻrsatib kelmoqda.

 

Huquqiy asoslar yanada mustahkamlanayotir

 

Yangi Oʻzbekiston ravnaqi uchun xotin-qizlar ham munosib hissa qoʻshib kelyapti. Bu jamiyatning eng asosiy jabhalari — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ayollar nufuzini kuchaytirish, ularning huquq va manfaatlarini himoyalash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi.

Keyingi yillarda barcha sohalarda gender tenglikni taʼminlashning huquqiy asoslarini yanada mustahkamlash borasida salmoqli ishlar qilinyapti. Ushbu maqsadlarga erishishning qonunchilik va institutsional negizini mustahkamlash yoʻlida muhim choralar koʻrilib, xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Milliy qonunchilikka “gender ekspertiza” va “gender audit” tushunchalari kiritildi. Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslarini soddalashtirish yuzasidan qonun qabul qilindi. Mazkur hujjat bilan uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etgan va jazo muddatini oʻtaganlarga ham farzand asrab olishga ruxsat berildi.

Shuningdek, ogʻir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatlarini taʼminlash boʻyicha qonun qabul qilindi. BMT tavsiyasiga asosan, “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonun va boshqa tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonunga “oiladagi zoʻravonlik” tushunchasini kiritish va oiladagi zoʻravonlik uchun alohida jinoyat tarkibi sifatida javobgarlik belgilandi. Hozirgi kunda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonliklardan himoya qilish mexanizmi takomillashtirilib, himoya orderi sud qarori bilan bir yilga berilishi tartibini belgilaydigan qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.

2030-yilga qadar Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida saylov jarayonlariga xotin-qizlar va erkaklarni teng asosda jalb qilish, saylov komissiyalarini shakllantirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida xotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikator ishlab chiqildi. 2022-yil davomida davlat organlari va tashkilotlarida yagona kadrlar boʻlinmalari reytingini yuritishda xotin-qizlar salmogʻi hamda mehnat huquqlarini taʼminlash alohida indikator sifatida belgilandi.

2022-yilda qabul qilingan Mehnat kodeksida mehnat munosabatlarini huquqiy tartibga solish asoslari insonning mehnat huquqlari boʻyicha xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirildi. Bu kodeksga aynan xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qiladigan yigirmadan ortiq yangi norma kiritildi. Xususan, fuqarolarning mehnat qilishga boʻlgan oʻz qobiliyatlarini tasarruf etish, ularni qonun bilan taqiqlanmagan har qanday shaklda amalga oshirish, mashgʻulot turini, kasbni va mutaxassislikni, ish joyini hamda mehnat sharoitlarini erkin tanlash huquqi mustahkamlandi.

 

Xalqaro hujjatlar ijrosi

 

Oʻzbekiston BMTning Inson huquqlari boʻyicha kengashida xalqaro konvensiya va paktlar qoidalarining bajarilishi boʻyicha tizimli ravishda milliy davriy hisobot berib boradi. Inson huquqlari sohasida  xalqaro majburiyatlarga rioya etilishi boʻyicha parlament nazorati tashkil etilgan.

Gender strategiyasi ijrosi doirasida Xalqaro mehnat tashkilotining “Ishlayotgan ayollar va erkaklar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatga ega ishchilar toʻgʻrisida”gi, “Toʻliqsiz ish kuni toʻgʻrisida”gi, “Kasanachilik toʻgʻrisida”gi konvensiyalarini milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilish masalasi koʻrib chiqildi. Bolalarga aliment undirish va oilani taʼminlashning boshqa shakllari xalqaro tartibi toʻgʻrisidagi Gaaga konvensiyasiga Oʻzbekiston Respublikasi qoʻshilishining maqsadga muvofiqligi boʻyicha takliflar ishlab chiqildi. Hozirgi kunda mazkur xalqaro hujjatga qoʻshilish boʻyicha qonun loyihasini belgilangan tartibda kelishish jarayoni bormoqda.

Oʻtgan yil Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tomonidan BMT Xavfsizlik kengashining “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” rezolyutsiyasini amalga oshirish boʻyicha Milliy harakatlar rejasi va 2022-2025-yillarga moʻljallangan “yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Mazkur hujjatga asosan, rahbarlik lavozimlarida xotin-qizlar sonini oshirish boʻyicha vaqtinchalik maxsus chora-tadbirlarni qabul qilish, ularni ragʻbatlantirish belgilandi.

Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik holatlarining oldini olish, ularning himoyasini kengaytirish, odam savdosiga, jumladan, ayollar va bolalar savdosiga qarshi kurashishni kuchaytirish, vakolatli davlat organlarining xotin-qizlarga nisbatan zoʻravonlik xavfining oldini olish yuzasidan tayyorgarligi va masʼuliyatini oshirish boʻyicha ishlar yoʻlga qoʻyilgan.

Mehnat migrantlari huquqlariga doir masalalarni tartibga solish Oʻzbekiston uchun alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, 2019-yilda mamlakatimiz Xalqaro migratsiya tashkilotiga aʼzo boʻldi. Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida maxsus jamgʻarma tashkil etildi. 2022-yilda paxtadan tayyor mahsulot ishlab chiqaradigan va paxta mahsulotini savdo qiladigan kompaniyalarni birlashtiruvchi “Cotton Campaign” koalitsiyasi Oʻzbekistonda majburiy va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganini eʼtirof etib, Oʻzbekiston paxtasiga qoʻyilgan taqiqlarni bekor qildi. Shuningdek, AQSH Mehnat vazirligining “Bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlar roʻyxati — 2022” yillik hisobotida oʻzbek paxtasi bolalar mehnati va majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan tovarlar roʻyxatidan chiqarildi.

Bugungi kunda yurtimizda konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirilmoqda. “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi tayyorlandi. Qonun loyihasi gender-huquqiy ekspertizadan oʻtkazildi.

2022-yil 20-iyul kuni Toshkent shahrida “Jahon konstitutsiyalarida ayollar huquqlari toʻgʻrisidagi qoidalarning aks ettirilishi” mavzusida xalqaro jamoatchilik muhokamalari (maslahatlashuvi) boʻlib oʻtdi. Tadbirda xotin-qizlarning qadr-qimmati, huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni taʼminlashning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar ishlab chiqildi.

Bugun mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni taʼminlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ular uchun yangi ish oʻrinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishiga aylandi. Bu, oʻz navbatida, jamiyatning eng asosiy jabhalari — siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalarda ayollar nufuzi, har bir sohada faolligi ortishiga, opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi ishtiroki yil sayin kengayishiga xizmat qilmoqda.

 

Malika Qodirxonova,

Oliy Majlis Senatining

Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi raisi

Online Maslahat

Ism

E-mail

Maslahat

Useful links

booked.net
booked.net